El dardida yurgan kishini farishtalar qoʻriqlaydi, derdi front orqasida ishlagan onam Jamila momo Hajiyeva

0
344
marta koʻrilgan.

Onam  qutlugʻ 94 yoshida boqiy olamga rixlat qildi (Joyi jannatdan boʻlsin). Oʻn bir farzandni tarbiyalab, elning yukini tortishga oʻrgatgan volidamning saʼy-harakatlarida, turish-turmushida bugungi yoshlarga namuna qilsa arziydigan ulugʻvorlik bor edi. Yuragining tub-tubida irodasini tamomila yengib boʻlmaydigan kuch-qudrat, sir-sinoat, cheksiz tuygʻu bor edi. Aslida u butun millatga, oʻzbek ayollariga xos fazilatlardir. U muhabbat! U sadoqat! U samimiyat! U shijoat! U elga mehr! Ana shu kenglikni, cheksizlikni onaginamning hikoyalarida his etardim. Xotirasi oldida taʼzim qilaman.

Onam hikoyalaridan: Urush boshlangan yili maktabni tugatdim. Hamma erkaklar urushga ketib hisob-kitobni biladiganlar qolmadi. Maktabni aʼlo baholarga bitkazganim uchun meni kolxozga hisobchilikka qabul qilishdi. Shaharda bir oygina malaka oshirish kursida oʻqitishdi. Kolxozda hisobchi, ombor mudiri va tabelchi boʻlib ishlay boshladim.  Kunduzi dalada, kechasi buxalteriya ishlari bilan idorada boʻlardim. Yarim tunda uyga kirib kelardim. Dugonam Bibijon ham, shuningdek, boshqa xotin-qizlar ham ana shunday 2-3 erkak kishi ishini bajarishar edi. «Oʻzim uchun va oʻsha yigit uchun», «Hamma narsa front uchun» degan shiorlar bor edi oʻsha paytlar.

Moskva ostonasida qizgʻin janglar boʻlayotgan bir paytda kolxozimiz ahli front uchun yordam puli toʻplashdi. Kimdir pul berdi, kimdir qimmatbaho taqinchoqlar, kimdir oʻz qoʻli bilan toʻqilgan issiq kiyimlar, xullas imkoniyatiga qarab, jangchilar uchun, qurol-aslaha uchun armugʻon qildi. Qishloqdoshlarim hamma pul-u taqinchoqlarni sanashdi. Muhr urishdi. Yigʻilgan jamgʻarmani chakida xaltaga(suzma suziladigan xalta)ga solishdi. Ogʻzini bogʻlab menga shaharga yetkaz, deyishdi.

Otamning sevimli yuvvosh oti bor edi. Boʻyim pakanaroq boʻlib, ot tushoviga oyogʻim yetmasdi. Otam koʻtarib otga mindirdi. Chakida toʻrvani qoʻlimga tutqazib, ”Oʻzing bilgan bankka qarab otni choptir”dedi. Shaharga bank bekilishi arafasida yetib keldim. Qahri qattiq kunlar edi u paytlar. ”Ilohim, tut pishigʻiga eson-omon yetib olaylik”, deya xalqimizning Ollohga tinmay nola qilayotgan kunlari edi. Nafsi hakalak otganlar ham yoʻq emasdi. Ana shunday paytda qishloqdoshlarim asrab- avaylab qoʻyganlarini chiqardi. Turmush ogʻir, bir burda non ham aziz. Hammaning doʻppisi tor kelgan paytda men qishloqdoshlarimning boyligi bilan yolgʻiz ketayotgan edim. Tinimsiz Ollohdan madad soʻrardim.

Namozshomda uyga qaytdim. Ota-onam qishloqdan chiqaverishda kutib turishgan ekan. Meni koʻrishdi-yu ikkalasining ham chiroyi ochildi. Goʻyo bulut tarqalib, quyosh chiqqanday boʻldi.

–Elning ishi uchun, ezgulik uchun yurgan kishini Xudoning oʻzi panohida asraydi, qoʻllab quvvatlaydi,– dedilar otam. Meni otdan tushirib olar ekan, peshonamdan oʻpib qoʻydilar. Shu-shu otda yurishni ham oʻrganib oldim.

Harakatda-barakat! Baʼzan ertangi kun ilinjida oromingni yoʻqotasan. Boshlanadigan hodisani kutib dil hapriqadi. Unga ham jismonan ham ruhan tayyorgarlik koʻra boshlaysan.

Ikkinchi jahon urushining qattol kunlari. Bahor kelib, ekin –tikin kunlari yaqinlashgan payt.  Biroq, kolxoz dalalariga ekishga urugʻlik yoʻq.  Gʻalabani kutib, gʻalaba ilinjida hamma narsa frontga berib yuborilgan. Davlat zahirasida ham kolxoz zahirasida ham urugʻlik yoʻq. Kolxoz rahbari oldiga tashabbus bilan kirdim: Yerlarni oilalarga urush tugaguncha qaror chiqarib boʻlib beraylik, ana shunda urugʻlikni oʻzlari topadi dedim. Raisimiz keksa kishi edi. Sapchib tushdi.  Davlat yerlarini xususiylashtirish, yana qaror bilan–a! Nihoyat gapimga koʻndi, oʻzingni tashabbusing, tuman va viloyat rahbarlariga oʻzing tushintirib kelasan dedi. Rahbarlar oldidan ham oʻtdik, yerni boʻlib berdik. Urugʻlik topildi, oʻsha yili hosil moʻl boʻldi. Maʼlum foizini oilalarning oʻzlariga qoldirib, davlat planini ham bajardik, frontga ham qoʻshimcha mahsulot joʻnatdik. Davlat yerini boʻlib berish u paytlarda jinoyat edi. Ogʻir yillarda, urush yillarida qoʻllagan tadbirimiz, mustaqillik sharofati bilan qayta  amalga oshirildi. Hozir yerlarni ellik yilga xususiylashtirilib berilayotganini eshitganimda, urush yillarida vaziyatdan chiqish uchun toʻgʻri yoʻl tanlaganimizni yana bir karra his qildim. Har bir ishda elning manfaatini oʻylab ish qilish Ollohga ham, bandasiga ham xush keladi, bolalarim.

Muallif xulosasi: 9 May – Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan marosimdagi mamlakatimiz Prezidenti  maʼruzasini televizordan tingladim. “Urush yillaridagi halqimizning jasoratini qayta-qayta yozib, tinchlikning qadr-qimmatini yoshlarning ong-shuuriga singdirish kerak”, degan soʻzlari meni onam hikoyalarini qogʻozga tushirishga undadi. Ikkinchi jahon urushida qatnashgan, shuningdek, front orqasida Vatan uchun jonbozlik koʻrsatib ishlagan  har bir kishining xotirasi oldida taʼzim qilamiz!

Raʼno Zaripova,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.