Dilbar Saidova: Tungi qoʻngʻiroqdan soʻng…(Hikoya)

0
1041
marta koʻrilgan.

Tungi soat oʻn ikki edi. Telefon sovuq jiringladi.
— Ayamlarning toblari qochib qoldi. Iloji boʻlsa ertalabgacha yetib kel, — dedi opam.
Birdan karaxt boʻlib qoldim. Samarqandgacha besh soatlik yoʻl. Ertalabgacha yetib borish uchun qachon yoʻlga chiqishim kerak? Tonggi oltida. Yoʻq beshda. Bir narsa tomogʻimda tiqilib qoldi. Deraza yoniga borib tashqariga qaradim. Tinimsiz qor yogʻayapti. Hali-veri tinadiganga oʻxshamaydi. Ertalabgacha allaqancha yogʻadi. Xavo ham sovib ketadi. Beixtiyor bolalarim uxlab yotgan xonaga kirdim. Ular yotaverishsin, deya oʻyladim. Telefon ovozi boya erimni ham uygʻotgandi.
— Nima gap ekan? – deya koʻzlarini ishqalab soʻradi.
— Ayamning toblari qochibdi. Tez borarmishman. Yoʻlga otlanaveray. Nima gap boʻlsa sizlarga telefon qilib aytaman, -“bolalarni endi oʻzingiz eplashtirip turarsiz”, — dedim men.
Bu gap erimga ham maʼqul tushdi. Uyqusini kelgan joyidan davom ettirish uchun yotoqxonaga qaytib kirib ketdi. Yigʻina boshladim. Eng avvalo xayolimga, men ketganda bolalarim nima yeydi, nima kiyadi, mabodo dadasi bilan ortimdan borishadigan boʻlsa, qish xavosi, qanday kiyinishlari kerak, degan oʻylar yopirildi. Boraman. Ozgina xastalangan ayamni koʻraman, qaytaman xolos. Oʻzimni shu fikrga ishontirgim keladi! Lekin ertalabgacha yetib kel, degan gap vujudimga yengil titroq solib turardi.
Telefon orqali tungi taksini chaqiraman meni bir zumda avtovokzalga yetkazib quyadi. Yarim tundan ozroq oshgan, avtovokzalda hayot oʻz maromida davom etardi. Yoʻlovchilarni kutib turgan yengil mashinalardan birining orqa oʻrindigʻiga joylashdim. Yonimdan oʻrin olgan ikki yoʻlovchi darhol pinakka ketishdi. Mening esa yuragimni ogʻriq, gʻashlik egallagandi. Oldinda tun, xali yorishib ulgurmagan tong, Samarqand va tobi qochgan onam.
Ayajonim… Koʻzlarimdan tirqirab yosh quyilib keldi… Tungi qoʻngʻiroqdan keyin endi oʻz xayolim bilan oʻzim yolgʻiz qolayotgandim. “Ayajonim. Bormisiz? Iloyim bor boʻling. Ayajonginam… Ayajonim…”
Ayam (etmishdan oshib qolgandilar, men esa 30 larda edim) bir borganimda, endi butkul Toshkentda qolasizlarmi? – deb soʻragandilar. Soʻng: Odam qayerda yashamasin, baribir kindik qoni toʻkilgan joyni, qarindosh-urugʻlarini qoʻmsayveradi. Ana koʻrasan, xali biron vaqt qaytib kelasizlar, — dedilar. Shu gapmi va yo pul almashadi degan mish-mishlar bahonai-sabab boʻlibmi, mablagʻimizga yarasha hovlicha sotib olgandik. Endi unda kim yashab turadi, — degan muammo paydo boʻlganda:
— Men koʻchib borib yashayveraman, — dedilar ayam.
— Bir oʻzingizmi? – deya ajablandim men.
— Nima boʻlibdi? Bir-ikkita talaba qizlarni yonimga olaman. Hovliga doimiy qarov xam kerak, birovga berib qoʻysang, oʻzingday qaramaydi, — dedilar. Ayam shungacha opam va uning farzandlari bilan koʻp qavatli uyda yashardilar. Xovliga koʻchirib keldik. Qariganda bir parcha boʻlsa xam yering boʻlsin ekan, biram yayrab-yashnayapmanki, derdilar nuqul. Xovliga daraxt, atirgul nihollari keltirib oʻtqazdilar, rayxonu shivit ekdilar, katak yasattirib tovuq boqdilar. Yonlarida hamisha talaba qizlar ham yashab turishgan boʻlsa-da, xar kelganimda:
— Aya, qiynalmayapsizmi? Qiynalayotgan boʻlsangiz, ayting, oʻzim bilan olib ketaman yoki yana opamnikiga koʻchirib olib borib qoʻyaylik. Hovli egasiz qolmasin, deb oʻzingizni qiynab yurmang, — derdim nuqul.
— Yoʻq, meni sira oʻylamanglar. Agar oʻshandoq xolga tushsam, oʻzim aytaman, — derdilar. Ayajonim beozor edilar yana gʻururi baland ayol. Birovlarga yuk boʻlishni, hech kimni tashvishlariga sherik qilishni xohlamasdilar. Lekin keyingi paytlar sal injiqroq boʻlib qolganday edilar. Avvaliga singlim qoʻngʻiroq qildi.
— Opa, — dedi u tashvishli ohangda, — ikki kundan buyon Feruza (opamning yaqinda uzatilgan qizi) yoʻqolib qoldi. Qidirmagan joyimiz qolmadi. Mabodo Toshkentga, siznikiga bormadimi?
— Ie, qayoqqa yoʻqoladi? Nega yoʻqoladi? – vahimaga tushdim men.
— Eri bilan urishib qolgan ekan. Chiqibdi-ketibdi. Hech joyda yoʻq…
Yuragim siqilib ketdi. Bu yoqda oʻz tashvishlarimga oʻzim botib, kunimni zoʻrgʻa oʻtkazib yurgan odam boʻlsam. “Xorma, bor boʻl”,- deydigan yaqinlarim uzoqda boʻlishsa… Tunov kungina “oʻldim-qoʻydim”lab turmush qurgan bu beqaror qiz qayoqqa yoʻqoladi? Xoʻp, mayli, yoʻqolgan boʻlsa, mening qoʻlimdan nima ish keladi? Koʻnglimdan ana shunga oʻxshash gaplar oʻtsada, singlimga oshkor qilmadim. Tasalli berib goʻshakni qoʻydim. Kechqurun ishdan charchab uyga kirib borarkanman, hali oyoq kiyimimni yechmay turib oʻgʻlim qoʻlimga telegramma tutqazdi. Telegrammada: “Zudlik bilan yetib kelgin. Ayang”, — deb yozilgan edi… Turgan joyimda qotib qoldim. Nima qilish kerak? Kiyimimni ham yechmay, yoʻlga tushaymi yo avvaliga gap nimadaligini qoʻngʻiroq qilib bilaymi? Men ikkinchi yoʻlni maʼqul topdim. Lekin yashab turgan massivimiz yangi boʻlganligidan hali bu atrofda hech joyda telefon yoʻq edi. Bizdan 3-4 bekat narida yashovchi bir tanishimiznikiga boribgina qoʻngʻiroq qilishim mumkun edi. Bir zumgina tin oldimda, oʻsha tanishimiznikiga yoʻl oldim. Ayam yashayotgan hovlida telefon yoʻq edi. Opamga qoʻngʻiroq qildim. “Ayam senga nega telegramma joʻnatganini bilmayman. Lekin Feruzani hamon izlayapmiz. Hatto morgga ham borib keldik. Bir dongʻi ketgan oʻtkir folbin bor ekan. Oʻshandan soʻrasak: tashvish tortmanglar, bir qari ayolnikida yashirinib oʻtiribdi, erta-indin xabardor boʻlasizlar, dedi. Bu gapdan ancha tinchlandik. Balki ayam ham sening shu qidiruv ishlarida aralashishingni soʻrab, telegramma yoʻllangandirlar. Hozircha yoʻlga chiqmay tur. Zora Feruza ertagacha topilib qolsa, — dedi opam. Men tinchlandim. Ertasi kuni ishga bordim. Feruzani topdik. Ayam ichkarigi uyda ustidan qulflab yashirgan ekanlar, degan xabarni eshitdim. Oʻsha telegramma tufayli nechogʻlik bezovta boʻlganim yodimdan chiqmay Samarqandga navbatdagi borishimda ayamga oʻtindim:
— Ayajon, unaqa vahima qilib menga telegramma joʻnatavermang. Odam ming bir xayolga borarkan. Feruzangiz eri bilan sal janjallashsa, qochsa, qayergadir yashirinsa bu yoqda men aziyat chekishim kerakmi? Bola-chaqali, davlat xizmatidagi odam boʻlsam. Xammasidan ham telegrammani koʻrib yuragim chiqib ketganini aytmaysizmi? Undan soʻng, nega endi siz uni yashirib saqladingiz. Axir opamu singlim, qaynona-qaynotasi, eri qanchalar zir yugurib izlashibdi. Hammadan ham menga qiyin boʻldi. Shartta sumkamni koʻtarib yugurib kelishga imkonim yoʻqligini bilasiz-ku, axir, — dedim.
— E, buni qara-ya, seni shunchalar qiynaladi, deb oʻylamagan ekanman. Lekin bilasanmi, Feruzani yashirib eri-yu, qaynona-qaynotasining boplab taʼzirini berdim oʻziyam. Feruzaning oʻshandagi ahvolini koʻrganingda edi… Tungi izillagan sovuqda, soat 11 larda bitta koʻylak va shippakda eshikni taqillatib kelib qoldi. Yuz-koʻzi koʻkargan, shishib ketgan. Eri rosa doʻpposlabdi oʻziyam. Kuyov nuqul mushtlab boshiga urarkan. Bir necha marta uyiga qochib kelgan ekan. Mendan yashiribdi. Opang yana yetaklab uyiga olib borib qoʻyarkan. Er deganning qoʻli xotinni urishga bir oʻrgandimi, tamom. Oxirigacha uradi. Bunaqada bolani mayib qilishi hech gap emas, axir.
— Endi, ayajon, Feruzangizning oʻzidan ham oʻtgan boʻlsa kerak. Erkatoy oʻsdi, uy ishlariga noshudroq. Oʻjarligi, qoʻpolligi ham bor. Feʼlidan koʻraveradida. Lekin bunda mening gunohim yoʻq-ku, axir. Uzoqdagi odam boʻlsam…
— E, sen mening qiynalganimni koʻrmadingda. Bir payt kechqurun yana eri soʻroqlab keldi. Uni uyga kirgizdim. Avvaliga rosa nasihat qildim. Soʻng Feruzani chaqirdim. Oʻzaro gaplashib kelishib olishar,soʻng qoʻl ushlashib yarashib ketishar, deb oʻylasam, koʻz oldimda nevaramga yana mushtini koʻtarayapti. Bu holatni koʻrib, bilmayman menda qanday kuch paydo boʻldi. “Bolamni uradigan qoʻllaring shu boʻlsa, sindirib tashlayman”,- deb jon holatda oʻrnimdan turib itarishimni bilaman, boshi bilan borib devorga urildi. Qarasam, boshining bir chekkasi gʻurra boʻlib shishib ham ketibdi. “Bilib qoʻy”,- dedim, agar bundan soʻng nevaramni yana bir bor chertsang, urongʻich qoʻllaringni sindirib tashlayman. Kamchiligi boʻlsa, mayli, tushuntir, yoʻlga sol, mushtumga zoʻr berasanmi, nobakor…
Men saksonga yaqinlashib qolgan ayamning nozik jussasiga qarab, oʻshandagi janjalni koʻz oldimga keltirib, vahimaga tushdim.

— Aya, kuyov oʻzingizni koʻtarib urganda nima boʻlardi, xech oʻylab koʻrdingizmi? Yoshlar-ku, bir-biri bilan urishib, yarashib, yana yashab ketaverishadi, siz jim tursangiz boʻlmasmidi?
— Yoʻq, bunaqalarni oʻz vaqtida, oʻz oʻrnida taʼzirini berib qoʻyish kerak.
Ayam, ayaginam… 35 yil maktablarda oʻqituvchilik qilgan, oʻqituvchilikning kamtaringina noni bilan bizni boqib katta qilgan ayaginam. Oʻshanda yarim tunda menga qoʻngʻiroq qilishganda ayaginam bu dunyodan oʻtgan ekanlar. Men erta tongda kirib bordim. Hamma yigʻilgan edi. Yigʻlab, birma-bir koʻrishdik. Soʻng ayaginamni dod-voy bilan kuzatib ham qoldik. Hayot deganlari shu ekan, kelarkansan, yasharkansan, bir kun ketarkansan. Qolganlar xuddi shu yoʻlda, shu zaylda yana hayotni davom ettirishaverarkan…
Men oʻshanda oʻz-oʻzimga shunday deb dalda berdim, oʻzimni bardam tutishga, kuyinmaslikka harakat qildim. Lekin biron yildan keyin charaqlagan bir kunda…
Uyda hech kim yoʻq edi. Kir yuvdim. Uchinchi qavatda yashaymiz. Ayvon derazasini ochib stul ustiga chiqib, choʻzilgancha tashqarida tortilgan dorga yuvilgan narsalarni birma-bir osa boshladim. Negadir bir muddat boshim aylanganday, tayanch nuqtamni yoʻqotganday, pastga tomon yiqilib ketguday boʻldim… Oʻzimni ichkariga oldim. Stulga qaltirab oʻtirib qoldim. Yiqilib tushishimga sal qoldi-ya. Yiqilib ketsam nima bolardi? Oʻz-oʻzidan boʻgʻzimga yigʻi tiqildi, yigʻlashga tushdim. Yiqilsam, jonim uzilsa, men uchun kim kuyinadi, kim yigʻlaydi? Bolalarimmi? Ular hali nihoyatda yosh. Qorinlari ochganda bir-ikki kun pishirgan osh-ovqatlarimni qoʻmsab yigʻlashar, soʻng bot-bot eslashar-u, yigʻlashmas. Ularning dadasi ham baʼzi-baʼzida eslab koʻzlari yoshlanar, bora-bora erkakman-ku, deb yigʻiga koʻp ham erk bermas…
Opa-singlim, ukamning ham oʻzlariga yarasha tashvish-yumushlari koʻp. Kuyinib yigʻlashga ham vaqt kerak, yurak quvvatini, taftini sarflash kerak . Mayli, xammalari omon boʻlishsin. Men uchun faqat ayam jon-dildan, balki umrining soʻnggi kunigacha yigʻlashi mumkin edi. Ayam esa yoʻq… Yetimman… Yetimlik ogʻir ekan.
Men qirqdan oshib qolgan odam oʻshanda qon-qon yigʻladim, oʻzimni chinakamiga yetim his qildim, yetimlikning achchiq qismatiga tan berdim. Onajonlarimiz nechogʻlik keksa boʻlmasin, nechogʻlik zaif boʻlishmasin, tirikliklarida biz uchun suyanch va tayanch togʻlarimiz ekanliklariga chin koʻngildan iqror boʻldim…

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.