Ogahiy — mirob, shoir, muarrix va tarjimon

0
2736
marta koʻrilgan.

Muhammadrizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiy 1809 yilning 17-dekabrida Xiva yaqinidagi Qiyot qishlogʻida maʼrifatli va badavlat mirob oilasida dunyoga keladi. Otadan erta yetim qolib, amakisi, zamonaning yetuk shoiri, xonning bosh mirobi Munis Avazbiy oʻgʻli Xorazmiy qoʻlida tarbiya topadi.

1829 yilda Munisning 51yoshida vafot etishi, yosh shoir uchun katta yoʻqotish boʻldi. Ogahiy 20 yoshida Xiva xoni Olloqulixon tomonidan miroblik vazifasiga tayinlanadi. Sabru qanoati tufayli elda aziz, ishga fidoiylik, vatan ravnaqi uchun jonini fido etishga bel bogʻlagan Ogahiyning miroblik davri (1829-1857) Xorazmda koʻpgina yangi kanallar qazilib, suv inshootlari qurilgani, vohaning sugʻorish istiqbollari borasidagi muammolarning oqilona hal boʻlishi uning nomi bilan bogʻliqdir. Ulugʻ shoir otdan yiqilib oyogʻi jiddiy lat yegach, miroblikdan isteʼfoga chiqadi va nazm, tarix bitish, tarjimonlik bilan mashgʻul boʻladi. U 1874 yilning dekabr oyida oltmish besh yoshida vafot etadi va oʻzi tugʻilgan Qiyot qishlogʻidagi “Mavlon bobo” qabristoniga, amakisi Munis qabriga yonma-yon dafn qilinadi.

Ogahiy xalq orasida koʻproq lirik shoir sifatida mashhur. Umrining oxirgi yillarida tuzgan lirik kulliyoti — «Taʼviz ul-oshiqin» («Oshiqlar tumori», 1872) bizgacha toʻla yetib kelgan. Devon anʼanaviy tartibda tuzilgan, 470 gʻazal, 3 mustazod, 89 muxammas, 5 musaddas, 2 murabba, 4 musamman, 4 tarjeʼband, 7 qitʼa, 80 ruboiy, 10 tuyuq, 1 mulamma, 4 chiston, 2 muammo, 4 masnaviy, 1 bahri tavil, 1 munojot, 1 oshiq va maʼshuq savol-javobi, 20 taʼrix, 19 qasida — jami 18000 misradan iborat. Devonga «Ashʼori forsiy» nomi bilan Ogahiyning fors tilidagi 1300 misra sheʼri ham kiritilgan. Devondagi asarlar mazmun-mundarijasi markazida ishq mavzusi turadi. Allomaning koʻplab gʻazallari oʻz vaqtida ham bugun ham sevib kuylanib kelinadi.

Shuningdek, Ogahiyning tarixiy asarlari oʻzbek tarixnavislik fani taraqqiyotiga katta hissa qoʻshdi. Ular Oʻrta Osiyo tarixining ajralmas tarkibiy qismi boʻlib, Xorazm tarixini, Xiva tarixini tadqiq etish uchun muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

Muarrixning asarlari tarixni, adabiyotni, yurtni sevishga, qadrlashga, eʼzozlashga daʼvat etadi. 

* * *

Mushkin qoshingning hayʼati ul chashmi jallod ustina,
Qatlim uchun nas keltirur nun eltibon sod ustina.

Qilgʻil tomosho qomati, zebosi birlan orazin,
Gar koʻrmasang gul boʻlgʻonin payvand shamshod ustina.

Nozu ado-yu gʻamzasi qasdim qilurlar dam-badam,
Vah, muncha ofatmu boʻlur bir odamizod ustina.

Man xastagʻa jon asramoq emdi erur dushvorkim,
Qotil koʻzi bedod etar har lahza bedod ustina.

Ul gul yuzi shavqi bila shaydo koʻngul shomu sahar,
Bulbuldek aylar yuz navo ming navʼi faryod ustina.

Boshimgʻa yogʻgʻon gʻam toshi mingdin biricha boʻlmagʻay,
Gardun agar ming besutun yogʻdursa Farhod ustina.

Ey shah, karam aylar chogʻi teng tut yamonu yaxshini —
Kim,mehr nuri teng tushar vayronu obod ustina.

Xoki taning barbod oʻlur oxir jahonda necha yil,
Sayr et Sulaymondek agar taxting qurub bod ustina.

Ne jurʼat ila Ogahiy ochgʻay ogʻiz soʻz dergakim,
Yuz xayli gʻam qilmish hujum ul zor noshod ustina.

* * *

Manga zulm aylab ul qotil ayon ohista-ohista,
Chekib tigʻini aylar qasdi jon ohista-ohista.

Jafosi zoʻridin ikki koʻzimdan oqdi daryolar —
Ki, qolgʻoy ostida oning jahon ohista-ohista.

Ulusga aylagan zulmin koʻrib ondin hazar qilmay,
Kelib chekdim jafosin man yomon ohista-ohista.

Boʻlur hajrida zindon gar maning manzilgahim boʻlsa,
Guliston balki gulzori junon ohista-ohista.

Toʻla burjom tut lutf aylab,ey soqiyki, bu gʻamdin
Qutulgʻoyman ichib man notavon ohista-ohista.

Vafo yoʻq dahr bogʻining guliga berma koʻnglungni,
Bugun tongda ketar, ey bogʻbon, ohista-ohista.

Emas gardunda raʼd ovozikim hijron tuni ichra,
Erur ul Ogahiy chekkan figʻon ohista-ohista.

* * *

Ul yuzi gul nigorning mehri jamolini koʻring,
Mehri jamoli ustida ikki hilolini koʻring.

Ikki hilolini koʻrub qonmasa mehringiz agar,
Safhayi orazi uza nuqtayi xolini koʻring.

Nuqtayi xolini koʻrub sabr eta olmas ersangiz,
Husnu jamoli bogʻida qaddi niholini koʻring.

Qaddi niholini koʻrub koʻnglungiz etmasa qaror,
Jon koʻzi birla boqibon laʼli zilolini koʻring.

Laʼli zilolini koʻrub joningiz etsa iztirob,
Chorai holingiz uchun shahd maqolini koʻring.

Shahd maqolini koʻrub topmasa chora holingiz,
Nuktaga lab ochar chogʻi gʻunju dalolini koʻring.

Gʻunju dalolini koʻrub istasangiz murodi dil,
Ogahiydek quchub belin ayshi kamolini koʻring.

* * *

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.