MUROD RAXMON ijodidan: ANDIJONGA BOBUR KELGANMISH… (Xayoliy doston)

0
678
marta koʻrilgan.

Zahriddin Muhammad Bobur ulugʻvor ijodi va buyuk saltanatida yaratilgan goʻzalliklari bilan jahon ahlining hamon hayratiga hayrat, quvonchiga quvonch qoʻshib kelmoqda. Ana shu goʻzalliklarni kuzatganimda xalqimizning «yaxshidan nom qoladi» degan hikmati beixtiyor xayolimdan kechaveradi. Yana bir goʻzallik shuki, doʻstlarimiz ijtimoiy tarmoqlar orqali Zahriddin Muhammad Bobur tavalludi munosabati bilan bir-biriga , ayniqsa yosh avlodga alloma haqidagi zguliklarni  ulashaveradi. Quyidagi ajoyib bagʻishlov ham doʻstlarning doʻstlarga ilingan ajoyib sheʼriy satrlaridir. 

Koʻk gumburlab, Oy surilganmish,
Ajib oppoq nur yogʻilganmish.
Yoʻl ochilib, gul sochilganmish,
Shoh tulpori birdan yelganmish…
Andijonga Bobur kelganmish.

─ Salom yurtim, ey aziz halqim! ─
Ona yerga qilibdi taʼzim,─
Kechir, sendan juda koʻp qarzim…─
Koʻzga sogʻinch yoshi toʻlganmish.
Andijonga Bobur kelganmish.

Hamma shohga chiqqandi peshvoz,
Olqish, qutlov, sevinch… ehtiros,
Diydor boʻldi dillarda eʼzoz,
Goʻyo yigit boʻlib qolganmish.
Andijonga Bobur kelganmish.

Shoir uxlab, uyda uygʻondi,
Ota-ona vaslidan qondi…
Bogʻda gullar terib, qalb yondi,
Suluv qizlar oʻrab olganmish.
Andijonga Bobur kelganmish.

Lol qoldi u koʻrib diyorin,
Qumsadi ishq, yoshlik bahorin…
Birga oʻsgan ilk doʻstu yorin –
Topib, gʻoyat xursand boʻlganmish.
Andijonga Bobur kelganmish.

Boshga shunday taqdir bitmasa,
Netardi yov taʼqib etmasa?
Ne boʻlardi shoir ketmasa?!
Ketib, qalbi yurtda qolganmish…
Andijonga Bobur kelganmish.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.