Mumtoz adabiyot olamining beqiyos obidasi “Qisasi Rabgʻuziy” asari milodiy 1309–1310 yillarda yozilgan. Odam Ato va Momo Havodan tortib, Muhammad Mustafogacha yashab oʻtgan paygʻambarlarning hayoti, ezgu oʻy, ezgu amallari hikmatlar, rivoyatlar orqali mohirona aks ettirilgan yozma yodgorlikda Sharq falsafasi bilan qadimiy milliy qadriyatlarimiz uygʻunlashib ketgan.
Qadimiy turkiy tilni oʻzida ifoda etgan ikki jildli ushbu bebaho asarning zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.
Durdona asarning navbatdagi qismini eʼtiboringgizga havola qilamiz.
Kitobda aytilishicha Kaʼbaning yaratilishi Odam Ato davriga borib taqaladi. Hozirgi Kaʼba oʻrnida Odam Ato Bayt-ul Maʼmurning binosini bunyod etdi.. U Nuh paygʻambar davridagi toʻfongacha turdi. Toʻfon oldidan azob suvi tegmasin deb Jabroil Bayt-ul Maʼmurni toʻrtinchi qat koʻkka koʻtardi. Soʻngra Shom viloyatidan togʻu toshlarni keltirib, Bayt-ul Maʼmur oʻrnida uy yaratdi. U Ibrohim paygʻambar davrigacha turdi. Ollohdan Ibrohimga Bayt-ul Maʼmur oʻrnida Kaʼba bino qilishga farmon boʻldi. Ibrohim Ilohiyga u yer qay yerdaligini bilmasligini aytdi. Tangri Kaʼba oʻrnicha bulut parchasini joʻnatdi. U Kaʼba oʻrniga soya tashladi. Ulkan koʻlankaga teng oʻrinda Kaʼbani bunyod etdi. Nuh paygʻambar kemasining taxtasi birla tomini yopdi.
Baʼzilar aytmishlar: Bir ilon kelib, u yerda choʻlgʻanib yotdi. Undan andoza olib Kaʼbani bunyod etdi.
Yana aytishlaricha, ovoz eshitiladi: «Ey, Ibrohim, besh togʻdan tosh keltirib, u bilan bino qilgʻil. Sino, Zino, Xiro, Lubnan, Jadiy». Makkada tosh koʻp edi. Besh togʻdan tosh keltirilishida qanday hikmat bor? Olloh Taolo kimki bu yerga kelib besh vaqt namoz oʻqisa, tavof qilsa, besh togʻ ogʻirligicha gunohi-yozmishi boʻlsa, barini kechirib, bandasini yarlaqalar ekan.
Jabroil togʻdan toshlarni qoʻpordi. Farishtalar yordamga keldilar. Tosh kesgach, Jabroil Ismoilni Olloh Taolo farmoni ila tosh ustiga qoʻyar, tosh yoʻrgʻadek Ibrohimga kelardi. Qaysi tosh yaroqsiz, besoʻnaqay boʻlsa Ibrohimning qoʻli tekkach, marmardek silliq va goʻzal boʻlardi. Paygʻambar toʻrt tomonini toʻrt kalima aytib joylashtirdi. «Subhonallohi, valhamdulillahi, va la ilaha illalahu, allohu akbar». Qurʼon surasida ham aytiladiki, ikki kalima tilga yengil, ammo Olloh qoshida tarozudan ogʻir va u ikki kalima shuki: «Subhanallohi va bihamdihi, subhanallohi al-azim». Tilga yengil, tarozida ogʻir, deyilganida hikmat ne? Mol-dunyoning ortishi oxirat zodining kamayishidir, mol va dunyoning kamayishi esa ohirat zodining ziyoda boʻlishidir. Ushbu tasbeh va taxlilni aytib yursang, jannatga doxil boʻlarsan. Bu til yengilligidir.
Yana dunyo ogʻirligini qadamga berdi. Uzun kun yursang dunyoni kezib chiqa olmassan. U qadam ogʻirligi, ammo kelajakdagi ishlar toʻgʻri boʻladi. Odimlarning ogʻirligi tilga berilsa, tilning yengilligi qadamga berilsa koʻz ochib yumguncha uch ming yillik sirotdan kechiladi.
Moʻminning taoat-ibodati tarozining bir pallasiga, yozuqlarini ikkinchi pallasiga qoʻyilsa, yozuqlari(taqdiri) ortiq kelgay. Yana toat-ibodat pallasiga yetti qat koʻkni, yetti qat yerni qoʻyganlar. Yana yozuqlari — taqdir bitmishi ogʻir kelgay. U paytda havodan bir parcha qogʻoz uchib kelib, toat pallasiga qoʻnsa, u barcha toatlardan, yetti qat koʻkdan, yetti qat yerdan ortiq kelgay. U qogʻozni ochib qarasalar ushbu kalima bitiklik ekan. “Subhanallohi va bihamdixi, subhanolloxi al-azim”. Odamning qadami ogʻirligining tilga berilgani ushbu kalimadir.
Kaʼba bitgach, Ibrohim aytdi:
– Ey parvardigorimiz, har narsani bilguvchi, eshitguvchi oʻzingsan. Bizdan shu ishni qabul qil. Sen ularga oʻzlaridan paygʻambar yuborki, u odamlarga sening kalomingni oʻqib bersin. Va kitobingni, xikmatingni oʻrgatsin va ularni poklasin. Xaqiqatda faqat sen gʻolib, hikmatli va azizsan.
Xabarda kelur: Muhammad Mustafo alayhissalom soʻzi: Men otam Ibrohimning duosi, Iso bashorati va onam Ominaning tushiman.
Jabroil keldi, yorliq keltirdi: ”Odamlarga haj haqida xabar ber”. Ibrohim Qubbays togʻiga chiqdi.
Va daʼvat etdi:
– Ey, odamlar, darxaqiqat Olloh taolo sizlar uchun bir uy qurib qoʻydi. Va uni ziyorat qilib turishni buyurdi. Bas, ziyoratga kelinglar.
Ota pushtidagi, Ona rahmidagi moʻminu moʻminotlar javob berdilar: Labbay, ey, Xudo, labbay, ey sherigi yoʻq, labbay xaqiqiy maqtashlikka loyiq. Neʼmat va hukm faqat senga xosdur. Senga hech bir sherik yoʻqdur.
Aytishlaricha, kimki u paytda javob aytgan boʻlsa, yoʻqsil boʻlsa ham haj oʻtagay. Kim javob bermagan boʻlsa, qanchalik kuchli va boyvachcha boʻlsa ham haj oʻtamagay.
Bu rivoyat insonni ezgu amallar bilan yashashga, insofli, diyonatli, imon-eʼtiqodli boʻlishiga daʼvat etadi. Inson ezgu-amallari, fidoiy mehnati bilan oʻz taqdiriga oʻzi taʼsir eta olishini ifodalaydi.(R.Z.;N.S.)