Mustaqillik bergan imkoniyat, ayollarimiz eʼzozda:  Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari!

0
494
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz yillik bayramiga bagʻishlab oʻtkazilayotgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostidagi  ijodiy ishlar tanloviga

Bugun mamlakatimizning barcha goʻshasida eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz – Mustaqilligimizning 30 yilligiga qizgʻin hozirlik koʻrilmoqda. Zotan, xalqimizning asriy orzusi boʻlgan istiqlol sharofati tufayli yurtimizda jamiyat hayotining barcha jabhasida keng koʻlamli oʻzgarishlar roʻy berdi, odamlarning turmush darajasi yuksaldi, dunyoqarashi va tafakkuri oʻzgardi, ertangi kunga boʻlgan ishonchi ortdi.

Mamlakatimiz prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek: Biz muhtarama onalarimiz, opa-singillarimizni, umr yoʻldoshlarimizni hamma vaqt ham hurmat qilib kelganmiz, lekin ularning biz uchun naqadar qadr-qimmatli, jondan aziz va mehribon ekanini anglash, ularni har tomonlama eʼzozlash mustaqillik yillarida yangi bosqichga koʻtarildi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari boshchiligida Oʻzbekistonda gender tenglikni taʼminlashga qaratilayotgan ustuvor eʼtibor natijasida xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi oʻrnini mustahkamlash masalalari davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Birgina misol: Parlamentlararo ittifoq (PI) rasmiy veb-sahifasi 2021 yil uchun «Siyosatda ayollar» infografikasini eʼlon qildi. Unda ayollarning turli mamlakatlar parlamentlari va hukumatlaridagi vakilligiga oid statistika keltirildi. Parlamentlararo ittifoq maʼlumotiga koʻra, ushbu koʻrsatkich boʻyicha Oʻzbekiston dunyoda 45-oʻrinni egallab turibdi. Respublikamiz shu maʼnoda PIga aʼzo 130 dan ortiq davlat, jumladan Germaniya, Avstraliya, Kanada, AQSH, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan oʻzib ketdi. 

Bundan tashqari respublikamiz ayollar parlamentga rahbarlik qiladigan va hukumat tarkibiga kiradigan davlatlar roʻyxatiga kiritilgan. Qayd etish kerakki, xorijlik hamkorlar Senat Raisi Tanzila Norboyeva rahbarlik qilayotgan Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiya faoliyatini yuqori baholamoqda. Albatta, ushbu eʼtiroflar mustaqillik sharofatidandir!

 Darhaqiqat, mustaqillik – tenglik sari qoʻyilgan birinchi qadam. Chunki tenglik boʻlmagan joyda kim kimgadir tobe boʻladi. Mutelik bor joyda hukmronlik, oʻzgalar hisobiga yashash kabi illatlar paydo boʻladi. Tenglik odamlarning oʻzaro munosabatlaridan tortib mamlakatlararo munosabatlargacha hamma narsani meʼyor-mezonga soladi, turli kamsitishlar yoki ortiqcha tobeliklarga chek qoʻyadi.

Mustaqillik butun xalqning uzoq yillik intilishi tufayli qoʻlga kiritilgan buyuk gʻalaba, katta tarixiy ahamiyatga ega voqea hisoblanadi.

Mustaqillik —  ulugʻ neʼmat. U bizga har kim oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini berdi, respublikada adolatli, demokratik, insonparvar jamiyat qurish, oʻz milliy davlatchiligi barpo qilishga imkoniyat yaratdi, Oʻzbekiston xalqaro miqyosda oʻzini tanitish, barcha davlatlar bilan teng hamkorlik qilish imkoniyatini qoʻlga kiritdi, bozor iqtisodiyotiga oʻtish uchun sharoit barpo etildi, mulkka munosabat oʻzgardi, xalqning maʼnaviy uygʻonishi uchun toʻla imkoniyat yaratdi. Yurt tarixi, qadriyatlarimiz tiklandi.

Ayollarimiz eʼzozda. Tinchlikda oʻtgan har bir kun, har bir dam  aziz… Maktabda oʻqib yurgan kezlarim, koʻpchilik xotin-qizlar dalaga chiqishardi. Quyosh bosh koʻtarmasdan, to qosh qorayguncha ketmonning “taq-tuq”i tinmasdi.  Hatto yosh bolali ayollar ham dov-daraxt tagidagi “dala-bogʻcha”ga chaqalogʻini qoldirib “norma” bajarar edi…

 Ayniqsa, “paxta ishi” deb atalgan siyosatni oʻz koʻzi bilan koʻrgan inson sifatida yodimga tushadi:  Ishxonadan paxtaga chiqish majburiy edi, noyabr, dekabr oylarida gʻoʻza tanasini oppoq qor qoplagan pallada ham oldinda erkaklar yurib, katta yogʻoch bilan qorni qoqishardi biz ayollar qoʻllarimizni puf-puflab isitib, muzlab qolgan paxta qoldiqlarini ne mashaqqatlar bilan terar edik.

 Shukrona aytish kerakki, mustaqillikka erishgach barchasi ortda qoldi. Xonadonlarimizni mehr-muhabbat, nafosat, ezgulik nuri bilan munavvar etib turadigan ayol zotiga eʼtibor davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Buni birgina davlatimizning eng oliy va sharafli mukofoti – “Oʻzbekiston Qaxramoni” unvoniga 16 nafar ayol muyassar boʻlgani tasdiqlaydi. Mustaqillik yillarida Fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlgan 271 nafar, falsafa doktori ilmiy darajasiga ega boʻlgan 1411 nafar xotin-qizlarimiz  turli sohalarda faoliyat koʻrsatib kelmoqda. 

Shuningdek, 2020-2021 yillarda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimini muvofiqlashtiruvchi Yagona elektron tizimda roʻyxatdan oʻtgan, ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanayotgan jami xotin-qizlar soni 2456 nafar, tayanch doktoranturada 1185 nafar, doktoranturada 80 nafar, mustaqil izlanuvchilar esa  964 nafardan iborat ekanligi kelgusida yanada yetuk va saloxiyatli ayollarimiz safini kengayishidan dalolat beradi.

 Darhaqiqat, opa-singillarimizning sidqidildan, fidoyilik bilan faoliyat olib borishlari albatta Yurtboshimiz va xukumatimiz tomonidan eʼtirof etilmoqda. Masalan, mustaqillik yillaridagi yaratilgan huquqiy qonunchilikdagi imkoniyatlardan foydalangan 20 nafar ayol Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatida aʼzo, 48 nafar ayol Qonunchilik palatasida deputat sifatida faoliyat olib bormoqdalar.

Yana bir eʼtirofni taʼkidlash muhimdir. Ayolni muqaddas bilish, unga alohida  ehtirom koʻrsatish, ozod va obod yurtimiz kelajagi boʻlgan har tomonlama yetuk yoshlarni tarbiyalashdagi beqiyos oʻrnini yana bir bor eʼtirof etish, barkamol oila xotin-qizlar avlodini voyaga yetkazish, ularning keng koʻlamli islohotlarni jadallashtirishdagi faol ishtirokini ragʻbatlantirish maqsadida 1999 yil 10 iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Zulfiya nomidagi davlat mukofotini taʼsis etish boʻyicha takliflarni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi Farmoni qizlarimiz uchun yangi istiqbollar eshigini ochdi.  Natijada, 2000 yil hamda 2021 yillar mobaynida mamlakatimiz xotin-qizlari orasidagi 361 nafar iqtidorli yoshlarning adabiyot, sanʼat, fan va madaniyatni rivojlantirishdagi yutuqlari, tengdoshlarining milliy istiqlol gʻoyalari va madaniy-maʼnaviy qadriyatlarga eʼtiqodining yuksalishi yoʻlidagi ibratli faoliyati munosib taqdirlangani biz ayollar qalbini yanada faxr va iftixorga chulgʻaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroridagi ezgu gʻoyalarning taʼsirchanligi.

Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorini oʻqir ekanman, hayolimdan istiqlol bergan imkoniyat, shart sharoitlar natijasida erishilgan yuksak yutuqlar, tinchlik osoyishtalik va xalqaro ekspertlarning eʼtiroflari kabi oʻylar birin-ketin oʻta boshladi.

Qarorda bugungi kunda olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy faoliyatimizning asosiy maʼno-mazmunini, avvalo, biz tanlagan taraqqiyot yoʻlining har tomonlama toʻgʻri va hayotiy yoʻl ekanligini, yangi demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish borasida biz erishgan yutuq va marralarning mohiyati va ahamiyatini yurtimiz aholisi va jahon jamoatchiligiga yetkazish, ularning qadr-qimmatini chuqur anglashga alohida eʼtibor qaratish zarurligiga urgʻu berilgan.

Bu bejiz emas, albatta. Chunki hech bir mamlakat oʻz mustaqilligiga osongina erishgan emas. Prezidentimiz haqli ravishda taʼkidlaganidek, tarixan qisqa davrda biz qanday ulkan rivojlanish yoʻlini bosib oʻtganimizni baholashda “Kim edigu kim boʻldik?” degan hayotiy haqiqatni asosiy va bosh gʻoya sifatida belgilab olishimiz kerak boʻladi.

Taʼkidlash kerakki, istiqlol yillarida hayotga tatbiq qilinayotgan islohotlardan koʻzda tutilgan bosh maqsad, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari”, degan ezgu gʻoya asosida  aynan mustaqillikni asrab avaylash, yaratuvchanlik va bunyodkorlik gʻoyalarini yoshlar onggiga singdirish  hamda vatan taqdiriga dahldorlik hissini kamol toptirish muhim oʻrin tutadi.

 Mustaqilligimizni yanada mustaxkamlash, yoshlar tarbiyasi, maʼnaviy yuksalish yoʻlida oʻzining kuchli bilimi va yuksak malakasi bilan mamlakatimiz yoshlariga, qizlarga oʻrnak boʻlayotgan Oliy Majlis Senati raisi T. Norboyeva, Sogʻlikni saqlash vaziri oʻrinbosari E. Basitxonova,  Qishloq xoʻjalik fanlari doktori, professor va Turon fanlar akademiyasi akademigi D. Yormatova, davlat va jamoat arbobi, yurist O. Axunova, yuridik fanlari doktori, professor, zaxiradagi polkovnik S. Axmedova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, Turon fanlar akademiyasi akademigi R. Zaripova, Iqtisod fanlari doktorlari, professorlar: Sh. Abdullayeva, F. Nazarova kabi yuzlab safdoshlarimiz, faol ayollarimiz bizning faxrimizdir!

 Ayniqsa, qarorda jamiyatda xotin-qizlarning oʻrni va nufuzini, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini taʼminlash, oila, onalik va bolalikni har tomonlama himoya qilish, yosh qizlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun koʻmak va yordam berish, tadbirkor ayollarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarning aks etganligi yanada bizni quvontiradi.

 Darhaqiqat, soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarimiz natijasida, ayniqsa, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini hayotga joriy etish asosida mamlakatimizning siyosiy, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotini tubdan yangilash, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” gʻoyasini real voqelikka aylantirish borasida salmoqli yutuqlarga erishildi. “Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun” va “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyillari asosida fuqarolarning ijtimoiy muammolarini hal etilishi, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Bir million dasturchi” kabi ijtimoiy loyihalarning joriy etilishi natijasida aholi bandligini taʼminlash kabi amaliy ishlarning oʻrin olganligi bizga va ayniqsa yoshlarga nafaqat gʻurur-iftixor, ayni chogʻda kuch-quvvat bagʻishlaydi, ertangi kunga ishonchimizni mustahkamlaydi.

“Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” Ushbu shiorni oʻqib qalbim fahr va iftihorga toʻldi. Hayolimdan oʻtgan shirin tuygʻular ila qulogʻim ostida: istiqlol bergan imkoniyat natijasida farzandlarni kamolotga yetkazib, Haj safariga borib, zaruriy amallarni ado etib, tinch va osoyishta yurtda yashayotganiga otaxon-onaxonlarimizning shukronalik duolari; bir qoʻlida beshikni, bir qoʻlida dunyoni tebratish baxtiga sazovor ayollarimizning ham oilada, ham jamiyatda oʻz oʻrnini egallab, iqtidorini nomoyon etib, hayotidan rozilik ila kulib turgan yuzlari; sogʻlom tugʻilib, sogʻlom turmush tarzi yaratilgan oilada, milliy qadriyatlar qadrlangan mahallada, eng asosiysi kuchli bilim olishga, hohlagan kasbini egallashga barcha sharoitlar yaratilgan yurtda yashab, jahon arenalarida bilim va qobiliyatini nomoyon etib, Oʻzbekistonning shon-shuxratini dunyoga tarannum etishga yaratilgan imkoniyatlardan mamnun boʻlgan Tokiodagi Olimpiya oʻyinlarida oltin medalni qoʻlga kiritgan Ulugʻbek Rashidov, Akbar Joʻrayev kabi jahon arenalarida Oʻzbekiston bayroqini yuksaklarga koʻtargan yoshlarning quvnoq ovozi jarangladi, koʻz oldimda ularning yonib turgan koʻzlari gavdalandi.

Hafiza KARIMOVA, Toshkent shahar «Bilim»

 axborot-kutubxona markazi direktori,

Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar aʼlochisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.