Konstitutsiya – erkin va farovon hayotimiz, yurtimizni yanada taraqqiy ettirishning mustahkam poydevoridir. Bosh qomusimiz, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼiy nazar yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini eʼtirof etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi. Aniqroq aytganda, u milliy manfaatlarimiz, istiqlolimiz va buyuk kelajagimizning huquqiy kafolatidir.
Darhaqiqat, Bosh Qomusimiz inson manfaatlarini taʼminlash uchun xizmat qiladigan insonparvar fuqarolik jamiyatining, adolatli huquqiy davlatning, demokratik suveren yoʻlimizning huquqiy asosiga aylandi desam mutlaqo mubolagʻa boʻlmaydi.
Yangi Oʻzbekiston yoshlarining Konstitutsiya va qonunlar haqidagi bilimini mustahkamlash, ularning huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirishda har yili axborot-kutubxona muassasalarida maxsus reja asosida anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan Konstitutsiya haqidagi davra suxbatlari, uchrashuvlar, bellashuvlar va koʻrik-tanlovlar alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Konstitutsiyamizning 41-moddasida “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir», deb belgilab qoʻyilganligi mamlakatimiz aholisi va ayniqsa yoshlariga yaratilgan keng imkoniyatlarning namunasidir. Bosh qomusimizda mustahkamlangan bilim olish huquqi va ilmiy ijod erkinligini taʼminlash borasida soʻnggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida izchil islohotlar amalga oshirilayotganligining oʻzi ham taʼlim, tarbiya masalasi davlat siyosati darajasidagi masalaga aylanganini isbotlovchi voqeadir.
Asosiy qonunimizda yoshlar huquq va erkinliklarining keng qamrovda koʻrsatilishi davlatimizning yosh avlodga yaratib bergan ulkan imkoniyatlaridan dalolatdir. Chunki Konstitutsiyamiz, uning asosida qabul qilingan qonunlar mazmunini yaxshi bilish yoshlarga oʻz huquq va manfaatlarini roʻyobga chiqarishda yordam berish bilan birga ularda qonunlarga hurmat hissini oshiradi.
Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yilligiga bagʻishlab “Konstitutsiya — tinchligimiz va farovonligimiz asosi”, “Vatanimiz taraqqiyotida Konstitutsiyaning oʻrni”, “Qomusimiz – asosiy qonunimiz!”, “Barcha qonunlarning tamal toshi bu Konstitutsiyadir” kabi mavzularida oʻtkazilgan ommaviy tarbirlarimiz ham yoshlarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oid bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash, huquqiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz. Ayniqsa zamonaviy axborot texnologiyalaridan, yangi loyihalar asosida tayyorlangan video-roliklar markazimizning barcha kanallariga joylashtirildi va keng kitobxonlarda yaxshi taassurotlar qoldirdi.
Oʻtkazilgan tadbirlarda mazkur qomusiy huquqiy hujjatning hayotimizdagi oʻrni va ahamiyati, uning har bir moddasi fuqarolar manfaatlariga xizmat qilayotgani, ayniqsa, yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, oʻz iqtidor va salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning huquqiy asosi oʻz ifodasini topganligini yosh kitobxonlar ongiga singdirishga alohida urgʻu berildi.
Aytish joizki, mamlakatimizning Asosiy qonuni barcha sohadagi islohotlarni amalga oshirish, yurtimizning bugungi yuksak taraqqiyotini taʼminlash, har birimizning umummilliy hamda umuminsoniy gʻoyalarni oʻzida mujassam etgan maqsadlarimizni roʻyobga chiqarishda dasturilamal boʻlmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, Konstitutsiyamiz tinchligimiz, barqarorligimiz, siyosiy va huquqiy erkinligimizning buyuk timsoli sifatida xalqimiz qalbidan mustahkam oʻrin oldi. Zero, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini taʼminlash — yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovidir”.
Hafiza Karimova, Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi direktori, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar aʼlochisi