Korrupsiya – jirkanch hodisa, halollik – goʻzal fazilat!

0
491
marta koʻrilgan.

Respublikamizda huquqiy targʻibot sohasida olib borilayotgan oʻzgarishlar, amalga oshirilayotgan demokratik jarayonlarda aholining, jumladan, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish muhim ahamiyatga ega.

Tinch va obod yurtimizda inson baxt-saodati va farovonligi yoʻlida  amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati nafaqat fuqarolarning siyosiy ongi, balki ularning huquqiy madaniyati darajasiga ham koʻp jihatdan bogʻliq.

Huquqiy madaniyat jamiyatning ilgʻor huquqiy gʻoyalar va qonunlar, bilim va koʻnikmalarni qabul qilishga tayyorligida, shuningdek bilimlar koʻnikmalar va amaldagi huquqqa munosabatida oʻz ifodasini topadi. Huquqshunos olimlarning fikricha, huquqiy madaniyat – fuqarolik jamiyati aʼzolari oʻz huquqiy bilimlari va koʻnikmalarini oʻzlashtiruvchi yoki rivojlantiruvchi ijodiy faoliyatning muayyan xususiyati va darajasidir.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, insonning huquqiy madaniyati avvalo oilada shakllanadi, taʼlim jarayonida sayqallashadi. Inson mustaqil hayotga qadam qoʻyganida esa yanada takomillashadi. Binobarin, shaxsning huquqiy madaniyati rivojlanishida oilaning, mahallaning, taʼlim muassasalarining, tom maʼnoda esa davlat va jamiyatning tutgan oʻrni shak-shubhasiz kattadir.

Globallashuv va integratsiyalashuv jarayonlari kuchaygan, axborot xurujlari avj olayotgan murakkab sharoitda aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy madaniyatini shakllantirish va rivojlantirishda milliy mentalitetning ahamiyati nihoyatda katta. Mamlakatimizda asrlar davomida sinovlardan oʻtib kelayotgan va milliy qadriyatlarga asoslangan benazir axloqiy normalarimiz  bor. Ammo ana shu bebaho odob-ahloq va qadriyatlarimiz meʼyorlariga putur yetkazish holatlari afsuski, kundalik turmushimizda uchrab  turadi.

Mening nazarimda, inson hayotida oilada koʻrgan tarbiyasi uning kelajak taqdirini belgilaydi. Halollik, birovning haqini yemaslik ogʻir gunoh ekanligini bolaligidan qalbida jo qilingan kishidan yomonlik chiqmaydi. Uning ana shu goʻzal fazilati butun umrini bezaydi, kamolotga yetkazadi. Bu esa oʻz-oʻzidan yurt taraqqiyoti, jamiyat rivojiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

 Taʼmagirlik, oʻz xizmat lavozimidan foydalanib, pora olish evaziga jinoyat sodir qilish hollari  eng avvalo yuqorida taʼkidlaganimizdek, huquqiy madaniyati past va qonunlarni yaxshi tushunmaydigan  ayrim  insonlar tomonidan sodir etilayotgani sir emas. Vaholanki,  jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda, korrupsiya holatlarining oldini olishda yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish  muhim ahamiyatga ega.

Oʻzbekiston Respublikasining 2017 yil 4 yanvardan “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida” gi  Qonuni kuchga kirgani  va mazkur Qonun  ijrosi yuzasidan 2017 yil 2 fevralda  Prezidentimizning “Korrupsiyaga qarshui kurashish toʻgʻrisidagi” gi  Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori qabul qilingani  munosabati bilan oʻquvchi-yoshlarning xabardorligini taʼminlash maqsadida dars jarayonida mazkur muhim hujjatlar mazmun-mohiyati keng targʻib qilinishiga erishilmoqda.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki,  jahonning koʻplab mamlakatlarida  korrupsiya dolzarb masalalardan biri ekanligi eʼtirof etilmoqda. Korrupsiya chegara bilmaydi, biroq u jamiyat taraqqiyotining barcha jabhalariga,  qadriyatlar tizimiga kirib borib,  odob-ahloq meʼyorlariga putur yetkazadi. Erkin va demokratik  tamoyillarga, fuqarolarning  hokimiyat organlariga ishonchini yoʻqotadi,  davlat, jamiyat rivojiga  toʻsqinlik qiladi.

Shu bois yoshlar oʻrtasida  huquqiy tarbiyani yaxshilash pedagoglardan katta masʼuliyat va tajriba talab etadi. Taʼlim jarayonlarida bu sohada mamlakatimizda olib borilayotgan huquqiy islohotlarning mazmun-mohiyatini hayotiy dalillar asosida tushuntirilishi ham katta ahamiyatga ega. Yoshlarning huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirishda taʼlim yoʻnalashida “Oila, maktab va mahalla” dasturining yoshlar huquqiy madaniyatini yanada oshirishdagi ahamiyati katta. Farzandlar tarbiyasida eng avvlo oiladagi tarbiya va unga  uzviy ravishda maktab, mahalla, hamda jamoatchilikning rolini oshirish masalasi eng  samarali usullardan sanaladi.

Elyor PALVANOV, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar Agentligi Xorazm viloyati  boshqarmasi xodimi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.