Mutolaa bolaning dunyoqarashini kengaytiradi. Maʼrifatli, madaniyatli, odobli inson boʻlishga chorlaydi. Shuningdek, amaliyot ham katta ahamiyatga ega. Bola odobni eng avvalo oʻz ota-onasidan oʻrganadi. Bola ota-onasining hatti-harakatlarini, oʻzaro munosabatlarini sinchkovlik bilan kuzatadi va bevosita oʻzlashtirib oladi. Qisqacha aytganda, bola ota-onadan andoza oladi.
Milliy urf-odatlarimizga koʻra har bir oilada ichki odob-axloq qoidalari mavjud. Bu qoidalar bolalarimiz taʼlim-tarbiyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Uyqudan barvaqt uygʻonish oʻzbek xonadonlarida yaxshi anʼanaga aylangan. Onam yoshligimda “Qizim erta uygʻon, tong saharda Olloh rizq ulashadi. Shu nasibadan mosuvo boʻlma” der erdilar. Barvaqt turilgan kuni ish yoki oʻqishning unumli, kayfiyatning yaxshi boʻlishi kuzatilgan.
Bizda yuz-qoʻl yuvilmasdan hol-ahvol soʻralmaydi, dasturxon boshiga kelinmaydi. Yuz-qoʻl yuvilgandan keyingina bir-birlari bilan soʻrashadilar. Ayollar nonushta tayyorlaydilar, qiz, kelinlar koʻcha eshigi oldiga va supalarga suv sepib supuradilar. Oila aʼzolari nonushtaga iloji boricha bir vaqtda oʻtiradilar. Uyning toʻrida oila boshligʻi oʻtiradi. Dasturxonga birinchi boʻlib oilaning yoshi ulugʻi qoʻl uzatadi. Nonushta tugagach, bobo yoki buvilar qoʻl ochib dasturxonga duo oʻqishadi. Ovqat tanovul qilib boʻlingach, rizq-nasiba uchun Ollohga beadad shukronalik oʻqiladi. Idish-tovoqlar yuvilib, yigʻishtirib qoʻyiladi. Yuvindi, magʻzavalar koʻchaga tashlanmaydi, gunoh boʻladi.
Anʼanaviy oila odobiga koʻra katta yoshlilar bolalarga, bolalar, kelin va qizlar kattalarga ochiq-sochiq holda koʻrinmaydilar. Turli uyat soʻzlar, qiliqlar qilinmaydi. Koʻchaga, ishxonaga uy kiyimida borilmaydi. Uyda, mahallada, ishda, oʻqishda oʻziga xos milliy kiyimlar yoki maxsus kiyimlarda yuriladi. Bugun urf boʻlib borayotgan ajnabiy kiyimlar madaniyatlilik belgisi emas. Aksincha, bu madaniyatimizning qashshoqlashuvi sanaladi.
Goʻzal urf-odatlarimizga koʻra kichiklar kattalardan toʻrga oʻtmaydilar. Ayollar va qizlar erkaklarning oldidan kesib oʻtmaydi. Ota-onaning oldida soʻljayib yotmaydilar. Kattalar kirib kelganida, albatta oʻrnidan turiladi. Kattalarning gapiga ularning ruxsatisiz aralashish uyat hisoblanadi.
Toʻylar haqida koʻp va xoʻp gapirish mumkin. Milliy urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz bir chetda qolib, yevropacha udumlar odat tusiga kirib qolmoqda. Ayniqsa, kelinlarning ochiq-sochiq kiyimlarda toʻy toʻrida oʻtirishlari qadriyatlarimizga mutlaqo zid holatdir. Vaholanki, kelinning oʻz qomatini ochiq kiyimlari orqali koʻz-koʻz qilishi odob ham, madaniyat ham emas. Sharqda kelinning chilla davrida begonalarning nazari tushishidan saqlashgan. Chiroyli boʻlib toʻyga chiqqan kelinga kimdir havas, yana birov xasad, kimlardir sarmast koʻzlari bilan boqadi. Bular zamonaviylik emas, odob-ahloq tamoyillarining buzilishidir.
Dilbar BEKCHANOVA, jurnalist