Oqibat

0
288
marta koʻrilgan.

Akademik Poʻlat Qirgʻizboyevich Habibullayevning yorqin xotirasiga moʻjazgina chizgi oʻrnida

Illo, Olloh rahmatiga olib, joyini jannatdan qilgan boʻlsin. Poʻlat Qirgʻizboyevich ismi-sharifi bosh harflar ila aytuvga, yozuvga munosib benazir inson edi. Ul muhtaram zotning ilmi, bilimi zakovati va tafakkuri beqiyos boʻlib,  oqil, dono, samimiy kishi edilar.

Men u kishi bilan dastlab Oliy Kengash, keyinchalik Oliy Majlis deputatlari sifatida oʻtgan asrning 90-95 yillarida bir qoʻmitada faoliyat koʻrsatganmiz. Poʻlat Qirgizboyevich Xalqaro ishlar qoʻmitasi raisi, men oʻrinbosari edim.

 U ishining nomiga hamdu sanolarni nafaqat respublikamizning ilmiy jamoatchiligi, balki halqaro maydonda ham jahon fan arboblari hanuz baralla aytib keladi. Ayniqsa, fizika, texnika yoʻnalishlarida olib borgan izlanishlari, tadqiqotlari, kashfiyotlari bilan dunyoda sanoqligina olimlar musharraf boʻlgan qator mukofotlar sohibi ekanligini, davlatimizning koʻpdan koʻp nufuzli orden va medallariga muyassar boʻlganligini aytishning oʻziyoq fikrimizning yaqqol dalilidir.

 Men hozir ularning hammasini yozib oʻtirmayman. Toʻgʻrirogʻi, u kishining nainki ilm odami, balki, chinakam odamiyligini, odamlarga mehr-muhabbat ila qarashini, bagʻoyat oqibatli zot boʻlganligini birgina voqea bilan aytmoqni joiz koʻrdim.

1994 yilning fevral oyi oxirlari edi. Otam Turdaliyev Saʼdulla 97 yoshida vafot etib qoldi. Rahmatli (Illo, joylari jannatdan boʻlgan boʻlsin) bir umr qishlokda – Samarqand viloyatining Nurota togʻ tizmalari oraligʻidagi Oxchob degan (xozir Koʻshrabot tumani xududida) moʻjazgina ovulchada umrguzaronlik qildi. Choʻpon edilar.

Havo sovuqroq, qish-qirovli kunlar, togʻ-toshli yoʻllar ogʻir edi.

Ularda tebranib-tebranib faqat yuk mashinalarigina onda-sonda qatnab turardi. Bir payt toshdan toshga urilib-surilib, oʻnqir–choʻnqirlardan extiyotkorlik bilan oʻtib kelayotgan mashina toʻgri bizning uyimiz oldida toʻxtadi. Undan Poʻlat Qirgizboyevich, Toshkent Davlat sharqshunoslik institutining oʻsha kezdagi rektori, jahonga taniqli arabshunos olim, akademik Neʼmatullo Ibrohimov va Samarqand viloyatining hokimi Poʻlat Abduraxmonovlar tushib kelishdi.

Hamma togʻ yoʻlida yengil mashina qishloqqacha yetib kelganidan hayron edi. Men Toshkentdan taxminan 400-450 chaqirim yoʻl bosib, koʻngil soʻrashga, taʼziya bildirishga, dalda berishga borishgan bu insonlarni koʻrib yigʻlab yubordim.

Qurʼon tilovatdan soʻng ular meni bagʻirlariga bosib yupatdilar.

– Olloh sizlarga sabr bersin, – dedi Poʻlat Qirgizboyevich. Dunyo degani aslida oʻzi shu. Oʻlim hammamizning qismatimizda bor, Nomozjon, bardam boʻling. Shaxsan Prezidentimiz Islom Karimov “uch-toʻrt kishi boʻlib borib kelinglar” – degandi…Illo, otangizning joylari jannatdan ato qilingan boʻlsin…

Ular shu zahoti-yoq ortga qaytishdi. Hamma jimgina kuzatib qolishdi.

– Bunday oqibatli odamlarning tovonini bu ovullar hali koʻrmagan edi. Qoyil!– deyishdi qishloqdoshlarim.

Oʻsha xavo sovuk, yoʻl ogʻir kezlarda yuk mashinalari tebrana-tebrana, silkina-silkina zoʻrgʻa harakat qila oladigan togʻ-toshli yoʻllardan mendek oddiy bir qalamkashdan koʻngil surashga, taʼziya bildirishga yengil mashinada amallab yetib borishgan ikki akademik va viloyat hokimi nomlariga hanuz doʻstim, qishloqdoshlarimning soʻzlari bilan “Qoyil, oqibat degani shu”– deb yuraman…

Ushbu moʻjazgina dil chizgilarimni qogʻozga tushirishga turtki boʻlgan voqea – yaqinda mamlakatimiz yoʻlboshchisi Shavkat Miromonovich Mirziyoyev farmoniga koʻra respublikamiz ilmiy jamoatchiligining mashhur arboblari turmush oʻrtoqlaridan bir guruhi Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangani boʻldi. Ular orasida hozir siz-u biz hurmat-ehtirom bilan xotirlayotgan inson–akademik Poʻlat Qirgʻizboyevich Habibullayevning rafiqasi mehnat faxriysi Xabibullayeva Eleonora Raxmatjanovna ham bor.

Darvoqe, Prezidentimiz lutfini mazmunan talqin qilganda, atoqli olimlarimiz va ijodkorlarimizning ilmda, ijodda yuksak marralarni egallashida, olamshumul muvaffaqiyatlarga erishuvida ularga yetarli shart-sharoitlar yaratib berish uchun jonkuyarlik qilgan, barcha zahmatlariga sherik boʻla olgan  bunday ayollarimiz harqancha maqtovu olqishlarga arzigulikdir.

Ularning barcha xizmatlari va fazilatlari bugungi kunda qadrlanayotganining oʻzi ham xalqimiz, Vatanimiz, Prezidentimiz tomonidan koʻrsatilayotgan oqibatdir.

Yuksak davlat mukofoti – «Mehnat shuhrati » ordeningiz muborak boʻlsin, Eleonora opa. Tabriklaymiz. Sogʻ- salomat boʻling.

Nomoz Saʼdullayev, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.