Ibrat: oʻzimga achindim…

1
193
marta koʻrilgan.

Koʻp qavatli uyda turaman. Mavzemizga kiraverishda, “Shifokorlar shaxarchasi”ning kichik bozorchasi bor. Oʻzi kichik bozor boʻlsa-da, birlamchi ehtiyoj mahsulotlarining bari mavjud. Shu bozorcha kiraverishida ikki ayol pishirilgan joʻxori sotadi. Ular har kuni ikki qop makkajoʻxori olib kelib, tirikchilik qilishadi.

Yuzlari oftobdan qoraygan, qoʻllari mehnatdan dagʻallashgan ayollar ogʻir-ogʻir qoplarni koʻtaraverib erkak sifat boʻlib ketishgan. Munis ayollarning biri, oʻzimizning jaydari, ikkinchisi golland navli joʻxori sotadi. Ikkovining ham oʻziga yarasha mijozlari bor. Suhbatlashib qolsangiz har kuni qora qozonni qaynatishga yetarli mablagʻ topishini aytib shukrona bildirishadi…

 Farzandlarim makkajoʻxorini yaxshi koʻrishadi, kuniga boʻlmasa ham gohida uyga albatta, makkajoʻxori olib kiraman. Oxirgi kunlarda  ayollarning biri koʻrinmay qoldi. Bu orada, jaydari makkajoʻxori sotuvchi ayolning savdosi qizidi. Ayolning daromadi ham avvalgi kunlarga nisbatan oshgani tabiiy.  Bugun, ikkinchi ayol yana savdoga chiqibdi, u ham bir chekkada, tirikchilik dardida, horgʻin holatda oʻtirib savdo qilyapti. Salomlashib, koʻrishib, opa bormisiz, farzandlarim “golland joʻxorilaringiz”ni sogʻindi, nega koʻrinmay qoldingiz deb koʻngil  soʻradim.

 Ular ham kulib: “Eh mijozginam, meni joʻxorim “golland” navli, yumshoqroq, sal qimmat boʻlsa-da tez sotiladi. Sherigimniki jaydari, shirin boʻlsa ham sal qattiqroq, shunga sotilishi kamroq. Daladan qatnaymiz.  Hammamizning dardimiz bir, qoraqozon, tirikchilik…… Bizning uyda ikkita sigir bor, sutini sotaman, joʻxorini yon fermadan olib, pishirib sotaman, bolalar yeyman deydi, xullas amallab yashayapmiz. Sherigimning tirikchiligi esa faqat  shu  jaydari joʻxoridan,  u  toʻy boshlab qoʻygan, men-ku  sutimni sotsam ham kunim oʻtadi, Sherigimga moddiy yordam bera olmasam, hech boʻlmasa, men yoʻgʻimda koʻproq joʻxori sotib, koʻproq pul topsin deb chiqmadim, unga esa mazam boʻlmadi, deb qoʻya qoldim”…

Ushbu  ayollarda halollikka qurilgan savdo va iymon toʻla qalbni  koʻrdim va xursand boʻldim. Oʻzimni sarhisob qilib, negadir beixtiyor xayolimga xazonrezgi gurillab turgan olov keldi, oʻzimga achindim…» Ezgulik uchun saʼy- harakat qilishga hech qachon kech emas» deya shivirladim beixtiyor… Tavsiya mendan xulosa sizdan…

Dildora MAVLYANOVA tayyorladi. 

Yoyish

1 mulohaza

  1. Juda taʼsirli maqola chiqibdi, raxmat. Xa oramizda mana shunday insofli, mehrli va oqibatli insonlarimiz bor. Nafaqat oʻzini oʻylaydi, nafaqat oʻz manfaatini oʻylaydi, balki qoʻni-qoʻshni, mahalla-koʻy va yonidagi safdoshlarini ham ardoqlaydi, gʻamhoʻrlik qiladi… Bu haqiqiy insoniy fazilatlarga ega boʻlgan vatandoshlarimizning bagʻrikengligidan, vijdonli ekanligidan va sadoqatli doʻstlarning borligidan shukronalar aytishga undaydi… Albatta bu yoshlarimiz uchun IBRAT MAKTABIDIR!!!

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.