Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida yurtimizga 156 nafar vatandoshimiz Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan qaytarildi. Ularning bari mehrga muhtoj onalar va baxtiyor bolalikni koʻrmagan norasida goʻdaklar.
Kulsang, dunyo kular—koʻngillar toʻlar,
Munchoq koʻzlaringga payvasta bu jon!
Kulgu toshib tursin kulgichlaringdan,
Sen baxtu iqbolim, aziz bolajon!
Shoir otashin sheʼriy satrlarida kuylaganidek, har bir ota-ona bolasini shirin soʻzlarga choʻlgʻab, goʻzalliklar olamida ulgʻaytirishni, baxtli kulgilariga guvoh boʻlishni istaydi. Darhaqiqat, bola kulsa koʻngillar yayraydi, olam charaqlaydi. Yurtlarning, jahonning baxtu iqboli boʻlgan bolajon kulgan joyda omonlik, tinchlik oʻz ifodasini topadi.
Ayni kunlarda “1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” keng nishonlanmoqda. Bayram munosabati bilan yurtimizdagi barcha uzoq-yaqin goʻshalarda koʻngilochar tadbirlar uyushtirilib, ezgu ishlar amalga oshirilayotganini ijtimoiy tarmoqlar orqali saytimizga oqib kelayotgan xabarlar ifodalab turibdi.
Jumladan, Oʻzbekiston Davlat tabiat muzeyida 1 iyun — “Ochiq eshiklar kuni” deya eʼlon qilindi. Bolalar ijodidan rasmlar tanlovi uyushtirilib, ishtirokchi bolalarga “Faxriy yorliqlar” taqdim etildi.
Samarqand shahrida esa ommaviy yurish hayriya marafoni tashkil etildi. Ishtirokchilar viloyat musiqali drama teatri oldidagi maydondan Boʻstonsaroy, Mirzo Ulugʻbek koʻchalari orqali “Dinamo” stadionigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtishdi. Ushbu tadbir davomida yigʻiladigan mablagʻ bemor va nogironligi boʻlgan bolalarni davolash, ularga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatishga sarflanadi. Marafonda 30 mingdan ortiq aholi ishtirok etdi.
Xorazm viloyatining diqqatga sazovor joylari boʻylab oʻtkazilayotgan tomoshalarda viloyat qoʻgʻirchoq teatri ijodkorlari ertak qahramonlari qiyofalarida koʻrinish berib, milliy qoʻgʻirchoqlarni harakatga keltirib, teatr repertuaridan joy olgan eng sara, eng tomoshabop spektakllarni namoyish etishmoqda. Masalan, Urganch shahri, Amir Temur nomli madaniyat va istirohat bogʻining Yoshlar markazida hamda Xiva shahri va tumani miqyosida oʻtkazilgan katta bayram tantanalarida faol ishtirok etib, yosh tomoshabinlarni xushnud etishdi.
Poytaxtimizning goʻzal maydon-u maskanlari ham bayramona bezatilgan. Turli koʻngilochar tadbirlarda bolalarning oʻzlari ham faol ishtirok etishmoqda. Alisher Navoiy nomidagi metro bekatida «Toshkent metrosi-bolalar nigohida» rasmlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Yosh rassomlar tanlovining gʻoliblarini esa yoʻlovchilar aniqlab beradi. Yaʼni har bir rasm raqamlashtirilgan, tomoshabinlar oʻziga yoqqan rasmning raqamini tanlab ovoz beradigan qutiga tashlaydilar. Bolajonlarning xayoliy dunyosida aks etgan metromiz tasvirlarini zavq-shavq bilan kuzatib, men ham ovoz berdim.
Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida esa “Sen serquyosh yurt farzandisan, bolajon” nomli madaniy tadbir oʻtkazildi. Unda kichkintoylar ishtirokida “Loyda jonlangan moʻjizalar” nomli mahorat darsi tashkil etildi. Tadbir doirasida mashhur sanʼatkorlar ijrosida farzandlarimizga bagʻishlangan konsert dasturi, xayriya oshi, harbiylarning koʻrgazmali chiqishlari hamda homiylar tomonidan bolajonlarga sovgʻa ulashildi.
Shu yil navroʻz arafasida ishga tushgan Humo muz saroyining musiqiy sadolari mahallamizni qamrab olgan, nevarajonlarimiz esa bizni oʻsha yoqqa daʼvat etadi. Shom shuʼlasida saroyga yoʻl oldik. Bayramona bezatilgan maydon bolalarning quvnoq tovushlariga toʻlgan. Ular jarangdor musiqa sadolari ostida ota-onalari bilan birga ishtiyoq bilan raqs tushayotganini tomosha qilish ham zavq bagʻishlaydi.
Sportsevar bolalar esa turli xil uchgichlarda maydonni hayqariqlarga toʻldirib bir-biri bilan belashishayapti. Kinolarga ishtiyoqmand bolajonlar esa ertaklar va multfilmlar qahramonlari bilan suhbatlashib, turli xil muqom bilan esdalik suvratlariga tushishyapti. Oppoqoyimning shohzoda qoshiga eltgan sehrli aravada, qadimiy tariximizni aks ettirgan xonaravada bolalik quvonchlarini kelajak uchun muhrlab qoʻyishyapti.
Kichkintoylarga zavk- shavq bagʻishlayotgan tomoshalarning bari dorilomon kunlarimizning ifodasi desak arziydi. Mana necha yildirki tinchligimiz ramzi boʻlgan bolalar bayrami ana shunday oʻtadi, zavqli va mazmunli kechadi. U goʻzal qadriyatimizdan biriga aylangan.
Dorulomon kunlarimiz zavqini, shodiyonasini kuzatar ekanman, ona tuproqni quchib Ollohga sajda qilayotgan ayolning kechinmalarini beixtiyor esladim.
Ushbu bayram arafasida davlatimiz tomonidan yana bir xayrli, katta ahamiyatga ega onalar va bolalarni ulugʻlaydigan “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi amalga oshirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga binoan, 156 nafar vatandoshimiz, asosan ayollar va bolalar Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan yurtimizga qaytarildi. Jahannam oʻchogʻidan qochib osoyishtalik, tinchlik istab kelayotgan ona-yu bolalarning maxsus aviareysdan tushib kelayotgan holatlarini kuzatib, kechinmalarini his qilib, yuragim ezildi. Samolyotdan tusha solib, musaffo osmon, toza havoni his qilib ona tuproqni quchib, yigʻlayotgan Ollohga sajda qilayotgan ayolning holatini bir his qilib koʻring. Dilingiz titraydi.
Balki, u qadimiy maqom kuylaridek yuraklarni sitib oʻtgan tuygʻulardan boʻgʻziga tiqilgan koʻz yoshlarini, sogʻinchdan yuragi sel boʻlib, ummon boʻlib ichiga quyilgan koʻz yoshlarini nihoyat ona tuproqqa tomayotganidan xursanddir…. Balki, armon, oʻkinch, vijdon azobi pora-pora qilgan qalbiga ona tuproqni malham qilib bosayotgandir… Balki, Oʻzbekiston yeridek bagʻrikeng, oftobidek istarasi issiq, koʻngillarida kiri yoʻq olihimmat insonlari borligiga shukrona bildirayotgandir. Ha, bu shukrona sajdasida hikmat koʻp.
Aldov oqibatida oʻzga yurtga borib qolib, ogʻir hayotiy davrni boshidan oʻtkazgan bu insonlar hukumatimiz tomonidan Boʻstonliqdagi sanatoriyga joylashtirilib tibbiy, psixologik, moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatilayotganini tele tasvirlar orqali kuzatdik. Ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishlari, taʼlim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoit yaratilib, boshpana va ish bilan taʼminlash choralari koʻrilayotgani ham ramazon ayyomidagi katta savob amallardan biri boʻldi!
Oʻzga yurtlardan kelgan bolajonlarning koʻzqarochiqlaridagi mungli nigohlaridan baxtiyor bolalikni shu yerga kelib his qilishayotganini va bunga oʻzlari ham ishona olishmayotganini sezish mumkin.
Insonparvarlikning, savob amallarning ajrini Ollohning oʻzi bersin. Yurtimizdagi tinchlikka, toʻkinlikka koʻz tegmasin. Ollohim yurtimizni, elimiz odamlarini, har bir oilani oʻzi panohiga olsin, Vatanimizda bayramlarga bayramlar ulanib shodu xurramlik bardavom boʻlaversin, deya duo qilib qolamiz!
Raʼno Zaripova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist