Mehribon TILLAYEVA:Taqdir chorrahalarida

0
430
marta koʻrilgan.
 Raʼno ismini bolaligimdan beri yaxshi koʻraman. Balki “Mehrobdan chayon” romanidagi Raʼno obrazi yoqib qolgani uchundir. Bilmadim, bu ismda qandaydir sehr, joziba borga oʻxshab tuyuladi menga. Yana qizigʻi shundaki, hayot yoʻllarimda juda koʻp Raʼnolarni uchratdim, bari koʻnglimga oʻtirishdi, barida goʻzal fazilatlarni koʻrdim. Talabaligimning ilk kunida shahrisabzlik Raʼno ismli qiz bilan tanishib, ajralmas dugona boʻlib qoldik, hozir oramizda masofa uzoq boʻlsa-da hislarimiz oʻsha oʻsha, bir- birimizni sogʻinib yoʻqlab turamiz. Keyinchalik yana ismi jismiga mos boʻlgan Raʼnolar bilan tanishdim.
Hozir eslayotganim, ushbu esseni yozishimga sababchi boʻlgan inson mendan yoshi ancha katta boʻlgan andijonlik Raʼno opamdir.      Raʼno opam asli xorazmlik, taqdir taqozosi bilan Andijonga kelin boʻlib ketgan. U kishini tanimasimdan oldin qoʻlimga sheʼrlari kelib tushgan. Toʻgʻrirogʻi tanishlarimdan biri “bu sheʼrlarni oʻqib koʻring, sizga albatta yoqadi” deb berib ketgandi. Samimiyatga  yoʻgʻrilgan misralar, Xorazm haqida sogʻinch bilan  yozgan  satrlari yuragimni jizillatdi. Bu ayolni izlay boshladim. Qarangki, koʻngillar bir- birini izlaydi, koʻngil sezadi degan gaplar rost ekanmi, kutilmaganda tahririyatimizga chiroyli ayol kirib keldi. Siyrati suvratiga monandligi bois, darrov “el” boʻlib ketdik.
U tumanimizdagi Qotogʻon qishlogʻida tugʻilib oʻsganligi, turmush oʻrtogʻi Muxtor Sotiboldiyev  tibbiyot institutini tamomlab, oʻz yurti Andijonga emas, Qoʻshkoʻpirga ishga yuborilganligi, bir -birlariga koʻngil qoʻyib turmush qurishgani Buloqboshi tumanida istiqomat qilishlari haqida gapirib berdi. Soʻzlari orasida oʻz yurtini, odamlarini juda sogʻinganini tez — tez takrorladi. Ijod namunalari jamlangan kitobni hadya qildi. U “Xorazm sogʻinchi” deb nomlanardi. Nari- beri yarim soatlik tanishuvdan soʻng eng yaqin qarindoshlar kabi xayrlashdik. Shu- shu Raʼno opam bilan oʻzaro telefon va xatlar orqali muloqotlarimiz boshlanib ketdi.
Oradan yillar oʻtdi. Xonamdagi telefon jiringladi. Qoʻlimga oldim-u tanish va dilga yaqin ovozni eshitib quvonib ketdim. Salom -alikdan soʻng “Men yurtimga keldim, keling bir koʻrishaylik” degan soʻzlarni aytdi, men andijonlik opamning istiqboliga shoshildim. Axir dunyoda mehrdan goʻzal nima bor! “Milliy tiklanish” DP tuman Kengashi raisi shogirdim Shahnozaxonga ham ezgulikni ilindim. “Yur seni bir ijodkor, shoira opa bilan tanishtiraman” deb aytdim va birgalikda uchrashuvga keldik.
 Olamda diydordan shirin nima bor?  Uning taʼrifiga til ojiz, ayniqsa uzoq yillar koʻngilga yaqin odam bilan koʻrisholmay yurib, uchrashgandagi holatni tasvirlash qiyin.
– Ikki kun boʻldi kelganimga,-dedi shoira opamiz, sizni, Shahnozaga bir qarab qoʻydi-da. sizlarni koʻrmasdan ketolmasdim, oʻzi birravga kelgandik. Avvalgiday emasman, yoshim ham saksonga yaqinlashib qoldi, ehhe, umr oqar suvdek oʻtib ketdi-ya. Yurtimni, yaqinlarimni, sizlarni sogʻinib keldim. Rahmatlik Muxtor akam ham Xorazmni yaxshi koʻrardilar, “odamlari begʻubor, koʻngillarida gard yoʻq” deyardilar. U kishi olamdan oʻtgach, koʻnglim huvillab qoldi.  Butunlay bu yerga koʻchib kelay deyman-u, u yoqda boalarim nabiralarim, meni Andijonga bogʻlagan rishtalar bor. Kelolmayman.
     Opa bilan suhbatlashar ekanmiz, yoshi saksonga borgan boʻlsa-da uning sergʻayratligiga qoyil qolib oʻtirdik. Alloh tomonidan siylab berilgan umrni har kim turlicha yasharkan. Opa hayotini bezab yashab kelyapti. Uzoq yillar Buloqboshi tuman hokimligida ishlagan, gazetaga muharrirlik qilgan, pensiyaga chiqqanidan soʻng esa tumandagi maʼnaviyat va targʻibot boʻlimida faoliyat yuritgan, yana bir qancha jamoat ishlari…oila. bola- chaqa tarbiyasi deganday.
 – Hozir ham bekor oʻtirmayman, tumandagi targʻibot tadbirlarida maʼruzalarim bilan qatnashaman, Jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda yoshlar davrasiga kirib borib uchrashuvlarda suhbatlar uyushtiraman, -deb qoʻyadi opamiz oʻzaro gurung orasida.  Umr degani oʻtib ketayapti, odamdan bir iz qolishi kerak-da axir. Bir tanishimni bilaman, umri oʻtib boryapti, biror hunar oʻrgangan emas, Farzandlari katta boʻlib qolgan. Umri faqat toʻrt devor orasida oʻtayapti. Toʻgʻri, toʻy- tomoshalarga borib turadi. Lekin inson bunday bekorchi boʻlib yashamasligi kerak. Agar uchrashib, suhbatlashib qolgudek boʻlsangiz, hayotdan noliy boshlaydi. Noshukurlik emasmi bu deb qoʻyaman. Umrida biron kitob ham oʻqimagan. Shunaqa ham yashash boʻlarkan-da.
Suhbatimiz uzoq davom etadi. Haj ziyoratiga borganini eshitgandik, shu haqda soʻrasak,  “ha Allohga beadad shukur, nasibamizda bor ekan”deb qoʻydi. Beixtiyor  Hajga bordim deb oʻzini birovlardan balandroq qoʻyib gapirguvchilar, oʻz ismini unutib Hojibobo yoxud Hojiona nomi bilan yashayotganlar  xayolimdan oʻtdi. Umrida biron savob ishga qoʻl urmasdan, dilozorlik bilan yashab yurganlar Haj ziyoratini ado etsalar-da, musulmon boʻlib qolarmidilar?  Ha, endi bu boshqa gap…
 Bizning Raʼno opamiz esa yonib- joʻshib kitoblar chop qildirgani, har yili oʻzlari yashayotgan hududga yaqin boʻlgan harbiy qismga borib askarlar bilan suhbatlar oʻtkazib ularning holidan xabar olib turishi, sheʼrlar oʻqib yoshlarning kayfiyatini koʻtargani haqida hikoya qilardi. Faqat har gal qay mavzuni tilga olmasin, oxirida “Xorazm baribir yaxshi-da, xorazmliklarni yaxshi koʻraman, qanday yaxshi insonlar yashaydi bu yurtda” deb qoʻyadi. Bolaligida ota — onasidan olgan tarbiyasi, ustozlarining saboqlari bois yot elga kelin boʻlib borsa-da oʻrnini topganini taʼkidlaydi.
  Vaqt oʻtib borar, uchrashuvimiz ham adogʻiga yetib qoldi. Shahnoza bu suhbatlardan ancha bahra olgani sezilib turar, uning qiyofasiga boqib mamnunligini sezdim. Opa ham oʻz navbatida shunday yosh, ijodkor qiz bilan tanishganidan xursand boʻldi. Yoshlar bizning kelajagimiz deb taʼkidladi. Sogʻinch bilan diydorlashgan edik, yana shu alfozda xayrlashdik. Raʼno opam bizga oʻzgacha ruh bagʻishladi.    
“Oʻzi Raʼno ismlilar boshqacha boʻladimi, deya yana xayolga berildim. Toshkentda istiqomat qiluvchi jurnalist opam Raʼno Zaripovani ham beixtiyor esladim. Bir qancha kitoblar muallifi, “Qisai Rabgʻuziy”ni eski turkiy tildan zamonaviy oʻzbekchaga tarjima qilgan opam. U ham Xorazmni juda sevadi. Gap ismdami, balki qalbdadir.
     Xayrlashdik, Xorazmni sogʻingan Raʼno opamning koʻngli biroz taskin topgandek boʻldi, nazarimizda. U sogʻinib keldi va sogʻinib Andijonga ketyapti, yana yuragida sogʻinch bilan yashaydi. Oʻzi tugʻilib oʻsgan makonga boʻlgan mehri qon- qoni va jon- joniga singib ketgan. Shoira opamiz bizga oʻsha mehrni ulashgandek, atrofimizga nazar solib yashashga, umrni behuda oʻtkazmaslikka chorlab ketgandek tuyuldi goʻyo. Biz ham saksonga kiramizmi, saksonga kirganimizda ham xuddi Raʼno opamdek yonib turishga kuch topolamizmi? Buni endi Alloh biladi, lekin yonib yashaydigan, yurtini yuragidan sevadigan insonlar bor ekan, biz ulardan ruh va dalda olaveramiz. Xorazmga yana keling Raʼno opa!
Mehribon TILLAYEVA,  “Hayot koʻzgusi” gazetasi muharriri
 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.