«Jomiʼ ahkom as-sigʻor» – bolalar huquqi himoyasiga bagʻishlangan asar!

0
442
marta koʻrilgan.

 Jizzaxlik buyuk fikix Majduddin al-Ustrushaniyning «Jomiʼ ahkom as-sigʻor» asari bitilganiga sakkiz asrdan oshdi. Ushbu mumtoz asar mazkur yoʻnalishdagi alohida yozilgan ilk huquqiy manbadir. 

Tarix fanlari nomzodi Muslim Atayev ustozga deb menga oʻz ijodidan boʻlgan uchta kitob berib yuboribdi. Ularning biri 2013 yilda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan Usmonxon Alimov(oxirati obod boʻlsin) va tarix fanlari nomzodi Muslim Atayevlar tomonidan nashr etilgan «Jomiʼ ahkom as-sigʻor» asari eʼtiborimni tortdi. Ushbu allomaning hayoti va ijodi haqida oʻzim ilmiy ish olib borgan Hoji Xalifaning «Kashf az-zunun» asarida tanishgan edim.(vaf. 1067/1657 y.). Kitob qadimiy qoʻlyozma holida, ingliz va oʻzbek tillarida chop etilgan edi. Zero, sakkiz yuz yil oldin yozilgan kitobni oʻrganish va tarjima qilish oson ish emas. Igna bilan quduq qazigandek mashaqqatli ish. Ushbu kitobga tajribali huquqshunos, yuridik fanlari doktori Akmal Saidovning soʻzboshi yozganligi asarning ahamiyatini yanada oshirgan edi.

«Jomiʼ ahkom as-sigʻor» asari nega eʼtiborimni tortdi? Oʻzbekiston aholisining 48,2 foizini 15 yoshgacha boʻlgan bolalar tashkil etishini inobatga oladigan boʻlsak, bunday eʼtiborning mohiyatini anglash mumkin. Zero, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini qoʻlga kiritishi bilanoq barkamol avlod tarbiyalash masalalari davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov: «Sogʻlom avlodni tarbiyalash barchaning, butun jamiyatning, shu yurtda yashaydigan har bir insonning asosiy ishi, insoniy burchidir» – deb taʼkidladi. Bu borada umumxalq harakatini boshlab berdi.

Xalqaro bolalar tashkiloti YUNISEF tomonidan gʻarb olamini bolalar haq-huquqlarini himoya qilish, ularning taʼlim-tarbiyasiga eʼtibor berish yuzasidan birinchilardan boʻlgani va hozir ham bolalar huquqini himoya qilishda boshqalarga oʻrnak boʻlyotgani taʼkidlanadi. Darhaqiqat, siyosiy va huquqiy taʼlimotlar tarixida asosan inson huquqlari va erkinliklariga eʼtibor berilsa-da, yaqin-yaqingacha bola huquqlari muammolariga yetarli ahamiyat berilmas edi. Faqat XX asrning birinchi yarmidan boshlab mazkur masalada xalqaro hujjatlar qabul qilina boshlangan. Jumladan, 1923 yilda angliyalik Eglantayn Djebb tomonidan asos solingan «Bolalarni qutqaring» Xalqaro Kengashi, keyinchalik «Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Deklaratsiya» (1959), «Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiya» (1989) va boshqa bir qator xalqaro huquqiy hujjatlar fikrimizning isbotidir.

Shu nuqtai nazardan qaralganda, bizning mamlakatimizda bolalar huquqiga bagʻishlangan asarlar qadim-qadimdan mavjud boʻlganini alohida faxr va iftixor bilan qayd etish lozim. Bolalar huquqlariga sakkiz yuz yil avval Movarounnahrda ham katta eʼtibor berilganligini Majduddin al-Ustrushaniyning 1228 yil 28 iyulda yozib tugatgan «Jomiʼ ahkom as-sigʻor» asari tasdiqlab turibdi. Ushbu asar mazkur yoʻnalishdagi alohida yozilgan ilk huquqiy manbadir.

Yurtimizning nufuzli allomasi Burhonuddin al-Margʻinoniyning shogirdi Majduddin Muhammad ibn Mahmud al- Ustrushaniyning ilmiy-maʼnaviy merosini huquqqa oid «Kitob al-fusul», «Jomiʼ ahkom as-sigʻor», «al-Fatovo», «al-Qurud va-d-duyun» va «al-Asʼila va-l-ajviba» kabi asarlari tashkil etadi. Shulardan «Jomiʼ ahkom as-sigʻor»ning bugungi kunda dunyoda oʻn bitta qoʻlyozma nusxasi mavjud boʻlib, ulardan chet el kutubxonalarining fondlarida saqlanuvchi olti nusxasi ilm olamida yaxshi maʼlum. Ushbu asar turkiyalik, misrlik, iroqlik, germaniyalik, amerikalik olimlar tomonidan oʻrganilib, Islom olamida bir necha marta chop etilgan. Ammo asarning Toshkentda saqlanayotgan besh nusxasi ilmiy jamoatchilik eʼtiboridan chetda qolib kelgan. Oʻzbekistonda esa unga mustaqillikdan keyin eʼtibor berila boshlandi. Fiqh ilmining(huquqshunoslik) rivojiga munosib hissa qoʻshgan alloma Ustrushanada(Jizzax viloyati) tugʻilib, keyin oilasi bilan Samarqandga koʻchib oʻtadi va shu yerda ijodiy faoliyat olib boradi. Majduddin al-Ustrushaniyning hayotlik davri Samarqand fiqh maktabi rivojining soʻnggi davri va moʻgʻullar istilosining dastlabki bosqichiga toʻgʻri keladi. Majduddin al-Ustrushanining hayoti va ijodiga eʼtibor bersangiz yana bir bor bizning Sharqda oilaviy qadriyatlar, ilmga boʻlgan intilish nihoyatda kuchli boʻlganini anglaysiz. Allomaning ilmiy-maʼnaviy dunyoqarashining shakllanishiga oilaviy muhitning taʼsiri kuchli boʻlgan. Olim bir necha avlod faqihlar sulolasining davomchisi boʻlgan. Allomaning otasi Jaloluddin Mahmud ibn Husayn al-Ustrushaniy, amakisi Burhonuddin Ahmad ibn Husayn al-Ustrushaniy, togʻasi Shamsuddin Muhammad ibn Ahmadlar islom ilm-fanining turli sohalarida samarali ijod etib, boy ilmiy meros qoldirganlar. Onasining bobosi «Shams al-aimma» («Imomlar quyoshi») sharafli unvonga ega boʻlgan. Alloma oʻzining asarlarida ajdodlarining fikrlaridan keng foydalangan.

Majduddin al-Ustrushaniyning islom olamida keng tarqalishining sababi ularning hayot voqeligi bilan real bogʻliqligidadir. Uning hayoti va ijodi moʻgʻullar istilosi davrida fiqhiy ilmlarni saqlab qolish, ularni muhofaza qilib, fiqhiy qonunchilikni keyingi avlodlarga yetkazib bergan ulamo sifatida baholandi. Zero, u «Jomiʼ ahkom as-sigʻor» va «al-Asʼila va-l-ajviba» asarlarida 132 faqihga va 115 fiqhiy asarga murojaat qilgan. Yuqorida berilgan maʼlumotlardan koʻrinib turibdiki, Majduddin al-Ustrushaniy oʻzigacha ijod qilib oʻtgan eng moʻtabar huquqshunoslarga murojaat qilgan. Oʻzigacha yaratilgan deyarli barcha asarlardan foydalanib, oʻz asarlarini yaratgan. Alloma murojaat qilgan faqihlarning aksariyati movarounnahrlik hanafiy mazhabi vakillari boʻlib, ular oʻz davrining eng zabardast olimlari hisoblangan.

Islom huquqshunosligi asosida bitilgan ushbu asarda bolalar huquqlari boʻyicha kelib chiqadigan muammolar odilona hal qilinib, ijtimoiy hayotda bolalarning xavfsizligi va asosiy huquqlarining daxlsizligini taʼminlash bilan bogʻliq koʻplab savollar muhokama qilingan. Unda ushbu sohada huquq-tartibot mahkamalari uchun juda koʻp aniq dalillar va koʻrsatmalar berilgan. Asar islom huquqining eng muhim va mukammal tizimlarini oʻzida mujassam etib, salkam sakkiz asrdan beri oʻzining hayotiyligini isbotlab kelayotgan moʻtabar manbalardan biridir.

Bugungi kunda xalqaro maydonda bola huquqlari bilan bogʻliq muammolar, xususan, homilaning qachondan boshlab inson hisoblanishi keng mulohazalarga sabab boʻlmoqda. Asarda «Tirik mavjudotning hayoti qachon boshlanadi?», «Bola qachondan bola hisoblanadi?» kabi bugungi kunda ham dolzarb boʻlib qolayotgan savollarga toʻliq javob berilgan. Asarda bola tugʻilmasidan avval ham, tugʻilgandan keyin ham bola hisoblanishi, bolalar jismonan, aqlan va ijtimoiy jihatdan voyaga toʻliq yetmagunga va mustaqil boʻlmagunga qadar alohida gʻamxoʻrlik va himoyaga muhtojligi alohida taʼkidlab oʻtilgan. Onaning bolani emizishi, enaga yollash, ustoz-shogirdlik maqomi, meros, hatto bolani kaltaklash mumkinmi degan masalalar va boshqa muammolar hal etilgan.

«Jomiʼ ahkom as-sigʻor» asarida fiqhga oid yuzdan ortiq kitoblarda tarqoq holda berilgan bolalarga taalluqli sharʼiy fatvolarni yaʼni qonun-qoidalarni yigʻib, tizimlashtirilgan va batartib jamlangan. Bu asar dunyoga kelishi uchun Majduddin al-Ustrushaniy hanafiy mazhabining oʻz davrigacha yashab, ijod etgan 120 dan ortiq faqihlarining fikrlarini mujassam qilgan. Shu jihatlari bilan bu mukammal asar hozirgi zamon islomshunos va islom huquqi tarixi bilan shugʻullanuvchi mutaxassislar uchun muhim manba hisoblanishi bilan bir qatorda zamonaviy huquqshunoslik uchun ham tarixiy ahamiyat kasb etadi.

Asar 1289 fatvodan(qonun-qoida) iborat boʻlib, ularni shartli ravishda, ibodat, axloq, ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy masalalarga bagʻishlangan qismlarga ajratish mumkin. Bu asar materiallarni joylashtirishning yangi tartibini ishlab chiqishda oʻzidan avvalgi ulamolar fikrlarini jamlab, keyingi avlodlar uchun esa maʼlum shakl-shamoil yaratib berishi bilan ham ahamiyatlidir.

Olim har bir asarida hayotda koʻp uchraydigan ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni aynan bir yoʻnalishda atroflicha mukammal yoritgan. Masalan, birinchi yozgan «Kitob al-Fusul» asarida faqat qozilarga(sudyalar) taalluqli masalalarni, ikkinchi asari «Jomiʼ ahkom as-sigʻor»da voyaga yetmagan bolalarga taalluqli fatvolarni bir kitobga jamlagan. Bunda Majduddin al-Ustrushaniyning mavzuni yoritishga maqsadli yondashuvi, mavzu chegarasini aniq tanlab olish tamoyili belgilangan.

Taʼkidlash joizki, hozirgi vaqtda butun jahon ommasi moʻtadillik tamoyiliga katta eʼtibor qaratmoqda, chunki koʻpchilik ekstremistik va terrorchilik harakatlari aynan moʻtadillik tamoyilini tushunmaslik va unga amal qilmaslik oqibatida sodir etiladi.

Islom dini nuqtai nazaridan moʻtadillikka yondashuv va xususan fiqhiy masalalarda moʻtadillik tamoyilining namoyon boʻlishi barchada katta qiziqish uygʻotadi. Majduddin al-Ustrushaniyning moʻtadillik toʻgʻrisidagi fikr-mulohazalarini oʻrganish va uning dinda haddan oshish kabi salbiy oqibatlarning oldini olish chora-tadbirlarini izlash va oʻrganish qay darajada boʻlganligi dolzarbdir.

Majduddin al-Ustrushaniy shariatda sobit turish lozim boʻlgan asoslarni muhofaza qilgan holda, hayotning sharoit, zamon va makon oʻzgarishi bilan oʻzgarib turadigan qismida maʼlum qoidalar asosida yangilanib turish tarafdori boʻlgan.

Umumlashtirib aytganda, «Jomiʼ ahkom as-sigʻor» asarida hayotning asosiy manbai boʻlgan oila, farzandlar tarbiyasi, bolalarning oiladagi, jamiyatdagi haq-huquqlari, vazifalari burchlari aniq va toʻliq bayon etilgan. Eng muhimi, islom dinining bolalar huquqlari xususidagi qarashlari bu sohadagi zamonaviy qarashlar bilan hamohangdir.

Nodira Saʼdullayeva, Oʻzbekiston Davlat sharqshunoslik universiteti oʻqituvchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.