Duolarimizni Ollohning oʻzi ijobat qilsin!

0
312
marta koʻrilgan.

Internetni titkilab, doʻstlarim joʻnatgan koronavirus tarixi va buguni haqidagi  xabarlarni oʻqib, taʼbim xira tortib oʻtirgandim. Davronbek oʻgʻlim telefon qilib, “Opajon bugun dam olish, Parkent tomonlarga bir aylantirib, mador soʻmsalar  bilan mehmon qilib kelsam, vaqtingiz bormi, bugunga rejalashtirgan ishlaringiz yoʻqmi?” deb soʻrab qoldi.

 “Toʻgʻri qilasan oʻgʻlim, dunyoning vahimalaridan voz kechib, borliqning goʻzalligidan bahra olishga nima yetsin”  dedim. “Hozir yarim soatda boramiz, kiyinib turing”, deya goʻshakni qoʻydi. Sport kiyimlarimni kiyar ekanman, bugun oʻqiganlarim xayolimdan ketmasdi:

10 fevral kuni koronavirus tarixida eng yomon kun boʻlibdi. Oʻsha kuni Xitoyda 108 kishi koronavirusdan oʻlibdi, ularning barchasi 60 yoshdan yuqori ekan.  Ikkinchi maqola: LEKIN oʻsha kuni … Jahonda 26 mingdan ortiq kishi rakdan, 24 mingdan koʻp kishi yurak xurujidan, 4300 kishi qandli diabetdan oʻlibdi. 3000 kishi oʻz joniga qasd qilibdi. Yer yuzidagi oʻrtacha qotillik kuniga 1300 kishi yostigʻini quritar ekan. Ilon chaqishidan esa  er yuzida kuniga 150 nafarga yaqin  odam bu olamni tark etar ekan.

Uchinchi habarni  xayolimdan oʻtkazaman: Xalqimizning  ajoyib matali bor: “Qirq yil qirgʻin boʻlsa, ajali yetgan oʻladi”. Shuning uchun, azizlar, oʻzingizni ehtiyot qiling, shaxsiy gigiyenaga alohida etibor bering, qoʻllaringizni tez-tez sovunlab yuving. Lekin ha deb vahima chiqaravermang.

Turfa feʼlli turli odamlarning xabarlarini yoʻlga tushganimizda unitdim.

Parkent tumaniga kirib  Soʻqoqqa qarab yoʻl olar ekanmiz. Bahor nafasi, maysalarning ifori dumoqqa urildi. Togʻning musaffo havosidan toʻyib-toʻyib nafas oldim. Yoʻl yoqasidagi  tandirxonalarni va uning atrofidagi oʻzbekona supalarda dam olib,  bahor neʼmatidan tanavvul qilib oʻtirgan kishilarni koʻrib, qalbimga osoyishtalik endi, dilim yayradi.

 “Adajon, qarang, oʻtgan  yili varrak uchirgan joyimizga ekinlar ekishibdi,– deb qoldi nevaralarim. “Hali varrak uchiradigan joy koʻp chiqadi, avvaliga  sizlarni mador samsa, shashlik bilan siylay”, javob qildi oʻgʻlim.

Oʻgʻlim taʼkidlaganidek togʻ adirlarida varrak uchirayotgan  maydonlar biram koʻp ekanki,  goʻyo butun  Toshkent ahli  varrak uchirishga oilaviy koʻchib chiqqandek edi. Odamlarning oilaviy dam olishlarini, osmon uzra parvoz qilayotgan varraklarning maftunkorligi va jozibasiga mahliyo boʻlib tursam, “buvijon siz ham varrak uchirasizmi” deb qoldi Dilnura qizim.  U meni varraklarga suqlanib tikilayotganimga xursand boʻlib, oʻz varragini bergisi kelib ketdi. Mehribonligidan, sergirligidan  xursand boʻldim.   Ezgu tilaklar ila duo qilib qoʻydim. Ertalabki, internetning noxush xabarlari ham koʻnglimdan koʻtarildi. Olam goʻzalligidan bahra olib, dilim ravshanlashdi.

Shu payt telefonim jiringlab qoldi: “Opa, qayerdasiz yoningizga oʻtmoqchi edim” qizimning qoʻngʻiroqdek ovozi jarangladi. “Ukangni oilasi bilan Parkentdamiz”, javob qilaman unga. “Opa, oʻzlaringizni asrang. Bosh vazir yigʻilish oʻtkazyapti. Taʼlim- tarbiya muassasalari ertadan  karantinga bekiladi. Talabalarimizga bir-bir telefon qilib oʻtiribmiz. Ehtiyot boʻlinglar”.

Xabarni eshitib, Yo, Rabbim! Shunday goʻzal boʻstonlaringni, oʻzing bergan navqiron avlodlarimizni oʻzing asra. Ilk yaratuvchi – Fotir oʻzingsan, yeru koʻkka Sulton oʻzingsan, har ishga qodiru hozir oʻzingsan! Kasallikdan, ojizlikdan oʻzing asra. Hech kimdan kam aylama, hech kimga xor aylama! Yurtim tinchligini, goʻzalligini oʻzing asra deya beixtiyor shivirladi, lablarim.  Onamanda… Buvimanda…

Darhaqiqat, bugun  maktab, bogʻchalar ishlamayotgani uchun anhor boʻylariga  nevaralarimni yetaklab chiqsam, hamisha gavjum sharshara boʻylarida odam kam. Xayolimni nevaramning ovozi boʻldi. “Buvijon qarang, bizning togʻ olchamiz gullabdi”, deya xursand boʻldi Yusufbek. Anhor boʻyida bodom, oʻriklar gullagan edi. Bugun esa togʻ olchasi qiygʻos gullab, nevaramni quvontirdi. Nevaralarim bilan uni toʻyib-toʻyib hidladik. Nevaram togʻ olchaning nishona-mevasini koʻrganida  ana shunday xursand boʻlgan edi. Daraxtning meva tugishini u oʻshanda, oʻtgan yili ongida birinchi marta  kashf qilgan edi.  Shuning uchun “bu olcha uniki boʻlib qolgan”.

 Azizlarim bir narsani unitmang, agar Olloh oʻz panohiga olsa, odamizotga tikon ham kirmaydi. Allohga tavakkal qilaylik duolarimizda tezroq bu virusni yoʻq boʻlib ketishini  Yaratgan egamdan soʻraylik. Sogʻlom turmush tarziga rioya qilaylik. Har birimizni, farzandlarimizni, nevaralarimizni, el-u yurtimizni Yaratgan egam oʻz panohida asrasin. Duolarimizni Ollohning oʻzi ijobat qilsin. Omin!

Raʼno ZARIPOVA

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.