Ikkinchi jahon urushining birinchi yili. Qisqa kursda oʻqishini tugatib-tugatmasdan, Jamila kolxozda ish boshladi. Zehni oʻtkir, hisob-kitobga chaqqon qizdagi qobiliyatni koʻrib, keksa rais ham emin-erkin nafas oldi. Barcha hisob-kitob ishlarini egasiga topshirib, oʻzi boshqa muhim yumushlar bilan mashgʻul boʻldi.
– Qizim, hademay qish ham eshik qoqib keladi. «Tanka puli» yigʻishimiz zarur. Topshiriq boʻldi. Qurol-aslaha ishlab chiqaradigan zavodlarimiz tunu kun, tinimsiz ishlayapti. Yordam bermasak boʻlmaydi.
– Yoʻldosh ota «Tanka puli», deb yaqindagina yigʻishtirib berilgandi-ku.
– Ha, toʻgʻri, lekin buyruq shunday. Shikoyatga oʻrin yoʻq. Axir urush ketyapti. Biz-ku jangda emasmiz, ammo jon olib, jon berayotganlarning taqdirini oʻylashimiz kerak.
– Rais buva, toʻgʻri aytasiz. Armiya safida xizmat qilayotgan Rahimboy akamni toʻgʻri urushga olib ketishibdi. Qaytishini qanchalik intizorlik bilan kutib oʻtirgan edik. Koʻrolmadik ham.
– Noming oʻchgur urush birpasda qancha odamlarning yostigʻini quritdi. Rahimboy ham sogʻ-salomat qaytsin. Qishlogʻimizda veterinar boʻlib ish boshlaganiga hali koʻp vaqt boʻlmagandi. Koʻrmaysanmi, bugun mollarimizni emlashga ham odam topolmayapmiz. Oʻrni bilinyapti, akangni.
– Yoʻldosh ota, mahallaning faol otaxon va onaxonlari bilan birgalikda ishlaymiz. Shu kunlarda ular bizga yaqin koʻmakdosh boʻlishyapti.
– Albatta. Ertadan ishga kirishamiz. Sen bugunoq ularni ogohlantirib qoʻy.
– Xoʻp.
Ertalabdan boshlangan tadbir qishloqning kayvoni kishilari yordamida kechga yaqin yakunlandi. Kimdir sandigʻida yigʻib qoʻygan puli, yana birov keliniga atab qoʻygan taqinchoqlari va boshqa shunga oʻxshagan narsalarini frontga, deya topshirishdi. Tilxat asosida kimdan qancha pul, nimalar qabul qilib olingani roʻyxat qilindi. Yoshi ulugʻ insonlar ishtirokida dalolatnoma tuzilib, yigʻilgan narsalar bir qopga joylandi.
– Jamila, omonatni shaharga olib borib topshirish kerak boʻladi. Bu vazifani uddasidan chiqasan, degan umiddamiz, – dedi rais ahli jamoa huzurida. Hamma bir ovozdan rozi boʻldi. Orada kimdir:
– Mushtdek qizga shuncha mol-dunyoni ishonib topshirayapsizlar, qiynalib qolmasmikan? – dedi.
– Yonimda ikki oydan beri ishlayapti. Men unga ishonaman, – deya javob berdi Yoʻldosh ota. – Shaharga borib, kolxozning hisobotlarini hech muammolarsiz topshirib kelyapti. Ot minishni ham oʻrganib oldi.
– Ha, Hojiboy moyxoʻrning qizini taniymiz. Otasiga tortibdi, halol, lavzi butun. Rahmat. Yaxshi tarbiyalabdi, baraka topsin, — dedi oʻtirganlardan biri.
– Qani, Qutlimurod ota, duo qiling urush tugab, bolalarimiz sogʻ-salomat uylariga qaytishsin, – dedi rais, keksa otaxonni duoga chaqirib.
Qishloqning saksondan oshgan nuroniy oqsoqoli uzoq duo qildi. Oxirida Jamilaga ham alohida tilaklar tilab, hamma oʻrnidan turdi. Oy borib, omon qaytishini, omonatlar egalariga vaqtida yetib borib, dushmanlar tezroq yer tishlab, yakson boʻlishini astoydil tilab qoldilar.
Jamila ertasi kuni tongdan shaharga otlandi. Otga mahkam bogʻlangan mol-dunyoni vaqtida, beziyon yetkazib borish masʼuliyati katta edi. Otasi yaqinda qoʻlga oʻrgatgan «Malla» ismli otning jilovidan mahkam ushladi. Boʻyi sal pakanaroq bu ot Jamila uchun juda qulay edi. Otasi qizining hisobot uchun tez-tez shaharga borib kelayotgani, kechqurunlari «Botir kal» yalangliklaridan oʻtayotganida chiyaboʻrilardan arang qochganini aytganida, ertasiyoq, «Malla» ni qizining ixtiyoriga topshirdi. Hamisha yaxshi koʻrib parvarishlaydigan ot Jamilaga tezda oʻrgandi. Ustiga bir sakrab minib olganida jonivor ham, qiz ham bab-baravar quvonishgani haq edi. Jamilani koʻrganida qomatini tik tutib, yayrab ketadigan ot, har doimgidek, odatini kanda qilmadi.
– Qizim, Allohga omonatsan, yoʻling bexatar boʻlsin, – dedi Shukurjon ena, nevarasining peshonasidan oʻpib. Uni «Katta karvon»i bilan moʻjazgina kolxoz idorasi binosi oldida Yoʻldosh ota, Qutlimurod ota, Hojiboy ota va Shukurjon momo kuzatib qolishdi. Goho, kimgadir qattiq ishonish ham samara berishini yaxshi tushungan nuroniylar qizga oq yoʻl tiladilar. Jamila qariyalarning ishonchidan katta kuch olib, otga qamchi soldi.