IJTIMOIY TARMOQMI, QARMOQMI?

0
36
marta koʻrilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarni muzlatkichga oʻxshatsa boʻladi: ichida hech qanday yangi narsa yoʻqligini bilsangiz ham, har besh daqiqada ochib koʻraverasiz. Tarki odat — amrimahol deganlaridek, ijtimoiy tarmoqning qarmogʻiga ilinsangiz bas, hushingiz vaqt behuda oʻtayotganini anglagunicha bir necha soatlar oʻtgan boʻladi. Kichkinagina mitti temir quticha berayotgan axborot koʻlami juda katta. Qaqrab yotgan choʻl suvni qanday tortib olsa, miyamiz ham kerakli-keraksiz axborotni shunday tortib oladi. Mashhur qirgʻiz adibi Chingiz Aytmatov aytganidek, oshqozon miyaga qaraganda aqlliroq, chunki oshqozon keraksiz narsani qaytarib chiqaradi, miya esa har qanday yaramas narsani ham yutib yuboraveradi.

Ijtimoiy tarmoq biz uchun hamma narsa: cheksiz maʼlumotlar bazasi, doʻstlashish maydoni, yangiliklar ulashuvchi vosita, oʻyinlar olami, yangi bilimlar kaliti, reklama, biznes uchun katta imkoniyatlar eshigi. Afzalliklarini sanasak, tugamaydi. Internet har bir soha uchun muhim ahamiyat kasb eta boshladi, chunki globallashuv asrida yashayapmiz.

Bugun butun dunyo aholisining 63 foiz qismi internetdan foydalanar ekan. Statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston aholisining 70 foiz qismi faol internet foydalanuvchisi. Yurtimizdagi eng koʻp foydalaniladigan tarmoq “Instagram” platformasidir. Tarmoq foydalanuvchilarining asosiy qismini 18-35 yosh oraligʻidagi qatlam tashkil etadi. Bu kichik koʻrsatkich emas, albatta. Foydalanuvchilarning katta qismi yoshlarni tashkil etishi yaxshimi yoki yomon? Tanganing ikki tomoni boʻlganidek, yosh qatlam zamonaviy texnologik bilimlardan qancha ustomonlik bilan foydalansa, taraqqiyot jihatidan ilgarilash jarayoni tezlashadi. Boshqa tarafdan qarasak, buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi yoshlar ongida yetarlicha immunitet shakllanmagan boʻlishi ham mumkin. Bu holatda ular ongida qabul qilingan har qanday gʻoya yoshlarni ishontirishi, daʼvat etishi hayotga katta tahdid ekanligini taʼkidlash kerak.

Yaqinda qiziq bir maʼlumot oʻqib qoldim. Ijtimoiy tarmoqlar insonni baxtsiz qilar ekan. Nega deysizmi? “Instagram” sahifasiga bir qarang-chi, hamma baxtiyor, hamma bekamu koʻst, shundaymi?

Aslini soʻrasangiz, tamoman boshqa. Tarmoqni kuzata turib, hayotingizni taftish qila boshlaysiz, nega hammaning ishi besh, sizning esa ketmoningiz uchmayapti?! Taʼsir oʻtkazmaydi, demang, bu holat bevosita taʼsir qiladi. Oʻzingiz istab-istamagan holda hayotingizni taqqoslaysiz, turmushingizdan koʻnglingiz toʻlmaydi. Bu esa tushkunlikka sabab boʻladi.

Olimlar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bolalar hamda oʻsmirlar sogʻligʻida ruhiy xastalik, depressiya kabi salbiy oqibatlarga olib kelishi yuzasidan ogohlantirmoqda. Bu xavf faqat bolalar, oʻsmirlarga emas, kattalarga ham birdek koʻlanka soladi. Qoʻrqinchli filmlarni koʻp tomosha qilgan insonlarda ruhiy muvozanatning buzilishi juda koʻp kuzatilgan. Tarmoqlarga oʻrgangan insonlarda esa oʻzi yashab turgan hayotdan uzoqlashish, virtual olamga qaramlik jarayoni kuchayib boraveradi.

Oʻsmirlar oʻzidagi yolgʻizlik hissidan xalos boʻlish uchun ijtimoiy tarmoqlardan “yordam” olmoqchi boʻlishadi. Lekin bu teskari holatni, yaʼni yolgʻizlik hissi kuchayishini keltirib chiqaradi. Xavfli jihati shundaki, yoshlar orasidagi yolgʻizlik kayfiyati yuqori oʻlim koʻrsatkichlari bilan bevosita bogʻlanadi. Shu oʻrinda bir faktni keltirsak. Kuniga 2 soatdan koʻp vaqtini tarmoqlarda oʻtkazuvchi oʻsmirlar tengdoshlariga qaraganda yolgʻizlikdan ikki barobar koʻproq aziyat chekar ekan.

Maʼlumot oʻrnida, mobil qurilmalar katta nurlanish manbaidir. Olimlarning fikricha, hatto choʻntagingizda yuradigan telefon ham bosh miya, yurak, jinsiy tizimga yomon taʼsir koʻrsatadi. Unda nurlanish kuchliligi sabab saraton kasalligini keltirib chiqaradi. Soatlab gaplashish esa surunkali bosh ogʻrigʻini yuzaga keltiradi. Nafaqat ruhiyatingizga, balki sogʻligʻingizga ham shuncha xavf tugʻdiradigan tarmoqning salbiy oqibatlarini har doim ham anglab yetavermaysiz.

Barcha sohada yetakchilikni qoʻlga olayotgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini koʻpaytirgani sayin tarmoq orqali jinoyatlar ham ortib borayotganligini inkor etib boʻlmaydi. Bu holatga guvoh boʻlgan inson sifatida shuni aytishim mumkinki, uning zararlarini hali tushunib ulgurmagan yangi foydalanuvchilar firibgarlikdan koʻp aziyat chekishadi. Qiziqarli videolar koʻrayotganingizda osmondan tushgandek “Daromad qilishni oʻrgatamiz” maʼnosidagi videolar chiqib keladi. Oʻtkazib yuborsangiz, keyingisi chiqadi. Qiziqib, kirib koʻrasiz. “Daromad topish boʻyicha oʻqitamiz” yoki “Pul tiksangiz, koʻpaytirib olishingiz mumkin” qabilida gapirib, sizdan pul olishadi. Aldanganingizni darrov sezmasligingiz mumkin, lekin anglaganingizdan keyin dardingizni kimga aytasiz? Kuzatuvchi sifatida shunday videolarga bildirilgan munosabatlarni erinmay oʻqiyman, firibgarlikdan juda koʻp odam aziyat chekkan boʻlib chiqadi. Ehtimol, bu borada ham maʼlum cheklovlar kerakdir.

Oʻgʻriga oʻz boyligini qoʻshqoʻllab tutqazgan odamni koʻrganmisiz? Oʻsha odam bugun — sizu biz. Ajablanmang, vaqt deya atalgan bebaho boylikni oʻz qoʻllarimiz bilan “oʻgʻri”ga tutib beryapmiz-ku! Siz ijtimoiy tarmoqni nazorat qilmaguningizcha tarmoq jilovingizni qoʻlida tutib turaveradi. Har ishda meʼyor boʻlsa, maqsadga muvofiq boʻladi. Hamisha ohanrabodek oʻziga tortib turadigan tarmoqqa meʼyor qoʻyish unchalik ham oson emas. Internetni bekorga “oʻrgimchak toʻri” deyishmagan, toʻrga tushsangiz, qutulib chiqib ketishingiz uchun ozmuncha harakat qilmaysiz.

Ijtimoiy tarmoqdan foydalanmaslik kerak, degan fikrdan yiroqmiz, albatta. Bugungi zamon kishisi uchun internet judayam zarur. Yangilikni portlovchi “bomba”dek emas, yangi imkoniyatlar kaliti, undan ezgu maqsadlarda foydalanish kerak deb yoshlarga uqtirmoq lozim. Xavfli insonlar faqatgina hayotda emas, tarmoqda ham yetarlicha topilishi, bu jiddiy masala ekanligini tushuntirish, birinchi navbatda, ota-onalarga taʼlim oʻchoqlarda esa ustozlarga yuklatilgan ulkan masʼuliyatdir.

Iroda RAHMONALIYEVA,

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi yetakchi mutaxassisi.

«Hurriyat» gazetasining 2024 yil 18 sentyabrdagi 37-sonidan olindi

 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.