Maʼnaviy ganjina -Zahriddin Muhammad Bobur tavalludining 535 yilligiga

0
853
marta koʻrilgan.

         Yangi yoʻl, yangi poyezd. Qamchiq dovonida bunyod etilgan temir yoʻl orqali poʻlat karvonda, goʻzal togʻ manzaralaridan bahramand boʻlib soʻlim vodiyga borishni, goʻzallikni koʻrishni har bir yurtdoshimiz qatori men ham ishtiyoqida edim. Bir yil avval  Andijonda Zahriddin Muhammad Bobur tavalludining 534 yilligini nishonlanishi umidimga qanot bagʻishladi. Bir guruh ijodkor-u olimlar Andijonga Zahriddin Muhammad Bobur tavalludining 534 yilligini nishonlashga borish uchun Toshkent Andijon poyezdiga chiqdik.

Poyezd ulkan qoyalar oralab yelib boradi. Oppoq qor bilan qoplangan daralar, archazorlar, ulugʻvor daraxtlar hayratingga hayrat, quvonchingga quvonch qoʻshadi. Poyezdga monand yonma-yon ravon  avto magistral yoʻl oʻtgan. Oʻzbekistonning turli rusumdagi mashinalari goʻyo poyezd bilan bellashayotgandek uchib boradi. Ravon yoʻllar, obod qishloqlar, yurtimizda toboro koʻpayib ketayotgan namunali uylardan iborat mahallalar koʻzni quvontiradi.

Vagondagi osoyishta muhit, qulay shart-sharoit safarga maʼno, vujudga orom bagʻishlaydi. Vagon xizmatchilarining xush muomalasi, iltifotidan koʻngil xushnud boʻladi. Elimiz odamlarining maqtaganicha bor ekan. Poyezd ozoda, saranjom sarishta, Oʻtirgʻichlari ham xuddi samolyot kreslolaridek, uni siljitib qulay joylashishingiz, orom olishga moslashtirishingiz mumkin. Faqat samolyot kreslolaridan kengroq va oyogʻingiz shishib ketmasligi uchun uni biroz koʻtarib oʻtirishning ham imkoniyati mavjud. Bu ayniqsa keksa odamlar uchun juda qulay. Stolga bugun chop etilgan, hali boʻyoq hidi ketib ulgirmagan gazetalar qoʻyilgan. Odamlarning xavfsizligini nazorat qilib borish maqsadida har bir vagonga militsiya xodimlari-qoʻriqchilar belgilangan. Vagon xizmatchilari ham qoʻli koʻksida boʻlgan yigit- qizlar vodiycha mulozamat va halmligi bilan dilingizni xushnid etishadi. Aynan shu xususiyatlari borligi uchun ham mudom samolyotda yurardim. Bu safar bugungi poyezdlar ham chakki emas ekan deb qoʻydim. Yon oʻrindiqda hayotning achchiq-chuchugini tatigan nuroniy onaxon kumush marjon taqqan daraxtlarni, qor qoplagan atrof-olamni kuzatib borayotib, beixtiyor soʻz ochadi:

  • Avvallari bunday quyuq qor yoqqanda davondan oʻtib boʻlarmidi?! Yaratganga shukr, vatanimiz erishgan shunday yutuqlarni, ajib-davru davronni koʻrdik… Bir paytlar bu dovondan oshib oʻtish amri-mahol edi. Yoʻlni qor bosib, kunlab sovuqda qolib ketgan kezlarimiz boʻlgan.
  •  Poyezd oʻrindigʻining qulayligini aytmaysizmi, bemalol chordona qurib oʻtirsa boʻladi. – uning soʻziga javob qaytardi yonidagi otaxon.

Xushroʻygina vagon xizmatchisi keksa yoʻlovchilarning suhbatini boʻlib qoʻyganidan xijolat tortib, iltifot bilan “chanqoqbosdi” uchun ichimlik taklif qildi:

– Men koʻp choy ichaman, qizim, ogʻrinmaysizda, – dedi onaxon jilmayib.

  • Buvijon, sizdek duogoʻy bobo-buvilarga xizmat qilib horimaymiz, bemalol aytavering, hali zamon issiq ovqat ham beraman – qizning yuzida samimiy tabassum yugurdi…

Kim televizor koʻryapti, kimdir kitob oʻqiyapti. Kimdir shaxmat-shashka oʻynayapti. Kimdir koʻzini yumib orom olyapti. Vagonni osoyishtalik, yoʻlovchilarini doʻstona kayfiyat, oʻzaro samimiyat choʻlgʻab olgan.

Albatta, bu yangi yoʻnalishda yangi poyezdlarning va undagi qulayliklar-u namunali xizmat koʻrsatishning samarali yoʻlga qoʻyilgani, bir soʻz bilan aytganda Mustaqil Oʻzbekiston sharofati edi.

  Andijon.  Andijonliklar azal-azaldan ziyoga intiluvchan, mutolaani xush koʻruvchi kishilardir. Oʻqish-oʻrganish, intilish bor joyda maʼnaviyat, maʼrifat, pirovardida, yuksalish boʻladi. Ayni shu salohiyat tufayli mustaqillikning oʻtgan yigirma olti yilida viloyatda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish boʻyicha oʻziga xos tajriba toʻplandi. Avtomobil zavodi, koʻplab qoʻshma korxonalar ishga tushdi. Oʻziga xos arxitektura asosida bunyod etilgan muhtasham inshootlar, obod koʻchalar, mahallalarni aytmaysizmi?!

  Barcha viloyatlar qatori rivojlanish va ravnaq yoʻliga kirgan  Andijonda obodlik kundan kunga oshib, mehnat zavqu-safosi dillarni xursand qilmoqda. Viloyatdagi xayrli ishlarni birgina Bobur nomidagi jamoat fondi misolida ham koʻrish mumkin.

   Bobur nomidagi fond. Bugun mamlakatimizda olti mingdan ziyod nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritayotgan boʻlsa, ular orasida davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlab, yurt tinchligi, el farovonligi, xalqlar doʻstligi, qadimiy goʻzal qadriyatlarimizni tiklash yoʻlida munosib mehnat qilayotgan, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, geologiya fanlari nomzodi Zokirjon Mashrabov yetakchiligidagi tashkilotning ham alohida oʻrini bor.

Poyezddan tushganimizda, Bobur nomli xayriya fondi deb yozilgan mashina bizni kutib oldi. Tashkilotga qarashli mehmonxonaga elitib qoʻydi. Moʻjazgina mehmonxona uning hovlisi, oshxonasi shoir, hukmdor va mohir sarkarda Bobur tavalludining 534 yilligi munosabati sharafiga gullar bilan bezatilgan.  Allomaning siyrati va suvratini ifodalaovchi shiorlar bayramona kayfiyat bagʻishlaydi.

Afgʻoniston, Toshkent, Fargʻona, Namangan, Qoraqalpogʻistondan bir guruh mehmonlar  tashrif buyurgan. Tashkilot faoliyatining koʻlami keng ekanini, uning qoshida bunyod etilgan Bobur muzeyi, kutubxona, “Boburnoma” asarida tilga olingan oʻsimliklardan iborat Chorbogʻ misolida koʻrish mumkin. Tashkilot turli xayriya tadbirlari uyushtirish, shoir merosini Oʻzbekiston va jahon olimlari bilan birgalikda chuqur oʻrganish, asarlarini jahonning turli tillariga tarjima qilish, chop etish kabi ezgu ishlarga homiylik qilib kelmoqda. Shu bilan birga, yurtimizdan yetishib chiqqan, jahon taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan buyuk zotlar merosini oʻrganish, targʻib qilish, xalqaro ekspeditsiyalar uyushtirish kabi xayrli ishlarga bosh-qosh boʻlmoqda.

 Andijon shahridagi 300 gektarlik “Bobur bogʻi”ni obodonlashtirish, ushbu maskanni aholining madaniy -maʼrifiy dam olish va koʻngil ochar goʻshasiga aylantirish, tadbirlar uyushtirish saʼy -harakatlari ham tahsinga loyiq.

  Boburga atalgan gullar. Andijon shahrining markaziy maydoni! Tadbir Zahriddin Muhammad Boburning haykali poyiga gulchambarlar, guldastalar qoʻyish marosimidan boshlandi. Maydonga minglab kishilar yigʻilgan. Ketma-ket gapirishayapti. Men ot ustida mardonovor oʻtirgan siyratni mehr bilan kuzataman. Uning bir qoʻli oʻzbekona tarzda koʻksida, ikkinchi qoʻli qilichining sopida. Sallasining old qismida parqu, orqa tomonida sallaning uchi uchib  shamolda pirpirab turibdi. Uning magʻrur va shiddatli qiyofasi, koʻksini shamol-u dovullarga tutgan insonning namunali hayotini ifodalab turibdi. Uni diqqat bilan kuzatayotganimni koʻrib,  Dilorom Yormatova ushbu haykal yaratilishining tashabbuskori va homiysi ham Zokirjon Mashrabov boshliq fond boʻlganligini taʼkidladi.

  Turli tashkilotlardan poyiga qoʻyilgan savatdagi gulchambarlar oʻn toʻqqizta boʻlibdi. U Andijonni tark qilganida ayni shu navqiron yoshda edi. Bu tasodifmikan!  Aslida u hayotining eng navqiron davrlarini oʻzga yurtlarda oʻtkazgan boʻlsada,  kindik qoni toʻkilgan yurtni qoʻmsab, uning dongʻini olamga taratib, oʻzining yurtiga xos anʼanalarni targʻib-tashviq qilib  yashadi.

Qabri ona yurtiga yaqin boʻlishini istab, jismini oʻz imperiyasining bir hududi boʻlgan Qobulga qoʻyilishini vasiyat qilgan. Avvalo uning qabri oʻzi vafot etgan Agrada boʻlgan.  Soʻngra vasiyatiga koʻra Qobulga olib oʻtishgan. Fond esa deyarli besh yuz yil oʻtib, uning ich-ichida qolib ketgan orzusini amalga oshirdi. Qobuldagi maqbarasiga oʻxshash Andijonda ramziy maqbara bunyod etib, u yerga Qobuldagi qabridan keltirilgan hokni sochdi. Fonddan, yurtdan, eldan Boburning ruhlari shod boʻlsin.

  Konferensiya. Buyuk bobokalonimiz Bobur tavalludi munosabati bilan xalqaro konferensiya oʻtkazildi. Tadbir oʻtkaziladigan joy shoir, hukmdor va mohir sarkarda sharafiga gullar bilan bezatilgan. Fond aʼzolari Mamlakatimizning birinchi prezidenti Islom Karimovning “Oʻzlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi” degan soʻzlarini oʻzlariga shior qilib olishgan.

Fondning manzilgohida Bobur nomidagi kutubxona, madaniyat va maʼrifat markazi va muzey mavjud boʻlib, xalqaro ekspeditsiya vaqtida olib kelingan koʻplab qadimiy qoʻlyozmalarning nusxalari saqlanmoqda. Zahriddin Muhammad Bobur tavalludining 534 yilligi va fond tashkil etilganligining 25 yilligiga bagʻishlangan konferensiyada boburshunos olimlar, shoirlar, muxlislar ishtirok etishdi. Tadbirni Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali kirish soʻzi bilan ochdi. Mamlakatimiz  prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Andijon ahli bilan boʻlgan uchrashuvda  Bobur haqida aytgan fikrlari ekran orqali namoyish qilindi.

Oʻsha uchrashuvda Prezidentimiz shoir shaxsi haqida gapirib, uning nomi bilan ataluvchi bogʻni yanada soʻlim goʻshaga aylantirish, Bobur ijodi va faoliyatiga oid xalqaro konferensiyalar uyushtirish lozimligi xususida alohida koʻrsatmalar berdi.

Zokirjon Mashrabov anʼanaga koʻra oʻtgan bir yil ichida fond tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida yigʻilganlarga maʼlumot berdi. Shuningdek, fondning tashkil etilishi, xalqaro ekspeditsiya faoliyatiga yigirma besh yil toʻlishi  munosabati bilan oʻtgan chorak asrda bosib oʻtilgan yoʻlga ham nazar tashlandi, kelajak rejalari xususida soʻz yuritildi. Jumladan, YUNYeSKO tashkilotiga Andijon shahrining 2500 yilligini tasdiqlash uchun maʼlumotnomalar yuborilgani taʼkidlandi.

Hisobotni tinglab, fond amalga oshirayotgan ishlar nihoyatda keng qamrovli va tahsinga sazovorligini his qildim.  Soʻngra Boburshunos olimlar bir-bir soʻzga chiqishdi. Shoir asaridan namunalar hamda Boburga atalgan zamondosh shoirlarimizning sheʼrlari yangradi.

Ularga quloq tutib zalni kuzataman. Majlislar zalining toʻrida Amir Temur va  Bobur hayoti va faoliyati aks etgan ikkita rangli ponno turibdi. Tasvirning birida  Amir Temurning Ispaniya elchisi Klavixoni qabul qilayotgan soatlari aks ettirilgan. Uch zinopoya orqali shohsupaga chiqiladi. Supaning orqa tomoni milliy bezaklar bilan jilolangan. Shoxsupa ustidagi mahobatli taxtda hukmdor nevarasi bilan oʻtiribdi. Sakkiz yoshlar chamasidagi shoxzodaning sallasida tovusdan ikkita parqu. Yon atrofida vazirlar, yasavullar, mirzolar ifodalangan.. Taxt roʻparasida turli mamlakat elchilari tasvirlangan boʻlib, ulardan biri Klavixo tavoze bilan hujjatnoma uzatayapti.

Ikkinchi rangli tasvirda Boburning xalqni qabul qilish manzaralari, ular bilan muloqot davri aks etgan. Ikkala suvratning chor atrofi sharqona naqshlar bilan bezatilgan.

Albatta bu manzaralar yigʻilish qatnashchilariga koʻtarinki kayfiyat bagʻishlaydi. Beixtiyor shoir, mohir sarkarda va shoh Boburning faoliyatini koʻz oldingizda namoyon qilish bilan birga Amir Temurning nevarasi ekanligi haqida ham maʼlumot beradi.

 Konferensiyada afgʻonistonlik olim Azimullo Orol soʻzga chiqib, Bobur sarkarda, shoh, shoir boʻlish bilan birga, oʻsimlikshunoslikka, tabiatni asrashga, millatlarning urf-odatlarini oʻrganishga, tarixni bilishga munosib hissa qoʻshganligi, jumladan, “Boburnoma” asarida lolaning 18 turi borligini tilga olgani, bugungi kunda undan oʻn turi fanga maʼlum ekanligini taʼkidladi. Fond tomonidan tashkil etilgan xalqaro ekspeditsiya aʼzolari shoir izidan borib, Afgʻonistonda muqim makon topgan koʻplab buyuk insonlarning qabrini tiklashdek, ulugʻvor ishlarni amalga oshirganligini faxr bilan tilga oldi.

Konferensiya oxirida Z.Mashrabov boburshunoslik sohasida munosib saʼy-harakatlarni amalga oshirgan kishilarni, olim-u ijodkorlarni fond nomidan ragʻbatlantirdi. Shuningdek, hozirgacha xalqaro Bobur mukofoti bilan oʻttizga yaqin jahon va yurtimiz olimlari taqdirlandi.       

Bobur mongolmi?  Jahon adabiyotida Bobur mongol millatiga mansub deb tilga olinadi. Hindistonga, Yevropaga borgan oʻzbeklar bu adashuvlarni eshitganida ajablanishadi. Zokirjon Mashrabov ana shu qarashlarni  Oʻzbekiston hukumati va olimlar bilan birga oʻzgartirishga intilayapti. Oʻtgan yili Hindistonda “Chingizxon va Amir Temur” nomli konferensiya boʻlib oʻtdi. Zokirjon Mashrabov xalqaro konferensiyada chiqib Bobur mongol emasligini isbotlab berdi. Shuningdek, Bobur Andijonda tugʻilganligi, taxtga oʻn ikki yoshida oʻtirganligi, “Boburnoma” asari qadimiy turkiyda yozilganligi ham buni isbotlab turganligini taʼkidladi. Shundan keyin mongol olimlari bu masalani oʻrgangani yurtimizga kelganligi aytildi. Tarixiy haqiqat qaror topib, oʻtmishdagi chalkashliklar barham topishiga fond munosib hissa qoʻshib kelyapti.

  Boburni oʻrganish. Fond shoir va tarixnavis Bobur asarlarini izlab topish va yurtiga qaytarish uchun Hindiston, Eron, Afgʻoniston, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Qozoqiston kabi koʻplab mamlakatlarga 25ga yaqin xalqaro ekspeditsiyalar uyushtirdi. Samarali natijalarga erishdi. Bobur va boburiylarga oid toʻrt yuzdan ortiq kitob, albom, asarlarning qoʻl yozma nusxalarini va hatto toshbitiklarni keltirib, Bobur bogʻidagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyiga tpshirdilar. Ularning koʻpchiligi ilmiy oʻrganilmoqda. Fondning moddiy va maʼnaviy koʻmagida ellikdan ortiq mumtoz adabiyotlar ona tilimizga tarjima qilinib chop etildi.  Ular asosida  uch marta Bobur va boburiylar bibliografiyasi tuzildi va chop etildi. Eng yirik ishlardan yana biri Rossiya Fanlar akademiyasining Turkologiya instituti bin hamkorlikda Moskvada chop etilgan “Zaxriddin Muxammad Bobur. Boburidiʼ. Bibliografiya” asaridir. Unda 6684 ta maqola, esse, ilmiy va badiiy asarlar roʻyxati sharhi  bilan keltirilgan.

Oʻtgan yigirma besh yilda tarixshunos olima va xonzoda, Boburning singlisi Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asari fors tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilinib, chop etildi va yilning eng mashhur asari nomiga sazovor boʻldi. “Boburnoma”ning qomusiy lugʻati yaratildi. Arab tilida soʻzlashadigan yigirma ikki mamlakatga rus olimasi tahlilidagi “Boburnoma” asari oʻz tilida yetkazildi. Shuningdek, matematika fanlari doktori Abdulla Aʼzam muharrirligida “Zahriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” ikki marta nashr qilindi. Shuningdek, Boburiylar yaratgan asarlarning bibliografiyasi ingliz tilida chop etildi. Undan 150 ta nusxa keltirilib, yurtimizdagi barcha oliy oʻquv yurtlariga, kutubxonalarga tarqatildi.

Boburning xolavachchasi Haydar Rashidiyning “Tarixiy Rashidiy ” asari  oʻzbek tiliga oʻgirilib, chop etildi. Shuningdek, Alisher Navoiyning 14 jildli kitobi 14 tilda chop etilyapti. Bu ishni amalga oshirish 10 yilga moʻljallangan. Uning dastlabki jildlari konferensiyada koʻrsatildi.

Fond shu yil may oyida jahon olimlarini jamlab, “Jahon madaniyatida Boburiylar sulolasining tutgan oʻrni” degan mavzuda xalqaro konferensiya oʻtkazishni rejashtirishmoqda.

Indoneziya, Gonkong, Malayziyada Bobur hayoti va ijodini targʻib-tashviq qilish masalasida elchixona bilan kelishib olindi.  “Boburnoma” asarida 18 yil mujassamlashgan. Albatta,  buning qolgan qismi ham boʻlishi kerak degan mulohaza bor. Shuningdek,  tarixiy manbalarda Boburning “Musiqa sirlari” kitobi mavjudligi yozilgan boʻlib, hamon u topilmaganligi ham taʼkidladi Oʻzbekistondagi barcha kutubxonalar oʻrganilib chiqildi. U qayerda?! Shu savolga javob topish kerak degan fikrlar ham taʼkidladi. hisobotda Zokirjon Mashrabov

Fond raisi “Bobur” vidiofilmidagi tasvirlarda Hindistondagi voqealar Krimda olingani, uni oʻz joyida olish va uch qismli vidio film yaratish kerak degan fikrni ham aytib oʻtdi. Albatta, ular amalga oshirgan ishlar ham va  kelajak uchun rejalar ham bisyor. Fond samarali faoliyat olib borayotganini xorijlik boburshunos olimlarning fikri ham ifodalab turibdi.  Bobur hayoti va ijodiga bagʻishlangan 2013 yil Toshkentda oʻtkazilgan xalqaro anjumanda jahonning mashhur boburshunoslari yaponiyalik Eyji Mano, germaniyalik Klaus Shoniglar X1X asrda Gʻarbiy Yevropada shakllana boshlagan Boburshunoslik ilmi Oʻzbekistonga koʻchganligini, Oʻzbekistonda boburshunoslik markazi paydo boʻlganligini mamnuniyat bilan eʼtirof etdilar.

Buyuk zotlar izidan. Tashkilot aʼzolari buyuk ajdodlarimizning qabrlarini izlab topish, aniqlashtirish bilan birga, qarovsiz qabrlarni tiklash, atrofini obodonlashtirishdek savobli ishlar bilan ham shugʻullanishyapti. Alisher Navoiy, Abu Rayxon Beruniy, Boboraxim Mashrab, Lutfiy, Ali Qushchi,  Al Xorazmiy(Bogʻdodda),  Haydar Rashidiy(Kashmirda), rassom Behzod kabi  koʻplab allamolarimizning boqiy olamga muqim qoʻnim topgan joylarini aniqlashtirishdi.

Qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, olima va yozuvchi Dilorom Yormatova shunday deydi: – Bir kuni tunda telefonim jiringlab qoldi. Xorijdan Zokirjon Mashrabov ekan.  Ular  Qoʻqon xoni Xudoyorni qabrini topishganini, unga marmartosh qoʻyish uchun tavalludi va vafotini aniq aytib yuborishni tegishli mutaxassislardan soʻrab aniqlashtirishni iltimos qildi va ularning telefonlarini berdi. Bu Xudoyorxon qabrini topish va obodonlashtirishdagi dastlabki qadamlar edi. Aytgan olimlarini topib, maʼlumotni aniqlashtirib tursam yana telefon jiringlab qoldi. Zokirjon aka ana shunday tezkorlik va masʼuliyat bilan ishlaydi.

Shuningdek, fond raisi Abu Rayxon Beruniy xokini Vatanimizga keltirib, uning tugʻilgan yurti Beruniyga topshirdi. Ushbu saʼy harakatlari uchun “Qoraqalpoqiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoniga sazovor boʻldi.

Ibrat guli. Oʻtgan yili nurotalik sangtarosh yordamida Kobuldagi Alisher Navoiy, Lutfiy, Behzod, Qoʻqon xoni Xudoyorxon qabriga marmartosh qoʻyilib, atrofi obodonlashtirilib, 2150 ta koʻchat ekildi. U yerda goʻzal bogʻ barpo etilib, bu xayrli ishga mahalliy aholi vakillari ham jalb qilindi.Oʻn besh-yigirma kishi vaqtinchalik ish bilan taʼminlandi. Afgʻoniston hukumati vakillari bu saʼy-harakatlarni koʻrib, “Oʻzbekiston Afgʻoniston uchun ibrat gulini, maʼnaviyat nurini sochib ketyapti” deya oʻz minnatdorligini  bildirdilar. 

Keng qamrovli ijodiy faoliyat. Dilorom Yormatova issiqsevar oʻsimlik zaytunni Oʻzbekiston tuproqiga, iqlimiga, umuman sharoitga moslashtirib koʻpaytirish fikrini koʻtarib chiqdi. Buning uchun Oʻzbekiston hukumatidan loyiha ham oldi. Avvalo, Surxondaryodagi fermer xoʻjaligida oʻstirib koʻrdi. Bir qishdan chiqqandan keyin ushbu xoʻjalikka borsa, novdalari kesib olingan, zaytun daraxtlari faqat tayoq boʻlib qolgan ekan. Nima boʻldi, deb fermerdan soʻrasa, odamlar nihol soʻrab kelishgandi boʻlib berib yubordik deya javob bergan. Olima ilmning qadriga yetadigan odamlarni izlay boshladi. Zokirjon Mashrabovni ana shu munosabat bilan yoʻqlab bordi, uchrashib fikrini tushuntirdi.

– Menga Boburning «Boburnoma» asaridan zaytun haqidagi fikrlarini va zaytun oʻstirish haqidagi olimlarning kitoblarini olib keling,– dedi fond raisi.

Olima arxiv titkilab, zarur maʼlumotlarni turli xil olimlarning kitoblarini topib, olib bordi. Shunday qilib zaytunni ekishni boshlab yuborishdi.

– Hamkorligimiz yomon boʻlmadi. Yuring oʻz koʻzingiz bilan koʻring,– deya meni bogʻ sari boshladi Dilorom opa.

Men Bobur bogʻida gurkirab oʻsib turgan zaytun daraxtlarini kuzatib, hayratlandim. Dunyoning turli burchaklaridan keltirilgan zaytunlar qishi qattiq  yurtimizda ham bargini toʻkmasdan mana men deb turardi. “Daraxt nixollari uch qishni koʻrdi, yurtimiz iqlimiga, tuproqiga oʻrganishdi”, deya xursand boʻladi Dilorom opa. Olima yuzlab zaytunni kuzatib, bargini siypalab, oʻz farzandining kamolini koʻrgan onadek xursand boʻlardi. “Bularga alohida parvarish kerak. Shuning uchun Zokirjon aka zaytunlarga qaraydigan dehqonlarni ajratgan. Men ularga  parvarishlashni oʻrgatib, ishlarini kuzatib boraman. Ilmning qadrini hamma ham bilavermaydi, shuning uchun ham u kishiga hurmatim baland”– deydi Dilorom Yormatova.

Issiqxonada oʻstirilayotgan zaytunlar bilan tashqaridagi zaytunlarni solishtiramiz. Plenka ostidagilari uch yilda juda balandlab ketgan. Shundan ham ularning issiqsevar ekanliklarini bilish mumkin. “Biroq, tashqaridagilari ham tutib ketdi. Barglarini ushlab koʻring. Issiq oʻlkalarda bular archalardek yozin-qishin bargini toʻkmaydi, Bizda ham shunday turibdi. Shoxchalarining uchini qayirib koʻring, u ingraydi, chunki tirik”–deydi fikrimni uqqanday Dilorom opa.

Men ham Dilorom opa avaylab ushlaganidek ushlab koʻraman. Fond faoliyati juda keng qamrovli ekanligiga tan beraman. Beixtiyor Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasining raisi Muhammad Alining tantanani ochayotganida aytgan soʻzlarini eslayman. ”Kishida isʼtedod-u yurtga mehr-muhabbat boʻlsa, elga nafi tegadigan koʻp ish qilishi mumkinligini Zokirjon aka misolida koʻrib turibmiz”. Darhaqiqat,  bu  aynan Zokirjon Mashrabov uchun  oʻz oʻrnida  topib, aytilgan soʻz edi.

( Ushbu maqola «Sogʻlom avlod» gazetasida 2017 yil 9-sonida qisman chop etilgan)     

Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist     

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.