Mumtoz adabiyot olamining beqiyos obidasi “Qisasi Rabgʻuziy” asari milodiy 1309–1310 yillarda yozilgan. Odam Ato va Momo Havodan tortib, Muhammad Mustafogacha yashab oʻtgan paygʻambarlarning hayoti, ezgu oʻy, ezgu amallari hikmatlar, rivoyatlar orqali mohirona aks ettirilgan yozma yodgorlikda Sharq falsafasi bilan qadimiy milliy qadriyatlarimiz uygʻunlashib ketgan.
Qadimiy turkiy tilni oʻzida ifoda etgan ikki jilddan iborat ushbu bebaho asarning zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.
Durdona asarning navbatdagi qismini eʼtiboringgizga havola qilamiz.
Namrud qora qushlarni yaxshilab boqdi. Ular oʻsib ulgʻaygach, ikki qat eshikli, sakkiz oyoqli, ikki qavatli sandiq yasattirdi. Ustungi toʻrt oyoqlariga oʻlik qushlarni bogʻlaydi. Oʻzi bir inoqi (yordamchisi bilan) dubulgʻa, sovut, oʻqlarini olib, sandiqqa kirdi. Pastki toʻrt oyogʻiga qora qushni bogʻladi. Qushlar etlarni olgali uchdilar, sandiq havoga koʻtarildi. Ular bir kunu tun parvoz etdilar. Quyuq tuman ichiga kirganida, Namrud yetdik deb, oʻqni qoʻlga oldi. Uni otdi. Ollohning amri bilan Jabroil oʻqlarni baliqlarga sanchib sandiqqa joylayverdi. Shuning uchun baliqni boʻgʻizlamasdan isteʼmol qilish mumkin.
Yana bir rivoyatda aytilishicha, Namrudning otgan oʻqi oʻziga tekkan u buni yonidagidan yashiradi. Nayzasini qonga bulgʻab oldi. Sandiq ustiga bogʻlangan etlarni sandiq pastiga bogʻlab koʻk tangrisini oʻldirdim, deb maqtanishni niyat qildi.
Sandiqni ikki eshigini ochdi, ichiga yel kirib, u ena boshladi. Namrud qattiq un qildi. Barcha xaloyiq qoʻrqib ketdi. Makr bilan koʻk tangrisini oʻldirdik deb xalqni ishontirdi. U paytda Namrud qavmidagi yuz ming kishi Ibroxim daʼvatiga qoʻshilish niyatida edi. Ular bu holatni koʻrib niyatidan qaytdilar. Farishtalar Ibrohimga xabar yetkazdilar. Namrud koʻk egasi bilan kurashgani jangchi yigʻsin,-deya.
Son-sanoqsiz qoʻshin yigʻildi. Barchasi boshidan oyoqqa qadar sovut kiygan qurollangan edi. Mavlo Aza Jalladan yorluq boʻlib, ularga qarshi chibinlardan qoʻshin yuborildi. Ular shu darajada koʻp ediki, quyosh yuzini toʻsar, goʻyo koʻkni qora bulut choʻlgʻab olgandek edi. Ular Namrud qoʻshinlariga yopishib, sipohiylarni va ularning otlariyu toʻnlarini suyaklarigacha qoldirmay yedilar. Namrud qochib saroyga kirdi. Jabroil saroyni chilparchin qildi. Ibrohim Namrudning barcha mol-mulkini muhtojlarga ulashdi.