Toshkent shahar “Bilim” axborot kutubxona markazining Uchtepa tuman boʻlimi mening sevimli maskanim. U yerga avvallari onam bilan borib kitob tanlardik. Bu safar oʻzim bordim.
Onamning tavsiyasi bilan Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qalamiga mansub “Baxtiyor oila” kitobini qoʻlimga oldim. Onam: “Har bir muslima kelajakda osoyishta hayot kechirishni, baxtli va muctahkam oila bunyod etishni istasa ushbu kitodagi oʻgitlarni oʻqib uqib olishi kerak”, deya maslahat berdilar.
Ushbu kitob Islom dinining oilaviy munosabatlarga oid ahkomlarining keng va batafsil sharhi boʻlib, musulmon kishi oilaviy hayotga oid bilishi lozim boʻlgan barcha masalalarni oʻz ichiga qamrab oladi. Kitobda insonga ikki dunyo saodati yoʻl- yoʻrigʻini koʻrsatib bergan Islom dinining baxtli, saodatli oila qurish, er-xotinning huquqlari, burch va majburiyatlari, ota-onaga, qaynota-qaynonaga munosabat, kelin va kuyov tanlash, aqiqa, farzand tarbiyasi, silai rahm, taloq, idda va shu kabi koʻplab dolzarb mavzulardagi taʼlimotlari orqali bugungi kunning qator muammolari muhokama qilinadi. Oyatlar, hadislar hamda salaf — solihlarning hayoti misolida muslim va muslimalarning baxtli oilaviy hayot kechirish dasturi yoritilgan.
Darhaqiqat, ushbu kitobni oʻqib ruhlandim. Xalqimizning “kitob– beminnat muallim”, degan soʻzlariga yana bir karra ishonch hosil qildim. Yozgi taʼtildagi boʻsh vaqtlarimni mutolaga bagʻishlayotganimdan xursandman.
Asqarxadjayeva Muslima, Toshkent shahar 285-maktab 9-oʻquvchisi
Tahririyatdan: Saytimizning aziz oʻquvchilari! «Ezgu niyatli bolalar» tanlovimiz yana davom qilmoqda. Taʼtildagi boʻsh vaqtlaringizni sermazmun oʻtkazing va ushbu pallada oʻqigan kitoblaringiz, chizgan suvratlaringiz va boshqa ezgu amallaringiz haqida tengdoshlaringizga hikoya qilib, yaxshiliklar ulashing! Tanlovda goʻzal fikrlari, amallari bilan eng koʻp ishtirok etgan bolajon-u oʻsmirlarni tanlov yakunida estalik sovgʻalari bilan ragʻbatlantiramiz. Azizlarim, faol boʻling oʻz isteʼdodingizni namoyon qiling. Maktublaringizni kutamiz.