Mumtoz adabiyot olamining beqiyos obidasi “Qisasi Rabgʻuziy” asari milodiy 1309–1310 yillarda yozilgan. Odam Ato va Momo Havodan tortib, Muhammad Mustafogacha yashab oʻtgan paygʻambarlarning hayoti, ezgu oʻy, ezgu amallari hikmatlar, rivoyatlar orqali mohirona aks ettirilgan yozma yodgorlikda Sharq falsafasi bilan qadimiy milliy qadriyatlarimiz uygʻunlashib ketgan.
Qadimiy turkiy tilni oʻzida ifoda etgan ikki jildli ushbu bebaho asarning zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.
Durdona asarning navbatdagi qismini eʼtiboringgizga havola qilamiz.
Kunlardan bir kun Ibrohim alayhissalom yoʻlda suyaklari sochilib yotgan teva murdasini koʻrdi. Namrudning soʻzi hayoliga keldi. “Ey, parvardigoro, oʻliklarni qanday tiriltirasan, menga ayt”, – deb soʻradi. Xitob keldi:
– Ishonmaysanmi?
– Ishonaman. Biroq, qalbim taskin topishi uchun.
– Toʻrt qush tut. Ularni soʻy, patini yul, suyaklarini burda-burda qilib aralashtir. Ularni toʻrt ulush qilib, toʻrt togʻ tepasiga qoʻy.
Aytishlaricha, toʻrt qushning biri tovus, biri qargʻa, biri oʻrdak, yana biri tovuq edi.
Yana rivoyatlarda aytilishicha, Alloh toʻgʻri yurgan qushlarni emas, jinoyat qilgan qushlarni oʻlimga buyurgan. Savol: Tovusning jinoyati ne edi? U jannatda xiyonat qildi. Shaytonning vasvasasiga uchdi. Odam Ato va Momo Havo bilan birga jannatdan haydaldi.
Qargʻaning gunohi ne edi? Nuh paygʻambar uni toʻfondan keyin yerni koʻrib kelgani yubordi. U murdalarni yeb uzoq qolib ketdi. Shuning uchun doimo murdalar bilan oziqlanadi.
Tovuq ne jinoyat qildi? Tovuq boshqa tovuq bilan Iyaz yalavoch toʻnini oldi. Ular adovatli boʻldilar.
Oʻrdakning jinoyati nimada? Yunus paygʻambar baliq qornidan chiqqanida juda nimjon edi. Olloh unga pashsha qoʻnib, mashaqqati ortmasin deb qavoq oʻsimligini undirdi. Yunus paygʻambar suv olib kelgani ketganida oʻrdak uni yulib tashladi. Shuning uchun odam bolasiga ushbu qushlarni oʻldirish qismat boʻldi.
Yana bir rivoyatda aytishlaricha, ularni oʻldirishning sababi tovus odamga oʻhshab juda koʻrkam, tovuq farishtalarga mengzar, zikr va tasbeh birla boʻlur, qargʻa shaytonga, oʻrdak parilarga mengzar. Sovuq boʻlib, birda koʻrinsa, birda koʻrinmaydi.
Ibrohim ularni Tangri buyurganidek suyaklarini burda-burda qilib, toʻrt toqqa tashladi jonivorlarning suyaklari qaytadan birlashib, Ibrohim yoniga kelib “Lo iloha illolloh Muhammadun rasululloh” dedilar. Alloh oʻlish va tirilishni birinchi bora qushlar misolida koʻrgizdi.
Hikmat ne edi? Yana bir rivoyatda aytilishicha, tovusning olamga oʻxshash goʻzalligi, tovuqning shaxvati, oʻrdakning suluvligi, qargʻaning xayoli bor. Aytishlaricha, agar ushbu toʻrt xususiyat tiriklik olami sarvari – odamizodda boʻlsa edi, dunyo abadiy mangu qolar edi.