Mumtoz adabiyotning beqiyos namunasi “Qisasi Rabgʻuziy” asarini qadimiy turkiy tildan zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.
Asardagi Yusuf Siddiq alayhissalom qissasining navbatdagi qismini eʼtiboringizga havola qilamiz.
Savol: Yusuf otasi bilan nega kun otdan tushib koʻrishmadi?
Javob: Otasini tanimadi. Rayyon malik otdan tushma degan edi. Yusuf ikki oʻt oʻrtasida qoldi: agar otdan tushsam Rayyon malikning koʻngli ogʻrigay. Ammo otam meni juda sevadi, bu kamchiligimni kechiradi, deya fikrladi.
Aytishglaricha, Yusuf ikki koʻngillik edi. Otdan tushsam Rayyon malikning koʻngli singay. Agar tushmasam otamning koʻngli ozor tortar. Namoz oʻqidi, sajdaga bosh qoʻyganda koʻrdiki, aytdilar: Ey, Yusuf otdan tushmagin, Malik mahluq u seni kechirmagay. Ul sababli otdan tushmadi va Yusuf yalavoch oʻgʻillariga yalavochlik tegmadi.
Baʼzi rivoyatda kelishicha: Yusuf otdan tushdi. Otasi birla koʻrishdi. Otasini oltin aravaga mindirdi, oʻn ming qoʻsh otlik, barchasi oltin va kumush egarlik. Toʻrt ming qul oʻgʻlon barchasi oltin nagʻoralarini chalgan holda haybatli bir holatda keldilar. Yaʼqub soʻradi: Ey Yusuf, qanday senga mashaqqat tegdi? Gapirib bergil.
– Ey ota, koʻp mashaqqat tortdim, aytib ado qilolmasman. Ammo ezgulik koʻrishim ozdir. Yoʻsin bersang aytaman.
Andan soʻng chekkan barcha zahmatlarini aytdi, ammo otamning koʻngli aka-ukalarimdan sovimagay deb qarindoshlarining xoinligini aytmadi. Misrga kirganda Yaʼqub yalavochni oltin taxtga oʻtkazdi. Yusufning xolasi Yaʼqub yalavoch nikohida edi. Otasi xolasi birla oʻn bir qarindoshi Yusufga sajda qildilar. Yusuf aytdi: Ey otajon, mana shu qirq yil ilgari koʻrgan tushimning taʼbiridir.Parvardigorim uni rost qildi.
Savol: Ollohdan boshqaga sajda qilish ravo boʻlmas. Yaʼqub yalovoch oʻgʻillari Yusufga nega sajda qildilar?
Bu soʻzga uch turlik javob bor: biri shuki, Yusuf qibla tomonda oʻtirardi, Yaʼqub yalavoch oʻgʻillari bilan birga Ollohga shukrona sajdasini qildilar. Ikkinchi javob: Yusufga boshlarini egib, tavozeʼ qildilar. Yaʼni boshlarini yerga tegizib sajda qilmadilar. Uchinchi javob: Yusufga sajda qildi. U paytlarda podshohlarga salom berish urf-odati shunday edi. U sajda qilish odati bizning yalavochimiz davrida bekor qilindi. Javoblardan durustrogʻi ushbudir. U Qurʼon oyatiga mosdir.
Savol: Yusuf tushining taʼbirini bilguncha necha yil kechdi?
Javob: Hasan va Qaloda vaqtincha sakson yil kechdi. Sulaymon soʻzicha, qirq yil kechdi. Saʼid ibn Xabir aytishicha, oʻttiz olti yil kechdi. Yana aytishlaricha yigirma ikki yil kechdi. Muhammad ibn Isʼhoq yozishicha, oʻn sakkiz yil kechdi. Yusuf dedi: Mavlo taolo tushimni haqiqatga aylantirdi. Olloh menga yaxshiliklar qildi. Zindondan chiqardi.
Ikkinchi javob: Yusufni quduqqa qarindoshlari tashlagandi. Sizlarga bugun hech qanday jazo yoʻqdir deb ogʻaynilarini kechirdi. Oʻpkalamasinlar deb yomonliklarini aytmadi. Ammo zindonga tashlagan Misr xalqini gapiraverdi.
Uchinchi javob: Yusuf oʻtmishining shukronasi sifatida otasiga aytar edi. Quduqqa tushib, quduqdan chiqqanligini aytmadi. Zindondan chiqib maliklik darajasiga yetdi. Uni shukrona qilib aytdi. Yana aytdi: men bilan akalarim oʻrtasiga shayton nizo solgandan keyin sizlarni Kanʼon sahrosidan bu yerga keltirdi va albatta mening parvardigorim xohlagan narsasini bajarishda xoʻp tadbir bilan ish koʻrguvchidir. Albatta, u hamma narsani bilguvchidir. Va koʻp hikmatli bir zotdir.
Ertasiga tong bilan Rayyon malik Misr xalqi bilan birga uchrashuvga sovgʻa keltirdi. Yaʼqub yalavoch bilan salomlashdi. Yusuf u mollarni qarindoshlariga ulashdi. Rayyon malik Yaʼqub yonida imon keltirdi. Boshqa qissalarda yana shunday hikoya keltiriladi. Yusuf zindondan chiqib, Rayyon malik yoniga kelayotganda oltindan yetti tegirmon toshi bor edi. Uning har biri besh ming botmonga teng edi. Rayyon malik Yusufning koʻrikini koʻrib, u toshga qoqildi. Yusuf u toshni koʻtarib, yiroqga tashladi. Rayyon Yusufning kuch-quvvatini koʻrib, koʻngli yumshadi. Yusuf qarindoshlarining ham kuch-quvvatining damini koʻrishni istadi. Shomun boshlab berdi. U besh ming botmon tegirmon toshini koʻtarib tashladi. Barchasi ham ushbu ishni bajardilar. Malik ularning kuchini koʻrib hayratlandi. Aytishlaricha, malik bir kun ovga chiqdi. Ular bilan birga Shomun ham bor edi. U arslonning boʻynidan tutib malikka keltirdi. Rubil qoplonni jilovlab keltirdi. Barchalari ajralib turuvchi xususiyatlarini koʻrsatdilar. Ularning nomlari: shon-shuhrati butun Misrga yoyildi. Malik aytdi: “Ey Yusuf, akalaringgga aytgil menga davlatimga davlat, yerimga yer qoʻshib bersinlar”.
Buyruq berdi: Rum viloyatida jang qilib, har biri yer oldilar. Malikka berdilar. Rumdan, Shomdan oʻn bir shahar oldilar. Har biri oʻn ming qoʻshinlik boʻldilar. Malik u yerlarni oʻzlariga xatlab berdi. Ular ushbu yerlarda barchalari oʻzlaridan koʻpayib tinchidilar. Bani Isroil ularning urugʻidir. Yaʼqub yalavoch undan keyin yigirma yetti yil yashadi. Barcha xaloyiq Yaʼqub yalavochga kelib imon keltirdilar. Rayyon malik sakkiz yil uch oy yashadi. Muzʼaf otli oʻgʻli bor edi. Toʻqqiz yoshida uni Yusufga topshirdi. yigirma yetti yildan soʻng Yaʼqub vafot etdi. Yalavochlik Yusufga tegdi. Otasidan soʻng yigirma yetti yil yashadi.
Davomi bor.