Men kitob oʻqigan kezlarimda orom olaman, koʻnglim tinchlanadi, xotirjam boʻlaman. Shuning uchun oʻylayman-ki, insonga kitobdan yaxshi doʻst yoʻq. Zero, u senga minnat qilishni bilmaydi, har kuni qoʻlingga olmasang hafa ham boʻlmaydi, ammo bil-ki oʻqimagan kuning sen yutqazgansan.
Kitob tashvishlarni unuttiradi, seni toʻgʻri yoʻlga soladi. Oʻqimasang u senga termulib turaveradi va jimgina seni kutadi, faqat tillari yoʻq-ki ovoz chiqarib soʻylasa. U sening ovoz chiqarib oʻqishingni kutadi, uning qoʻllari yoʻq, ammo inson degan buyuk zot uni oʻz qoʻllariga olishini kutib intizor boʻladi. Qoʻllari yoʻqligidan qiynaladi, ichida oʻylaydi qani endi qoʻllarim boʻlsa, yonimdagi shu doʻstimning qoʻllariga sakrab chiqib olardim.
Ey doʻstim, sotib olgan kiyimlarining eskiradi, tilla ziraklaring shakli-shamoili urfdan qoladi, muyna paltolaringni kuyalar yeyishi mumkin. Faqatgina javonlarga terib qoʻygan kitoblaring xizmatga maslakka shay turaveradi. Faqat qoʻlga olsang bas. Mazmun-mohiyatli kitob asrlar osha yashayveradi. Elga ezgu xizmat qilaveradi. Mana bunga 26 asr oldin yozilgan “Avesto” nasklari dalildir. Dunyoning mashhur kutubxonalarida ham bundan 6-7 asr oldin yozilgan qoʻlyozmalar ham mana men deb, ziyoli insonni kutib turibdi.
Avlodlar almashadi. Odamzot yoʻqlik sari yoʻl tutadi. Kitoblar esa nur taratib turaveradi, Ilm manbaasi kitob mutloq eskirmaydi. U bizning sirdoshimiz, hayotdagi yoʻldoshimiz, yoʻlimizni yorituvchi ustozimizdir. Ana shu murabbiy boʻlmish kitob dunyoga ulugʻvor nigoh bilan qarashga oʻrgatadi. Oʻzimiz yashab turgan kichik dunyoni asrash va sevishga undaydi. Ezgulikka chorlaydi. Ezgulik esa doʻstlikni, ahillikni pirovardida tinchlikni taʼminlaydi.
Har bir kishining beminnat maslahatgoʻyi, sirdoshi, ustozi boʻlgan kitoblarni sevishga bolalarimizni oʻrgataylik.