FARIDA AFRUZ sheʼri: IQROR

0
1429
marta koʻrilgan.

Dunyoda yaxshi odamlar juda koʻp. Ular umringni mazmunli qiladi, hayotingni bezaydi. Insoniylik oynasini yuzingga tutadi. Qanday yashash andozasini qoʻlingga beradi. Eplolmagan, anglolmagan, taxlikada qolgan paytlaringda oʻzingni oʻzingga uyaltiradi…

Ammo yana bir boʻxron borki, uning qarshisida lolsan, karaxtsan! U- YAXShILARNING YAXShISI!
YAXShILARNING YAXShISI boʻlmoq uchun jaziramada soya, qahratonda bir oʻchoq olov boʻlishing kerak. Chumolini bosmay oʻtishing, qushlarga uvoq tutishing, togʻning uvvillashini, yomgʻirning shivirini eshitishing kerak.
Dardmand oldida oʻzingning dardingni unutishing, baxtlilar oldida undan-da baxtiroq, chorasizga chora, yupinga chopon boʻlishing kerak.

Hayot marafonida horib, choʻk tushib qolganingda, oldingga tushib madad beradigan kishidir — YAXShILARNING YAXShISI!
Senga tosh otilayotganda, qoʻllarni tutib qoluvchi bilakdir — YAXShILARNING YAXShISI!
Shoningdan quvonadigan, qadringdan qadrlanadigan faxrdir — YAXShILARNING YAXShISI!
XURSHID DOʻSTMUHAMMAD – shunday inson!

U adiblikda – XURSHID – QUYOSH, Yorlikda – DOʻST, odamiylikda – MUHAMMADdir! Bunday insonning yonida turish, yashash, suhbatdosh, nigohdosh boʻlish qanchalar MUKOFOT ekanligini bilsak edi, biz gʻofillar?! 

Qani edi, uning shu zakovot yoshida hech kim va hech narsa xalaqit bermasa-da, yozaversa, yozaversa… Biz esa, oʻqiyversak, oʻqiyversak…Agarki, gʻaflatda qolmasak, agarki, uyqudan uygʻonolsak!?… Darvoqe, ijodkorning umri yozganlarida uzayadi.Chunki, u yaratdanidagina yashaydi..!
Aziz USTOZ, Iloyo, umringiz ORZUlaringizga yetsin!

IQROR
Ustoz Xurshid Doʻstmuhammadga

Yoʻlingga chiroqlar tutadi,
Kelmasing bilsa ham kutadi,
Qadrsiz, qadringga yetadi,
Dunyoning eng yaxshi odami.

U borki, qomating koʻrkamdir,
U borki, har kuning koʻklamdir,
Darbadar kemangga yelkandir,
Dunyoning eng yaxshi odami.

Yoʻgʻingdan borliqlar yasaydi,
Shoningga yorliqlar toʻshaydi,
Qarashi otangga oʻxshaydi,
Dunyoning eng yaxshi odami.

Shamolda tebrangan anordek,
Yorilib tinglaydi yorondek,
Soyasi ming yillik chinordek,
Dunyoning eng yaxshi odami.

Yurganda maysalar kularlar,
Soʻz aytsa, qumrilar tinarlar,
Koʻksiga in qurgan turnalar,
Dunyoning eng yaxshi odami.

Daryo u — irmoqlar shoshguvchi,
Toʻlqindir qirgʻoqdan toshguvchi,
U ishqdir – haddidan oshguvchi,
Dunyoning eng yaxshi odami.

Ruhingga quvvat ham oʻshadir,
Eng jonon suhbat ham oʻshadir,
Topganing hikmat ham oʻshadir,
Dunyoning eng yaxshi odami.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.