Yuragimga mehr qachon kirib kelganligini bilmayman. Bahordek koʻrkam, kuzdek halovatli tuygʻularning kipriklarimga qaysi on inganini-ku eslolmayman. Koʻnglimdagi titroqlar qalamga koʻchgan, ilk bor mutolaa zavqidan hayajonga tushgan paytlarim bu moviy osmon juda keng, turnalari serob, zamin yashil ranglarga toʻla edi. Biroq uning sheʼrlarini oʻqib, mehrim qay palla tushib qolganligini, tugʻishgan singlimdek, birodarimdek boʻlib qolganiga uncha koʻp boʻlmadi. Uni eslasam sheʼrlari qalbimga qoʻshiqdek quyilib kelaveradi.
Muhabbat jon muhabbat,
Dunyoim toʻla tilsim.
Oʻpkalama, ranjima,
Sendan oldin yiqilsam.
Sheʼri qismat boʻlgan singlim Baxtiniso. Sen bu daxri-dunni qay rangda koʻrding ekan. Bunday goʻzal, betizgin yorugʻ xayollarga qay vaqt oshno boʻlding? Oniy baxt, umrlik dard, tuganmas umid, cheksiz andux bilan bunga qanday erishding. Ojiz vujudingni tik tutishni, achinib qaraganlarga tabassum qilishni kimdan oʻrganding? Yoʻq, aslida bu dunyoning oʻtkinchi havaslariga band boʻlgan, yuragi tosh devorlar yangligʻ qotib borayotgan, orombaxsh, behalovat tuygʻular nomini-da bilmaydigan kimsalarga shunday yashash mumkinligini sen oʻrgatib ketding.
Ufq dunyosiga dil berdi jonim,
Usiz yashamoqqa yoʻl berdi jonim.
Qonimni tun bilan toʻldirdi jonim,
Gullardan qarz boʻldim ranglar oldida.
Ogʻir karvonlarga duch kelib bagʻir,
Koʻzlar sagʻir boʻldi, nigohlar ogʻir.
Tomchilar yulduzga aylandi oxir,
Toʻkilib yuragi gunglar oldida…
Mungligʻim… Gullar, kulgulari billur tonglar, yetti ming tusda tovlanadigan baxtlar aslida sening oldingda hijolatmidi? Sen barini anglarding-u, ammo siniq tabassum, umidli ovoz bilan barchaga yorugʻ soʻz aytmoqqa mudom shay eding. Bu noroso olamning noshukur odamlariga fursat gʻanimat ekanligini, tong va shom orasi Sirot koʻprigi qadar yoʻl emasligini jimgina faxmlatding.
Koʻzlarimni yumib oldim
Bu dunyoning hasrat toʻla koʻzlariga qaramayman.
Hayrat toʻla koʻzlariga qaramayman
Haybat toʻla koʻzlariga qaramayman.
Jim ketaman.
Jimlik toʻlgan tomchi boʻlib,
Jondan qochib, oʻz joniga soqchi boʻlib.
Bu dunyoga… dilga kelgan ovchi boʻlib
Jim ketaman.
“Dillanma”laringni oʻqiyman. Faraxga, umidga, yorugʻ niyatlarga toʻla soʻzlar. “Ufqqa yoʻl” deb nomlagan ekansan kitobingni. Ufqlar tomon ketishining shunchalar sezganmiding. Ertaklar hayotda boʻlmasligini, moʻjizalar faqat kitoblardagina qolishini payqaganmiding. Suratlaring… Munis, begʻubor, shikasta nigohlarga qarab vido aytish qanchalar ogʻir.
Umrida senchalik koʻp maktub olmagan inson boʻlmasa kerak. Har qalay mening bilganlarim ichida. Maktublarki, mehrga, tasalliga, dalda-yu, muhabbatga toʻliq. Hech kim oʻzidan ortgani, yugur-yugur zamondan bezib, zerikkani yoki ermak uchun emas, seni yaxshi koʻrgani uchun yozgan sogʻinchli xatlar. Bunday samimiylikni pulga ham topolmaysan hozir. Hammaga yoqimli, sevimli boʻlish Olloh tanlagan, siylagan bandasigagina nasib qilarkan-da, oʻylayman endi. Bir hovuch umringda zamindoshlaringga suyukli qilib qoʻygan Yaratganga shukurlar boʻlsin. Seni Oʻzi berdi, oldi. Azoblarini umidlarga, soʻzlarini tabassumlarga, diydorlarini xotiralarga qoldirgan jon singlim. Diydor qiyomagacha…
Agarda qaytmasam,
Kuzgi bogʻlarga
Bir nasim boʻlaman,
Chekinar ogʻriq.
Koʻzimning oldida yuksalasan sen,
Koʻzimning oldida
Ulgʻayar borliq.
Men singib boraman
Maysaga, yerga,
Qaygʻular koʻksimni
Toptamas bevaqt.
Mening yuragimda
Chayqalar dunyo,
Mening ovozimda chuchkirar daraxt.
Agarda qaytmasam,
Qaytolmasam men
Yana jim ketaman
Nurafshon boʻlib.
Bir ichkin nolada
Ezgin nolada
Koʻzlarim qaytadi nomozshom boʻlib…
Oxirati obod boʻlishini Ollohdan soʻrab qolamiz.