Tolha ibn Abdurrohman ibn Avf oʻz zamonasida Qurayshning eng saxovatli kishisi edi.
Bir kuni unga xotini: — Sizning birodarlaringizdek pastkash insonlarni koʻrmaganman, — dedi.
— Nima uchun bunday deyapsan?” — soʻradi u.
— Agar siz boyib ketsangiz, ular sizdan ajralishmaydi, agar siz kambagʻal boʻlib qolsangiz, (xabar olib) kelishmaydi — dedi.
— Allohga qasamki, bu ularning mukarram xulq sohiblari ekanidandir. Ularga saxovat koʻrsatishga imkonimiz bor paytda kelishadi, agar ularning haqqini ado qilishdan ojiz boʻlib qolsak, (bizni bezovta qilib, xijolatga qoʻymaslik uchun) kelishmaydi, — deb javob berdi Tolha xotiniga.
Imom Movardiy ushbu qissaga qoʻshimcha qilib shunday deydi:
— Uning oliyjanoblik bilan qilgan taʼvilini qarang! Birodarlarining xunuk ishlaridan yaxshilikni gumon qilyapti, xiyonatlarini esa vafo deb taʼvil qilyapti. Allohga qasamki, bu — sogʻlom qalb egasining foniy dunyoda rohatda, oxiratda esa siylovda ekaniga dalolat qiladi. Bu ham jannatga kirish sabablaridan biridir!!!
Salaf solihlardan biri: “Agar doʻstlarimdan birining soqolidan xamr (yaʼni vino) tomib turganini koʻrsam, unga sepib yuborilgandir, deb oʻylayman”. — degan ekan.
Ulamolar aytadilar: “Allohga qasamki, bandaga oʻzining amalidagi niyatini bilishi qiyinku, qanday qilib u xaloyiqning niyatini bilishga imkon topa oladi?”.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu aytganlar: “Birodaring ogʻzidan chiqqan soʻzdan birorta yaxshilikni gumon qilishga imkoning boʻlsa, u soʻzdan yomonlikni gumon qilmagin!”.
Ibn Siyrin rohmatullohi alayhi aytganlar: “Birodaring haqida biron narsa eshitsang, uning uzrini qidir. Agar unga uzr topa olmasang, “Balki men bilmaydigan uzri bordir” — degin”.
OʻzNNTMA Toshkent shahar hududiy boʻlim boshligʻi Dildora MAVLYANOVA tayyorladi.