“Qisasi Rabgʻuziy” asari: Yusuf Siddiq alayhissalom (davomi)

0
207
marta koʻrilgan.

 Uch yildan soʻng Azizi Misr oʻldi, Malik uning oʻrnini Yusufga berdi va barcha mamlakat ishlarini Yusufga topshirdi. Yusuf toʻkin-sochinlikda yetilgan yetti yillik hosilni omborga jamladi. Toʻkin-sochinlik tugab, qahatchilik boshlandi. Yetti yil yogʻin yogʻmadi. Yerda maysa ham unmadi. Xalqqa  qiyin boʻldi. Bir botmon arpa bir oltin boʻldi. Xalqni ishiga yarasha neʼmat berardi. Faqirlarga yuz teva oshlik berardi. Boylarga sotar, bahosini malik xazinasiga solardi. Yusufning qirq hojibi (darvozabonlar boshligʻi)  va qirq ming qulu  xizmatkorlari boʻldi. Misr xalqi unga ishonardi.

 Aytishlaricha, qahatchilikning birinchi yili oltin,  kumushlarini berib, noz-neʼmat sotib oldilar. Ikkinchi yili idish-soqilarini donga almashtirishdi, uchinchi yili uydagi yarogʻlarini sotdilar. Toʻrtinchi yili oʻrin-joyini sotdilar, beshinchi yili yilqi, podalar, oltinchi yili yeru suvlarini berib oshlik oldilar. Misr atrofida hech kimning sotarga narsasi qolmadi.

Yettinchi yil malik Yusuf bilan soʻzlashdi: “Besh yil sotilgan neʼmatlardan  uch yilgisi meniki, ikki yilgisi seniki” deb kelishdi. Yusufga teggan ikki yil ichida Yusufning qarindoshlari Kanʼondan noz-neʼmat izlab keldilar. Yettinchi yil kirdi desa xalqda narsa qolmadi. Barchasi Yusufga oʻtdi. Och qolgan xaloyiq Yusufga oʻzlarini, oʻgʻil-qizlarini sotdilar.

Oxirgi yilni xalq har bir kunini sanab oʻtkazdi. Oxirgi toʻrt oyda omborda ham don-dun qolmadi. Yusuf Ollohga yolbordi. Jabroil xabar yetkazdi. “Ey Yusuf, keng maydonga chiqqil, u xaloyiqqa jamolingni koʻrsatgil”. Yusuf keng maydonga chiqdi.  Taxtini qoʻydirdi va yuzidan pardani koʻtardi. Xaloyiq Yusufning jamolini koʻrib osh-nonni unutdilar. Baʼzilar qirq kun, baʼzi qavmlar uch oy osh-non yemadilar, oshga, nonga, suvga muhtojlik sezmadilar. Olloh taolo Yusufning koʻngliga soldi. Agar seni qul qilmasak, qulning qadrini qaydan bilarding. Bugun qullarning barini ozod qilgaysan. Munodiy Misr xalqiga dedi: ”Ey Misr xalqi, barchangiz eru xotin, mening qulim bormisiz? Bormiz javob qildi ular. Men barcha qullarni Ollohning marhamati,  xushnudligi uchun ozod qildim”, – dedi.

Naql qilishlaricha, Yusuf Kaʼnondan chiqqaniga 27 yil toʻlgan edi. Ocharchilik yillarining beshinchi yili edi. Yoqub yalavoch oʻgʻillarini Misrdan oziq-ovqat olib kelishga joʻnatdi. Oʻgʻillari ikki tevaga yogʻ, qurut, pishloq, yung yuklab Misrga keldilar. Yusuf qarindoshlarining don izlab kelishini sezardi. Uzun boʻyli, basavlat yigitlar kelsa menga olib kirasizlar deb soqchi ham qoʻydirdi. Yoqub yalovoch oʻgʻillari bir xil kiyim kiyib savlat bilan kelishganida Yusufga xabar yetdi.

Yigirma yetti yil ichida Yusuf 50 marta xat joʻnatdi. Ammo Olloh taolo xoxishi bilan u Yoqub yalavochga tegmadi. Qarindoshlari kelganida Yusuf ularni tanidi, biroq ular inisini tanishmadi. Yusuf oʻzini tanitgisi, Ollohning yozmishlarini aytgisi keldi. Ammo, Olloh taolo koʻngligiga soldi. Ular gʻamgin boʻlib, mungli boʻlib bosh egib, oziq-ovqat izlab keldilar. Hozir yuziga solsang ogʻrinadilar. Bagʻringni keng qil, oshlik ber, ezgu ishingni koʻrishsin. Yusufga bu niyat xush keldi. Yusuf ularning horgʻin, toʻnlari uniqqan, kiyim- kechaki chang- chung holda koʻrdi

– Qaydan keldingiz kimning oʻgʻlonlarisiz?

– Biz Kaʼnondan keldik. Yoqub yalavoch oʻgʻillarimiz.

– Otangiz tirikmi?

– Tirik.

– Nima ish qilur?

– Yalavoch Olloh taologa qulliq aytadi.

– Kimdan kimga yalavochdir?

– Haqdan xalqqa yalavochdir.

– Yalovoch ekan nega Misr xalqiga yalavochlik qilmaydi?

– Kaʼnon va Kaʼnon atrofidagi xalqiga yalavochlik qiladi. Yana koʻzi koʻrmaydi.

– Koʻzi nedan koʻrmas boʻldi?

– Yusuf otli oʻgʻli bor edi. Uni juda suyardi. Oʻgʻli yoʻq boʻldi, yigʻlab, koʻzi koʻr boʻldi.

Yusuf javobni eshitib, niqob ichida yigʻladi. Oltin toj, zar toʻn kiygan Yusuf u paytda taxtda oʻtirar, oʻng yonida oltin toʻqmoq ushlagan ming nafar qul, chap tomonida kumush toʻqmoq ushlagan savlatli goʻzal ming nafar qul turardi. Oldida ming qul qilich ushlab turardi. Uning yuzi oʻrtiklik edi.

– Oʻzingiz ham bir otaning oʻgʻillarimisiz? – soʻradi Yusuf

– Ha.

– Sizdan oʻzga qarindoshingiz bormi?

– Oʻn birmiz. Birini keltirmadik.

– Bir otadan oʻn bir oʻgʻlon. Biri biridan koʻrkli, biri biridan savlatli. Havas qilsa, arziydi. – dedi yonidagi beklariga.

Qarindoshlar bu soʻzni eshitib xursand boʻldilar va aytdilar: “Yana bir inimiz bor edi. Biroq, u gʻoyib boʻldi”.

– Netak gʻoyib boʻldi.

– Uch nafari birdan javob berdilar: “Biri boʻri yedi desa, biri oʻldi desa, biri koʻylagini qonli topdik” dedi. Soʻzlari turlicha boʻldi. Yusuf aytdi: Bular jasus yoki oʻgʻri boʻlsalar kerak, javoblari ayri chiqdi, zindonga soling. Soʻzlaringizni taroziga solib aytaman-ki, u qarindoshingiz tirikdir.

– Biz jasus ham, oʻgʻri ham emasmiz, – deyishdi ular.

Yusuf ularni uch kun uyda saqladi. Soʻngra koʻngli boʻlmadi, har biriga bir teva bugʻdoy berdi. Va yana otasi bilan inisiga ham alohida tevada oziq-ovqat yuklatdi. Yana aytdiki, har biriga yoʻliga yetarli oziq-ovqat ham beringlar toki, uylariga borgunlaricha qoplarini ochishga hojat boʻlmasin. Chunki, olib kelgan yuklarini ham qaytarib tevasiga yuklagan edi.

– Yana kelar boʻlsangiz, u iningizni ham olib keling, yoʻqsa bugʻdoy bermayman, – dedi Yusuf.

Yaxudo ularning kattasi edi U ”Bu malik Yusufga oʻxshaydi. Otamizni va uning amalini, inimizni soʻradi”, – dedi u. Ikkinchisi dedi: “Yusufga bu mamlakatning podshohlikni kim berar edi. Tirik boʻlsa, shu paytgacha, oti, xabari chiqar edi. Bizga hozir ezgulik qilmasdi”. Yaxudo yana aytdi: “Ibn Yaminni keltiring dedi-ku, u Yusuf”.

– Bu soʻzingni qoʻy, – dedilar qarindoshlar va yoʻliga ravona boʻldilar.

Oʻgʻillari qaytib kelganida Yoqub yalavoch sevindi. Hol soʻradi. Oʻgʻillari javob berdilar: “Misr maligi bizga ezgulik qildi, bugʻdoy berdi, senga salom yoʻlladi. Yana senga bitta, Yaminga bitta teva bugʻdoy berdi. Olib borgan narsalarimizni qaytarib berdi. Keyingi gal ibn Yaminni ham olib kelishimizni soʻradi. Agar olib bormasak bugʻdoy bermas ekan”.

Davomi bor.

 Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Nodira Saʼdullayeva, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.