MOʻMINLIK ShARAFIGA Qurʼoni karimning Tavba surasi, 112-oyatida taʼkidlanganidek, «Ular tavba qiluvchilar, ibodat qiluvchilar, hamd aytuvchilar, roʻza tutuvchilar, rukuʼ qiluvchilar, sajda qiluvchilar, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarguvchilar, Allohning chegarasida turuvchilardir. Va moʻminlarga xushxabar ber!
Bu oyati karimada moʻmin kishining bir necha sifatlari zikr qilinmoqda, agar ularda bu sifatlar mavjud boʻlsa, moʻminlik sharafiga erishadilar va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam beradigan xushxabarga haqli boʻladilar:
«Tavba qiluvchilar» — bilib-bilmay sodir etgan hamma gunohlaridan tavba qilib qaytadilar. Gunohlarga chin qalbdan afsus-nadomat chekadilar va uni ikkinchi qayta takrorlamaydilar.
«Ibodat qiluvchilar» – Robblariga doimiy ravishda, ixlos bilan ibodat qiladilar, Uning amrlarini bajarib, nahyilaridan qaytadilar.
«Hamd aytuvchilar» – yaʼni Alloh taologa hamdu sano va maqtovlar aytib, shukr qilib yashaydilar.
«Roʻza tutuvchilar» — bu ham moʻmin bandaning eng ulkan sifatlaridandir. Allohning roziligi uchun oʻz ixtiyori bilan yemoq-ichmoq va turli lazzatli hamda shahvatli narsalarni tark etish oliyjanob sifatdir.
«Rukuʼ qiluvchilar, sajda qiluvchilar» – namoz oʻquvchilar, yaxshilab oʻquvchilar. Namoz dinning ustuni boʻladiyu, moʻmin kishining asosiy sifati boʻlmasmidi?
«Yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaruvchilar» – buni shariat tilida amru maʼruf, nahyi munkar deyiladi, yaʼni moʻmin kishi faqat oʻzini oʻylaydigan xudbin shaxs boʻlmaydi. Balki oʻziga yetgan yaxshiliklarning boshqalarga ham yetishini oʻylaydi. Buning uchun amaliy harakat ham qiladi. Chunki Islom dini unga oʻzgalarni yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarishni farz qilgandir.
«Allohning chegarasida turuvchilardir». Dunyodagi har bir yaxshiyu yomon ishni Alloh taolo Oʻz dini orqali bayon qilib, chegaralab koʻrsatib qoʻygandir. Moʻmin inson ana oʻsha chegaralardan chiqmaydi. Alloh taoloning koʻrsatmalariga toʻgʻri amal qilib yashaydi. Ushbu sifatlarga ega boʻlganlar – moʻminlardir.
Ey Paygʻambar: «Va moʻminlarga xushxabar ber!» Mazkur sifatlarni oʻzlarida mujassam qilganlari uchun ular ikki dunyoning saodatiga sazovordirlar.
«Tafsiri Hilol» kitobidan.
Aziz yurtdoshlar, roʻza ayyomingiz muborak boʻlsin. Yurtimizni, xonadonlarimizni ezguliklar choʻlgʻasin! Alloh har birimizni koronavirus balosidan oʻz panohida asrasin.