Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiy

0
18
marta koʻrilgan.

 Oʻzbekiston adabiyoti  tarixida oʻchmas iz qoldirgan buyuk insonlardan biri – Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiyning bugun tavallud ayyomi(oxirati obod boʻlsin). Boqiy dunyoga oʻtganiga 215 yil toʻldi.

1809 yilda Xiva shahri yaqinidagi Qiyot qishlogʻida mirob oilasida tavallud topgan adib: “Biz Xivada yashovchi yuz toifasidan boʻlgan Amir Eshimbiyning avlodidandirmiz”, – deb yozgandi.

Erniyozbek mirob 1812 yilda vafot qilgandan keyin Olloqulixon Shermuhammad ibn Avazbey mirob oʻgʻli Munisni mamlakatning bosh mirobi qilib tayinlaydi. Munis Ogahiyning amakisi boʻlib, otasi oʻrnida Ogahiyga 1829 yilgacha gʻamxoʻrlik qilgan. Uning bolalik va yoshlik yillari Qiyot qishlogʻida oʻtdi va ulgʻaygach Xivadagi madrasalardan birida tahsil koʻrdi. Arab, fors, turkiy xalqlar adabiyoti, shuningdek klassik musiqa hamda tarix fanini qunt bilan oʻrgandi. Sheʼriyat olamida uning taxallusi Ogahiy boʻlib, lugʻaviy maʼnosi — ogohman-sergakman demakdir. U mohir hattot boʻlib kufiy, rayhoniy, xatti shikasta kabi xatlarni yaxshi bilgan. Xiva xoni Olloqulixonning Xurosonga qilgan safarida vabo kasali tarqalib (1829) amakisi Munis ham vafot etdi. Olloqulixon Ogahiyni Munisni oʻrniga miroblik vazifasiga tayinlaydi.

Ogahiy jahon adabiyoti, madaniyatining nodir durdonalari sanalgan 20 dan ortiq asarlarni oʻzbek tiliga oʻgirib tarjimashunoslik maktabini yaratdi.

Ogahiyning oʻzbek tilida yozilgan “Taʼviz ul-oshiqin” (“Oshiqlar tumori”) devoni mavjud boʻlib, unda shoir yashagan muhitning amaldorlaridan qattiq shikoyat qilib yozgan sheʼrlarini koʻproq uchratamiz. Ogahiy sheʼrlari orasida hukmdorlarga aytilgan qasidalar ham bor. Bu devondan gʻazallar, mustazod, muxammas, musaddaslar oʻrin olgan. Devonda 18 ming misra sheʼr va 83 muxammas jam qilingan boʻlib, uning kirish qismida berilgan maʼlumotlarga koʻra, Ogahiy quyidagi tarixiy kitoblarning muallifi boʻlgan: “Riyoz ud-davla” (“Davlat ishlari”, 1825-1842), “Zubdat ut-tavorix” (“Tarixlar qaymogʻi”, 1846-1855), “Jomye ul-voqeoti Sultoniy” (“Sultonlar voqealari toʻplami”, 1856-1865), “Gulshani davlat” (“Davlat gulshani”, 1865-1872), “Shohidi iqbol” (1872).

Mohir tarjimon sifatida Munis tugallay olmay ketgan Mirxondning “Ravzat us-safo” asarining 2-3 jildlarini, Muhammad Mahdixonning “Nodirnoma” (5 jild), Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Muhammad Yusuf Munshiyning “Tazkirai Muqimxoniy”, Nizomiddin Ahmad Haraviyning “Taboqati Akbarshohiy”, Rizoqulixon Hidoyatning “Ravzat us-safoi Nosiriy” nomli asarlari, Nizomiy Ganjaviyning “Haft paykar”, Saʼdiy Sheroziyning “Guliston”, Husrav Dehlaviyning “Haft Bihisht”, Muhammad Vorisning “Zubdat ul-hikoyat”, Abdurahmon Jomiyning “Yusuf va Zulayho”, “Salomon va Ibsol”, “Bahoriston”, “Xaft avrang” asarlarlari, Badriddin Hiloliyning “Shohu gado”, Vosifiyning “Badoye ul-voqoye” kitoblarini, Kaykovusning falsafa va ahloq masalalariga bagʻishlangan “Qobusnoma” asarini, Husayn Voiz Koshifiyning “Ahloqi Muhsiniy”, Imomiddin Fijduvoniyning “Mifot ut tolibin” kitoblarini fors tilidan oʻzbekchaga mahorat bilan tarjima qilgan. Quyida biz ularni ayrimlari toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtamiz.

“Guliston” Muslihiddin Saʼdiyning 8 bobli asari, ushbu asarda umumbashariy orzular, taʼlimiy-tarbiyaviy hikoyatlar bayon qilingan, asar adib tomonidan 1862-1863 yillarda tarjima qilingan.

“Haft paykar” (“Yetti goʻzal”) — buyuk ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”sining toʻrtinchi dostoni boʻlib, dastonda mardlik, rostgoʻylik, muhabbat, xalq taqdiri, umuman shaxs va jamiyat masalalari Bahrom Goʻr timsolida oʻz aksini topadi. Asar 1865 yilda nasrda tarjima qilingan.

“Ahloqi Muhsiniy” XV asrda Hirotda yashab ijod qilgan allomalardan biri, Alisher Navoiyning doʻsti Kamoliddin Husayn Voiz Koshifiyning maʼrifiy asari. Bu asarda taʼlim-tarbiya, bola tarbiyasida ota-ona, muallimning oʻrni kabi masalalar keng yoritiladi. Asar 1873-1874 yillarda, yaʼni shoir umrining oxirgi yillarida tarjima qilingan.

“Yusuf va Zulayho” — buyuk fors-tojik shoiri va mutafakkiri Abdurahmon Jomiy “Xamsa”sining ikkinchi dostonidir. Bu doston insonni kuylashga bagʻishlangan goʻzal badiiy obidadir. Ogahiy bu asarni 1869 yilda tarjima qilgan.

“Shoh va Gado” — fors-tojik shoiri, Alisher Navoiyning zamondoshi Badriddin Hiloliy dostoni. Ushbu daston fors-tojik adabiyotida “Shoh va Darvesh” nomi ila mashhur. Unda odil podshoh timsoli, insondagi samimiy, chin sevgi tuygʻulari tarannum etiladi. Ogahiy bu asarni 1870 yilda nasrda tarjima qilgan.

“Zubdat ul – hikoyat” (“Hikoyalar sarasi”) — Boburiyzoda Avrangzeb hukmronligi davrida Hindistonda yashagan tarixchi olim Muhammad Vorisning tarixiy — badiiy asari. Ahloqiy-taʼlimiy hikoyalar podshoh Avrangzeb faoliyatiga bogʻliq holda tasvirlanadi.

Kaykovusning “Qobusnoma” (1082 yilda yozilgan) asari sharq xalqlari orasida maʼlum va mashhur asar boʻlib, bu asarni Ogahiy 1860 yilda tarjima qilgan. Asarda otani oʻgʻilga oʻgitlari, xalq maqollari va hikoyatlari, asosan tarixiy voqealar va tarixiy shaxslar toʻgʻrisidagi rivoyatlarga aniq yondashib, Haq Taoloning yagonaligi paygʻambarlar xilxatiga toʻgʻri yondashishga undaydigan bebaho asardir.

Ogahiy tarixga oid asarlar yaratib Munisning bu sohadagi anʼanalarini ham yanada rivojlantirdi va yuksaklikka koʻtardi. Munis va Ogahiy hamkorlikda yozgan “Firdavs-ul iqbol” asari va oʻzining Xorazm tarixiga oid beshta asari faqat oʻzbek xalqining tarixini oʻrganish jihatdan ahamiyatli boʻlib qolmasdan, balki qardosh tojik, qozoq, turkman, qoraqalpoq, rus, eron, afgʻon xalqlarining tarixi, madaniyati, sanʼati, urf-odatlari, psixologiyasi, shu xalqlarning kelib chiqishi, tirikchiligining manbai, qabilalarning tarixini oʻrganishda boy manba boʻlib xizmat qiladi. Shunisi xarakterliki, bu asarlar isteʼdodli shoir, taraqqiyparvar adiblar Munis, Ogahiylar tomonidan yozilganligi sababli ularda xalqlarning tarixi, hayoti, kundalik mashgʻuloti, masjid, madrasalarning qurilishi, turli hil hodisalar bayoni, xalq qoʻzgʻolonlari, urushlar tarixi, buyuk kishilar, olimlar, shoir-yozuvchilar va shu kabi maʼlumotlar proza, poeziyada realistik asosda, toʻgʻri, aniq ifodalab berilgan.

Ogahiy Olloqulixonga bagʻishlab “Riyoz ud-davla” (“Davlat riyozatlari”, 1844) asarini yozgan. Bu asarda Ogahiy oʻzi toʻgʻrisida shunday yozadi. “Yoshlik chogʻlarimda, har tarafdan boshimga balo toshi yogʻdi, hamisha koʻnglimda tinchsizlik va taʼbimda xon hukmi surar edi. Lekin jahondan yetgan har xil alamlarni olimlar va shoirlarning suhbatida boʻlish bilan bir oz tarqatar edim”.

“Zubdat ut-tavorix” 1846 yilda yozilgan boʻlib, Rahimqulixon davriga bagʻishlangan. “Jomeʼ — ul voqeoti Sultoniy” 1856 yilda yozilgan boʻlib, Muhammad Aminxon davriga bagʻishlangan. “Gulshani davlat” 1865 yilda yozilgan boʻlib, Sayid Muhammadxon davriga bagʻishlangan. “Shohidi iqbol” (“Iqbol shohidi”) asar Muhammad Rahimxon soniy davriga bagʻishlangan boʻlib, 1865-1873 yillar voqealarni yozish bilan uzilib qolgan, ayrim sahifalarida suv dogʻlari bor, Qoʻqon qogʻoziga, sarlavhalari qizil siyoh bilan yozilgan, qizil charm muqovada, koʻchiruvchining ismi va yili koʻrsatilmagan, 227 varaq, 14-25 sm oʻlchamda. Asarda faqat Xorazm tarixi emas, Buxoro amirligi va Qoʻqon xonlarini Rossiya bilan olib borgan urushlari, bitimlari va uning oqibatlari mukammal ravishda yoritilgan.

1845 yilda Ogahiy miroblik vazifasi bilan safarda yurganda otdan yiqilib oyogʻi sinadi. Oradan koʻp vaqt oʻtgach, u butunlay yura olmay qoladi. Uzoq vaqt xasatalikni boshdan kechirishi, yolgʻizlik va muhtojlikda yashash shoirning hayotdan erta koʻz yumishiga olib keldi. Ogahiy xonlikda ulkan oʻzgarishlar boʻlayotgan bir vaqtda, 1874 yilda 65 yoshida vafot etdi.

Akademik Gʻ.Gʻulom “Mamlakatimizning boshqa xalqlari kabi, oʻzbek xalqi ham oʻzining asrlar davomida yaratilgan boy, oʻziga xos madaniyatiga ega. Bu yerdan fan, adabiyot va sanʼatning qator ulugʻ arboblari yetishib chiqqanlar. Shuni aytib oʻtish kerakki, keyingi yillarda hech qanday asossiz Lutfiy, Otoyi, Sakkokiy, Bobur, Mashrab, Turdi, Munis, Ogahiy, Feruzlarning ijodi oʻrganilmayotir, biz faqat Navoiy, Muqumiy, Furqat, Zavqiy, Avaz kabi shoirlar ijodini oʻrganish bilan cheklanib qolganmiz” – degan edi. Shundan keyin “Ogahiyshunoslik” fani vujudga keldi, 1958 yilda Xivaga Toshkentdan Subutoy Dolimov (1907-1991) kelgan, u zoʻrgʻa Ogahiy va Munisning qabrini topgan. 1959 yilda Gʻ.Gʻulom, Ibrohim Moʻminov, Qori Niyoziy, Zulfiya, Uygʻun, Ayyomiy, Subutoy Dolimov, Egam Rahim, Quvomiddin Munirov kelgan. Shundan keyin Ogahiy bogʻi, qabri tiklandi va uning 150, 180, 190, 200, 210 yillik toʻylari davlatimiz miqyosida keng nishonlanadi.

Adib qalamiga mansub 26 asardan hozirgi kunda 4 tasi topilganicha yoʻq, uning asarlarining 22 tasidan 16 tasi saqlngan. Jumladan, 6 asari (11 nusxada) Beruniy nomidagi Respublika Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. Sank Peterburgda 10 ta va Dushanba shahrida 8 ta asari mavjud.

Hozirgi kunda adib asarlarining 22 tasi, 72 ta qoʻlyozma nusxada dunyo fondlarida saqlanmoqda. Uning asarlarini birinchi boʻlib Armeni Vamberi Sayid Muhammadxon davrida Xivaga kelgan vaqtida olib ketgan, 1873 yilda A. Kun xon xazinasidan 300 ta nodir kitoblar bilan birga Munis va Ogahiyni asarlarini ham olib ketgan.

Undan keyin V.V.Bartold juda koʻp Markaziy osiyolik tarixchilarni asarlari bilan birga Munis va Ogahiy asarlarini ham oʻrganib oʻzining “Turkiston sugʻorilish tarixi” (S.P. 1914) va “Turkman xalqi tarixidan lavhalar” (L. 1929. kitoblarini yozgan. Undan keyin P.P.Ivanov va A.K.Borokovlar ham oʻzlarining “Oʻrta Osiyo xalqlari tarixidan lavhalar” (1958) va “XIV — XIX asrlarda turkmanlar tarixi” degan asar yozgan.

M.Yoʻldoshev. 1956 yilda “Xiva xonligida feodal yer egaligi va davlat tuzilishi” asarini,  Ya.Gʻulomov 1976 yilda Ogahiy asarlariga suyanib oʻzining “Xorazm sugʻorilish tarixi” asarini yozgan.

Subutoy Dolimov 1962 yilda “Ogahiyning hayoti va ijodiy faoliyati” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi va ijodining mahsuldorligi hamda asarlarining badiiy goʻzalligi nuqtai nazaridan Ogahiy oʻzbek adabiyotining buyuk vakili Alisher Navoiydan keyingi eng zabardast vakili, degan ilmiy xulosaga keldi.

1970 yilda filologiya fanlari doktori Subutoy (Usmonbek) Dolimov va professor Gʻulom Karimov hamkorlikda Ogahiyning 6 jildlik asarlar majmuasini nashrga tayyorlashga kirishib, bu ishni 1980 yilda muvaffaqiyatli tugatdilar. Majmuaning 1-2 jildlari Ogahiyning lirik devoni “Taʼviz ul oshiqin”ni, 3-4 jildlari shoirning tarjima asarlarini, 5-6 jildlari esa Ogahiyning tarixiy asarlarini oʻz ichiga oladi. 1991 yilda Subutoy Dolimov Ogahiy tomonidan tarjima qilingan Kaykovusning “Qobusnoma” asarini tabdil qilib, nashrga tayyorlagan.

Adibning qabri hozirgi kunda amakisi Shermuhammad Munis qabri bilan birgalikda Shayx Mavlon bobo qabristonida  Xiva yaqinidagi Eski Qiyot qishlogʻida joylashgan.

Ogahiy ijodini xalqimiz oʻrtasida keng tarqalishida shoir va dramaturg Komil Avazning xizmatlari katta boʻlib, 1999 yilda shoirning 190 yillik toʻyi respublikmizda koʻtarinki ruhda nishonlandi va Ogahiyning hayoti, ijodiga bagʻishlangan koʻplab risolalar nashr qilindi hamda oʻzi tugʻilgan qishloqda “Ogahiy uy muzeyi” ochildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 20.03.2019 yildagi 238-son  qaroriga binoan Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiy tavalludining 210 yilligi keng  nishonlandi hamda Xiva shahrida Ogahiy nomidagi ijod maktabi tashkil etildi. Endilikda sara tarjima asarlarning mualliflariga Ogahiy nomidagi  davlat mukofoti beriladi.

Koʻplab ijodkorlarga, olim-u adiblarga oʻz asarlari bilan yoʻlchi yulduz boʻlib,  ilhom bagʻshida etgan Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiyning yotgan joylari nurga toʻlsin.

GUJUM.UZ

Cuvratda: Ogahiy nomidagi ijod maktabidan lavha

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.