JAMIYAT TARAQQIYOTI VA YOSHLAR TARBIYASIDA KITOBNING ROLI

0
1990
marta koʻrilgan.

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hazratlari yozganidek, “kitob – beminnat ustoz, bilim va maʼnaviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”.

Xalqimiz tilida kitob oʻqib bilim va munosib tarbiya olish, kasb-hunar oʻrganishning ahamiyatiga doir maqollar juda koʻp. Jumladan, “Kitobsiz aql – qanotsiz qush”, “Bilim – aql chirogʻi”, “Goʻzallik – ilmu maʼrifatda”. Bunday hikmatli naqllarni yana uzoq davom ettirish mumkin. Necha ming yillardan buyon insonlarga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatib kelayotgan, ularning bilimli, tarbiyali, kasb-hunarli va albatta baxtli boʻlishining muhim omili – bu kitobga doʻst boʻlish, va kitob oʻqishni kanda qilmaslikdir. Ayniqsa, yoshlarning hayotida kitobning alohida oʻrni bor. Chunki yaxshi kitob insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuygʻularini yuksaltirib, yaxshilik hamda ezgulikka undaydi.

Donishmandlardan biriga: “Inson kitob oʻqish orqali saodatga erishishi mumkinmi?”deb savol berishganda, u: “Kitob oʻqishning oʻzi saodatdir”, deya javob bergan ekan. Farzandlarimizga ana shu saodatni tilaymiz. Avvalo kitob mutolaasi haqida ikki ogʻiz soʻz. Inson kitob oʻqiyotgan kishini dunyoni idrok etayotgan, qalbiga nazar tashlab oʻzligini anglayotgan, umuman aytganda, ezgulik qasrining eshigini ohista qoqayotgan odamga oʻxshatamiz.

Muqaddas bitiklarda ham avvalo soʻz bino boʻlgan, deb aytiladi. Soʻz bu ilm olmoq, umrning mazmuni-mohiyatini, dunyoning sir-asrorini maʼrifat bilan anglashni bildiradi. Ayniqsa, yoshlar uchun kitob mutolaasi oʻta muhimdir. Chunki, kitob oʻqish, ilm olish orqaligina insonda badiiy tafakkur, did va qarash shakllanadi. Haqiqiy adabiyot toʻgʻrisida mutolaa tasavvurga ega boʻlmay turib, hayotning mazmunini, qadr-qimmatini anglab boʻlmaydi.

Kitob mutolaasi inson tafakkurini oshiradi, hayotga teran koʻz bilan qaraydi. Eʼtibor bergan boʻlsak, soʻnggi vaqtlarda yosh avlod, bolalar internet va turli ijtimoiy tarmoqlarga qiziqib ketib, koʻp kitob oʻqimay qoʻygan edi. Bu bilimsizlikdan darak beradi. Bugun vatanimiz jadal rivojlanayotgan bir davrda ajdodlarimiz, donolar fikrida oʻz aksini topgan kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga boʻlgan eʼtibor davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Chunki yosh avlodning har tomonlama shakllanishida kitob mutolaasining oʻrni beqiyosligini anglagan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 yanvarda “Kitob mahsulotlarini chop yetish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madanyatini oshirish hamda targʻibot qilish boʻyicha komissiya tuzish toʻgʻrisida”gi Farmoyishi qabul qilindi. Bu hujjatda aholining keng qatlamini kitob oʻqishga jalb qilish, kitob oʻqish va kitobxonlikni targʻib yetish, voyaga yetgan farzandlarimizni bogʻcha yoshidan boshlab kitobga mehrli qilib  tarbiyalash, kitob mahsulotlarining mazmuniga eʼtibor berish, ularni chop yetish sifatini yaxshilash, turli mazmundagi kitoblar bilan toʻldirilgan kitob doʻkonlarini koʻpaytirish, kitoblar fondini yanada boyitish koʻzda tutilgan.

 Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning mamlakatimizda 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi asosida jamiyat hayotida ezgu qadriyat va anʼanalarni chuqur qaror toptirishga, xususan, xalqimiz, ayniqsa yosh avlodning maʼnaviy-intellektual salohiyati, ong-u tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega boʻlgan kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, beshta tashabbus yoʻnalishi asnosida kitobga mehr-muhabbat kuchaytirildi. Natijalar samarasi oʻlaroq bolalar oʻrtasida turli tadbirlar kitobxonlik kechalarida bellashuvlar oʻtkazilib ijobiy natijalarga erishilmoqda. Koʻp kitob oʻqigan kitobxon turli yoʻnalishlarda moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirilmoqda, jumladan qimmatbaho buyumlar, hatto, mashinalar sovgʻa qilinmoqda.

Taʼlim muassasalarida bu jarayon oʻquvchilarning bilim darajasini oshirishga, aql-zakovatini kuchaytirishga yordam bermoqda. Shuning uchun ham yoshlarni har tomonlama fikrlaydigan, maʼnan yetuk, har qanday axborotlarni aql bilan tahlil eta oladigan, barkamol inson qilib tarbiyalash bizlarning asosiy vazifamizdir.

Umuman bugun psixolog-olimlarimiz kitob oʻqishning foydalari haqida kamida qoʻyidagi sabablarni koʻrsatmoqdalar:

  1. Kitob oʻqiydigan odamning soʻz boyligi katta boʻladi. Chunki kitob oʻqilganda kishi oddiy kundalik hayotda ishlatilmaydigan soʻzlarni ham uchratadi. Bu soʻzning maʼnosini lugʻatdan izlash ham shart emas, zero kitob umumiy mazmunidan soʻzning maʼnosi ham kelib chiqadi.
  2. Kitob oʻqish boshqa odamlar bilan muloqot qilishga yordam beradi. Yaʼni kitob oʻqigan odam oʻz fikrlarini chiroyli, aniq, yorqin ifodalash imkoniga ega boʻladi. Bir nechta mumtoz adabiyotni oʻqishning oʻzida ham kishida gapirish sanʼati bir qadar rivojlangani seziladi. Shu tariqa kishi yaxshi suhbatdosh boʻla oladi, odamlarda oʻzi haqida yaxshi taasurot qoldiradi.
  3. Kitob oʻqish insonni dadillashtiradi. Kitob oʻqigan insonning oʻziga ishonchi ortadi. Chunki kitobdan olgan ilmlari unga madad beradi. Atrofingizdagi odamlarda esa siz haqingizda yaxshi tasavvur oʻygʻonadi. Bu esa sizni yanada jurʼatli qiladi.

Xulosa qilib aytganda, kitob bizning hozirgi hayotimizdir. Unga hamma muhtoj… qariyalar, oʻrta yoshlilar, yoshlar va hatto bolalar ham. Hamma gap ular uchun kitob tanlashda, biz hammadan oldin nomunosib tanlangan kitoblarni oʻqish hech narsa oʻqimagandan koʻra yomonroq va zararliroqdir, degan fikrga qoʻshilamiz. Kitoblarning tanlanishi odamning fikr dunyosini, uning hayotiy qadriyatlarini ochib beradi. Biz kelajagimiz boʻlmish yosh avlodni taʼlim-tarbiya olishlari uchun shart-sharoit yaratish, sogʻ-salomat ulgʻaytirish, ularga ota- ona kabi mehr berish oliy maqsadimiz. Bolalarning barkamol shaxs boʻlib ulgʻayishida ularning hayotida kitobning roli beqiyosdir. Ular qachon kitobga mehr beradi degan savolga yagona javob bor. Qachonki bolalarga oʻzlarining dunyo qarashi va yoshiga mos kitob tanlay olsak, bolada kitobga muhabbat uygʻotadi. Aslida, tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, oʻspirin oʻquvchilar oʻz adabiyotlarini toʻgʻri tanlaganlarida, ular yaxshi oʻqiydigan boʻladi. Bizning vazifamiz esa bunga koʻmaklashishdir.

U.X. Shomirzayev, Shayxontohur tumani Axborot-kutubxona markazi direktori

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.