Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Muhammad al Xorazmiy nomidagi Urganch filiali akademik litseyi oʻqituvchisi Yangiboyeva Nodira Mamlakatimiz Prezidentining maktab bitiruvchilariga tabrigidan ruhlanib, tahririyatimizga dil soʻzlarini yoʻllabdi:
Bugun biz ustozlar uchun juda quvonchli, hayajonli kun. Niholdek parvarish qilgan oʻquvchilarimizni katta hayotga kuzatmoqdamiz. Ayni shu daqiqalarda bitiruvchilarimizning sevinchi ikki hissa oshdi. Sababi, shaxsan Prezidentimizning yoshlarga yoʻllagan tabrigi ularga oʻzgacha kuch, oʻzgacha shijoat baxsh etdi. Muhtaram Prezidentimiz «Yosh doʻstim» deya Oʻzbekiston yoshlariga murojaat qilar ekan, ularga boʻlgan cheksiz mehr- muhabbatni, yuksak ishonchni izhor qildilar. Albatta, bu mehr, eʼtibor hayotimizdagi oʻzgarishlarda oʻz isbotini topmoqda. Yangidan yangi maktablar tashkil etilgani, akademik litseylarga boʻlgan eʼtibor barchamizni quvontiradi.
Bugungi bitiruvchi yoshlar kechagi bituruvchilar emas. Ular katta imkoniyatlar egasi. Hozirgi kunda yoshlarimiz uchun bir vaqtning oʻzida 5 ta oliy taʼlim muassasasining tanlovlarida ishtirok etish imkoni mavjud.
Birgina akademik litseyimiz misolida aytadigan boʻlsak, oʻtgan yili bitiruvchilarimizning qariyb 80 foizi oliy oʻquv yurtlariga qabul qilindilar. Joriy yilda ham yuqori natijalarni koʻzlab turibmiz. Bitiruvchilarimiz orasida IETS va Sefr imtihonlarida qatnashib 10 dan oshiq talabamiz yuqori natijalarni erishib, sertifikatga ega boʻldilar.
Biz, ustozlar, doimi oʻquvchilarimizning yutugʻidan kuch olib yashaymiz. Tilagim, barcha bitiruvchilarimiz jamiyatda oʻz oʻrni topib, Vatanimizga munisib inson boʻlishlarida tilakdoshman!
Hali niholdirsan hayot bogʻida,
Qoʻllaring quyoshga choʻzgin-u intil.
Ildizing qudratli zamin bagʻrida,
Erta mevalaring boʻlajak sarhil.
Sening yashnamogʻing uchun bor kuchim,
Oʻquvchim!
Oʻtkinchi toʻzonlar qadding egmasin,
Kelmasin izgʻirin bexos bogʻingga.
Sen bu borliq aro shunday yuksalgin,
Yulduzlar shudringday qoʻnsin bargingga
Sening zafarlaring-mening sevinchim,
Oʻquvchim!
Vataning –sen ildiz otgan shu tuproq,
Qaynoq muhabbati- yaratar bahor.
Poyingda oqar daryolar sharqiroq,
Tomiringda oqqan qonday shiddatkor.
Sen namoyon etgin daryolar kuchin,
Oʻquvchim!