Gʻayrat Majid sheʼri: MUALLIM

0
141
marta koʻrilgan.

Hayot kitobining avvali, boshi,
Togʻlardan mustahkam sabru bardoshi,
Sizga salom boʻlsin, qalblar quyoshi,
Soʻzlarning gulidan izhori dilim,
Ey aziz muallim, aziz muallim.

Sizdan harf oʻrganib oʻy-maqsad hosil,
Inson inson degan maqomga vosil,
Hayot saboqlarin olib muttasil,
Sizdan bahra olib yashaydi koʻnglim,
Ey aziz muallim, aziz muallim.

Gullarning nomini bildik siz sabab,
Dillarning holini bildik siz sabab,
Yoʻllar maqomini bildik siz sabab,
Olamni tanitdi siz bergan taʼlim,
Ey aziz muallim, aziz muallim.

Navoiy soʻz ichra muhtaram, mumtoz,
Ul zot sheʼr ahliga benazir ustoz,
Ustozga koʻrsatgan ehtirom, eʼzoz,
Bu maktab mehridan munavvar yoʻlim,
Ey aziz muallim, aziz muallim.

Bemor shifo istar Sinodan hamon,
Hazrat Naqshbandan taralgay irfon,
Yulduzlar ilmida Ulugʻbek – sulton,
Ustozlar tufayli boʻlgandir olim,
Ey aziz muallim, aziz muallim.

Agar shogird topsa elda eʼtibor,
Hammadan ilgari sizsiz baxtiyor,
Har dilning sizlarga tashakkuri bor,
Sogʻlik, umr tilab hormaydi tilim,
Ey aziz muallim, aziz muallim.

GUJUM.UZ tahririyati barcha muallimlarni va barcha soha  murabbiylarini kasb bayrami bilan qutlaydi. Salomatlik va kasbiy froliyatida, hayotida  omadlar tilaydi! 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.