Yosh shoir Bahodir BAHROM “Mangu bahor dedim moʻjaz Gʻilonni” deb taʼrifu tavsifini keltirayotgan ushbu qishloq – Shahrisabz shahridan 80, Miroqi shaharchasidan 30 kilometr uzoqlikda, dengiz sathidan 2 ming 223 metr balandlikda joylashgan Hazrati Sulton choʻqqisiga yondosh, Hisor togʻi etagidagi moʻjaz maskan.
Ushbu beqiyos goʻzal goʻshaga bagʻishlab koʻplab shoirlar sheʼrlar bitishgan. Bahodirjonning oʻz yurti haqida nozik did bilan aytgan dilkash soʻzlari ham ushbu sheʼriyat maydonida munosib oʻziga xos oʻrin egallaydi. «Yashar bir-birining pinjiga kirib, Xuddi musichaday vassali uylar», «Million yulduzchalar kiftimda turib, “Oydin kechalar”ni zavq bilan kuylar», «Muzli choʻqqilarga tirab tirsagin, Kuzatar hayratga koʻmilgancha oy»kabi nafis satrlar qishloq manzaralarini koʻz oldingizda yorqinlik ila shoirona namoyon qiladi.
Bahodirjonning ijodiga parvozlar tilab qolamiz.
Raʼno Zaripova
Bahodir qoyalar saltanatida,
Azim choʻqqilarning haybati aro
Ulugʻvorlik jamday bor talʼatida
Tabiatga berib turganday oro
Billur badanini etgancha koʻz-koʻz,
Erigan olmosday oqar Oqdaryo.
Nogoh bahor bilan keldim yuzma-yuz,
Gʻilon – bahorlarga burkangan dunyo!
Adirlar bagʻrida koʻklam, maysazor,
Saraton tigʻidan qocholgan omon.
Odamlari kabi sodda, xokisor,
Odamlari kabi toza, pokdomon.
Yashar bir-birining pinjiga kirib,
Xuddi musichaday vassali uylar.
Million yulduzchalar kiftimda turib,
“Oydin kechalar”ni zavq bilan kuylar.
Muzli choʻqqilarga tirab tirsagin,
Kuzatar hayratga koʻmilgancha oy.
Shabada esadi xotirjam, sokin,
Yo mahliyo etgan uni ham chiroy.
Marjon shodalarni oqizgancha shoʻx,
Buloqlar toshadi – shiddati nafis.
Tanimda nasimday esa boshlar ruh,
Hali ham bormiding, ey, begʻubor his.
Hali ham bormiding, yurak – asov ot,
Hali ham goʻzallik etarmidi lol?!
Hali ham munavvar demak bu hayot,
Hali ham intizor senga istiqbol.
Angladim, tiriklik taʼmini shu dam,
Angladim, hayratning umri boqiydir.
Angladim, u menman, – ey, sarmast odam,
Angladim, tabiat koʻhna soqiydir.
Koʻkni tutib turgan teraklar – ulfat,
Chayqalib-chayqalib zavq tuyayotir.
Mevazor bogʻlar ham ayni shu fursat,
Pishiqchilik damin tush koʻrayotir.
Taʼzimim qabul et betakror yurtim,
Bagʻringda baxtiyor sayr etib yurdim.
Qanday tushuntiray axir, zavqimni
Ayni saratonda bahorni koʻrdim.
…Goʻzal guldastasi Oʻzbekistonning,
Mangu bahor dedim moʻjaz Gʻilonni.
Bahodir BAHROM