Ona tilimizning sarhadlari: “TUN”DAGI “KUN”

0
58
marta koʻrilgan.

Tun soʻzi “qorongʻulik, kecha” maʼnosini anglatishi maʼlum. Xoʻsh, tunga uyqash tush yoki uning ziddi kun soʻzi qanday paydo boʻlgan? Bu soʻzlar ham bekorga ohangdosh emas.

Maʼlumki, tilimizda tush soʻzining ikki xil maʼnosi bor, yaʼni tush payti maʼnosidagi tush va tush koʻrish maʼnosidagi tush (tush feʼli bundan mustasno).

Qadimda tush soʻzi “kun, kunduz” degan mazmunda kelgan. “Oltoy-Olatogʻ lugʻati”da yarim tun — “oʻrta tun”, tush payti — “oʻrta tush”, shimol — “tun yoni”, janub — “tush yoni” deb ifodalangan. Shuningdek, sutka maʼnosidagi bir kun — “bir tun, bir tush” deyilgan, bu xuddi “bir kecha-kunduz” kabi. Demak, biz tush payti maʼnosida qoʻllaydigan “tush” soʻzi “kun” degani.

Endi tush koʻrish mazmunidagi “tush” soʻzi haqida ayrim mulohazalarimizni aytib oʻtsak. Maʼlumki, odam uxlaganda tush koʻradi. Modomiki, “tun” — qorongʻulik ekan, uyqu ham aslida qorongʻulik, yaʼni tun. Tushning tub maʼnosi kun boʻlsa, u holda tush koʻrish “tunda kunni koʻrish” degan maʼnoni anglatar, balki. Yoʻq, keyin  bu haqda oʻylab koʻrdim. Bu faraz aniq asosga emas. “Turkiy tillar etimologik lugʻati”da ham tush soʻzining paydo boʻlishi haqida yurakni jizillatadigan biror mulohazani uchratmadim. Bu lugʻatda tush soʻzi qadimgi uygʻur tilida “yostiq, toʻshak” maʼnosini anglatgan tü:l-it soʻzidan yoki qalmoq tilida “bashorat” maʼnosini ifodalagan tölgü soʻzidan degan farazlar bor. Lekin ularda aniq asosni koʻrolmadim. Hayotdagi gʻaroyib ruhiy hodisani ifoda qilgan tush soʻzining tub ildizi topilsa, ancha sirlar oydinlashardi deb oʻylayman.

Shuningdek, “Oltoy-Olatogʻ lugʻati”da “tush” soʻzining “joy, vaqt, hodisa, holat, uchrashuv” kabi maʼnolari borligi ham taʼkidlab oʻtilgan.

Mahmud Koshgʻariy “tun” soʻzi kecha maʼnosidan tashqari “tinchlanish”, “osoyishtalik” maʼnosini anglatishi haqida aytib oʻtgan.

Manbaa: Eshqobil ShUKUR «Bobosoʻz izidan» kitobi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.