Mumtoz adabiyot olamining beqiyos obidasi “Qisasi Rabgʻuziy” asari milodiy 1309–1310 yillarda yozilgan. Odam Ato va Momo Havodan tortib, Muhammad Mustafogacha yashab oʻtgan paygʻambarlarning hayoti, ezgu oʻy, ezgu amallari hikmatlar, rivoyatlar orqali mohirona aks ettirilgan yozma yodgorlikda Sharq falsafasi bilan qadimiy milliy qadriyatlarimiz uygʻunlashib ketgan.
Qadimiy turkiy tilni oʻzida ifoda etgan ikki jildli ushbu bebaho asarning zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.
Durdona asarning navbatdagi qismini eʼtiboringgizga havola qilamiz.
Sora 130 yil yashadi. Ibrohim uni Kaʼnon hududiga Falastin yeriga dafn qildi. Ibrohim yalavoch Sora tirikligida uning xaqini asradi. Soraning roziligisiz boshqa uylanmadi. Bergan soʻzining ustidan chiqishga intildi. Soraga uylanayotganida, qalin bera olmadi. “Menga qalin kerak emas, aytganimni bajarsang, qalin toʻlagan boʻlasan”, -degandi Sora.
Sora vafotidan keyin Yufturonning Futur otliq qiziga uylandi. Undan olti: Yavshan, Voshiq, Zamz, Modyan, Mudun, Shoʻx ismli farzandlari boʻldi. Kattalari Ismoil va Isʼhoq alayhissalom edi. Sakkiz oʻgʻildan odamizot olami vujudga keldi. Kimlar musulmon, kimlar kofir boʻldi. Soradan keyin Ibrohim olamdan oʻtdi. U Isʼhoq tugʻilganidan keyin 23 yil yashadi. Yigirma besh kun ogʻrib, muharram oyining payshanba kuni namoz vaqtida 129 yoshida vafot edi. Yana aytishlaricha, Azroil jon olishga kelganida Ibrohim yalavoch daʼvo qiladi: ”Alloh taoloning hukmiga koʻra jon olishdan bir yil oldin xabar kelishi va men oʻlimligimni tayyorlashim lozim edi, xabar kelmadi”. Ushbu soʻzlarni aytganida xitob keldi:
– Soching qachon oqardi?
– Bir yil boʻldi, — javob qildi yalavoch.
– Oʻsha xabar edi.
Ibrohim yana soʻradi: –Doʻst doʻstning jonini olarmi?
– Doʻst doʻstga ulanmoqni istamasmi?
– Andoq ersa jonimni olgʻil.
Ibrohim yalavoch oʻlimidan avval Isʼhoqni Shom viloyatiga, Ismoilni Xijoz yeriga xalifa qildi. Ismoil Ibrohimdan keyin qirq yil, Isʼhoq esa 52 yil yashadi. Ibrohimni oxirgi yoʻlga kuzatayotgandagi amallarni Isʼhoq bajardi. Yuvib, pokladi, namoz oʻqidi. Onasi Soraning yoniga tuproqqa qoʻydi.
Bu rivoyatlar insonlarni ezgu amallar bilan yashashga insofli, diyonatli, imon-eʼtiqodli boʻlishga, bergan soʻz ustidan chiqishga daʼvat etadi(R.Z.; N.S.).