Mumtoz adabiyotning beqiyos namunasi “Qisasi Rabgʻuziy” asarini qadimiy turkiy tildan zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.
Asardagi Yusuf Siddiq alayhissalom qissasining navbatdagi qismini eʼtiboringizga havola qilamiz.
Savol: Yaʼqub va Yusuf har ikkalasi ham paygʻambar edilar. Sakson yil ayrilmoqqa sabab ne edi?
Javob: Yaʼqub yalavochning Mubashara nomli xizmatkori bor edi. Uning Bashar degan oʻgʻli bor edi. Ular birga oʻynab yurganida Yusufga bir tarsaki urdi. Yusuf yigʻlab, otasiga keldi. Yaʼqub ont ichdi. Basharni sotaman deb. Oxir onasidan ayirib sotdi. Onasi Mubashshara boʻzlaganicha qoldi.
Tagri taqdir qildi: “Ey Yaʼqub sen Basharni onasidan ayirib sotding, men ham seni Yusufdan ayirib sotgayman. Barcha bilsinki, etni tirnoqdan ayirib boʻlmas”.
Aytishlaricha, Mubashshara oʻgʻli dogʻida kuyinib koʻr boʻldi. Yaʼqubning ham koʻzi koʻrmas boʻldi.
Bir kun Mubashshara yigʻlab Yaʼqub yalavochga keldi. U Ollohdan soʻradi: “Ilohiy, Mubashshara oʻgʻlini topgaymi? Men ham oʻgʻlimni qucharmanmi?”
Xitob keldi: “Ey Yaʼqub taqdir Mubashsharaga oʻgʻlini uchrashtirmaguncha sen ham oʻgʻlingni bagʻringga ololmassan”. Yaʼqub yalavoch bu soʻzni xizmatkor ayolga aytdi. U quvondi va umidli boʻldi.
Doimo Kanʼon yoʻli boshida oʻtganni poylab oʻtirardi. Oʻgʻli Bashir Misrda qul edi. Yusufning tirikligi haqidagi xabarin bildirgani Rubil Bashir bilan yoʻlga chiqdi. Bashir oldinda ketardi. Kanʼonga yetganda onasi oʻtirgan uychani koʻrib, undan suv iltimos qildi. Onasi suv berdi. “Qaydan kelursan, qayga borursan” soʻradi. Bashir aytdi: “Misrdan kelyapman, Kanʼonga borarman. Yaʼqub yalavochga oʻgʻli Yusuf haqidagi xushxabarni yetkazmoqchiman”. Onasi aytdi: “Yolgʻon aytyapsan?”
—Ey kampir, meni soʻzimni nega yolgʻon deyapsan?
—Men oʻgʻlimdan ayrilganman. Yaʼqub paygʻambar duosi bilan Mavlo taolo xabar yetkazgan Mubashshara oʻgʻlini onasiga qovushtirmaguncha, Yusufni bagʻriga qaytarmayman deb. Menga oʻgʻlim haqida xushxabar kelmadi, Yaʼqubga qanday xabar kelishi mumkin?
—Onaxon, otingiz nima, — soʻradi Bashar.
—Mubashshara.
—Oʻgʻling oti nima edi?
—Bashir.
Bu suhbatdan keyin Bashar oʻzini tevadan tashladi, onasining oyogʻini tavob etdi.
—Men sen istagan oʻgʻlingman, — dedi Bashir.
Mubashshara oʻgʻli bilan quchoqlashgach, koʻzlari ochildi.
Aytmishlar, Rubil Misrdan chiqib, Kanʼonga yoʻllangach, Yaʼqub yalavoch Yusufning koʻylagining hidi keldi, — deb faryod boshladi.
“Men Yusufning boʻyini tuymoqdaman. Agar meni aqldan ozgan demasangizlar»
Uydagi qizlari aytdi: Yusuf gʻamida qariding, xudo haqqi siz oʻsha eski adashganligingizdasiz. Oʻsha kuni Bashir Mubashshara bilan Yaʼqubdan suyunchi oldilar. Soʻngra Rubil yetib keldi. Yusufning koʻylagini otasini oldiga qoʻydi. Yaʼqub koʻylagini yuziga surtgach, koʻzlari ochildi. Rubilni quchdi. Yusuf haqida soʻrab-surishtira boshladi. Rubil barcha voqeani aytib berdi.
Savol: Ul koʻylakni koʻzga surtmak bilan Yaʼqubning koʻzlari ochildi. Hikmat ne edi?
Javob: Aytmishlar Yusuf yalavochning ikkita moʻjizasi bor edi. Biri sogʻu edi, nimani soʻrasa u javob berardi. Biri koʻylak edi. Ibrohim yalavochni Namrud alayhillaʼna oʻtga otganda mavlo yoriligʻi bilan Jabroil jannatdan bir koʻylak keltirdi. Ibrohimga kiydirsa, uni oʻt kuydirmadi. U koʻylak Yusufga meros edi. Undan keyin oʻgʻlonlari keldilar. Yaʼqub yalavochga aytdilar.
—Ey, ota, bizni gunohlarimizni xudodan soʻra, bizlar beshak xato qilguvchilarmiz. Yaʼqub dedi: “Men sizlar uchun parvardirimdan gunohlaringizni kechirishni soʻrayman”.
Savol: Yaʼqub yalavoch oʻgʻillari Yusufdan uzr soʻradilar. U shu zahoti Mavlodan gunohlarini kechishini soʻradi. Otalaridan oʻgʻillari kechirim soʻrashsa darrov Ollohga murojaat qilmadi.
Javob: Yusuf yigit edi. Yigitlarning koʻngli keng boʻladi. Qarilarning koʻngli tor boʻladi. Yigit bilan keksa oʻrtasida farq bor.
Yana javob: Yaʼqub yalavoch koʻngli torligidan duoni keyinga qoldirmadi. U bilardiki, har narsaning oʻz vaqti bor. Duoning ijobati sahar vaqtidir, deb keyinga qoldirdi. Ular kechaning ozgina qismida istirohat qilar edilar. Saharlari ular Ollohlan gunohlarini kechirishini soʻrar edilar.
Shundan soʻng Yaʼqub yalavoch Kanʼondan koʻchdi. Barcha oila ahli, qarindoshlari, urugʻlari, qulu xizmatkorlari bilan Misrga yuzlandilar. Misrga uch kunlik yoʻl qolganida Yusufning Afrotim otli oʻgʻli uch ming kishi bilan kutib oldi. Otdan tushib, salom berdi.
Yaʼqub yalavoch soʻradi: — Bu oʻgʻlon kimning farzandi, koʻnglimga oʻtirdi, Yusufdan darakmasmi? Yusufning oʻgʻli ekanligini aytishdi. Uni quchdi.
Yusuf yalavoch meni hurmat qilgan kishi ot minib, otamni kutib olgani chiqsin, deb Misrga jar soldi. Toʻrt ming kishi otlandi. Nogʻora, karnay surnay bilan kutgani chiqdi.
Qizil bayrogʻi bor edi, qizil oltindan, inju va yoqutlar bilan bezatilgan. Ul bayroqni koʻtarsalar, shabada esar, koʻk larzaga kelardi. Uni xaloyiq eshitib bexush boʻlardilar. Yusuf ushbu alamni olib otlandi. Misr xalqi tomoshaga chiqdi. Yusuf otasini ot ustida quchdi.
Davomi bor.