Haqiqiy ijodkor adabiyotga emas, adabiy bir shavq ijodkorning qoniga kirib kelgachgina soʻzning taʼsiriga tushadi. U endi oʻz xayollarini ato qilingan soʻz qudratiga taslim qiladi. Yoxud ato qilingan ilohiy qudratning oʻzi uni boshqara boshlaydi.
Bir uchligimda: “Ijod – yoʻrgakdan avval tekkan darddir”, degandim.
Darhaqiqat, Yaratguvchi soʻz oshigʻiga u hali bu dunyoga kelmay turiboq “shoir” deya taqdiri azalga raqam chekadi. Bu gap qanchalik balandparvoz tuyulmasin, adabiyot haqidagi oʻy-tushunchalarning negizi shunga borib taqaladi.
Soʻz, sheʼr, shavq. Shoir mana shu uchchala qudrat bilan tirik. Oʻz soʻzi faqat oʻziniki boʻlgan SOʻZ egalarigina – ShOIR.
Sheʼr – faqat oʻz holi bilan, oʻzining tashbihlari bilan oqib keladigan poʻrtana oqim.
Shavq – bu neʼmat. U tilab olinmaydi, talab qilib ham. Shavq ato etiladi, yaʼni chinakam shoirga shavq shavqlarning yaratguvchisi tomonidan iltifot qilinadi. Bu uchchala birlik shoirning “men”ini tashkil etib beradi.
Farida Afroʻz
Opa, ona boʻlolmading, onamdan keyin,
Yukundim, yugurdim, chopdim yoningga.
Sen esa roʻzgʻorning loyiga botding,
Oʻz bolalaring jon boʻldi, joningga.
Garchi, mehribonsan, beadad, behad,,
Menga tikan kirsa, jonlaring xalak.
Qush sayrasa, nogaxon, singlim kelar deb,
Jizzali non yopib, kutarsan ilhaq.
Aka, ota boʻlolmading, otamdan keyin,
Izladim, boʻzladim, yoningga chopdim.
Sen esa, roʻzgʻorim, oʻgʻlim, qizim deb,
Soʻrab borsam, doim mehnatdan topdim.
Garchi, qalqonimsan, temirday qoʻrgʻon,
Shaʼnimga himoyat, qilichning dami.
Yaqin kel,suyanchim – uzoqdagi togʻ,
Sen borsan, hech gapmas, dunyoning gʻami.
Mayli, bu taʼnamas, ming bora uzr,
Yuragim oʻrtandi, oʻkindim bir oz.
Men-da, qiz boʻlmadim, ikkingizga ham,
Otamni, Onamni sogʻindim xolos…
* * *
Ayolni sev,
ayolga yolbor,
Ming bir kecha ertaklaring ayt,
Alpomishlar tugʻib beradi.
Ayolni sev,
ostonasin oʻp,
Qasr qurma, koʻnglini soʻra.
Balo kelsa, turib beradi.
Ayolni sev,
oʻlaman degil,
Ishq yaratgan parvardigordan,
Senga umr soʻrab beradi.
* * *
Yuragimning qayeridir kuyadi,
Simillaydi,
charsillar, sanchar,
Goʻyo ming yil yuraksiz yashab.
Bir qadoq ogʻriqqa kunim qolganday…
Seni sogʻinganman…
Koʻzimda daryolar jimirlar asta,
Ufuradi,
bugʻlanar, toshar,
Goʻyo ming yil toshqinsiz yashab,
Bir tomchi iqrorga kunim qolganday…
Seni sogʻinganman…
Hushyor tortar ruhim — imtihon berar,
Qaltiraydi,
dildirar, titrar,
Goʻyo ming yil koʻngilsiz yashab,
Bir ahmoq aqlga kunim qolganday…
Seni sogʻinganman…
Derazamni yopaman, etim uchadi,
Jondan oʻtar
izgʻirin, shamol.
Goʻyo ming yil quyoshsiz yashab
Bir nuqra choʻgʻingta kunim qolganday…
Seni sogʻinganman…
Seni sogʻinganman,
oh, nima qilay,
Nima qilay, axir, ayt, nima?!
Goʻyo ming yil seningsiz yashab,
Bir yutim ajalga kunim qolganday…
Seni sogʻinganman…!
* * *