Inson hayoti yillar bilan oʻlchanadi, bu tarixning oddiy mezoni

0
877
marta koʻrilgan.

Ammo uning hayoti mohiyati qancha yashagani, necha yil umrguzaronlik qilgani bilan emas, balki qanday faoliyat yuritgani, qancha ishlarni amalga oshirgani, odamlar uchun, millat uchun, yurt uchun ne xizmatlarni qilib ulgurgani bilan belgilanadi. Shu nuqtai nazardan endilikda yetmishvoylar safini toʻldirgan jurnalist, adib, jamiyatning ilgʻor fikrli vakillaridan biri Xurshid Doʻstmuhammadning hayot yoʻllariga nazar tashlasangiz, uning faoliyati har jihatdan barkamol kechganini koʻrasiz.

U 70-yillarning oʻrtalarida poytaxtdagi universitetning jurnalistika fakultetini bitirib, ishni Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining “Fan” nashriyotidan boshladi. Keyin shu yerda nashr etiladigan “Fan va turmush” jurnalida qalamini charxladi. Ilm-fanning yetuk namoyandalari Vosil Qobulov, Saʼdi Sirojiddinov, Toshmuhammad Sarimsoqov, Yolqin Toʻraqulov kabi akademiklar bilan tanishdi, ular bilan suhbatlar uyushtirdi. Fan fidoyilari haqida maqolalarini eʼlon qildi. Keyingi faoliyati “Qishloq hayoti” gazetasida kechdi. Dehqonlarning, chorvadorlarning fidoyi mehnatlari haqida ocherk­lar yozdi. Har bir inson oʻziga xos olam ekanligini, jurnalist odamlarning qalbidagi oʻy-fikrlarni chuqurroq anglab yetsagina yaxshi asarlar yaratishi mumkin ekanligini dildan his qildi.

“Yosh kuch” jurnalida bosh muharrir sifatida toʻplagan tajribasi “Hurriyat” mustaqil gazetasini boshqargan paytida qoʻl keldi. Ayniqsa, sud-huquq sohasidagi adolatsizliklarni, jamiyat taraqqiyotiga gʻov boʻlayotgan kamchiliklarni ochib tashlashga alohida ahamiyat berdi. Uning bosh muharrir sifatida “Sudlarning mustaqil, adolatli, insonparvar, faqat qonunga boʻysunadigan odil sud boʻlishini istayman” degan fikrlari oʻsha paytlarda yangradi. “Hurriyat” gazetasidan ke­yin “Oʻzbekiston matbuoti” jurnalida ham bosh muharrir sifatida faoliyat koʻrsatdi. U keyinchalik jurnalis­tik faoliyati xususida toʻxtalib, “Istaymizmi, yoʻqmi, jurnalist hukmron siyo­sat, hukmron mafkura bilan hamkorlikda ishlaydi. Shu havodan nafas olib yashaydi. Oʻzining faoliyatini uning yoʻriqlariga moslashtiradi. Lekin men oʻzimga qarshi borib yozganimni eslolmayman. Yoki juda kam yozdimmi? Bilmadim. Men birorta maqolamda, badiiy asarimda hijolat boʻladigan oʻrin, eʼtiqodimga qarshi borgan joyim yoʻq”, deb yozgan edi. Bunday soʻzni aytish uchun jurnalistda chinakam talant va yuksak eʼtiqod boʻlishi kerak. U el-yurt orasida ana shunday jurnalist sifatida tanildi.

Adibning ilk asarlari oʻtgan asrning 70-yillari oxiri, 80-yillarning boshidan matbuot nashrlarida koʻzga tashlandi. “Alam”, “Qazo boʻlgan namoz”, “Vasiy”, “Beozor qushning qar­gʻishi”, “Oʻn birinchi eshik”, “Yoʻlakdagi odamlar”, “Qichqiriq” kabi hikoyalari bilan kitobxonlarga tanildi. “Hovli etagidagi uy” deb nomlangan birinchi kitobi 1989 yilda nashr etildi. Uning “Jajman” deb atalgan hikoyasi oʻsha yillarda adabiyotimizda chinakam voqea boʻlgan asarlardan biri sifatida baholandi.

Xurshid Doʻstmuhammad hikoyachilik bilan birga keyinchalik katta janrlarda ham oʻzini sinab koʻrdi. “Nigoh”, “Panoh”, “Oromkursi”, “Chayongul”, “Hijronim mingdir mening” singari qissalar yaratdi. Ularda adib zamondoshlarimiz obrazlari bilan birgalikda yaqin oʻtmish tariximizda yashab oʻtgan ajdodlarimiz, salaflarimiz hayoti, faoliyati, orzu-umidlarini ham yoritib berdi. Yozuvchi “Yolgʻiz” qissasida ulugʻ adib Abdulla Qodiriy hayotiga murojaat qildi. Qissa kitobxonlar tomonidan iliq kutib olindi. Ushbu asar asosida yaratilgan “Yigʻindi gaplar” spektakli Abror Hidoyatov nomidagi respublika drama teatrida sahnalashtirildi. 

Adibning “Bozor”, “Donishmand Sizif” romanlari keyingi yillarda adabiyotimizning yaxshi asarlari sifatida eʼtirof etildi. Uning bu romanlarida kutilmagan voqealar, antiqa holatlar, gʻaroyib obrazlar oʻziga xos shakllarda, koʻrinishlarda namoyon boʻladi. Bir qarashda ulardagi voqealar bizning hayotimizga xos emasdek, qahramonlar, obrazlar bizga notanishdek, ularning xatti-harakatlari ajabtovurdek taassurot uygʻotadi. Lekin bu asarlarni oʻqib, ularni chuqurroq anglaganingiz sayin hayotimizning turli qirralari, zamondoshlarimizning turfa xarakterlari, insonlarning gʻaroyib xislatlari yuz ocha boshlaydi. Ularga darddosh, qalbdosh boʻlib qolasiz. Ularning orzu-oʻylari, ezgu maqsadlari sizga ham yuqadi.

Qadimgi yunon rivoyatlarida Sizif dumaloq toshni togʻ choʻqqisiga olib chiqishga intilgan inson sifatida tasvirlanadi. Lekin u harchand urinmasin toshni choʻqqiga olib chiqolmaydi. Rivoyatga koʻra, toshni choʻqqiga olib chiqishga urinishning oʻzi bemaʼnilikdir. Yozuvchi xuddi ana shu holatni asari asosiga oladi. Sizifning tosh dumalatishdek beʼmani harakatlaridan maʼni topishga urinadi. Asar qahramoni Sizif har gal pastga qulagan toshni choʻqqi tomon qayta olib chiqar ekan, hayotning mohiyatini yangicha inkishof etadi, idrok qiladi, insonning insoniylik qudratini anglaydi. Shu tariqa oddiy Sizifdan donishmand Sizifga aylanadi. “Soʻzlash – oʻtib borayotgan hozirning sharpalari boʻlsa, sukut – boqiylik, mangulik timsoliga aylanardi uning nazarida. Bamisoli gap sotsa – hozir bilan, sukut saqlasa – abadiyat bilan muloqotga kirishayotgandek sezardi oʻzini Sizif. Bir yoʻla ham bugun, ham kelajak bilan bitim yo sulh tuzish esa koni azob, azob! Bugunga xizmat qilsang kelajak oldida muttahamsan, kelajak va boqiylik ruhida yashasang bugun uchun begonasan, yotsan, yot! Top bunga oʻzining javobni, banda: qay biri afzal?” Yozuvchining Sizif or­qali bergan bu savoli har qanday odamni oʻyga toldirishi shubhasiz. Sizifning donishmandligi ham shunda!

Xurshid Doʻstmuhammad hayotda ilm-fanni yuksak qadrlaydigan, boshqalarni ham shunga undaydigan, inson kamoloti, aql-idroki, tafakkuri kitobxonlikda, qiroatxonlikda deb biladigan ijodkor. Men uni adabiyotimizning, jurnalistikamizning donishmand Sizifi deb atagim keladi.

Ochigʻi Xurshid Doʻstmuhammad asarlarini yoshligimdan mutolaa qilib kelsamda, uni davlat arbobi sifatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qoʻmita raisi lavozimida faoliyat yuritayotgan paytlarda ilk bor uchratganman. Men oʻshanda bu oliy dargohga birinchi kirishim edi. Toʻsatdan oldimda chiqib qolgan xalq farzandini mayin tabassumda koʻrib, mansabdor shaxslar ham oddiy odamlarga tabassum qilishiga imon keltirganman. Shundan keyin koʻzlari kulib turadigan bu adibga boʻlgan eʼtiqodim osmon qadar oshgan. Bir necha bor suhbatini olishga muyassar boʻldim. Uning odamlar bilan muomalada samimiyligi, kamtarligi va ayni vaqtda hozirjavobligi insonparvarlik fazilatini yaqqol namoyon etardi.

Ha, u hech bir ishni chala qilmaydigan odam. Uni harakatsiz koʻrmaysiz. Nuqul faol, nuqul qimir-qimir, nuqul “nima uchun” deb savol qoʻyayotgan va shu savolga javob izlayotgan, shu javobni topayotgan, topganiga qoniqmayotgan boʻladi. Uning faolligi – insoniy, iymoniy, vijdoniy faollik. Uning faolligi – ijodiy, mulohazakor, mushohadakor faollik.

U kishini yaxshi taniganim sayin atrofidagi gaplarga ham eʼtibor bera boshladim. Bir tadbir soʻngida ishtirokchilardan biri Xurshid aka haqida gap ochib, jurnalistik asarlarga nom qoʻyishga ustasi farang ekanligini taʼkidladi. Ha, xoh uning maqolasi, xoh katta bir asari boʻlsin, birinchi navbatda uning jozibador nomi odamlar qalbiga tushardi. Bunday xususiyatni adibning asarlari – farzandlariga qoʻyilgan “Chayongul”, “Donishmand Sizif” kabi nomlardan bilish qiyin emas.

Xullas, yuragi toza, har qanday shaxs uchun qalbi ochiq bu fidoyi insonni koʻrishga, uning mayin va shirali tabassumiga sherik boʻlishga, maʼnoli va tarbiyatli suhbatini olishga, asarlaridan bahramand boʻlishga intilgan insonlar qatorida sezaman oʻzimni.

Abdukamol RAHMONOV, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.