Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo!

0
1045
marta koʻrilgan.

Qadimiy goʻzal obidalardek, hikmatli, sabrga undovchi  rivoyat: Bir podshohning oqil maslahatchisi boʻlib, neki voqelik boʻlsa, “Buning ham bir hikmati bor”, deb qoʻyar edi.

Kunlarning birida dasturxon ustida oʻtirgan podshoh qoʻlini kesib oldi. Atrofdagilar yugurib kelishdi. Podshoh maslahatchisi odatdagidek: “Buning ham bir hikmati bor”, dedi. Bu gapdan gʻazablangan podshoh: “Qoʻlimni kesib olishimda qanday hikmat boʻlishi mumkin?      Uni zindonga tashlang, taʼzirini yesin”, deya amr qildi. Askarlar maslahatchini sudrab ketishar, shu holatida ham u : “Buning ham bir hikmati bor, hikmati bor”, deya takrorlar edi. Maslahatchisining gaplaridan podshohning battar ensasi qotibdi. Oʻzini zindonga olib ketishiyapti-yu, yana tagʻin “Buning ham hikmati bor”, deydi-ya, axmoq?! Zindonda yotishda nima hikmat boʻlishi mumkin?!”.

Kunlar oʻtib, ov mavsumi boshlanibdi. Podshoh aʼyonlari bilan oʻrmonga kiyik oviga chiqibdi. Maʼlumki, kiyik oʻta sezgir hayvon, shu bois podshoh, lak-lak aʼyonlarini uzoqroqqa qoldirib, oʻrmonga yolgʻiz kiribdi.  Podshoh kiyikni poylab, bildirmay taʼqib qilib bora-bora qayoqqa kelib qolganini bilmay ham qolibdi. Shu payt yovvoyi qabila kishilardan bir nechtasi podshohni asir olishibdi. Podshoh ovozi boricha baqirar, lekin aʼyonlaridan birontasi uning gaplarini eshitmasdi.

Oʻsha yovvoiy qabilada bir odat boʻlib, nima asirga tushsa, hayvonmi-odammi – farqi yoʻq: uni qurbonlik qilishar ekan. Podshoh ich-ichidan yigʻlar, shu ahvolda oʻlib ketishidan qattiq afsus chekar, ammo taqdirga tan bermoqdan boshqa ilojisi ham yoʻq edi.

Bir payt qabila orasida gʻala-gʻovur boshlanibdi. Nihoyat, ular orasidan bittasi kelib, podshohning oyoq-qoʻllarini yechibdi-da, “Bor ketaver! Bizga keraging yoʻq!” debdi. Podshoh ajablanib: “Bu bir hiylami? Men qochib ketayotganimda oʻldirish rejasimi?” debdi. Qabila vakili shunday javob qilibdi: “Yoʻq. Seni bitta barmogʻing kesilgan ekan. Biz aybsiz, nuqsonsiz, mukammal odamni qurbon qilamiz”. Podshoh ortiga qaytib ketar ekan, beixtiyor oqil maslahatchisining gapini eslabdi: “Buning ham hikmati bor, hikmati bor…”

Saroyiga kelgan podshoh otdan tushar-tushmas amr etibdiki, zudlikda maslahatchini ozod etib, huzurimga keltiringlar…Maslahatchi huzuriga kelgach, avval undan uzr soʻrabdi. Soʻng: “Ajib ish sodir boʻldi. Alloh taolo meni kesilgan barmogʻim sabab oʻlimdan najot berdi. Barmogʻim kesilishidagi hikmat nima ekanligini bildim. Lekin boshqa bir narsa menga jumboq boʻlmoqda. Askarlar seni qamoqqa olib ketishayotganida ham “Buning ham hikmati bor”, deding. Xoʻsh, buning hikmati nima?” debdi.

Maslahatchi: “Ey podshohim, ovda doimo meni hamroh qilmasmidingiz?”. Podshoh: “Toʻgʻri, faqat sen bilan ovga borar edim”.

Maslahatchi: “ Agar meni zindonga tashlamaganingizda siz ila ovga chiqqan, oʻsha qabilaga birga asir tushgan boʻlur edikki, siz barmogʻingizdagi jarohat sabab oʻlimdan qutilib qolar, meni esa qurbon qilishar edi. Chunki menda jismoniy nuqson yoʻq, barmogʻim ham kesilmagan”, deya javob beribdi…

Podshoh Alloh taolo amr etgan taqdirdan yana bir karra hayratga tushdi: “E-ha, har bir yomonlik ortidan biz bilmagan yaxshilik ham boʻlar ekan…”

Hayotingizda uchragan, bugungi kuningizni mahzun oʻtishiga sabab boʻlgan har kanday vaziyat ortida hamda sizni norozilik holatingizga sababchi boʻlgan insonlarning qilmishi ortida bir xikmat yashiringan. Buni vaqti kelganda anglab yetasiz.

Shunday ekan, har qanday holatda ham ishonchingiz, umidingiz soʻnmasin.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.