El shod boʻlsa, yurt obod boʻladi

0
42
marta koʻrilgan.

Vaqt oʻz maromida ohista oqadigan daryoga oʻxshaydi. Yaratganning yaralmishi boʻlmish vaqt va uning maromiga har neki erkin singishsa, uning boqiy hamnafasiga aylanadi, oʻzligini namoyon qiladi.

Asarlari Sharq falsafasining uzviy bir qismi boʻlgan Alisher Navoiy haqida ana shunday deyish mumkin. Tarix silsilasi oldida uning oʻz mavqei, shonu-shuhrati, sabogʻu anʼanalari alohida ahamiyatga molik. U xalqimizning gʻururi va faxridir!

Xalq va haqiqat mangudir. Haqiqat egiladiyu sinmaydi, deydi xalqimiz. Haqiqatni, adolatni ardoqlagan kishilar esa xalqqa aylanadilar. Demak, ular birgalikda mangudir. Bu matematika tili bilan aytsak, isbot talab qilmaydigan aksiomadir. Xalq va haqiqatni ulugʻlagan Alisher Navoiy asarlari ham siymosi ham mangudir

  Haqiqat va xalq yetti moʻjiza yangligʻ goʻzal va tovlanayotgan kamalakday hayratomuz, quyosh yangligʻ soʻnmasdir. Chunki, haqiqat bor joyda el tinch va shod boʻladi, el shod boʻlsa, yurt obod boʻladi. Hazrat Alisher Navoiy satrlari ila aytsak: El shod oʻlmas, mamlakat obod oʻlmas.

XX asr nihoyasida xalqimiz qaramlikdan qutildi. Yurt ozodligi, til ozodligi istiqlol birla qalblarga, shuurlarga nur boʻlib yoʻgʻrildi. Istiqlol, Istiqbol, Islohot soʻzlari dilimizga uygʻunlashdi. Ana shu uch tushuncha, uch ezgulik birla qisqa vaqt ichida yangilanish jarayoni vujudga kelib, demokratik-huquqiy davlat qurish yoʻliga dadil tushib oldik.

1991 yil 4 sentyabrda Prezident Islom Karimov Oʻzbekiston Milliy bogʻida qad koʻtarayotgan Alisher Navoiy haykalini va bogʻda olib borilayotgan qurilish ishlarini koʻzdan kechirayotib, yodgorlikning ochilishida nahor oshi tortilib, Qurʼon tilovat qilib yuborilishini aytganlarida tinglab turgan har bir kishining qalbi bir qalqib tushgani tabiiy. Bu bilan jamiyatda adolat tamoyillarini hayotga singdirish yoʻlida yana bir muhim qadam qoʻyildi. Zero, mustaqil Oʻzbekistonimizning milliy qadriyatlariga monand tadbiri hazrat Alisher Navoiy nomi bilan boshlanganligi tasodif emas. “Xamsa” asaridagi Saddi Iskandariy dostonida obod, ozod yurt va odil podsho orzusi kuylanadi. Hazrat Navoiyning ozod va obod yurt haqidagi orzu – umidlari bugungi kunda amaliyotda oʻz ifodasini topmoqda.

Bugungi kunda alloma timsoli bunyod boʻlgan joyda Milliy bogʻ – Adiblar xiyoboni paydo boʻldi. Yangi Oʻzbekistonni mustaqillikni orzu qilgan adiblarning ruhi qoʻllab quvvatlab turibdi.

Bugungi yangi Oʻzbekiston Navoiyning yana bir asari-“Farxod va Shirin” dostonida kuylangan obod va ozod mamlakat haqidagi orzularining amaliyotidir, desak arziydi.

Mustaqillikdan keyin sogʻlom avlod tarbiyalash vazifasi umumxalq harakatiga aylantirildi. El-yurt havas qiladigan farzand tarbiyalash tuygʻusi barcha xalqimizga, har bir millatdoshimizga birdek tanish va birdek aziz. Farxod-u  Alpomishdek alp oʻgʻlonlar, Shirinu Barchinoydek oy yuzli, goʻzal xulqli qizlar tavsifi allomaning har bir dostonu sheʼriyatida kuylanishi bugungi kun bilan, bugungi davr bilan hamohang.

Qadim qadimdan xalqimiz sogʻlom avlod tarbiyasiga alohida eʼtibor bergan. Xalq dostonlari ertaklari afsonayu qoʻshiqlari va allomalarning asarlarida goʻzal siymoli xushsuvrat yigit-qizlar mehr – muhabbat bilan taʼrifu tavsiflanishi ham buni tasdiqlaydi. Macalan, hammamizga maktab darsliklaridan tanish Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidagi Farhodning jasoratini, Vatan ishiga kamarbasta matonatini yoki Shirin va uning oʻn nafar kanizagining taʼrifu tavsifini bir eslang.

Diloromu Diloro-yu Diloso

Gulandamu Sumanboʻyu Sumanso

Parichehru, Parizodu Parivash

Paripaykar zihi oʻn ismi dilkash.

Alloma oʻn kanizagining har birida orzu havas qilgudek fazilatlar borligini va ularning bari Farhodu Shirinda mujassamlashganini faxr bilan kuylaydi. Har biri bitta yoʻnalish-tarix, fizika, matematika, mantiq, astronomiya, huquqshunoslik kabi ilmlarning yetuk sohibalari boʻlmish kanizaklar Farhodni savolga tutadilar. Farhod hozirjavoblik bilan kamolat sohibi ekanligini namoyon etadi. Hazrat Alisher Navoiy nazdidagi boʻlajak onalar shu qizlar timsolida mujassamlashgan. Sogʻlom fikrlovchi ham jismoniy ham maʼnan goʻzal farzandlar ana shunday yetuk ilmli, komil insonlardan bino boʻlishligini allama shoirimiz orzu qilgan boʻlsa ajab emas. Zero, sogʻlom onadan sogʻlom farzandlar dunyoga keladi. Lekin bu orzuni umummilliy vazifaga aylantirish, uni toʻla ruyobga chiqarish imkoniyati faqat Oʻzbekiston istiqlolga erishgandan keyin vujudga keldi. Xalqimizning asriy orzulari ushaldi. Yangi Oʻzbekistonda ushbu yoʻnalish yanada yangi bosqichga qoʻtarildi.

Salohiyatli yoshlarni yanada qoʻllab quvvatlash uchun har bir viloyatda Prezident maktablari hamda Ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani, magistr qizlarga imtiyozlar berilib, jahon olimpiada gʻoliblari ragʻbatlantirilayotganligi, kirish imtihonlarida  toʻplagan baliga qarab  istagan biror oliy oʻquv yurtini tanlash imkoniyati berilayotgani  komil inson tarbiyalash yoʻlidagi, uchinchi renessansga qoʻyilgan dadil qadamlardir.

Yangi Oʻzbekistonda mutolaa madaniyatiga alohida eʼtibor berilib, «Yosh kitobxonlar» tanlovi oʻtkazilayotgani va gʻoliblarni ragʻbatlantirish uchun yengil mashina ham qoʻyilgani uchinchi renessansga qoʻyilgan yana bir qadam, yoshlarga boʻlgan yana bir gʻamxoʻrlikdir. 

Sahiylik va ahiylik. Alloma Navoiy oʻz asarlarida muruvvatga, saxovatga juda koʻp eʼtibor karatadi.”Mahbubul-qulub” asarida saxovatsiz kishini yogʻingarchiliksiz bahorga, mevasiz yogʻochga, yogʻinsiz bulutga qiyoslaydi. Hazrat oʻz asarida himmat bobida shunday deydi “Bitta utmakni ikki boʻlib yarmini bir ochga berganni saxiy de, oʻzi yemay barini muhtojga berganni ahiy de” deya oʻgit beradi. Saxiylik, muruvvat himmatlilikni ulugʻlaydi.

Navoiy aytadiki, har bir odam birovning ogʻirini yengil qilishi kerak, birov yigʻlasa, uning boshini silab, jismiga jon, joniga darmon boʻlishi kerak. Ushbu asarning Saxovat bobida yana shunday yozadi: “Saxovat odamga badandur va himmat anga ruh… himmatsiz kishi er sonida emas va ruhsiz badanni kishi tirik demas”.

Hazrat Navoiy yonib kuylagan bu oʻgitlar hukumatimizning bugungi siyosatini oʻzida ifoda etadi. Har bir mahallada “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi yoʻnalishlar tashkil etilib, muhtoj xotin-qizlarga, nogironlarga berilayotgan eʼtibor, imtiyozlar Yangi  Oʻzbekistonning  goʻzal dastur-u amallaridir.

Ayni kunlarda kam taʼminlangan va turar-joyga muhtoj kishilarga arzon uylar berilayotgani, kredit olishda imkoniyatlar yaratilayotgani ham davlatimiz tomonidan xalqimizga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrliklardan yana biridir.

Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.