Navroʻz ayyomida Oʻzbekiston xalq shoiri  Abdulla Oripov tavallud topgan

0
505
marta koʻrilgan.

ShOIRNING QAYTISHI

Oʻzbekiston Respublikasi madhiyasining muallifi, Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripov xotirasiga bagʻishlanadi.

Gʻamlar qarimadi, 
eskirmadi dardlar,
kechagi yaralar bitmadi hali.
Hali qaroqlardan toʻkilmay gardlar,
taqdir koʻksimizga bosdi changalin.

Xalqim, 
oh, naqadar ogʻir zalvori –
tagʻin sizib kirdi bir sovuq xabar:
Olamni tark etdi Abdulla Orif
ummonlar ortida, bir majruh sahar.

Shu tun uxlatmadi
sheʼr emas alam,
Tumanlar bagʻriga choʻkdim, zim-ziyo…
Qogʻozsiz bir qaro choʻpakdir qalam,
Shoirsiz gʻaribdan gʻaribdir dunyo.

Huvillagan bogʻlar shamoldan zada,
Yalangʻoch daraxtlar turib qoldi lol.
Hissiz bogʻ. 
Xontaxta. 
Boʻsh turgan qadah,
qachon lablarimni etasan ishgʻol?!

Boʻgʻzimga botadi kuzning nam isi,
Tilim botinolmas vido aytmoqqa.
Qitʼalar oralab bir shoir jismi
Ona tuprogʻiga mangu qaytmoqda.

Oʻrtanadi dilim, tark etar nahot,
Koʻz yoshlarga koʻnmas, azal qaro yer.
Alvido, alvido, ey tabarruk zot,
Vatanni koʻksimga jo qilgan shoir!

Endi yulduz boʻlib chaqnar falakda,
Toki boshimizda panohdir osmon.
Yashaydi jam boʻlib har bir yurakda
Abdulla Oripov va Oʻzbekiston!

Faxriddin Hayit

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.