Oʻsmirlik davri bu qizning voyaga yetgani emas

0
688
marta koʻrilgan.

Oʻsmirlik davrida qiz bolaning hayotida, ruhiyatida, organizmida jismoniy, jinsiy rivojlanishlar kuzatiladi. Ushbu davrda qizcha endi “bola” ham emas va shu bilan birga hali “katta” ham emas.

Vaholanki, uning oʻz-oʻzini baholashi, qiziqishlari, qadriyatlari toʻliq shakllanmagan boʻladi. Jismoniy, maʼnaviy va jinsiy shakllanmagan qiz bolani oila qurishga, farzand dunyoga keltirishdek ogʻir masʼuliyatni gardaniga yuklab qoʻyishga kimning haddi sigʻishi mumkin? Kaltafahm va shafqatsiz kishininggina bunga jurʼati yetadi. Voyaga yetmagan qizning organizmi hali ona boʻlishga tayyor emas, lekin ayrim ota-onalar haqiqatdan koʻz yumib, farzandini oʻtga tashlashadi. Jismoniy, jinsiy tomondan shakllanmagan organizmda turli  jarayonlar yuz berishi tabiiy. Son suyagining oʻsmaganligi, kamqonlik, gigiyena qoidalarini bilmasligi, uquvsizligi pand berib qoʻyishi mumkin. Shuning uchun koʻpgina qizchalar tugʻruq paytida nobud boʻlishyapti yoki boʻlmasa, toʻlaqonli bola tugʻish qobiliyatidan yiroqda.

 Birgina Urganch shahrining oʻzida oʻtgan yili 4 nafar kollej oʻquvchilari tomonidan nikohsiz va erta homiladorlikning kuzatilishi, yuqoridagi fikrlarimizni yana bir bor isbotlaydi. Loqaydlik, oʻziboʻlarchilik kayfiyatlariga berilish oqibatida ayrim oilalarda ana shunday noxush voqealarning guvohi boʻlish ayanchli. Ota-onalar oʻrtasida keng tushuntirish ishlarini olib borish, har bir oila taqdiri jamiyat taqdiri bilan chambarchas bogʻliq ekanligini anglash muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, qiz bolani erta turmushga berish va oʻgʻil bolani erta uylantirib quyish bu koʻpchilik holatlarda ota-onalarning izmida. Kollejda oʻqiyotgan 15-17 yoshdagi yigit-qizlarning 98 foizi anketa savollarimizga  javob berib, ular bu yoshda hali oilaga tayyor emasliklarini izhor qilishgan. Afsuski bu davrda qiz bolaning taqdiri ota-onalarning izmida boʻlib, ularning ushbu masalaga munosabatiga bogʻlik  boʻlishi mumkin.

 Kattalar balogʻat davrining oʻziga xos xususiyatlarini, erta oila qurishning yomon oqibatlarini oʻz farzandlariga obdon, yaxshilab tushuntirishlari zarur. Koʻpgina oʻsmirlar balogʻatga yetish sirlarini, oʻzgarishlarini bilmaydilar. Eng avvalo, ona qiziga yaqin inson boʻlishi, qizidagi har bir oʻzgarishlarni nazorat qilib, tushuntirib borishi zarur. Har bir ota-ona oʻgʻli, qizi bilan muntazam suhbatlashib, balogʻat davrining oʻziga xos xususiyatlaridan xabardor etib turishi kerak.

Afsuski, ayrim ota-onalar erta nikohning oqibatlarini jiddiy oʻylamasdan, “murod” bilan toʻy qilishadi. Oqibatda, yoshlar qiyin ahvolga  tushib qolishadi. Qizcha esa yangi oila, yangi  hayotga koʻnikolmay  uzoq qiynaladi. Oilaning ishlari-yu yumushlarini koʻngildagidek bajara olmagan kelinchak qaynonasidan, eridan dashnomlar eshitaverib eziladi, shakllanib kelayotgan yosh organizmi oʻsish, rivojlanishdan orqada qola boshlaydi. Boʻlajak ona, boʻlajak ota har tomonlama sogʻlom boʻlsagina, uning farzandlari ham sogʻlom boʻladi. Oilada sogʻlom bola dunyoga kelishi uchun esa onaning ham, otaning ham salomatligi, ruhiy holati joyida boʻlishi kerak. Qizlarimizning oila, turmush qurishga tayyorlash, uning oʻziga xos nozik sirlari – oʻzini tutish, gaplashish, muomala munosabatlarini muntazam oʻrgatib borish onaxonlarimizdan katta masʼuliyat talab etadi. Jismonan va maʼnan tayyor boʻlmagan qizcha qanday qilib bola tarbiyalaydi?

Nikoh va oilalarning mustahkamligi yigitlarning, yaʼni boʻlajak otalarning ham har tomonlama tayyorgarligiga bogʻliq. Bizning taraqqiy topgan, tafakkur yuksalayotgan davrimizda esa ayrim qishloq va shaharlarda 17-18 yoshga toʻlmagan oʻgʻil bolalarni uylantirib qoʻyish hollari uchrayapti. Baʼzan uquvsiz, yosh erning  aybi bilan oʻz vaqtida shifoxonaga yotmagan kelinchak ogʻir ahvolga tushib qoladi. Qon bosimi tushib ketgan, rangi dokadek oqarib ketgan ayolning salomatligi haqida kechagina koʻcha changitib, oʻynab yurgan 17 yashar yigit nimani ham bilardi?

Hali aqli tiniqlashmagan, ona suti ogʻzidan ketmagan yigit-qizlarni oila qurishga majburlash yoxud daʼvat qilish ota-onalarning katta va kechirilib boʻlmas xatosidir. Nozik yelkalariga oila qurishdek ogʻir va ulkan masʼuliyatni yuklash, ulardan bilmagan narsalarini talab qilish bilan barobar. Oila qurish uchun yoshlar ham jismonan, ham maʼnan tayyor boʻlishlari muhim ahamiyatga ega.

 Nazarimda, mahalla fuqarolar yigʻini faollarining ana shu muammolarga aralashuvi ham bu ishda koʻp samara beradi. Chunki mahallada boʻlayotgan barcha voqealarni eng avvalo mahalla faollari xabardor boʻlishadi. Toʻy qilib murod qilish hammaga nasib qilsin, biroq bolalarimizni koʻr-koʻrona choʻgʻga tashlamaslik kerak.

  Bizning saʼy-harakatlarimiz tub negizida oʻgʻil va qizlarimizning sogʻlom voyaga yetishlari, baxtli va saodatli hayot kechirishlari yoʻlidagi ezgu niyatlar turibdi. Zero, har tomonlama sogʻlom insonlardan yetuk va zuvalasi pishiq, kamolotli farzandlar dunyoga keladi. Shuning uchun sogʻlom avlodni dunyoga keltirish va kelajakni tarbiyalashda oila, maktab, mahalla hamkorligini yanada mustahkamlash orqali jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa koʻshish har birmizning muqaddas burchimizdir.

Dilbar BEKCHANOVA, jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.