Mumtoz adabiyot olamining beqiyos obidasi “Qisasi Rabgʻuziy” asarini qadimiy turkiy tildan zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.
Durdona asarning navbatdagi qismini eʼtiboringgizga havola qilamiz.
Rabgʻuziy kitobida Lut yalavochga alohida bagʻishlov mavjud. Zero, u Qurʼoni Karimning “Al-haqqa”, «Aʼrof» suralarida paygʻambarlar qatorida tilga olinadi: “Ostin-ustin qilgan shaharning xabarlari ularga kelmadimi? Kelgan edi, ularga paygʻambarlarning ravshan moʻjizalari bilan”. Muqaddas kitobda Al-muʼtafikat-toʻntarilgan deyilishidan maqsad Lut alayhissalom qavmining qishloq va shaharlarining gunoh ishlari tufayli toʻntarib qoʻyilganligidir. Yoʻltoʻsarlik, xiyonatkorlik, bir-birini gunohga chaqirish, eng mudhishi bir jinsning qoʻshilishini ular birinchi boʻlib qoʻllaganlari uchun Olloh ularning qishloqlarini va shaharlarini ostin-ustun, chilparchin qiladi. Alloh taolo avvalo ularni yomon ishlardan qaytarish uchun Lut paygʻambarni yubordi. Lekin ular osiy boʻldilar(R.Z.; N.S.).
Lut ibn Hazar ibn Borix ibn Xoron. Lut yalavoch Ibrohim paygʻambarning onasi tomonidan qarindoshining oʻgʻli edi. Oʻrdun yerida Ibrohim paygʻambarga zamondosh boʻlib yashadi. Falastin bilan Oʻrdun orasi bir tunu kunlik yoʻl edi. Lutning xotini kofira edi. Oʻrdun xududida beshta ulugʻvor shahar mavjud edi. Doduma, Oshura, Sevam, Sodum, Suʼar. U oʻn besh yigʻochlik yer edi (bir yigʻoch taxminan 9 km.masofa). Bu viloyatda bogʻdorchilik, chorvachilik juda moʻl-koʻl boʻlib, xalqni rizqi toʻkin- sochin edi.
Mavlo azza va jalla ularni Quroni Karimda muʼtafiqot deb aytadi. Malikning oti (viloyat rahbari) Sadum ibn Mushtam, vazirining oti Kurmuz edi. Barchasi butga sigʻinardilar. Eng ulugʻvor toʻrtta but bor edi: Yabd, Masʼhur, Qub, Qut. Idris yalavoch davridan ul kunga qadar ular uchun butlardan goʻzalroq maʼbud yoʻq edi.
Bu yerda dunyodagi barcha meva-cheva, noz-neʼmatlar yetishtirilardi. Yil sayin neʼmatlar yetilsa, sahrodan, Chinu Mochindan, Baxto, Qolhar, Darland, Xirzon viloyatlaridan barcha haloyiq oʻz bogʻiga kelgandek saylga kelishardi. Turli noz-neʼmatlarni yigʻib, qishda uylariga qaytardilar.
Bir yil Mavlo Taolo sinov uchun izgʻirin yubordi. Noz-neʼmatlarni sovuq urdi, natijada rizq-nasiba kam boʻldi. Yoz kelganida esa hamishagidek xaloyiq u yerga kela boshladi. Ular “bu yil neʼmat boʻlmadi, kelgusida moʻl-koʻlchilik boʻlsa, yana ulush-kavsan berurmiz” deb qaytardilar. Baʼzilar koʻnmadilar. Malikka kelib aytdilar. Ularning Zevol degan katta butlari bor edi. Malik dedi: “Zevolga boring sigʻining, sizni qutqargay, bir yoʻl koʻrsatgay”.
Iblis Xosxos otli devni yubordi. U Zevolning ogʻziga kirdi. “Ey, mening qullarim anchadan beri menga quloq tutsangiz edi. sizga balo kelmasdi. Neʼmat izlab kelgan kishilarning erkaklarini tuting uyga qamab birga boʻling, shunda oʻzlari qochadilar”.
Iblis ularni yoʻldan urish niyatida xushsuvrat yigit sifatida qoshiga chiqdi. Boxil ismli kishi uni koʻrib, uyga tortdi. Iblis bilan fohisha ish qildi.
Hikoyat: Iblis Odam Atoni yaratgan Olloh taologa sajda qilmadi. Men nurdan, Odam tuproqdan yaraldi, deya manmanlik qildi. Oqibat esa Lut yalavoch ahliga ermak boʻldi.
Yana bir rivoyatda aytilishicha, Iblis birovning bogʻiga oʻgʻri boʻlib kiradi. Egasi urib haydaydi. Yana kiradi, yana urib haydaydi, yana kirdi. Uchinchi marta kelganida fohisha ish qildi. Iblis ularni ana shunday mudhishlikka oʻrgatib oldi. Bu mudhish ish barchasiga odat boʻlib qoldi. Mushriqlarni uyda saqlash anʼanaga aylanadi. Aytishlaricha, ularda oʻn xil yaramas urf-odat mavjud edi: yoy birla tosh otmoq, sobkina oʻyini, ich-toʻn bogʻlarini keng qilmoq, toʻnning orti va yon tomonini yoriq qilmoq, sakich chaynamoq, barmoq bilan toshni tuzga solmoq, chang urmoq, qoʻchqor urishtirmoq, livotat (oʻz jinsi bilan jinsiy aloqa qilmoq).
Erkaklar ushbu oʻn turli yomon ishlar bilan boʻlib, ahli ayoliga qaramay qoʻydilar. Iblis ularning xotin- qizlarini ham yoʻldan ozdirdi. Kampir suvratida kelib, ularga hamdard boʻldi. “Bizning erlarimiz xushsuvrat yigitlar bilan aloqa qilurlar. Biz nima qilaylik?”. Iblis ularga yoʻl koʻrsatdi. Ular ayollar bilan erkakdek yotadigan boʻlishdi. Ayollarga bu ish xush keldi, biri-biriga qovusha boshladilar. Hayot tarzi koʻp yillar shunday kechdi. Erkaklar erkaklar bilan ayollar ayollar bilan yotadigan boʻlishdi.
Oʻsha paytda Lut Muqaddasa yerida uyli-joyli boʻlib yashardi. Bir kuni Jabroil yigirma yashar yigitdek uning qoshiga keldi. Salom berdi. U alik oldi.
– Sen kimsan? – soʻradi.
– Men Jabroil al-amin.
Lut qoʻsh haydashdan toʻxtadi va soʻradi: Ey, Jabroil ne xabar keltirding?
– Mavlo taolo senga salom yoʻlladi, Muʼtafikat ahliga borgil, livotat qilmasunlar. Soch-soqol yuldirib, ich-toʻn bogʻin keng qilmasinlar. Ayollari ham bir-biri bilan qovushmasinlar, butga sigʻinmasinlar. “La ilaha illalohu va innaka Lutan rasulloxi” deb imon keltirsinlar. (Olloh yagona boshqa birorta maʼbud yoʻq, Lut Olloxning elchisidur).
Lut quvondi, shukrona aytdi: – Qandoq yaxshi Ega va qandoq ham yaxshi Madadkor, -deya javob qildi Lut.
U Ibrohim yalavochga yeldek uchib keldi. Xushxabarni yetkazdi. Ibroxim soʻradi:
– Qaysi viloyat ahli?.
– Barchadan yovuzroq muʼtafikat ahli.
Ibrohim yalavoch: “Tangrining farmoni haqdir. Unga boʻysun”, – deya qoʻllab-quvatladi.
Lut imon keltirdi. Ibrohim uni duo qildi: “Ey, Ollohim u mening yaxshi qoʻshnim edi. Seni izmingga topshirdim. Oʻzing yorlaqol. Yana omon-eson koʻrishishlik nasib etsin”.
Lutning Qoila, Rohila otli ikki xotini va Zuʼulu, Irsama, Baqto ismli uch qizi bor edi. Raʼda otli tevasi va Dina otli iti ham bor edi. Lut koʻch-koʻronini ortib, muʼtafikat ahli yashayotgan yerga besh yigʻochlik boʻlgan Omuroga yetib toʻxtadi. U yerda chodir tikdi. Muʼtafikat ahli xush suvrat yigit izlab yurganida Lutni koʻrdilar. U haqda Malikka xabar berdilar: “Solih erkak ikki ayol bilan keldi”. Omuro xalqi Lutni ushlamoq boʻldilar. Lutning tevasi va itining qoʻlida yuz ming kishi halok boʻldi. Baʼzilari qochdi. Malikka xabar keldi. U oʻz vaziri Karmuni joʻnatdi. Vazir besh yuz yigiti bilan keldi.
– Oting ne?–deb soʻradi vazir.
– Otim Abdulloh.
– Ne ishga kelding?
– Yalavochlikka keldim.
U Malikka boʻlgan suhbatni yetkazdi. Jabroil yana keldi: Sadumgʻa bor aytgil, seni Olloi Taoloning yalavochi deb bilsin. Lut Malik saroyiga oʻng tomonida teva, soʻl qanotida it bilan kirib keldi. Ular hech kimni Lutga yaqinlashtirmas edilar. Malik oʻrnidan turdi.
– Oting ne?
– Otim Abdulloh.
– U ne maʼnoni bildiradi?
– Tangri quliman degan maʼnoni anglatadi.
– Sen kimsan?
– Tangri rasuliman.
– Rasul ne degani?
– Ollohning elchisi, rasuli degani. Olloh taolo yagona, undan oʻzga maʼbud yoʻq, men uning yalavochiman.
– Bu soʻzga guvohing bormi?
– Guvohim ushbu teva boʻladi.
–Tilsiz teva ham guvohlikka oʻtarmi? –dedi Malik.
– Tevaning guvohligi Ollohning qudrati bilan boʻlar.
– Aytgil, guvohlik bersin,–dedi Malik.
– Ey, Raʼda guvohlingni koʻrsat.
Mavlo Azza va jalla tevaga til ato qildi. U “Olloh yagonadir, Lut uning rasuli” deya gapirdi.
– Malik “guvoh qoʻsh boʻlar. Yana biri qani? ” – deb soʻradi.
– Ey, Dina, ayt,– dedi Lut.
– Olloh yagona, tengi yoʻqdir. Lut uning rasulidir.
– Men hech bunaqasini koʻrmagan va eshitmagan edim. Ey ahli beklar, siz nima deysiz?
– Ey, Malik u jodu qilyapti, –deb javob berdi beklari.
– Ey, Abdulloh, sen bu soʻzni molu dunyo uchun aytar boʻlsang, soʻra istaganingni berayin.
– Ey, Malik, menga Ollohning farmoni aziz. Agar-ki, oʻz jinsingiz bilan qovusharsiz, yoʻllaringiz bekilur. Ushbu ish Ollohga xush kelmas.
– Ey, Lut, gapingni qaytib ol, boʻlmasam eldan haydaymiz,– dedi beklar.
– Bu iflos ish sizlardan boshlandi. Avvallari bu fohishalik yoʻq edi. Ammo, osiy qavm bu daʼvatni rad etdi.
– Ey, Lut, gaping rost boʻlsa, Ollohning azobini keltir,– dedilar masxaralab.
U Jabroilga murojaat qildi: yana daʼvat etaver,– dedi Jabroil. Lut muʼtafikat ahlini qirq yil daʼvat etdi. Biror kimsa musurmon boʻlmadi. Shunda ulardan umidini uzgan Lut Ollohga sigʻinib, duo oʻqidi. Duo ijobat boʻlgach, Lut alayhissalomning uylariga uch xushsuvrat yigit kirib keldi.
Ibrohim paygʻambar Lut yalavoch ketgandan keyin bezovta boʻlib qaygʻurdi. Har kun mehmon kutdi. Mehmon bilan birga roʻzasini ochardi. Xabar boʻlmadi. Jabroil keldi:
– Ey, Ibrohim, sen Lut uchun muncha qaygʻurasan. Uni saqlovchi Olloh emasmi?
– Ollohim, tavba qildim.
Oʻn ikkinchi kun xushsuvratli oʻn ikki yigit kirib keldi. Mehmonlarga atab yaxshi koʻradigan mollarini soʻydi. Mehmonlar oldiga taom qoʻyib, bemalol yeyishsin, deya chiqib ketdi. Ibrohim kirsa taomga tegilmagan. Soʻradi:
– Nega yemadingiz?
– Bahosini bilmaymiz, yemadik.
– Baxosi shuki, bismilloh bilan boshlang, taom yeganda “al-hamdulilloh” deng.
– Biz taom yemaymiz.
Ibrohim qoʻrqdi. Mehmon osh yemasa, dushmanlik niyatida boʻladi.
– Qoʻrqma, biz farishtalarmiz, senga xushxabar keltirdik. Soradan Isʼhoq ismli oʻgʻling boʻlur. Sora uni eshitib dedi: Ollohim men tugʻamanmi? Ahvolim: yetmish yasharli kampir boʻlsam. Erim esa chol.
– Oyo, sen Xudoning qudratidan taajjub qilasanmi?
Jabroil quruq yogʻochni Soraning qoʻliga berdi. U Soraning qoʻlida koʻkardi, barg yozdi. Ey, Sora, quruq daraxtni qoʻlingda koʻkartirgan Ollohning senga oʻgʻil berish qiyin emas.
Ibrohim soʻradi: – Sizlar kimsizlar?
– Men Jabroilman, Bu Mekoil va 10 nafar farishta.
– Ne maqsadda keldingiz?
– Lut qavmini halok qilgani keldik. Lut va oilasi bir xotinidan oʻzgasi qutiladi.
– Ularda yuz kishi musulmon yoʻqmi?
– Agar ularda yuz kishi musulmon boʻlsa, Olloh balo joʻnatmagay edi.
– Oʻn kishi musulmon yoʻqmi?
– Oʻn kishi musulmon boʻlsa ham balo kelmasdi.
– Bitta musulmon yoʻqmi?
– Agar bitta musulmon boʻlsa-da, Olloh oʻz balosini yubormasdi. U yerda Lut oilasidan boshqa musulmon yoʻq.
Farishtalar yarim tunda Lut paygʻambarning eshigini qoqdilar. Tunning uchdan biri kechgan payt edi. Jabroil aytdi: Qoʻnoq qabul qilarmisan?
Qavmning kirdikorlarini yaxshi bilgan paygʻambar ularni koʻrib xijolat chekdi. Biroq, dardini aytolmadi. Lut ularni uyga kiritdi. Qizlariga tezroq taom tayyorlashni buyurdi va tong oqarmasdan joʻnatib yuborish niyatida edi. Mehmonlar xotirjam oʻtiraverdilar. Ularni Lut yalavoch va uning xotinlaridan boshqa hech kim koʻrmadi. Tunda qizlar taom tayyorlaguncha xotini Voila olov yoqib xushsuvrat yigitlar kelganidan kofirlarga xabar berdi. Bir pasda Lut saroyiga osiylar yetib keldilar. Kofirlarning ikki ulugʻi bor edi. Lut ularga aytdi:
– Sizlarga qizlarimni jufti halollikka berayin. Ammo mehmonlarim oldida meni uyaltirmanglar, sharmanda qilmanglar,– deya iltijo qildi.
– Bizni qizlaring qiziqtirmaydi. Mehmonlarni bermasang, tortib chiqaramiz, zoʻrlab olamiz, – dedi ular.
Lut yigʻlab Jabroil farishtaga roʻbaro boʻldi.
– Nega yigʻlaysan? – soʻradi Jabroil.
Lut mashʼum xabarni yetkazishga uyaldi, nomusi keldi. U nadomatlar chekdi. Tangriga yalindi. U kishi nima qilarini bilmay, noilojlikda turganida yigitlar oʻrnidan turishdi.
– Qoʻrqma, ey, Lut biz tangrining farishtalarimiz. Seni qutqargani keldik. Ular senga zarar yetkaza olmaydi,– dedi Jabroil.
Oʻsha payt kofirlar eshikni sindirib ichkariga kirdilar, Jabroil bir hovuch tuproq olib, ularga sochdi. Toʻrt yuz kofirning koʻzi koʻr boʻldi. Ular bir-birini urib-surib, uydan chiqa boshladilar.
Tong otarda Lut musulmon xotinini tevaga mindirdi. Ikki qizi, tevasi va iti birla Mekoil farishta ularni oʻn yigʻochlik yerga eltib qoʻydi. Jabroilga yorliq boʻldi, bir kichik qanotini yoydi. Lut qanotlarining ustiga chiqdi. Jabroil farishta Lut qavmi istiqomat qilayotgan yetti shaharni osmonga koʻtarib, soʻngra toʻntarib qoʻydi. Ularning har birida yuz ming kishi yashardi. Tovuqlarining, hayvonotlarining faryodi falakka yetdi. Koʻk larzaga kelgandek qattiq un qildi. Osiylarning tovuqlari, yilqilari, qora mollari Mavlo yorligʻi bilan toʻntarilgan yerning ostidan chiqdilar. Ollohdan farmon keldi. Jabroilga tepgin deb. Jabroil tepdi. Toshlar odamlarning ustiga zarb bilan tusha boshladi. Birinchi tosh Lut yalavochning kofir xotini Voilaning boshiga tushdi. Doʻzaxga endi. Xitob keldi:
– Ey, Jabroil bu yerni toʻntargan senmisan yo menmi?
Jabroil sajda qildi: Ilohiy, tavba qildim. Jinoyatkor qavm bitta ham qolmay halok boʻldi. Ularning diyorlari toʻntarilib, shoʻr suvli koʻlga aylandi.
Ulamolarning naql qilishlaricha, hozirgi Oʻlik dengiz Lut qavmi yashagan diyor oʻrnida paydo boʻlgan. Ha, Allohning amrini inkor qilish, gunoh ishlarni sodir etishning oqibati shunday boʻladi. Aqllilar bundan ibrat olishi shart. Shuning uchun ham ushbu qissalar Qurʼonda zikr qilinadi. Boʻlib oʻtgan voqealar, ular qalamga olingan qissa va hadislar hamma uchun oʻrnak, eslatma, toʻgʻri yoʻlga daʼvat boʻlishi lozim. Ularni ibrat qulogʻi bilan eshitib, ezgulikni qalbga sindirmoq lozim. Osiylarni – gunohkorlarni jazolashdan maqsad Ollohning sinov va siylovlaridan oʻtishda oʻziga xulosa chiqarib olishdir (R.Z.,N.S.).