Nargiza Asadova: HOLVA (hikoya)

0
664
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida yosh ijodkor Nargiza Asadovaning «Atalgan kunlar» nomli hikoyalar toʻplami taqdimoti boʻlib oʻtdi. Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi chop etgan kitobdan muallifning bir qator hikoyalari oʻrin olgan. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Nargiza Asadovaning «Ishq ostonasi», «Yuragimning sarhadlari», «Nastarin» nomli sheʼriy toʻplamlari chop etilgan. 

N. Asadovaning yangi toʻplamidagi  HOLVA hikoyasi bilan tanishasiz.

Mastura qiya ochiq darvozaga yaqinlasharkan, qadamini sekinlatdi. Ichkariga kirib, atrofga alangladi, tushlik vaqti boʻlganligi uchunmi biron zot koʻrinmaydi. Hovlining bir chetiga ekilgan kuzgi gullar sariq, qizil, pushti rangda jilolanar, ariqda jimir-jimir suv oqardi. Oʻng tomondagi yogʻoch ishkomlarda oftob nurida husaynilar tovlanar, qushlar esa ishkom tepasiga qoʻlbola qilib yasalgan «qoʻriqchi»ni pisand etmay, uzumlarni choʻqishardi.

«Hech narsa oʻzgarmagandek, oʻsha-oʻsha…» xayolidan oʻtkazdi u. Hovli toʻridagi peshayvonga yaqinlasharkan, ayvonga suyanch boʻlgan yogʻoch ustunni beixtiyor silab qoʻydi. Bir paytlar xonadonga viqor, koʻrk boʻlgan bu yogʻoch ustun endi uning koʻziga ancha choʻkkandek, yoriqlari koʻpaygandek tuyuldi. Baribir unga bu ustun shu maskandagi boshqa narsalar qatori qadrli, suyukli. Chunki u mana shu ustunni ushlab necha martalar xudojonga iltijo qilgan, bolalik osmonining qoʻl yetmas orzulari boʻlmish yulduzlar bilan oʻrtoqlashgan, sirlashgan. Ayvonda qancha turib qoldi bilmadi, bir payt oʻng tarafga bejirim qilib solingan yangi uydan chiqib qolgan kelinchak ostonada turgan mehmonga avval ajabsinib qaradi. Soʻng:

– Assalomu alaykum, yaxshimisiz, keling, – dedi nim tabassum bilan boshidagi simroʻmolini mahkamroq oʻrarkan. Atlas koʻylak-lozimda yal-yal yonib turgan kelinchakning kulib turgan koʻzlarini, samimiyligini koʻrib, xonadonga goʻzal ham aqli raso kelin tushibdi, deb oʻyladi u.   

– Yaxshimisiz Shohistaxon, men Mastura opangizman, adangizni jiyanlari, – dedi u ham kelinchak bilan xushlashib. Soʻng qoʻlidagi haltalarni mezbonga tutarkan:

– Ibodat opani… – dedi hamon charos koʻzlari bilan hayron boqib turgan mezbonga:

– Ha, boʻldi, boʻldi toshkentlik jiyanlari. Anvar akam aytgandilar. Yaxshi yetib keldingizmi? Uy ichilar tinchmi? – deya kelinchak uni ichkariga taklif etdi. Mastura boʻlsa:

– Hozir kiraman, kiravering, – dedi bogʻ tomonga ishora qilib. Ziyrakkina kelinchak esa:

– Bemalol, – dedi kulib va darrov toza sochiqni obdasta oldiga qoʻyib ketdi. Mastura asta odimlab tevarakni kuzatib borarkan, hovli toʻridagi hujra tomon yoʻlini burdi. Bu yer koʻzdan sal nari, hovlining chetida joylashgan boʻlib, hujra u va onasining ne-ne kechmishiga, xasratli kunlari-yu, orzuli tunlariga guvoh. «Yanayam eskiribdi» dedi oʻziga ohaklari koʻchib, suvoqlari toʻkilib qolgan devorlarga boqib. «Eshigiyam oʻsha-oʻsha, almashtirishmabdi», oʻyladi u asta yogʻoch eshikni ochib, ichkariga moʻralarkan. Is bosib ketganiga qaraganda, anchadan beri bu joyga odam kirmagan, lash-lushlar qalashib yotgani esa uyning eski omborxonaga aylanganligini anglatardi. Ilgari eshik tutqichi oldidagi mana bu teshikka qoʻli bemalol kirib chiqardi, endi esa yoʻq. Sigʻmaydi-da, axir oradan qancha vaqt oʻtdi. Togʻasi rahmatli bu eshikning oʻrniga boshqasini oʻrnatib beraman deganda, yangasi koʻnmagandi. «Uning oʻrniga anavi yangi uyni bitirsangizchi!», degandi qumsuvoq uyni koʻrsatib. Yozda-ku bilinmasdi. Ammo qish kelishi bilan uning mushtidek keladigan shu teshikdan xirmondek shamol guvullab kirar, onasi eski sholchalarni eshikka qavat-qavat parda qilib osib qoʻyardi…

Hayallab qoldi shekilli, ortidagi sharpadan Mastura toʻzgʻigan xayollarini yigʻib, kelinchak bilan uyga kirdi. Ichkarida dasturxon bezatilgan, faqat yangasi koʻrinmasdi.

– Hozir kiradilar, dasturxonga qarab oʻtiring,– dedi issiq choy uzatib kelinchak. Soʻng “Men hozir”, – dediyu chaqqaongina uydan chiqdi. Xonada yolgʻiz qolgan Mastura uyni kuzata boshladi. Oʻz davridan soʻzlaydigan bu jihozlar chol-kampirning chogʻroq xonasini eslatar, ilgari u bu uyga ruxsatsiz kirmas, bugun boʻlsa mehmon boʻlib oʻtiribdi. Gilam tepasiga osilgan togʻasi rahmatlining suratiga kelganda, nigohi birdan toʻxtab qoldi. Rasmda oʻttiz besh yoshlar chamasidagi doʻppi kiyib olgan, koʻzlari onasinikidek mehrli bu inson ular uchun xotini bilan necha bor  san-manga bordi-ya? Ikki tomonga birdek turish, koʻngli yarim singlisiga suyanch boʻlish uchun qancha tirishdi. Toʻgʻri, gohida yangasining yolgʻon-yashiqlariga ishonib, ularni koyigan ham boʻlardi, biroq baribir mung balqigan koʻzlaridan jigarlariga nisbatan mehr, oqibat borligi sezilib turardi. Oʻzi bugun onasi majburlamaganida Mastura kelmasdi. Togʻasi vafot qilganidan beri bu uyga kelmagan, shunga ham ancha yil boʻldi. Onasi «Yangang seni koʻp soʻraydi, mazasi yoʻq-da, boʻlmasa oʻzi kelardi. Sen kichkinasan, bor qizim. Odam degani kechirimli boʻladi», deb qoʻymadi. Mana endi kelib, oʻtmish bilan yana bir karra yuzlashgandek, uning ogʻriqli kunlarini yana koʻrgandek boʻlyapti. U togʻasining navqiron suratiga boqib shularni oʻylab oʻtirarkan, uyga yangasining kirib kelganini sezmay qoldi.

– Xush kelibsiz, Mastura qizim, omonmisiz? – dedi yangasi unga quchoq ochib. Qarindoshlar bir-birovini bagʻriga bosarkan, Mastura yangasining titraganini, hayajonlanganini sezdi. Haliyam ovozi oʻktamu, lekin oʻzi bir oz xorigandek, tik qomati picha choʻkkandek edi.

– Peshinni oʻqiyotgandim, uzr aylanay. Bu keladigan kuningiz ham bor ekan-ku, biz taraflarga, – dedi yangasi unga ginaxonlik qilib.

– Ha, tashvishlar bilan boʻlib, kelolmadik. Toʻylar yaxshi oʻtdimi? Kelinlar chaqqongina xizmatingizni qilib yurishibdimi? – dedi u ham mulozamat uchun.

– Raxmat, aylanay. Shukur, shu kunlarga yetdik. Oʻzingiz yaxshimisiz, Murodjon, bolalar yaxshi yurishibdimi? Kelishmadimi ular?, – dedi yangasi non ushatarkan.    

– Ish, oʻqish degandek. Bir-birimizni kutsak, haliyam qolib ketamiz. Shuning uchun oʻzim kelaverdim. Hammasi salom aytishdi sizlarga, – dedi u dasturxonning gulli naqshini qoʻli bilan silab.

Yangasi likobchada yangi uzilgan xusaynilarni olib kirgan keliniga:  

– Shohistaxon holvalardan ham olib kiring, Mastura opangiz yaxshi koʻradi, –  dedi unga qarab kulib qoʻyarkan. Soʻng birdan nimadir yodiga tushgandek, jim boʻlib qoldi.

– Ha, yaxshi koʻrardim, – dedi Mastura ham tasdiqlab va esiga bolaligida boʻlgan bir xodisa tushib ketdi…

Oʻshanda togʻasinikiga mehmonlar kelgan, bu mahal odatdagidek dasturxon bezatilar, taqchillik zamonida unda-munda yoʻq qand, turshak, yongʻoq, ayniqsa u juda yaxshi koʻradigan sedanali holva shu kuni albatta, qoʻyilardi. Bola emasmi, oʻsha holvadan bir dona olgisi, yegisi keldi. Mehmonlarga choy tashib yurgan onasiga shuncha yalinsa-da, uni eshitmaganga oldi. Chunki biladi, yangasining feʼli chatoq.

Mastura bir chekkada oʻtirib, bir gapirib, oʻn kulayotgan erkagu ayollarga birma-bir qarab chiqdi. Ular gʻishtpechka yonida oʻtirgan qizaloqqa ahamiyat berishmas, oldilariga qoʻyilgan noz-neʼmatlarni bemalol, tortinmay tanovvul qilishardi. Yangasi ham bisotidagi bor taqinchoqlarini taqib olgan, goʻyo u xonzoda-yu, onasiga choʻridek buyruq berib oʻtirar, shu bilan oʻzini juda sipo, dono koʻrsatishning evidan chiqardi. Mastura chiroyli liboslar kiyib olgan mehmonlarni, ulardan ham koʻra xontaxtadagi yeguliklarni kuzatar, tamshanar, kichkina barmoqlarini oʻynab, oʻtirganlar kulsa u ham jilmayib, goʻyo oʻzini ham ular safidadek his etardi. Shu payt azbaroyi yegisi kelganidan hamma gap bilan ovvora boʻlganida u dasturxon tomon surilib, asta holvaga qoʻl choʻzdi.

Lekin yangasi tushmagur kuzatib turgan ekan-da. Birdan shaxt bilan urilgan tarsaki, qoʻlchasini lovullatib yubordi. Bir zum dovdirab qolgan Mastura yangasining «Voy-voy-yey, kuydim, shu yetimlardan. Toʻyarini bilmaydi, koʻzi ochda, koʻzi. Soʻrasa beraman-ku, oʻgʻirlik qilmasdan!», deganini eshitib, oʻziga keldi. Qoʻrqib ketganidan qoʻlidagisini olishni ham tashlashni ham bilmay turganida, eshikdan kirib qolgan onasi uning bilagidan mahkam tutib oʻzlari yashaydigan hujraga olib ketdi. Ortidan yangasining «Shularni toʻydiramiz deb yuribmiz-da, aylanay» degani-yu, togʻasining «Bas qil!» deb xotiniga oʻshqirgani eshitildi.

Ular nam hidi anqib turgan xonaga kirisharkan, kutilmaganda onasi uning yuziga tarsaki tushirdi. Oʻzi shundoq ham qoʻrqib ketgan Mastura endi yuzlarini berkitgancha chinqirib yigʻlab yubordi.

– Nega unday qilasan-a, nega? Shu bir parcha bilan qorning toʻyib qolarmidi? Oʻzi shu turishimiz ham kammi, bolam?! – dedi onasi zorlanib, keyin oʻzi ham yigʻladi. Boyadan beri xoʻrligi kelib yigʻlayotgan Mastura onasining koʻz yoshlarini koʻrib tinchib qolgan va roʻparasida bir hovuch boʻlib titrayotgan bechora mushtiparini yupatish uchun uning yuzlarini siladi:

– Boshqa bunday qilmayman, faqat siz yigʻlamang, – dedi u. Oʻksib yigʻlayotgan onasi esa yuzlarini roʻmolining uchiga artib, uni bagʻriga bosdi. Shu holda ona-bola ancha oʻtirishdi. Keyin yangasining ovozini eshitib, sapchib oʻrnidan turarkan, «Sen shu yerda oʻtir, maylimi qizim» degancha shoshib chiqib ketdi. Mastura yoshlarini yamoq bosilgan koʻylagining yengiga artarkan, kaftidagi holvani koʻrib jim boʻlib qoldi. Bogina oʻzi tamshanib, ming bir istihola, qoʻrquv bilan olgan endi shundoqqina ilkida turgan holvaga bir zum tikilib turdi-da, soʻng uni irgʻitib yubordi…

Hozir shular xayolidan oʻtarkan, koʻzi bilan yer chizib oʻtirgan yangasiga qaradi. Ayol ham uni anglagandek, xotiralarini his etgandek ogʻir «uh» tortdi. Keyin:

– Masturaxon, qizim. Mendan xafadirsiz-a? Xom sut emgan bandamiz-da,  bilib-bilmay koʻp gunohlar qilamiz. Lekin oʻtinaman, togʻangizdan ranjimang. Ular sizni juda yaxshi koʻrardilar. Kasal boʻlganlarida ham alahsirab Ibodat bilan sizni chaqiraverdi, – dedi koʻzlariga yosh toʻlib.

– Kelishingizni ayon qilgandek tushimga kirib yurgandilar. Hadeb soʻra, dermish boyaqish. Endi bilsam, uzrxohlik soʻr, degan boʻlsalar kerak-da. Ibodat baraka topsin, kelib turadi. Sizni, kuyovni juda maqtaydi. Qoʻsha qaring, iloyim. Besh kunlik dunyoda bir-birimizdan gina qilmaylik, endi qizim, – dedi yangasi qaltiroq qoʻllarini uning kaftiga bosarkan.

Bir paytlar hali pishib yetilmagan makkapoya popugini uzib qoʻgʻirchoq qilib oʻynaganida, uni oʻqlov bilan urgan mana shu qoʻllar edi! Koʻklam chogʻi tomdan qizgʻaldoq terib tushib, shodlanib onasiga tutganda, «Undan koʻra, mollarga oʻt oʻr, yashshamagur!» deya shartta gullarni mayda-mayda qilib, oxurga tashlagan, sal boʻyi choʻzilib, xusni ollanganda, togʻasi qizlari qatori unga ham chit koʻylak olib kelganida, payt poylab koʻylakni tandirdagi oʻtga tashlagan ham shu qoʻllar edi! Aytaversa eh-ye… Endi titroq ingan bu qoʻllarni kechirish, unutish mumkinmi?!

Mastura ogʻir xayollariga gʻarq boʻlib qancha oʻtirdi bilmadi, shu mahal patnisga yongʻoqli, pistali, sedanaliyu pashmak holvalarni solib jilmaygan koʻyi Shohistaxon kirib keldi. Mastura likobchalarni dasturxonga qoʻyayotgan yosh kelinchakning hali gard qoʻnmagan, hayotning zalvor yuklari soya solmagan begʻubor nigohlariga qarab turib:

– Shohistaxon, holva uchun raxmat, baraka toping, – deb minnatdorchilik bildirarkan, yangasi yalt etib unga qaradi…

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.