Olamdagi eng buyuk va eng goʻzal hodisa Zulfiyaxonim yaratgan qoʻshiq barhayot

0
644
marta koʻrilgan.

Goʻzal ayyom bahorning birinchi kuni ustoz Zulfiyaxonim tavallud topgan sana! Oʻzbek xalqining sevimli shoirasi Zulfiyaxonimning sheʼrlarini oʻqisangiz u qalblarga qoʻshiqdek oqib kiradi. Tarjimalarichi? Undanda goʻzal!

Talabaligimda Lesya Ukrainkaning ijodi, hayoti va sayohatlari, shuningdek, Zulfiyaxonim tarjimalari bilan tanishar ekanman qalbimga bir choʻgʻ tushdi. Adibaning ijodi va Zulfiyaxonim tarjimalari bilan yaqinroq tanishish istagi uygʻondi. Lesya Ukrainka ijodi va faoliyati bilan tanishish jarayonida shoira Zulfiya tarjimalarini qoʻlimga olib, yanada ruhlangandim. Bu tarjimalar qoʻshiqdek tillarga, dillarga oʻrnashar edi. Men diplom ishimni Lesya Ukrainka tarjimalariga bagʻishlashni yurakka tuydim.

Bizga tarjimonshunoslikdan dars bergan ustozimiz Gʻaybulla Salomov (oxirati obod boʻlsin) fikrimni qoʻllab quvvatladi. Men diplom ishimni tugatib, ustoz Gʻaybulla Salomovni nazaridan oʻtkazganimda Zulfiya tarjimalari qismidan domlaning ham nihoyatda hayojonlanganini koʻrdim. Shoira Zulfiya tarjimalarining yoniga “zoʻr, qoyil” deb yozib qoʻygan edi. ”Juda yaxshi diplom ishi boʻlibdi, mavzu ham uning yoritilishi ham maʼqul keldi. Siz bu izlanishlaringizni kelajakda ham davom qildiring. Hozir esa uni Zulfiya opaga ham bir koʻrsatib oling”-deya maslahat berdilar.

Lesya Ukrainkaning sheʼrlarini koʻpchilik tarjima qilgan edi. Men izlanishlarimni shoira Zulfiyaning nazaridan oʻtkazish uchun “Oʻzbekiston xotin-qizlar” jurnaliga (bugungi “Saodat” jurnali)koʻtarib bordim. Men bu dargohga koʻp bora kelgan edim. Besh yil jurnalistikada oʻqigan boʻlsam, juda koʻp maqollarim chop etilgan edi. Mening ushbu nashrda chop etilgan birinchi jurnalistik izlanishlarim va quvonchlarim hamon esimda. Xorazmda birinchi boʻlib ratsionalizatorlik unvonini olgan ayol, Urganch tikuvchilik fabrikasining sex boshligʻi Anajon Otayeva, vohaning mashhur pillakashi, Urganch tumanidagi Oʻrta Doʻrman qishlogʻidan(bugungi “Oq oltin” jamoa xujaligi) chiqqan Moskvadagi xalqaro koʻrgazmalarda bir necha marta qatnashgan, qator ordenlar sohibi Soʻnajon opa Sobirova, Urganch shahridagi Kuybishev nomidagi 4-son maktabning boshlangʻich sinf oʻqituvchisi Darmonjon opa Raximova kabi vohaning mashhur va sodda ayollari haqida ocherk va lavhalarim chop etilgan edi. Biroq, Zulfiya opa bilan shaxsan hech uchrashmagan edim. Diplom ishim munosabati bilan opaning huzurida boʻldim. Ijod, oila, jurnalistika masalalarida uzoq suhbatlashdik. Diplom ishim u kishiga juda maʼqul keldi. Qoʻllab quvvatladilar. U paytlarda Lesya Ukrainka ijodi oʻzbek kitobxoni uchun yangilik edi.

Keyinchalik opaning huzuriga bora olmadim. Ish, oila, farzand tarbiyasi bilan band boʻlib ketdim. Bir kuni jurnalga hikoyalarimni koʻtarib bordim. U paytda adabiyot boʻlimining mudiri Oydin Hojiyeva edi. U kishiga hikoya maʼqul kelib Zulfiya opaga tavsiya qilibdilar. U paytda Oʻzbekiston televideniyasida muharrir boʻlib ishlardim. Biroq, bola tarbiyasi uchun beriladigan taʼtilni hujjatlashtirib uyda oʻtirgan paytim edi. Telefon jiringlab qoldi. Uni oldim. Mehribon, eʼtiborli ustoz Oydin Hojiyevaning qoʻngʻiroqdek ovozini eshitib xursand boʻldim. “Tezda yetib keling, Zulfiya opa sizni yoʻqlayapti”dedilar. Kichkintoyimni qoʻshnimdan biror soatga qarab turishlarini iltimos qilib yetib bordim. Opaning huzuriga kirar ekanman, u kishining ochiq chehra bilan peshvoz chiqishi meni yanada ruhlantirdi. “Qayerda yuribsiz? Sizni yoʻqotib qoʻydik-ku ” deb samimiy kutib oldilar. Ular meni eslab qoladilar, deb kutmagan edim. “Abadiy tuygʻular” turkum qatralarim u kishiga maʼqul kelibdi. Tabrikladilar. Yana uzoq suhbatlashdik. “Farzandli boʻlibsiz, ishga joylashibsiz. Qutlugʻ boʻlsin. Biroq, yozgan asarlaringiz ham sizning farzandlaringiz kabi ularni ham bola parvarishlagandek parvarishlashni bilishingiz kerak. Tarjimachilik sohasidagi ishlaringizni davom qildiring” deb maslahat berdilar.

Ustozning ushbu soʻzlari hamon quloqimda jaranglaydi. Opaning huzuridan ularning eʼtibori uchun gʻoyat xursand boʻlib chiqdim. Shoira Zulfiyaning maslahati bilan tarjimachilik sohasidagi izlanishlarimni kuchaytiridim. Lesya Ukrainka tarjimalari qatoriga Oles Gonchar asarlarining tarjimalarini ham qoʻshib, kandidatlik ilmiy ishimni boshladim. Uni yozib tugatdim. Imtihonlarni topshirdim. Biroq oila, farzand tashvishlari bilan boʻlib yoqlashga imkon topmadim. Ular qogʻozlarda qolib ketishini ham istamadim.

Shoira Zulfiyaning hayoti qanchalik jasoratlarga boy tarzda oʻtgan boʻlsa, ukrain xalqining shoirasi Lesya Ukrainkaning hayoti va adabiyot olamidagi izlanishlari ham ana shunday kechgan. Bizning mamlakatimizda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti boʻlsa, Ukrainada ham Lesya Ukrainka nomida bolalarga atab yozilgan asarlar uchun Davlat mukofoti berilar edi. 

“Qandaydir daqiqalarda tabiatning sirlarini tushina olgan kuychi insonning vujudi yoʻqolib ketsa ham, u bir vaqt yaratgan qoʻshiq hamon barhayot. Olamdagi eng buyuk va eng goʻzal hodisa shu emasmi? Oʻzini insoniyatga bagʻishlagan odam insonlar qalbida, ularning ishlarida abadiy yashaydi”,- degandi Lesya Ukrainka haqida Mikola Oleynik.

Men bugun Zulfiya opaning Lesya Ukrainka sheʼrlaridan tarjimalarini qayta oʻqiyotib, oʻzbek xalqining sevimli shoirasi haqida ham shunday degim keldi. Mening nazarimda guyo Mikola Oleynik bu gaplarni shoira Zulfiyaga ham nisbat berib aytgandek…

Mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 27 aprelda Jizzax viloyatiga tashrifi davomida ulkan shoirlar Hamid Olimjon va Zulfiyaning adabiy merosini keng targʻib qilish, asarlaridagi ezgu tushunchalar mohiyatini yoshlarga yetkazish lozimligini taʼkidlagan edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan Hamid Olimjon va Zulfiya xiyoboni, ikki shoir nomi bilan ataluvchi oʻzbek tili va adabiyotini chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat hamda muzey xalqimizning ardoqli farzandlariga koʻrsatilgan ulkan ehtirom namunasi boʻldi.

Goʻzal ayyom bahorning birinchi kuni ustoz Zulfiyaxonim tavallud topgan sanada yana bir karra xotirlab, Ollohim ustozning oxiratini obod qilsin, deb soʻrab qolamiz!

Raʼno ZARIPOVA,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.