Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdugʻaniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash toʻgʻrisida”gi Qarori 2017 yil 27 noyabrida eʼlon qilindi. Unda Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdugʻaniyevich Karimovning ona Vatanimiz mustaqilligi, el-yurtimiz ravnaqi yoʻlidagi ulkan tarixiy xizmatlarini inobatga olib hamda u kishining xotirasini abadiylashtirish boʻyicha boshlangan ishlarni davom ettirish belgilangan va OAVlariga ham keng targʻib etish topshirigʻi berilgan.
“Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop qilingan “Oʻzbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobidan mamlakatimizning birinchi prezidenti Islom Karimovning ikki yarim yillik (1989 yil 24 iyun-1992 yil 4 yanvar) ulugʻvor davrdagi maʼruza va nutqlari joy olgan. Ikki yarim yil. Katta tarix oldida kichkina bir davr hisoblanadi. Boʻlajak mustaqil Oʻzbekiston uchun eng sinovli, eng ogʻir va eng masʼuliyatli davrlar boʻlganligini kitobdagi har bir satrni oʻqib his etasiz. Unda aytilgan soʻzlar, fikrlar va oʻz vaqtda zudlik bilan amalga oshirilgan ishlar 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asos boʻlganligini, mamlakatimizning mustaqil taraqqiyoti uchun huquqiy zamin yaratganini, shu bilan birga demokratik rivojlanishning poydevori boʻlib xizmat qilganligini qayta –qayta his qilamiz.
Ushbu kitobning birinchi maqolasida yaʼni mamlakatimizning birinchi Prezidenti Islom Karimovning “Biz bundan buyon eskicha yashay olmaymiz va bunday yashashga zamonning oʻzi yoʻl qoʻymaydi” nomli 1989 yil 24 iyunda Oʻzbekiston SSR Minstrlar Sovetining Fargʻona vodiysi oblastlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish masalalariga bagʻishlangan Kengashida soʻzlagan nutqida ijtimoiy-iqtisodiy masalalarning yechimiga, yoshlarga, kadrlar tayyorlashga eʼtibor masalasiga, aholining ish bilan bandligi masalalariga alohida eʼtibor beradi, ishga joylashtirish uchun odamlarni ikki sortga boʻlish mumkin emasligini, adolat mezoni buzilishi ekanligini taʼkidlaydi.
Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining 1989 yil 19 avgustdagi XU1 plenumida soʻzlagan nutqidan shunday deydi: ”Fargʻona voqealari oʻzbek xalqining irodasi bilan sodir boʻlmadi. Bu voqealarga tuturuqsiz va gʻarazli maqsadlarni koʻzlab, kim qanday boʻyoq bermasin, tarix albatta, oʻzining adolatli hukmini chiqaradi. Baynalminalchilik, mehmondoʻstlik, yaxshilik, qalb saxovati hamisha oʻzbek xalqiga xos fazilat boʻlib keldi. Halqimiz hech qachon boshqa xalqlarga nisbatan dushmanlik kayfiyatida boʻlmagan. Bu qadimiy va hozirgi tariximizdan olingan koʻpgina misollar bilan isbot qilingan.(53- bet)
“Jamiyatni yangilash uchun kurashayotgan barcha sogʻlom kuchlarni birlashtirish zarur” nomli maʼruzasida esa barcha muammolar nimalarga kelib taqalayotganini sharhlab shunday deydi: Hozir shunday vaziyat vujudga keldiki, u jamiyatni yangilash uchun kurashayotgan barcha kuchlarni birlashtirishni talab qilmoqda Odamlar aslo kechiktirib boʻlmaydigan muammolar-oziq ovqat, transport, savdo, sogʻliqni saqlash, uy-joy qurilishi, mehnat rejimi va unga haq toʻlash, dam olish sharoitlari kabi muammolarning hal etilishini kutmaqdalar.
Darhaqiqat, oʻlkamizdagi ogʻir vaziyatni chinakamiga oʻnglash, yurtdoshlarimizning hayotga qarashini, bugungi va ertangi kunga ishonchini mustahkamlash uchun avvalo, ularning iqtisodiy, moddiy ahvolini yaxshilash, zaruriyatini chuqur anglagan respublika rahbari aholi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan juda katta bir masalani-odamlarga tamorqa yer berish masalasini kun tartibiga qoʻydi. Bu boradagi amaliy ishlar natijasida 1989-1990 yillarda bir yarim milliondan koʻproq oilaga qoʻshimcha yer ajratildi. 700 ming oilaga yangi tomorqa yerlari berildi. Bu murakkab masalaga ana shunday aqlona yondoshuv tufayli mamlakat boʻyicha ming-minglab odamlar uy-joyli, ishli boʻlishdi. Bozorlarda mahsulot koʻpaydi. narx-navo arzonlashdi, eng muhimi, ijtimoiy keskinlikning olini olishga erishildi.
Islom Karimovning «Til elni birlashtirishi lozim»(1989 yil 25 oktyabr), «Oʻzbekistonda prezident institutining joriy etilishi toʻgʻrisida”(1990 yil, 20 iyun), «Mustaqillik deklaratsisi”(1990 yil, 24 mart), «Oʻzbekistonning iqtisodiy mustaqilligi toʻgʻrisida”(1990 yil, 21 iyun), «Demokratiya qonunga va shaxsga hurmat demakdir» (1991 yil, 4 iyul), Xalqimizning fikri biz uchun oliy mezon (1991 yil, 28 avgust)kabi chiqishlarida mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish yoʻlida avvalboshdanoq asosiy ustuvor yoʻnalishlarga aylangan masalalar- tinchlik va barqarorlikni saqlash, millatlarora hamjihatlikni asrash, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, iqtisodiyotni tubdan isloh qilish, milliy armiyani shakllantirish, sud-huquq tizimini yangi asosda barpo etish, inson manfaati, huquq va erkinliklarini taʼminlash, ijtimoiy –siyosiy hayotni erkinlashtirish, aholi salomatligi, ilm – fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat va sport jabhalariga eʼtibor qaratish, jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egallash kabi koʻpdan koʻp dolzarb vazifalar mustaqilligimizning poydevori qoʻyilayotgan oʻsha davrda har tomonlama oʻz ifodasini topgan edi. Ular faqat maʼruzalarda qolib ketmadi.
Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Prezidentining farmoni bilan 1991 yil 25 avgustda Respublika Ichki Ishlar vazirligi va Davlat xavfsizligi komiteti Oʻzbekiston SSRning qonuniy tasarufiga olindi. Oʻzbekiston SSR Ichki Ishlar vazirligi, Davlat xavfsizligi komiteti, Prokraturasi va Adliya organlari, shuningdek, respublika hududida joylashgan ichki qoʻshinlar, Turkiston harbiy okrugi qismlari va qoʻshilmalari partiyadan xoli qilindi. 1991 yil 29 avgustda Respublika Prezidentining farmoni bilan Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasining Oʻzbekiston SSR hududidagi butun mulki respublika mulki, yaʼni umumxalq mulki deb eʼlon qilindi.
Mamlakatimizda Prezidentlik institutining joriy etilishi Oʻzbekistonning davlat suverenitetini va mustaqilligiga erishish yoʻlida qoʻyilgan nafaqat tarixiy qadam, balki chinakam siyosiy va maʼnaviy jasorat namunasi boʻlganini izohlab oʻtirishga hojat boʻlmasa kerak.
Kitobdan oʻrin olgan chiqishlarning ahamiyatga loyiq, gʻoyat muhim jihati shundaki, ularda mamlakat rahbarining doimo oʻz oldiga yuksak maqsadlar qoʻyib, marrani baland olib faoliyat yuritgani alohida koʻzga tashlanadi. Kitobni oʻqir ekanmiz, yurtimizdagi mavjud holatni tubdan oʻzgartirish, Oʻzbkekistonni nafaqat iqtisodiy, balki tom maʼnodagi suveren va mustaqil, kelajagi buyuk davlatga aylantirish, Birlashgan millatlar tashkilotiga toʻlaqonli aʼzo boʻlib, dunyohamjamiyatidan mustahkam oʻrin egallash, xalqimiz uchun dunyoda hech kimdan kam boʻlmagan hayot sharoitlari yaratishdek bugungi kunda real voqelikka aylangan ulugʻ maqsadlarning tamal toshi oʻsha yillardayoq qoʻyilganligi yaqqol isbotlab turibdi.
Ushbu ktitobdagi tarixiy materiallarning kattagina qismi bevosita milliy tiklanish, milliy oʻzlikni anglash, maʼnaviyat masalariga bagʻishlangan. Xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniy merosi, urf-odat va anʼanalarini asrab avaylash va rivlojlantirish, mustabid tuzum davrida taʼqiqlab qoʻyilgan Navroʻz bayrami, Ramazon va qurbon hayiti, dinga hurmat bilan munosabatda boʻlishni qaror toptirish, ulugʻ ajdodlarimiz xotirasiga nisbatan tarixiy adolatni tiklash borasida fikr mulohazalar aytildi. qaror va farmonlar berildi.
“Sogʻlom avlod- mamlakatimiz kelajagi” degan shior oʻsha yillarda hayotga kirib keldi. Masalan, “Jamiyatni yangilash uchun kurashayotgan barcha sogʻlom kuchlarni birlashtirish zarur” nomli maʼruzasida yoshlar masalasiga alohida eʼtibor berib shunday deydi: Avangard boʻla oladigan yoshlarning siyosiy tashkilotini qayta tiklash zarur, yoshlarning mayda-chuyda ishlarga aralashishidan doʻstona hamkorlik qilishga oʻtish darkor. Hammamiz yoshlar orasidagi vaziyatni oʻrganishimiz, va bilishimiz, ular oʻrtasida chinakam yetakchilarni tayyorlashimiz, ijtimoiy muammolarni hal etishda, chinakam vatanparvar va baynalminalchi insonlarni tayyorlashda ularga yordam berishimiz lozim (62 –bet).
“Til elni birlashtirishi lozim” nomli maʼruzasida shunday deydi: Oʻz ona tilini bilmaydigan odam oʻzining shajarasini, oʻzining ildizini bilmaydigan kelajagi yoʻq odam, kishi tilini bilmaydigan uning dilini ham bilmaydi, deb juda toʻgʻri aytishadi (69- bet).
Kitobdagi maʼruza “Oʻzbekiston dunyo xaritasida oʻziga munosib joy oldi” nomli Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari 1X sessiyasidagi(1992 yil,4 yanvar) maʼruzasi bilan yakunlanadi. Unda shunday deyiladi: Jahonga, butun dunyoga olib chiqadigan yoʻlimizni kengaytiramiz. Sizlarga maʼlum taraqqiy etgan mamlakatlar uchta muhim masalaga eʼtibor berishmoqda: inson huquqlari, demokratiya va sarmoya uchun kafolat masalasi. Biz ana shu masalarlarni eʼtiborda tutib, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo boʻlish choralarini koʻryapmiz.
Masalalarning aynan shunday qoʻyilganligi toʻgʻri boʻlganligini bugungi kun va bosh qomusimizda belgilangan satrlar uni ifodalab turibdi. Konstitutsiyamizning 14- moddasida “Davlat oʻz faoliyatini inson va jamiyat farovonligini koʻzlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi”, degan huquqiy norma belgilab qoʻyilgan.
Kitobdagi maʼruzalarda bildirilgan fikr va mulohazalar, Prezident qarori va farmonlari Konstitutsiyamizda belgilangan huquqiy normalarning zamini va asoslari edi, desak xato boʻlmaydi.
Konstitutsiya barcha fuqarolarning qonun oldida huquqiy tengligini hamda qonunning ustuvorligini kafolatlovchi asosiy huquqiy hujjatdir. Vatanning davlat suvereniteti (I-bob), xalq hokimiyatchiligi (II-bob), Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi (III-bob) aks ettirilgan.
Konstitutsiya millatimizning tiliga davlat maqomini berdi (4-modda), davlat xalq irodasini ifodalab, uning manfaatlariga xizmat qilishi (2-modda), xalqni davlat hokimiyati manbai sifatida eʼtirof etdi. (7-modda). Unda ijtimoiy hayotda siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarni xilma-xilligi kafolatlandi (12-modda), insonning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati daxlsiz oliy qadriyat deb eʼtirof etildi (13-modda).
Konstitutsiyada inson eng moʻtabar mavqega koʻtarildi. Eʼtibor qilsangiz, “Asosiy prinsiplar” (Birinchi boʻlim)dan soʻng darhol “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” (Ikkinchi boʻlim) boshlanadi. Keyin esa “Jamiyat va shaxs”, “Maʼmuriy-hududiy va davlat tuzilishi”, “ Davlat hokimiyatining tashkil etilishi” (Uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi boʻlimlari) joy olgan.
Ikkinchi boʻlim—“Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb nomlanadi. “Inson va fuqarolarning deya bosh qomusimizda tilga olishidan maqsad nafaqat mamlakatimiz fuqarolarining balki mamlakatimizda yashayotgan fuqaroligi boʻlmagan insonlarning ham haq-huquqlarini eʼtiborga oladi.
Konstitutsiyamiz, bir tomondan, milliy tafakkurimizning, dinimizning adolat, bagʻrikenglik, saxovat, toʻgʻrisoʻzlik kabi qadriyatlarimizni oʻzida aks ettirsa, ikkinchi tomondan, unda xalqaro huquq meʼyorlari, umuminsoniy qadriyatlar uygʻunlashtirilgan. Ikki yarim yillik ulugʻvor boʻlgan davrni kuzatsangiz ana shu masalalarga aʼlohida eʼtibor berganligini his etasiz.
Ha, ushbu masalalarning har biriga 6 boʻlim, 26 bob, 128 moddadan iborat boʻlgan Konstitutsiyamizda alohida eʼtibor berilgan huquqiy normalar mavjud.
Darhaqiqat ushbu rasmiy nashrning soʻzboshisida taʼkidlanganidek, bugungi kunda taraqqiyotning oʻzbek modeli deb nom olgan rivojlanish yoʻlimizning asosiy prinsiplari, umummilliy shiorga aylanib ketgan ”Oʻzbekiston kelajagi buyuk davlat”,”Mustaqillik bu avvalo huquqdir”, “Yangi uy qurmasdan turib, eskisini buzmang”, “Islohot islohot uchun emas, avvalo, inson uchun”, ”Oʻzbek xalqi hech qachon hech kimga qaram boʻlmaydi”, ”Bizdan ozod va obod vatan qolsin”, “Sogʻlom avlod mamlakatimiz paydevori”, “Yoshlar mamlakatimizning kelajagi”, “Sogʻlom ona-sogʻlom bola” kabi mashhur iboralar sokin kabinetlarda emas, aksincha, ana shunday shiddatli kunlarda, shiddatli kurashlarda, tinimsiz bahs va munozaralarda, achchiq hayotiy tajribalarda tugʻilganini anglashda ushbu kitob gʻoyat muhim manba vazifasini bajaradi.
Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist