Ibrohim Alayhissalom va Namrud Alayhillaʼna

0
8408
marta koʻrilgan.

Milodiy 1309–1310 yillarda yozilgan “Qisasi Rabgʻuziy” asarini kitobat olamining goʻzal, betakror bir obidasiga qiyos etgulik! Yozma yodgorlikda Odam Ato va Momo Havodan tortib, Muhammad Mustafogacha yashab oʻtgan paygʻambarlarning hayoti, ezgu oʻy, ezgu amallari hikmatlar, rivoyatlar orqali mohirona aks ettirilgan. Unda Sharq falsafasi bilan qadimiy milliy qadriyatlarimiz uygʻunlashib ketgan.

Qadimiy turkiy tilni oʻzida ifoda etgan ikki jilddan iborat boʻlgan ushbu bebaho durdona asarning zamonaviy oʻzbek tilidagi talqinini Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva amalga oshirgan.

Durdona asarning navbatdagi qismida  Ibrohim Alayhissalom va Namrud Alayhillaʼna qissasi  bilan tanishasiz.

Qurʼoni karimda 14- sura Ibrohim paygʻambarga bagʻishlangan boʻlib, u 52 oyatdan iborat. Muqaddas kitobimizda  Ibrohim Alayhissalomga bagʻishlangan oyatlar boshqa suralarda ham mavjud.(R.Z; N.S.).

Ibrohim paygʻambar alayhissalom.

Evdi tugʻgʻan, ernak emgan, togʻda turgan Ibroxim.

Yulduz anglab, oyni tonglab, koʻkka ingan Ibrohim,

Aydi bir kun:”Ey, ona aygʻil maning tengrim kim ul”,

Aydi:”Manman” ”sening tangring kim?” teyu soʻrgʻan Ibrohim.

Oʻsh otang ul” tedi. Aytur:”Kim otamning tengrisi?”

Aydi. ”Namrud tengrisi kim?”, teyu yana soʻrgʻan Ibrohim

Yetti yeru koʻkning hijobin ochdi Mavlomiz anga,

Ostin ustun Arsh, Sarogʻa tegru koʻrgan Ibrohim.

Oʻgʻlini qurbon qilurda koʻkda oʻtlab semirgan,

Kuch fidosin Jabroildin yerda boʻlgʻan Ibrohim.

Bolta koʻtarub tilku suygan butni soʻygʻan ochturub,

Et yedurgʻan, ot chiqargʻan, oʻt oʻchurgʻan Ibrohim.

Ibrohim ibn Torix ibn Soruh ibn Argʻus ibn Folih ibn Obir ibn Solih ibn Artus ibn Som ibn Nuh alayhissalom. Ibrohim va Abrahom ismi Abun rahimun soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, oqkoʻngil ota degan maʼnoni anglatadi. Ibrohim Namrud ibn Kavs ibn Kanʼon ibn Nuh podshohligi davrida yashab oʻtgan. Aytishlaricha, butun dunyoga egalik qilgan toʻrt sulton oʻtgan. Ularning ikkisi Sulaymon va Zulqarnayn yalavochlar musulmon, Namrud hamda Buxtnasr kofir boʻlishgan.

Bir kuni Namrud tushida taxtini qoʻchqor surib tashlaganini koʻrdi. Tong bilan munajjimlarni yigʻib taʼbirini soʻradi. Ular dedilar: bu yil bir oʻgʻil tugʻiladi. U sendan saltanatingni tortib oladi. U bu xabarni eshitgach, barcha yukli xotinlarni nazoratga oldi, oʻgʻil tugʻsa oʻldirtirdi, qiz tugʻsa qoldirdi. Namrudning Torix ismli bir but yasovchi yaqin maslahatchisi bor edi. Butga ruju qoʻygani uchun Ozor deb ham atardilar. Ozorning xotini Ibrohimga yukli boʻldi. U buni yashirdi va vaqti-soati yetganida bir gʻorga borib boʻshandi. “Koʻz oʻngimda oʻldirganlaridan koʻra qush-qurtlar yegani maʼqul,” – dedi u.

Mavlo Taolo Jabroilni yetkazdi. Bolaning barmogʻini ogʻziga soldi. Sut endi. Odamzod bolasi oyda ulgʻaysa, u kunda kun kabi toʻlishar edi. Onasi goh-goh kelib, emizib xabar olib ketardi. Yetti yoshga yetganida uni uyga olib kelishdi. U bir kuni onasidan soʻradi:

­– Men yashayapman, nafas olayapman. Yaratuvchim kim?

Men, – dedi onasi.

– Seni tangring kim?

Otang, -javob qildi onasi.

Ibrohim yana ajablandi.

Otamning tangrisi kim?

Namrud.

Namrudning tangrisi kim?

Namrud barcha odamlarning tangrisidir, deb onasi urishib berdi.

Otasi bolaning savollaridan qoʻrqib ketdi. Yana toqqa olib borib tashlashni buyurdi. Onasi uni yana gʻorga eltdi. U togʻlar orasida yolgʻizlikdan zerikar, haqiqatni bilgisi kelardi. Meni yaratgan egam sajdani oʻrgatmaydimi, deya nido bilan kun kechirdi. Tun boʻldi. Zuhra yulduzini koʻrdi, uni tangri deb oʻyladi. U bilan soʻylashdi. Tongda yulduz soʻngach, koʻngli toʻlmadi. Ertasiga toʻlin oy chiqdi. Unga sigʻindi. U botdi. Quyosh chiqdi, unga sigʻindi. U ham botdi.

Shunda u “Men yer va osmonlarni yaratgan zotga yuzlanaman, -deya xulosaga keldi. Olloh uning diliga soldi: yetti qat yerni, yetti qat koʻkni yaratganga sajda qilaman, musulmonman deya qayta-qayta takrorladi.

A rabbun yabulu as-aʼlabani a aynun birasixi

Laqod zalla man balat alayhi saʼlibu

Baritu min az-zolli va osh-shirki kullihi

Va omantu billaxi allazi huva gʻolibu

tarjimasi:

Tengrimi boʻlur boshingʻa tilku suysa bir sogʻin.

Koʻzlari koʻrmas qorongʻu ham tili aning ogʻin

Man bulardin koʻp yiroqmen, qulman Olloh mavloga,

Qurshanib qulluq qoʻrini berk tutarman yorliqin.

Onasi u tavbaga kelgandir degan umidda uni togʻdan yana uyga olib ketdi. Otasining yonida but yasab, ularni muhofaza qilib yetti yil yurdi. Butxonaga kelganlarga butga emas, butun olamning yaratuvchisi yolgʻiz Ollohga sigʻinishga daʼvat etardi. Odamlar bu haqida otasiga yetkazishar edi. Bir kuni otasi Ibrohimga oʻzi yasagan butlarni bozorga olib borib sotishni buyurdi.

Siz bularga nega sajda qilasiz? Bizni koʻrmaydigan, eshitmaydigan, oʻzini himoya qilolmaydigan narsaga mehr qoʻyishlik xato? Ey, otaginam, menga ilm berildi, menga quloq soling. Toʻgʻri yoʻlga boshlayin, shaytonga ibodat qilmang. Toʻgʻri yoʻldan adashtiradigan va Ollohga sherik qilinadigan narsalar adashtiradi. Men gʻolib bir Ollohga imon keltirdim, – dedi Ibrohim.

Agar sen xudolarimni haqorat qilishdan toʻxtamasang, seni toshboʻron qilib oʻldiraman, mendan abadul abad uzoq boʻlasan, – dedi otasi.

Ibrohim shahardan chiqib, choʻlu biyobonga bosh olib ketdi. Ollohga sajda qilib yurdi. Otasi olamdan oʻtib, butlar muhofazasi Hozarga qoldi. U Lut paygʻambarning otasi edi.

Ularning iyd kuni boʻldi. U kun butxonaga osh va donlar keltirishar, butlarni qut-baraka sohibi deb bilishardi. Hamma bayramni nishonlagani maydonga ketganida Ibrohim bormadi. Butxonga kirib ularga dedi: Qani yemaysizlarmi? Nima boʻldi sizlarga, gapirmaysizlar? Butlar jim edi. Barchasini parcha-parcha qildi. Xaloyiq qaytgach, Namrud soʻradi: Bizning maʼbudlarimizni xonavayron qilgan zolim kim? Unga Ibrohimning ishi ekanligini yetkazishdi. Sen qildingmi, mudhish ishlarni ey, Ibrohim? –soʻradi u.

Agar ular soʻzlasalar, oʻzlaridan soʻranglar. Ey, gʻofil bandalar! Sizlar Ollohni qoʻyib biror narsada nafi tegmaydigan va zarari ham yoʻq oddiy toshlarga ibodat qilasizlarmi? Mening parvardigorim shunday zotki, u tiriltiradi va oʻldiradi.

Men ham tiriltiraman va oʻldiraman, – dedi Namrud. Soʻzini isbotlash uchun mahkumlardan biriga hayot inom etib, birini oʻldirdi. Ibrohim Namrudning axmoqligiga hayron boʻldi.

Mening Ollohim quyoshni mashriqdan chiqaradi va sen uni magʻribdan chiqarib koʻr.

Namrud hayron boʻlib qoldi va dedi: Uni yondiringlar va oʻz maʼbudlaringizga madad beringlar.

Shu yerda sadoqat haqida bir rivoyat keltiriladi: Ibrohimni yoqish maqsadida minoradek oʻtin toʻpladilar. Oʻtinlarni ot, eshak, tuyada tashib kelmoqchi boʻldilar. Biroq, ular bir qadam ham yurmadilar. Faqat xachir oʻtin tashishga rozi boʻldi. Ibrohim uni laʼnatladi. Shuning uchun uning urugʻi quridi. Qaldirgʻoch olovni oʻchirish uchun tumshugʻida suv qatnadi. Ibrohim uni ezgu duo qildi. Shuning uchun u bungi kunda eʼzozda. Chumchuq esa oʻtinga oʻtin tashladi. Ibrohim uni ham laʼnatladi. Shuning uchun odamzod uni tutib olovda qovurib yeydi.

Qirq kecha qirq kunduz olov gurrilab yondi. Ustidan qush uchsa qanoti, yonidan odam oʻtsa oyogʻi kuyardi. Olovning balandligi yigirma qari edi. Kofirlar Ibrohim paygʻambarni olovga qanday otishni oʻylashdi. Shayton ularga doʻzaxda koʻrganini nuroniy chol suvratida kelib oʻrgatdi. Manjaniq (palaxmon) yasab unga solib otishni rejalashtirdilar. Palaxmon yer yuzidagi birinchi quroldir. Ungacha odam bolasi manjaniqdan foydalanmagan. Ibrohimning oyoq qoʻlini yetmish botmon tosh bilan bogʻlab, palaxmonga qoʻydilar. Undan soʻradilar: “Ibrohim qoʻrqmayapsanmi?”

Kimning qalbida Ollohning oʻti boʻlsa qanday qilib, u odamlarning yondirgan oʻtidan qoʻrqsin. Mening qalbimdagi olov Olloh taoloning oʻtidir. U sizlarning yondirgan oʻtingizdan kuchliroq. Sizlarning oʻtingiz esa bu dunyoning olovidir. Manjaniqni bosdilar, tosh yaʼni Ibrohim otilmadi. Qayta-qayta takrorladilar boʻlmadi. Farishtalar bosib turganini sezib yana shayton oʻrgatdi. “Zolim, fohisha xotinlarni keltirib, erkaklar bilan naxs ishni qildiring”. Shunday qilishdi. Farishtalar qochishdi. Palaxmon otildi. U paytda Olloh taolo amri bilan Jabroil yetib keldi. Shayton manjaniqni jahannamda koʻrgan edi. Doʻzaxiylarni chuqurdagi oʻtga otardilar. U doʻzaxning oʻzidan yetmish bora dahshatliroqdir.

Ey, Ibrohim, tilaging bormi, deb soʻradi Jabroil.

– Senga hojatim yoʻqdir. Ammo, Allohning mening holimni bilishligi soʻrashimga hojat qoldirmaydi, – dedi Ibrohim.

Ey, olov, Ibrohim uchun sovugil va salomat boʻl, – dedi Jabroil.

Ulamolar aytadilarki, sovuq va salomat boʻl demasa, Ibrohimni sovuq halok qilardi va olovga salomat boʻl demaganida inson oʻtdan foydalanishni, ovqat pishirishni qiyomatgacha bilmas edi, deyishadi.

Jabroil oʻt uzra nomozjoy keltirdi. U yerda Ibrohim namoz oʻqidi. Oʻt uni kuydirmasdi. Atrofida billur buloq suvlar oqar, yoz chechaklari turfa hid taratib tovlanar, xurmo yogʻochi yam-yashil boʻlib turardi. Minoraga chiqqanlar bu haqida Namrudga yetkazishdi. Namrud minoraga chiqib, olovning ustini kuzatdi. Uni koʻrib qattiq qoʻrqdi. Ushbu damda boshlangan zilzila yetti kunu tun davom etdi. Namrudga oʻtning issigʻidan yer qimirlayotganini aytishganida olovga suv sepib toʻxtatishga intildilar. Zolimlarning yuzi, koʻzi choʻgʻ taftida qoraydi.

Ibrohim olov ichidan omon chiqib keldi. Zolimlar qoʻlidan sogʻ-salomat chiqqan Ibrohim Namrudni musulmonlikka daʼvat etdi. U “vaqt bergil, atrofimdagilar bilan kengashay,”– dedi. Atrofidagilar “seni hamisha tangrimiz deb keldik. Endi Ibrohimga qul boʻlasizmi,”– deb koʻnmadilar. – Nima uchun oʻtda kuymadi bilasanmi, chunki ota-bobomiz oʻtga sigʻinganlar, uni bobolar ruhi qoʻllaydi, deyishdi ular.

Rasul alayhissalom aytadiki: Olti turlik kishilarni qiyomat kuni doʻzaxdagi qaynab turgan chuqurga otarlar: birinchisi, sultonlar qoʻlida bu kishi bundogʻ yoʻlligʻ turar deganni, yaʼni gʻiybatchini, ikkinchisi, yetim haqini yeganni, uchinchisi zolimlarni, toʻrtinchisi – ota–onalarini haqorat qilganlarni, beshinchisi- zinokorlarni, oltinchisi –xudo yoʻlida sadaqa qilmay, zebu-ziynat, dabdabaga ruju qoʻyganlarni.

Namrud olovni yoqqani Hozarga buyruq berdi. Qanday qilib Ibrohimni yoʻq qilaman. Hozar Lut paygʻambarning otasi edi. Hozar bir chuqur kovlashni va uni tutunga toʻldirishni maslahat berdi. Tubini tor, ogʻzini keng qilib, chuqurni somon va foydasiz iflos narsalar bilan toʻldirdilar. Hozar somonga oʻt qoʻydi. Mavlo yorligʻi bilan shamol turdi. Olovni oʻchirdi, chuqurdan bir kesakni keltirib Hozarni boshiga soldi. Tomoshaga turganlarning koʻzi tutundan koʻrmas boʻldi. Ibrohim yana salomat qoldi.

Sora roziyallohu Ibrohim yoniga keldi. Aytishlaricha Sora enamiz Namrud yonidagi katta beklardan birining qizi edi. Yana aytadilarki, Hozarning qizi edi. U oqila va dono boʻlib, Ibrohimdan soʻradi: Sen sigʻingan Ollohing kuchli ekan, agar unga sajda qilsam meni jannatga dohil qilurmi?

Ha, ezgu yoʻlga boshlagay joyingni jannatda qilgay, – javob berdi Ibrohim.

Ey, Ibrohim, menga uylansang shart bilan musulmon boʻlarman,– dedi yana Sora.

Meni qalin pulim yoʻq senga bergani, – javob qildi Ibrohim.

Shariating boʻyicha men nimani soʻrasam bajarursan. Shu sening qalin puling boʻladi. – Deya javob qildi Sora enamiz.

Yana bir rivoyatda aytilishicha, olov oʻrtasidagi jannatiy holni – chashmayu turfa gullarni koʻrib, Namrudga musulmon boʻlish istagi keladi. Biroq, atrofidagilar koʻnmaydi. Uni tutunga boʻktirishni rejalashtirishadi. Lut alayhissalom bu xabarni Ibrohimga yetkazdi. Ular kechasi shahardan chiqib ketishadi. Namrud yoʻlga soqchilar qoʻydi. Ibroniy tilda soʻzlashguvchi odam oʻtsa tuting deb buyurdi. Ushbu tunda Ollohi Taolo amri bilan barcha tillar aynidi. Aytmishlar, 72 turli til oʻshanda paydo boʻldi.

Namrudning oʻpkalanishi oʻtgach, Olloh Ibrohimni Namrudni yana musulmonlikka daʼvat etishga yoʻlladi.

Ey Namrud, butga sigʻinma, yetti qat osmonimiz, yetti qat yerni yaratgan Olloh buyuk zot bordir. Unga sajda qil. U yagonadir. Men uning elchisidurman.– Dedi.

Mendan aziz va ulugʻ tengri bormi? – deb Namrud oʻziga bino qoʻydi.

Bor. U seni yaratdi, senga mol dunyo, saltanat berdi, yer-u koʻk tagrisi udir, – deya javob berdi Ibrohim.

Teng – tengi bilan sani tangring bilan jang qilaman.– Javob qildi Namrud.

Namrud qurol-yaroq tayyorlay boshladi. Podshohning soʻzi Ollohga yetdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.