Oila maʼnaviyati asosan ota-onaning maʼnaviyati va dunyoqarashiga bogʻliq

0
2707
marta koʻrilgan.

Har qanday ota-ona oʻz farzandining sogʻlom, yetuk, iymon va eʼtiqodli qilib tarbiyalanishini orzu qiladi. Ota-onalar barkamol oʻgʻil-qizlarni tarbiyalashlari uchun jamiyat oldida ham, millat oldida ham, ajdodlari va Ollohning oldida ham asosiy javobgardir.

 Maktab, litsey va kollejlar, oliy oʻquv dargohlarida esa, oiladagi tarbiya rivojlanadi, mustahkamlanadi. Sifatsiz qoʻyilgan poydevor ustida chiroyli imoratni qurib boʻlmaganidek, nosogʻlom oilada tarbiya koʻrgan bolalardan kelajakda biron naf koʻrish mushkul.      Oilalarni mustahkamlash, sogʻlom farzandlarni munosib oʻstirib voyaga yetkazish, tarbiyalash masalalari hayotning muhim talabi ekanligini davr koʻrsatib turibdi.

Mustaqil hayot ostonasiga kirib kelayotgan oʻgʻil-qizlarimizni oilaga tayyorlash, ularga keng imkoniyatlar berish, orzu-maqsadlarini roʻyobga chiqarishda qoʻllab-quvvatlash, toʻgʻri yoʻlni koʻrsatish muhim ahamiyatga ega.

Maʼlumki, insonning taqdiri, kelajak hayotidagi yutuqlari yoki muvaffaqiyatsizligi, baxtli yoki baxtsizligi, kasb-hunar tanlashi, hattoki kayfiyati, uning oilaviy muhitiga bogʻliq. Oilaning taqdiri esa insonning oʻziga bogʻliq. Oilalarning maʼnaviy-axloqiy qiyofasi ajdodlarimizdan bizga oʻtgan bilim va tajriba, madaniy qadriyatlar asosida va zamondoshlarimiz erishgan yutuqlari negizida barpo boʻladi.

 Agar oilada tartib-intizom boʻlsa, uning aʼzolari shu xislatlarini xizmat jarayoniga koʻchiradi va ijtimoiy mehnat faoliyatida qoʻllaydilar. Bu esa ularning oʻz xizmat vazifalarini  yuksak darajada bajarishlariga sabab boʻladi. Agar ota-ona farzandini Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalasa, bu xis-tuygʻu unga butun hayoti davomida yoʻldosh boʻladi.

Aziz ota -onalar bolangizga befarq boʻlmang. Oila- maktab -mahalla  tamoyili bejiz emas. Bolangizning maktabda, mahallada yurish-turishidan muntazam xabardor boʻlib turing. Bola tarbiyasiga ketkazgan vaqtlaringiz kelajakda  oʻzingizni xursand qiladi.

Dilbar BEKCHANOVA, jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.