Mustaqil Oʻzbekiston ahli uchun 10 dekabr kuni Davlat gimni qabul qilingan kun sifatida tarixga muhrlangan. Bugun oʻsha kundir!
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashning XI sessiyasida 1992 yili Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan edi. Xuddi shu sessiyada 10 dekabr kuni Mustaqil Respublikamizning Davlat gimni haqidagi Qonun ham tasdiqlandi. Mana shunga oʻttiz bir yil toʻldi.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston xalqiga konstitutsiya kuni munosabati bilan yoʻllagan tabrigida shunday deydi: “ Albatta, bu yilgi bayram ijtimoiy-siyosiy hayotimizda, mamlakatimiz rivojida alohida maʼno-mazmunga ega. Bu, avvalo, shu yil 30 aprelda milliy tariximizda birinchi marta umumxalq referendumi asosida Konstitutsiyamiz yangi tahrirda qabul qilingani bilan bogʻliq, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Hech shubhasiz, tom maʼnoda xalqchil qomus boʻlgan Asosiy qonunimiz Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarimiz ortga qaytmasligining mustahkam huquqiy kafolati boʻlib xizmat qiladi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Oʻzbekistonning besh ustuni, yaʼni suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani qatʼiy belgilab qoʻyildi”.
Mamlakatimiz Prezidenti xalqimizning xohish-irodasiga binoan Asosiy qonunimizda oʻz aksini topgan tamoyillarni toʻliq roʻyobga chiqarish va hayotimizning ajralmas qismiga aylantirish lozimligini taʼkidlab, shu munosabat bilan xalqimiz oldida turgan eng muhim ustuvor vazifalarni yaʼni sakkizta yoʻnalishni belgilab berdilar.
Yettinchi yoʻnalishda “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifiy jamiyat” konsepsiyasi asosida konstitutsiyaviy taʼlim masalasiga ham alohida eʼtibor qaratish, maqsadga muvofiqligini taʼkidladi: “Parlament tomonidan Konstitutsiyani oʻqib-oʻrganish boʻyicha Milliy faoliyat dasturi qabul qilindi. Asosiy qonunimizni oʻrganishni bolalar bogʻchasidan boshlash, barcha darajadagi taʼlim muassasalari, aholining turli qatlamlari, ayniqsa, davlat xizmatchilari ushbu jarayonga toʻliq jalb etilishi lozim. Shuning uchun davlat xizmatiga ishga kirishda Konstitutsiya asoslari boʻyicha imtihonlar oʻtkazish tizimini amalda tatbiq etishimiz zarur”.
Oʻzbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida, gʻoyat ogʻir va murakkab bir sharoitda qabul qilingan Konstitutsiyamiz bergan huquq va imkoniyatlar tufayli el-yurtimizning fidokorona mehnati bilan oʻtgan davrda mamlakatning barcha soha va tarmoqlarida ulkan yutuq va natijalarni qoʻlga kiritildi… Dunyo miqyosida “Yangi Oʻzbekiston” degan ibora paydo boʻlib, Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzi va obroʻ-eʼtibori tobora ortib borayotganligi haqiqat!
Qomusimizning 5-moddasida davlat ramzlari belgilangan. Ulardan biri Davlatimiz madhiyasidir. Bugun Oʻzbekiston madhiyasi qabul qilingan kun! Mutal Burxonov musiqasi, Abdulla Oripov sheʼridan iborat gimn xalqimizning faxriga, gʻururiga aylandi. Zero, milliy timsollar va ramzlarning har biri milliy gʻururimizni, yuksaltirishga xizmat qiladi. Ularning har biri-katta bir darslik, kuchli tarbiya vositasidir. Bu ayni haqiqat! Mamlakatimiz bosh Qomusi va gimni qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashning XI sessiyasida deputat sifatida qatnashgan bolalarimning otasi, Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist Namoz Saʼdullayevning uyga quvonch bilan kirib kelganligini hamon eslayman. U hayajon bilan shunday degan edi: ”Mustaqillik tom maʼnoda mustahkamlandi. Kechagi kun Konstitutsiyamiz qabul qilingan boʻlsa, bugun madhiyamiz tarix sahifalariga muhrlandi. Endi u mamlakatimizning ramzi sifatida jahon siyosat maydonlarida jaranglaydi. Vatan mustaqilligi, tinchligi, farovonligi, taraqqiyoti abadiy boʻlsin. Endi yagona Vatan, yagona taqdirmiz» degan edi. Va u zavq-shavq bilan Choʻlponning yillar davomida taʼqiqlangan olovli sheʼrini jaranglatib oʻqigan edi.
Xalq dengizdir, xalq toʻlqindir, xalq kuchdir.
Xalq isyondir, xalq olovdir, xalq oʻchdir
Xalq qoʻzgʻolsa kuch yoʻqdirkim toʻxtatsin,
Quvvat yoʻqkim, xalq istagin yoʻq etsin.
Milliy gʻurur, millat iftixori u kishini ruhlantirgan edi. Milliy gʻurur shunday kuchli ruhiy holatki, u tufayli tarixiy yaxlitlik, til, madaniyat, maʼnaviyat, iqtisodiy hayot va kelajak birligi millat vakillarining qalbida chuqur oʻrin olib, milliy birdamlik tuygʻusini uygʻotadi. Milliy birdamlik esa yetuk va mukammal maʼnaviy fazilat sifatida qadrlanadi.
Mustaqil Oʻzbekiston gimnining maqsad-muddaosi murgʻak jondagi shaxsni uygʻotish, yuksak ijtimoiy murod-maqsadlar mezonlariga muvofiq ravishda kamol toptirishdan iboratdir.
Bundan koʻp yillar oldin jurnalist sifatida Shovot tumanida mustaqillik sharofati bilan yangi ochilgan xususiy bolalar bogʻchasiga kirdim. Qoʻlini koʻksiga qoʻyib gimnni kuylayotgan jajji bolalarni koʻrib toʻlqinlanib ketdim. Ular orasida endigina til chiqarayotgan jajji goʻdaklar ham boʻlib, ular ham zavq-shavq bilan gimnga joʻr boʻlishayotgan edi. “Har kungi faoliyatimizni gimni kuylash bilan boshlaymiz” – dedi tarbiyachi. U paytlarda xususiy maktabgacha muassasalar endigina tashkil etilayotgan davrlar edi.
Bu goʻzallik, mehr-muhabbat qalbimni nurlantirdi. Meni nevaralarim ham gimnni bilarmikan deb oʻylanib qoldim. Toshkentga qaytgach, katta nevaram Rasulbekdan gimnni yoddan oʻqib berishni soʻradim. U qoʻlini koʻksiga qoʻyib biror satrini tushirmasdan ifodali yodladi. Uning yonida turgan ikkinchi nevaram Oybek esa “buvijon men endi gimnni sizga kuylab beraman” dedida qoʻllarini koʻksiga qoʻydi. U kuylashga boshlaganida yonida turgan nevaram Madina va jiyanlarim ham qoʻshildi. Xonani bir quchoq bolalarning qoʻshiqlari qamrab oldi. Mening qalbim esa yayradi.
Ha, bu dunyoga har birimiz mehmonmiz! Faqat Vatanimizgina mangu! Insondagi ezgulik, yaxshilik qoladi. Imon-eʼtiqod esa abadiy! Ana shu ezgulikni, imon-eʼtiqodni avlodlardan avlodlarga uzatuvchi avlod ham bugungi bolalarimizdir!
Zero, endilikda Istiqlolni avaylash oʻzligini avaylash ekanligini yoshu qari biladi. Istiqlol bilan, yurtimizga qadriyatlarimiz, anʼanalarimiz bahor qaldirgʻochlari yangligʻ qaytib keldi. Madaniyatimiz, sanʼatimiz, tariximiz, gʻururimiz, milliyligimiz qadr topdi. Gimn bizning milliyligimizni ham oʻzida ifoda etadi.
Gimn yangrayapti. Men nimani qalbga tuyaman?!… Tong bilan televizorni qoʻyaman. Gimnni eshitib turib kundalik faoliyatimni boshlayman. Men nimani qalbga tuyaman?! Vatanimizning uzoq oʻtmishdan sadosi – maʼnaviyati, madaniyati, maʼrifati dunyo kabi qadimiy va ulugʻvorligini qalbga tuyaman! Ajdodlarimiz mehnatining mahsuli boʻlmish gʻoyat qimmatli va eng qadimiy qoʻlyozma “Avesto”dagi goʻzal bitiklar ham ana shundan dalolat beradi. Mamlakatimizda asrlar mobaynida yaratilgan, rivojlantirilgan gʻoyat katta ilm, moʻjizakor ijodiy mehnat ham bor. Jahon ilm durdonasiga behisob hissa qoʻshgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Forobiy, Fargʻoniy, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Bobur, Imom Buxoriy, Najmiddin Kubro kabi buyukdan buyuk allomayu sarkardalarimiz bilan faxrlanaman!
Gimn yangrayapti… Men nimani qalbga tuyaman?!. Qayta tiklangan goʻzal va ulugʻvor tariximiz, istiqlol bergan buyuk oʻzgarishlar, yurt kengliklari, yangi Oʻzbekiston-yangi islohotlar koʻz oldimdan oʻtadi. Shigʻil-shigʻil yetilgan mevali goʻzal bogʻlarimiz, ulugʻvor osmon oʻpar binolarimiz, saf boʻlib uchayotgan turnalardek keng va ravon koʻchalarimizda tizilgan milliy avtomashinalarimiz, ona zaminimiz tuhfasi-gʻishtga monand sap-sariq tovlanayotgan tillalarimiz, tandirdan yangi uzulgan nondek koʻzni quvontiruvchi nashrlarimiz koʻz oldimdan bir-bir oʻtadi.
Yurtimiz madhiyasi yangraganda… bolalarimizning koʻzlaridagi yolqinlangan uchkunlar, xalqaro sport maydonlarida hilpirayotgan bayrogʻimiz va uni koʻtarib gʻalaba naʼshidasi ila gir ayoanayotgan goʻyo qanot chiqarib uchadigandek quvnayotgan bolalarimiz gavdalanadi. Axir Vatan mustaqilligigacha jahon sport maydonlarida javlon urgan birgina bokschimiz Rufat Risqiyev bor edi. Hozirchi sanab ulgurmaysiz.
Gimn ohanglari taralayotganda… Mustaqqilligimiz timsoli mamlakat Prezidentining xalqaro siyosat maydonlariga tashrifi vaqtidagi yangragan Vatan timsoli bayroqimizning hilpirashi iftixor tuygʻulariga choʻlgʻab toʻlqinlantirib yuboradi. Siyosiy rahbarimizning xalqaro minbarlarda bayrogʻimiz ostida oʻzbek tilida oʻqiyotgan maraʼruzalari, munozaralari gavdalanadi.
Gimn yangraganda… Oʻttiz bir yil ichida bosib oʻtgan yoʻlimiz bosqichma-bosqich amalga oshirilgan taraqiyot yoʻlimiz, oʻzbek modeli, harakat xaritalari yangi Oʻzbekiston– yangi iqtisodiyot koʻz oldimizdan bir-bir oʻtadi. Mamlakatimiz erishgan darajalar jahoniy mezonlarga muqoyasa qilinganida quvonchlarimiz gavdalanadi…Yurtimizda yalpi ichki mahsulot hajmi oxirgi 6 yilda 1,5 marta oʻsdi. Tadbirkorlar soni 2 barobarga koʻpaydi. Sanoatdagi oʻsish 40 foizdan ziyod oshdi. Joriy yilda ijtimoiy sohaga ajratilgan mablagʻlar 134 trillion soʻmni tashkil etib, 2016 yilga nisbatan 5,6 barobar koʻpaydi. Mamlakatimizdagi keng koʻlamli va tizimli islohotlar natijalari xalqaro maydonda ham keng eʼtirof etilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Korrupsiyaga murosasiz munosabat boʻyicha xalqaro indeksda 32 pogʻonaga, Matbuot erkinligi indeksida 28 pogʻonaga, Huquq ustuvorligi indeksida 13 pogʻonaga koʻtarildi. Bular kuni kecha mamlakatimiz Prezidenti Oʻzbekiston xalqiga konstitutsiya kuni munosabati bilan yoʻllagan tabrigida tilga olingan raqamlar!
Madhiya yangraganda… Istiqlol bilan xalqimiz boshqa xalqlarning goʻzal tajribasidan, umuminsoniy qadriyatlaridan oʻrganib, oʻzining ildizlariga – xalq salohiyatining munosib oʻzanlariga, asrlar davomida qaror topgan axloqiy mezonlarga suyanib, oʻziga xos, oʻziga mos yoʻlni tanlab oldi. Agar eʼtibor bersangiz nafaqat odamzotning, balki millatlarning, davlatlarning ham yashash tarzi, yuksalish aʼmollari ana shundan iborat! Izlanish, oʻrganish, yaratish… Zero, yuksalishni koʻzlagan har qaysi mamlakat oʻzi belgilagan yorugʻ manzil sari bosqichma-bosqich qadam qoʻyib, oʻz qadriyatlariga va jahon tajribalariga tayanib yuqorilab boraveradi. Shu maʼnoda davlatimiz ham mustaqqillikni mustahkamlash jarayonida murakkab yoʻlni bosib oʻtdi.
Gimn yangrayapti… Vatanimiz gimni ostida sport maydonlarida yuksalgan, hilpirayotgan bayrogʻimiz va uni jahon sport maydonlarida yangratish sharafiga erishgan quvonch-u hayajondan koʻzlari chaqnagan yoshlarimiz gavdalanadi. Buning zamirida esa ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot yaratish maqsadi jamuljam boʻlyapti…
Madhiya yangrayati… Bizda esa ertangi kunga ishonch tuygʻusi kuchayadi, u qalblarga quvonch, vujudlarga hayrat, ruhiyatga shijoat baxsh etadi.
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist