Davomi
Shisha yoʻl ustida borardim.
Usti sirpanchigʻu osti – tubsiz jar.
Yoʻlim yaqqol qaltis,
ammo u yoʻlda
qalbim birga edi men bilan.
Tanladim va ketdim shu yoʻldan olgʻa,
hayotimni boshqarar u yoʻl,
boshqarar-ku boshi berk soʻlga…
u qanday yoʻl edi?
Koʻngil yoʻlimi?
Sevginingmi, ehtiyojningmi
yo aldamchi shuʼlaning yoʻli?
Nima boʻlganda ham,
ne boʻlganda ham,
bahorini yoʻqotgan yurakning
toʻrt fasli aylandi bahorga!
Yaydoq choʻlday taqir,
oysiz tunday qorongʻi hayotimga
koʻp uzoq kechikib kirib keldi nur.
Na yoshim, na ismim,
na taqdirim ila qiziqdi.
Qoʻl soldi faqat koʻnglimga.
Qoʻllarini shunday soldiki,
koʻnglimni bus-butun oldi sugʻurib.
Yo bilmadi,
yo bilmaslikka oldi,
yo bilishni ham istamas edi
oʻzining kechikib tugʻilganini.
Yo mening shoshganim sakkiz yil.
Faylasuf emasman Feofrast kabi —
avval oʻylab, soʻng sevolmadim.
Ketdim-ku adashib, uloqib,
yoʻllarning avvalu oxirlarida.
Qoʻlimdan kelmadi
oxiri namoyon manzilga adashmay yetmak.
Bu yoʻllarga katta keldi
tashna yuragim,
yoʻlsizlik axtardi bir buyuk.
Sevdimu soʻng oʻylay boshladim.
Chetdan tomosha qildim oʻzimni.
Tomosha qildim va
tik qarolmadim oʻz koʻzlarimga.
Men qanday boʻlishni orzular edim?
Nega boʻlolmadim orzumdagiday?
Boʻla olganimday boʻldim men nega?
Oʻzni oqlamakka sabablar bisyor.
Qoralashga esa katta sabab bor —
men erli ayol!
Toʻrt yildirki oʻzga yurtlarda
dom-daraksiz yoʻqolgan erim
hayotimda yoʻq esa-da, taqdirimda bor!
Yuragimda yoʻq esa-da, taqdirimda bor!
Men beva yo qariqiz kabi
oʻz dardimni oshkor ayta olguvchi,
shahzodamni izlab, orzu qilguvchi
baxtli yolgʻiz emas,
men — erli yolgʻiz!
Gar erim qaytsa-da, yolgʻizman.
Koʻkragiga boshim qoʻysam-da, yolgʻiz!
Suyanmoqqa emas,
ul koʻkrakni suyash uchun qoʻyadirman boshimni.
Deyman, avval buncha goʻzalmasdi-ku
uygʻoq tonglar, zarbadan kunlar,
oʻychan shomlar, yogʻduli tunlar.
Buncha goʻzal tuyulmasdi-ku!
Koʻzlar toʻymas hayotga boqib,
hayot ichib toʻymas yurak.
Qalblarga baxt boʻlib yuqqim kelar,
ketgilarim kelar choʻkib shu baxtga.
Bilgum, menikimas bu baxt boricha,
ammo men borimcha baxtliman!
Oʻtmishimni kavlashtirmasam,
qoʻrquv tuymasam gar kelguni oʻylab,
ayni lahzam uchun borimcha baxtli!
“Baxtliman” deyishga haqqim yoʻq garchi,
borgan sari baxtga aylanar edim,
koʻzlarim boylanar,
boylanar edi.
Yoʻlidan adashar tuygʻu ham baʼzan.
Koʻzlarim bolamga boqqanda,
uning otasiga oʻxshab ketishin
payqagan kezlarim adashar edi.
Tuygʻular tentirab mast odam kabi
eslolmay oʻzining kimligin,
oʻtib yurar edi koʻngilning
u burchakdan bu burchagiga.
Boʻlinib ketardim ikkiga, uchga.
Soʻng siniq koʻzguning parchalarida
koʻrgan kabi aksimni,
topa olmay qolar edim aslimni.
Yuragimda — gurlayotgan olov ustida
raqsga tushar sakrab, tentirab,
oʻzini har taraf otib bir darvesh —
yaqinroq surilaman unga.
Boshimning ustida esa bir dono
ifsho etar holimni,
tushunishga, tushunmaslikka
urinib koʻrar va…
ustimdan ayovsiz kulardi:
“Baʼzida tirnoqlar bezagi uchun
Ertadan kechgacha qilursiz toqat.
Biroq yoringizni kutgali nechun
Topilmas tirnoqcha sabru qanoat?”[1]
Aldab ovutaman vijdonni:
“Endigina tushundim, axir,
guldan gulga qoʻnib, baxtlar simirib
va baxtlar ulashib yurgan kapalak
sakkiz soat yashab oʻtgan umrida
anglab yetgan haqiqatni men.
Qalbim bilan uygʻun yashayman endi!”
II
Tashqarida shamol supurayotir
taqdir boʻlaklarini…
Vaqt tomar chak-chak.
Oʻn yilki boʻysunmay soatga
toʻxtab turgan qaysar vaqt tomar.
Dengiz sipqormakka shay bir tashnaning
Qaqroq lablariga hayotbaxsh tomchi
Va yoki… yaradan tomgan qon kabi.
Soat millariga boqaman:
01:00.
Yetti soat qoldi, tugaydi bari,
yoki boshlanar…
Tun ichra yarqirar
tongdan qarz olingan bir tomchi —
Lola.
Badboʻy balchiqda ham
shirin ifor taratgan,
Ikki yilcha yashab ham bunda,
iforini saqlab qololgan – Lola.
Laʼl, yoqut ustiga
qoʻrgʻoshin eritib quysa-da,
tushmaganday uning bahosi,
Mahbusalar ila yashab ham bu qiz,
mahbus libosida yurib ham,
yuzida bir siniq tabassum
va bir toza qalbdan
nurli tarovat,
koʻzlari baxsh etar dilga halovat.
Unga qarab turib oʻylayman baʼzan:
Tashqaridagilar yaxshiroqmi
ichkaridagilardan?
Shu qiz yomonroqmi tashqaridagilardan?
Nechun qismat bu tong parchasini
sudrab kelgan uzluksiz tunga?
Qaytmakdan umidvor chiqqan otasi
xayr-xoʻshni nasiya qilib,
qaytmas boʻlib ketar
dorul baqoga.
Uch bola yetimlik yozigʻin olar.
Kattasi oʻn yoshli Lola.
Bobo aytar Lola voyaga yetsa,
uyni unga meros qoldirajagin.
Ulgʻayishga ulgurmas Lola,
u ulgʻaygunicha yashab turishga kuchi yetmas boboning.
Uyini oʻz nomida tashlab, koʻz yumar u,
oʻgʻillari koʻz ochishar meros ilinjida…
Lola oʻn sakkizga toʻlgan kun
imzo chekar
onasi va notarius xodimi qoʻliga tutqazgan
bir uyum xujjatga.
Yengib chiqar kurashda onasi —
uyning egasiga aylanar Lola!
Yoz fasli ekan oʻshanda.
Baxt tugʻajak kelinday nafas olar
kunlar hansirab.
Toʻy kuni yaqin Lolaning.
Yoyib koʻrsatayotir sepini dugonalarga –
koʻz-koʻzlar tugʻilajak baxtning liboslarini.
Darvoza tagida koʻrinar mirshab.
Bir ehtimol kabi qoʻnar u avval boshga.
Ortidan koʻrinar yana bittasi —
qovoqlari soliq, odimlari sipo,
dunyoning taqdirin hal etajakday.
Turli gumon kabi yopishar endi ular yurakka.
Mahalla oqsoqoli kirib kelar soʻng
kotibasi ila
mudhish oʻy kabi.
Kuyov barmogʻiga uzuk taqar pallada
bilagiga kishan taqarlar Lolaning.
Firib yoʻli bilan mol-mulk oʻzlashtirgani bois.
Soxta xujjatlarga imzo chekkani bois.
“Uning toʻyi boʻlar yaqinda, — izillar ona, —
tushunyapsizmi axir, belgilab qoʻyilgan toʻyi!
Unda ayb yoʻq, men qildim barini!
Kishan soling, mana, mening qoʻllarim!
Olib keting ishlamagan boshimni, mana!
Faqat jigarimni olib ketmanglar,
Yuragimni olib ketmanglar-r-r!”
Onaning zoriga choʻkadi dunyo,
choʻkib ketar uning pushaymoniga…
Koʻz yummay yotar Lola.
Choʻkib ketgan dunyolarni qutqarmak uchun
kutayotir tongni.
Davlatdan berilajak pulni ham kutar
xuddi shuning uchun.
Davolatish kerak onasini.
Boʻysunmayin qoʻygan oyoqlariga
boʻysunib,
oʻtirgan yerida qoʻllari ila
oʻzi hayot bergan bolalariga
rizq ulashayotgan yolgʻiz onasini.
Yana… boshpanaga toʻlov.
Shukr, imtiyozi bormish,
Davlat arzon uy beryotganmish.
Toʻy qilmakka —
baxt sotib olmakka hali bor…
Oʻqib, odam boʻlmak ham kerak.
Bir faxrli yulduzday qoʻnish uchun
mening koʻksimga.
Uzluksiz tun ichra yarqirar
tongdan qarz olingan bir tomchi —
Lola.
Hadya etgan menga u
yillar aro unutib qoldirganim –
oʻz-oʻzimni eslash baxtini…
Shoir bilan uchrashdik
maʼnaviyat darsida.
Rangin koʻzoynagin tutdi shoir
bizning koʻzlarga,
sheʼr boʻlib koʻrindi dunyo,
gul boʻlib koʻrindi.
Oʻz qadrini anglab qoldi yuraklar.
Darsdan soʻng jim edik,
shoʻngʻib ketganday oʻz yuragimizga,
orzuimiz, armonimiz, tilagimizga.
Men tomonga xiyol engashib Lola
sukutni buzdi:
“Shu odamning
tagidan kursisin olib qoʻysalar ham,
Vatan boʻlarmikan oʻtirgan yeri?
Yo dushmanga aylanarmikan?
Qoralab boshlarmi vatanni?”
“Uning baland kursisi yoʻq, —
javob berdim, —
Xalqning yuragida – shoirning kursisi.
Toʻlgʻoq tutgan ayolning
yolgʻon tuqqanini koʻrganmisan hech?
Shoir ham tugʻadi.
U har gal toʻlgʻona-toʻlgʻona
dunyoni tugʻadi qaytadan.”
“Lekin toʻqishiyam mumkin-ku.”
“Yoʻq, bu sheʼrlar toʻqilgan emas.
Vaqt va did oʻgʻrisi emas bu shoir.
Qalbni, ongni zaharlovchi
jinoyatchi ham emas.
Dars berganman, tushunaman ozmi-koʻp.”
“Opa, — dedi Lola tortinib, —
bundan chiqqach… boʻlarmikan oʻqishga kirsam?”
“Nega boʻlmas ekan? Boʻladi!”
“Bilasizmi nima?
“Oʻtirib chiqqan”ni olib bermayman,
deganmish uning onasi.
Mening kuchli boʻlgim kelar!
Shu qadar kuchliki,
shunday kuchliki,
toʻgʻri bir azmu qaror,
noyob bir fikru xayol
boʻlgim kelar uning koʻnglida,
oʻyida.
Tashlab ketolmasin toki hech qachon!”
“Tashlab ketolmaydi sendayin gulni!”
“Opa, jon opa, menga dars bering.
Meni odam qiling, xudodan qaytsin!”
Yuzimni teskari buraman.
Soʻz soʻrab boʻlarmi axir gung odamdan?
Koʻr odamdan nur soʻrab boʻlarmi?
Toʻgʻri, yaxshi koʻrar edim kasbimni.
Endi qanday oʻtkirlayin,
ne bilan charxlay
tilimda zanglagan soʻzlaru,
qalbda qurum bosgan mehrimni?
***
Barcha yoʻllar toʻgʻriday goʻyo.
Barcha yoʻllar egriday yana.
Shu qadar chalkash,
shu qadar qorishiq —
arqonday eshilgan biri-biriga.
Ajratsang,
moʻrtlashib qolguday,
uzilib ketguday
koʻtarolmay koʻkka oʻrlayotgan odamni.
Koʻtarolmay oldga yurayotgan odamni.
Agar shunday boʻlmasa,
yoʻllar faqat toʻgʻri yo egri boʻlsa,
shogirdlarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatib,
yurarmidim oʻzim bunda
egri yoʻllar aro adashib!
Agar yoʻllar
faqat toʻgʻri yo egri boʻlsa,
Vatan oiladan boshlanar,
dermidim –
men oila haqida gapirarmidim
xayonatkor boʻla turib!
Agar yoʻllar
faqat toʻgʻri yo egri boʻlsa,
yuragimda begona baxt tuya turib,
oila baxtidan soʻzlarmidim men –
Vijdonsizlik qilarmidim
vijdonni poklamak uchun!
Bilasizmi, — degandim men
bolalarga, — Bilasizmi, baxt nimada?
Baxtli oila qanday boʻlar?
Deylik, uni bir uy deb bilsak,
poydevori muhabbat bu uyning.
Devori hurmat,
tomi ishonch,
ustunlari samimiyat.
Ha, ha,
majburiyat emas, samimiyat!
Birgalashib bir manzilni koʻzlaydilar,
bir maqsaddan soʻzlaydilar
bu oila odamlari.
Soatlab, kunlab, haftalab, oylab, yillab,
umrlab,
baʼzan soʻz, baʼzan soʻzsizlik ila
suhbat qurar, quraverarlar,
Nigohlarin, dillarin tinglab,
bir-birlarin anglab yuraverarlar.
Zerikmaydi bir-birlaridan,
charchoq sezmas,
hech qachon bezmas.
Mehr-muhabbatga har dam koʻmilib,
yana unga tashna boʻlaverarlar.
Junbushga kelaru tinaverarlar.
Tiniq, sokin kunlarning baxtin
his ettirgay boʻronli kunlar.
Qaygʻudan-da quvonch toptirgay
muhabbatli, mehrli yoʻllar…”
Oʻz soʻzimga ishonib oʻzim,
gapirdim, gapirdim, gapirdim.
Soʻng esa…
soʻng esa endi bu yerda
hech qachon
hech nima haqida soʻzlamaslikka,
bolalarni qaytib aldamaslikka
ont ichib, tugatdim soʻnggi darsimni…
“Qol, — dedi direktor, — ketmagin,
seni mukofotga yozganmiz”.
“Tushuning, (sababi oʻzimga ayon)
yoʻq axir maʼnaviy haqqim!”
Oʻyladimki,
mukofotim – koʻksimdagi muhabbatim!
Chinakam baxt nima?
Baxtsizlik nima?
Baxtu baxtsizlikning chegarasi ne?
“Baxtliman!” deb koʻkrak kerishing
yo seni baxtli, deb oʻylashlar baxtmi?
Yasama gul kabi goʻzal, iforsiz
umringga suqlanib boʻylashlar baxtmi?
Qalbingda emasmi baxtu baxtsizlik?
U nelarni tuyishingmasmi?
Haqqim bormidi axir
“Mening oilam!” deb tilga olgali?
Meniki, deyishim mumkin nimani?
Men hech qachon hech kimga bermas
va tortib ololmas hech kimsa mendan
neki narsam boʻlsa,
oʻsha meniki!
Mendagi nimalar meniki edi?
Tafakkurim, fasohatim, adolatim,
bolam, tuygʻum, muhabbatim,
sevgan insonlarim yodi va yana
oʻz qarashlarimga qatʼiyatim…
Koʻp narsa meniki,
lek bu roʻyxatda oilam yoʻq!
Goʻyoki bordayin, biroq yoʻq!
Yuragimni harchand titib ham,
izlab topolmayman bunday tuygʻuni.
Oʻzimda yoʻq hisni
bolalar qalbida qanday uygʻotay?
Haqqim bormi shunday riyokorlikka?
III
Tashqarida shamol supurayotir
taqdir boʻlaklarini…
Vaqt tomar chak-chak.
Oʻn yilki boʻysunmay soatga
toʻxtab turgan qaysar vaqt tomar.
Dengiz sipqormakka shay bir tashnaning
qaqroq lablariga hayotbaxsh tomchi.
Va yoki… yaradan tomgan qon kabi.
Soat millariga boqaman:
02:00
Olti soat qoldi, tugaydi bari,
yoki boshlanar…
Uyquda jilmayar
shoʻrob yerda oʻsgan daraxtday Shoyista.
Duch kelgan kimsa
shoxlarini egib, sindirib ketguvchi
daraxtday.
Va yo qoʻgʻirchoqday latta vujudli.
Hammavaqt,
har yerda
duch kelgan odam
istagan roliga oʻynatar uni:
Kir yuvuvchi, ovqat tashuvchi,
uqalab qoʻyuvchi,
yirtilgan kiyimni yamab beruvchi…
Faqat bir narsadan —
buyurilgan rolga soʻzsiz kirishdan,
itoat-la boʻysunishdan
taskin topguvchi.
Borligini payqashlaridan
mamnun boʻlguvchi.
Hech bir kimsa uni xoʻrlamasa-da,
oʻzi oʻzin xoʻrlab yurguvchi.
Xokisor,
kam soʻzli,
dogʻ yuzli Shoyista.
Tik boqmas koʻzlarga.
Uning koʻziga-da tik boqib boʻlmas –
yigʻlab yuborish mumkin!
Bir hazin kuy kuylaganday oʻylayman:
“Qanday boqqan ekan uning koʻziga
jazo tayinlovchi?
Axir, shipshib turgandir qalbi
unga ham
Shoyistaning jinoyatchi emasligini?
Itoat etganini kimgadir soʻzsiz.
Qay bir ayyor rejissyorning
“Jinoyatchi boʻl!” deya
bergan rolin qoyilmaqom oʻynaganin.
Mamnuniyat ila bajarganin
orzusiga yetayotganday.”
Xudo urib qoʻygan bandani
urmas bandalar.
Eng urushqoq xotinlar-da urmaslar uni.
Qismatidan soʻz ochsalar, bas,
bezorilar qiynogʻidan qoʻrqqan mushukday
gʻujanak boʻlar Shoyista.
Tillarini yutib yuborar.
Qilmishini yashirmak istagan qotil
marhumga tosh bogʻlab
choʻktirgan kabi
choʻktirib yuborar sirini yuragiga.
Yo bilmasmi oʻzi ham
bu sirning neligin?
Bilgali fahmi yetmasmi?
Uyquda jilmayar ana shu Shoyista.
Tushida
velosiped olib berar oʻgʻliga.
U qamoqqa olinganida
besh yoshidan oshgan oʻgʻliga.
Bir kun yolgʻiz uchratib meni,
qisinib-qimtingan edi bir muddat.
Yana bir muddat
eng nozik sirini oshkor etguday
yoki koʻtarguday muhim masala,
tilga jamlagandi butun jurʼatin.
Va soʻragan edi shivirlab:
“Bilmaysizmi mabodo, hozir bozorda
uch oyoqli, qoʻngʻirogʻi bor
velosipedcha qancha turarkin?”
“Nima qilasan uni?”
“Oʻgʻlim orzu qilar shunaqasini.
Tugʻilgan kuniga vaʼda qilgandim.
Pul yigʻayapman.
Yana besh yil qoldi, qutulib chiqsam,
uyga kirib borsam u orzu qilgan
velisopedni koʻtarib,
quvonsa kerag-a rosa?”
“Oʻtirganingga necha yil boʻldi,
Shoyista?”
“Toʻrt yil.”
“Demak, oʻgʻling hozir toʻqqiz yoshida,
chiqquningcha kirar oʻn toʻrtga.
Uch oyoqli velosipedcha minarmikan
oʻn toʻrt yoshli bola?”
Kutilmagan shumxabarni eshitganday,
burishib ketdi Shoyistaning dogʻ bosgan yuzi,
yigʻlab yubordi yerga tikilib.
Nahotki,
nahotki Shoyistasiz ham
oʻn toʻrtga kiraverar uning bolasi?
Nahotki onasining
velosipedga yarasha pul yigʻib
qaytishini kutib turmaydi
uning bolaligi?!
Tong otsa,
shu tunni,
birgina shu tunni otsa tong,
besh yil oldin ushalar Shoyistaning
va bolasining orzusi.
Unga havas bilan boqaman.
Bu tong otsa,
Shoyista kabi
mening ham manglayimdan
otar “mahbus” tamgʻasin.
Ammo bolam meni kutarmi
Shoyistaning bolasi kabi?
Fursat quzgʻunlari choʻqilab oyni,
tundan tun yarimlab borganida oy,
toʻlishib borardi koʻksimda umid.
Bilmasdim, bu umid nimadan?
Vaqtning oʻtishini kutarim ayon,
lek neni kutaman vaqt oʻtgandan soʻng?
Tong otsa, tugaydi kutish ermagi.
Sogʻinch ermagi ham sob boʻlar.
Keyin men qay tomon yuraman?
Qay tomon ketaman bosh olib?!
***
Eshik taqillagan edi oʻshanda
yarim tun.
Bedor edim, sapchib turdim oʻrnimdan.
Koʻzguga qaradim,
sochlarimni turmaklab oldim.
Eshik taqilladi yana besabr.
Eshik tovushidan balandroq taqilladi
yuragim.
Bu tun juda qattiq kutgandim uni
koʻksiga bosh qoʻyib yigʻlamak uchun,
yurakda borini soʻzlamak uchun.
Ochib yubordim eshikni
va bagʻrimni.
Paydo boʻldi ochilgan bagʻrimda
toʻrt yil oldin izsiz yoʻqolgan erim…
Tisarildim bir qadam ortga!
Yaqin kelib, quchmoq istadi erim,
itarib yubordim uni,
xiyonatga chorlayotgan
begona erkakni itargan kabi.
Axir endi uniki emasdim.
Xayolim, koʻnglim, jismim ila
uniki emasdim.
Faqat unikiman taqdirim ila.
Ammo oʻzgartirish mumkin taqdirni!
Uch kun olib qochdim oʻzimni.
Uch kun tutmoqqa payt poyladi erim.
Soʻng eshitdi mendan bor haqiqatni.
Eshita turib ham
shu qadar mehribon ediki,
marhamatli ediki shu qadar,
Chexovning uzr soʻrayverib oʻldirib qoʻygan
qahramoni kabi
oʻldirib qoʻyishi mumkin edi odamni
oʻzining bu yaxshiligi ila.
Shubha qilganimday,
oʻz shubhamdan taskin topganimday,
oʻrisga ham uylanmabdi,
aksiga olib.
U qutulib kelgan edi qullikdan.
Ketaman! — soʻnggi qarorimni aytdim
oxiri. — Tozalik qilasiz menga.”
“Afsus chekmasmisan ortingga qarab?”
“Pushaymon boʻlarman balki,
lekin bu yaxshiroq
umrbod yuragimdan ayro yashashdan.
Va yana yaxshiroq
umrbod yuzingizga tik qaray olmay,
xiyonatkor, yuzim qaro yashashdan.”
“Unutib yuborsam-chi eshitganimni
hech qachon hech nima boʻlmaganday?”
“Baribir ketaman.”
“U shunchalik yaxshimi?”
“Toʻgʻri, u sizchalik yaxshimas,
Lek yaxshi koʻraman uni sizdan koʻp!”
“Bolangdan ham koʻproq sevasanmi, ayt?”
“Balki ha, bilmayman, balki yoʻq…
Axir umr bir bor berilar kishiga.
Shuningdek,
oʻlim ham berilar bir bor.”
Toʻgʻri qildimmi men?
Bilmam.
Bilganim,
haqiqatni aytgan hamisha gʻolib
garchi zarariga aytsa ham uni!
Aldov yoʻli bilan foyda koʻrganlar
gar foyda koʻrsa ham magʻlubdir, magʻlub!
Shunday oʻrgatgandi menga ustozim,
shunday oʻrgatganman shogirdlarimga…
IV
Tashqarida shamol supurayotir
taqdir boʻlaklarini…
Vaqt tomar chak-chak.
Oʻn yilki boʻysunmay soatga
toʻxtab turgan qaysar vaqt tomar.
Dengiz sipqormakka shay bir tashnaning
qaqroq lablariga hayotbaxsh tomchi.
Va yoki… yaradan tomgan qon kabi.
Soat millariga boqaman:
03:00.
Besh soat qoldi, tugaydi bari,
yoki boshlanar…
Shu tunni koʻrishi,
uygʻonajak tongni kutishi
mumkin edi soʻkongʻich Sanam opa ham.
Yaxshiydi soʻkongʻich boʻlsa-da,
erkakshoda boʻlsa-da yaxshiydi,
qopagʻon it kabi irillab baʼzan
tashlanib qolsa-da yaxshiydi.
Bu yerga ilk kelgan pallamda
menga eng koʻp yovqarash qilib,
qoʻrqitgan esa-da yaxshiydi.
Axir keyinchalik oʻrgatdi menga
tikish-bichishni,
chin yurakdan, soʻkina-soʻkina.
Tigʻday sanchilsa-da yurakka soʻzi,
ogʻriq bermas,
chandiq qoldirmas edi.
Toʻsatdan bir yerdan yongʻin chiqqanday,
yonib ketar lovullab,
koʻp oʻtmay oʻchar va aylanar edi
sovigan kulga.
Hech nima, hech nima topib boʻlmasdi
bu kulni nigoh-la titkilab.
Soʻz-la titkilashga esa
etmasdi hech kimning jurʼati.
Oʻzi haqidagi bu tasavvurni
parchalashni qachon boshladi
Sanam opa?
Esladim!
Lolaning tushlari aybdor bunga.
Qizgina bir kuni
soyday toshib, qirgʻogʻiga urilib,
orzu-armoniga berildi behad –
Koʻngil yorib qoʻydi koʻpning oldida:
“Agar tushlarimni gapirsam sizga,
agar aytaversam xayollarimni,
mabodo uchini chiqarib qoʻysam,
orzuim, undagi imkonlarimni,
choʻkib ketishingiz mumkin armonga.
Armondan ogʻiri bormi insonga!”
Ertakka ishonmay qoʻygan bolalar
ertakka ishongan bolaning
ustidan kulganday
masxara qildilar uni.
Faqat Sanam opa ogʻir xoʻrsindi.
Eng diydasi qattiq,
soʻkongʻich Sanam opa
xoʻrsindi!
Oʻziga oʻxshamas bir hasrat ila,
koʻzlarida ogʻir dod ila xoʻrsindi u:
— “Tushlaringni menga sot, Lola.”
Hazilga yoʻydilar, kuldilar.
Bora-bora oʻzgardi Sanam opaning feʼli,
Lolaning tushlarin sotib olgali
pul yigʻa boshladi ishlab kunu tun.
Hammadan koʻp tikdi harbiylar uchun
qulqoplarni va oʻzga liboslarni.
Oʻzi bilan oʻzi boʻlib qoldi u,
ozor bermay qoʻydi hech kimga.
Soʻng esa tirjaya boshladi,
tirjayaverdi esi ogʻgan odamday.
Sekingina shipshidi bir kun
mening qulogʻimga:
— “Lolaning tushini tortib oldim men!
Hammadan baxtliman endi!”
Oʻsha kun oʻzini
malika deb eʼlon qildi Sanam opa.
Shahzodaga — uni sevguvchi,
eng goʻzal malak deb bilguvchi
koʻrkam va mehribon shahzodasiga
farzand tugʻib bera boshladi har kecha.
Koʻp oʻtmay axtarib ketdi u,
axtarib ketdi jinnixonaga
qadr topmagan oʻz muhabbatini,
shaxsiyatini.
U ketgandan keyingina anglar hamma
uning yaxshiligini.
U ketgandan keyingina eshitarlar chunki
uning fojiaga toʻla oʻtmishin.
Erini sevgan bir ayolday
qalbining eng sara dur-gavharlarin
toʻkib yashar Sanam opa erining poyiga.
Ammo…
keragi yoʻq ekan erga bularning.
Bir yostiqqa bosh qoʻymas u bilan,
ovqat yemas bir dasturxonda.
Sanam opa yigʻlasa gar sanamlarga xos,
yuzi burishar norozi erning:
“Qorning toʻq, usting but, ne yetmas yana?”
“Qornim toʻq, koʻnglim och!
Ustim but, koʻnglim yarim!
Yetmagani qadr-qimmat,
Yetmagani muhabbat!”
Sanam opaning uch yil umri oʻtar shunday —
yashalmay.
Uch yil umri hidlanishga zor gulday oʻtar.
Soʻng sezib qolar sevimli eri
oʻzga gulni hidlab yurganin.
U koʻzguga boqar uzoq,
oʻz aksiga termilar, termilar.
Chiroyli koʻrinar oʻziga oʻzi.
Munosibday koʻrinar buyuk baxtlarga,
goʻzal, toʻkis baxtlarga.
Soʻzlanar:
“Ushlab qololmading-a
Yaratganning sen uchun yaratgan baxtini?
Berib yubording-a bir begonaga?”
Bir silkinib toʻkib yuborar Sanam opa
oʻzidagi oʻzini,
oʻzgaga aylanib olar va oʻylar:
“Yo meniki boʻlgay, yo hech kimniki!”
Kuz ekan oʻshanda.
Yonayotgan ekan daraxtlar Sanam opaga xos.
Soviyotgan ekan havo ularga qarshi.
Eng chiroyli koʻylaklarin kiyar Sanam opa.
Sochini turmaklatar pardozxonada.
Yuz koʻzini boʻyatar baxtiyor ayollarning rangiga.
Goʻzal ayollarning rangiga boʻyatar.
Eng bekam ayol boʻlib qolishni istar
erining soʻnggi tasavvurida.
Ketar mahaldagi tasavvurida
eng baxtli ayolday ketishni istar.
Uzoq kezar shu istak-la u kuzgi bogʻni.
Laxcha choʻgʻlar oralab kezar.
Daraxtlar yonar.
Isitgisi kelar soviyotgan havoni ular.
Sanam opa yonar.
Yondirgisi kelar bir bor erini.
Uyiga yoʻl olar shu istak ila.
Zahar qoʻshib berar erining yemagiga.
Yona boshlar eri.
Yigʻlab yugura boshlar Sanam opa toʻrt tomonga,
koʻchaga chiqib,
qilmishini aytaverar yaxshi-yomonga.
Erining oʻtini oʻchirar “Tez yordam”.
Panjara ortiga sepilar
yonib bitgan Sanam opaning kuli.
“Bechora! — xoʻrsinar Lola. —
Aqlidan ham ayrildi endi!
Davolay olisharmikan uni?”
“Doʻxtirlarning oʻrnida boʻlsam,
davolamas edim uni hech qachon.
Bilsang, shu holida u ancha baxtli.
Avvalgidan yuz chandon baxtli!”
Hayron boqar Lola ayolga.
Chiroyli jilvalanar koʻzlarida
oʻlmagan hayratlari:
“Deylik, sizdan erk evaziga
aqlingizni soʻrashsa, berarmidingiz?”
“Berardim, qoʻshqoʻllab berardim.
Aql toʻrlaridan qutulib,
hech neni anglamay yashash koʻp oson,
yurakni unutib yashashdan koʻra.”
Lola oʻyga choʻmar, soʻzga soʻz qarzdorday.
Oʻylay-oʻylay topar:
“Gar mendan soʻrashsa,
qulogʻimni berardim erk evaziga.
Bu shovqinli dunyoni eshitmaslik qanday yaxshi!
Nimani tinglashni istasang,
tinglaysan shuni.
Men koʻmilgan boʻlsam-da bunga,
men haqimda igʻvo qoʻshiqlar tirik.
Tinglashga majburman ularni, chiqqach”.
Yana nimalar der Lola, bilmayman.
Yuragimni choʻqir xotirlar,
pichirlayman oʻz oʻyimdan yarador:
“Bilasanmi, eng katta baxtsizlik nima?
Nima ayol uchun ulkan fojia?
Sen buni bilmaysan,
hech qachon bilmagin, Lola…”
***
Ketib borar edim,
ogʻrib izlarim.
Ogʻrib yuragimda bir shafqat.
Oʻz eriga dor tutib chiqqan
zulmkor ayolday ketardim.
Har qadamim bir qotil edi
yiroqlashgan sari uyimdan.
Qaro yuzlarimni oqlab berar kim?
Kim qutqarar meni
oʻz qoʻllarimdan?
Qoʻllarim terdilar uning raqamin,
bir taskinga uzalgan kabi,
uzalgani kabi bir baxtga.
Va dedim gʻam-quvonch qorishiq
koʻzyosh-la yigʻlab:
“Tashlab keldim taqdirimni men,
endi siznikiman bor-budim bilan”.
Nima qilib qoʻyding, muhabbat?
Nima qilib qoʻyding, baxt qushi?
Nega buncha sovuqdir hukm?
Nega buncha ogʻirdir tinglash:
“Opa, hozir majlisda edim,
keyinroq qoʻngʻiroq qilaman oʻzim”…
Yaxshi koʻrar edim “opa” soʻzini.
Men bu soʻzga suyanchiq edim
va suyanchiq edi menga u.
Bir malham tomchiday kaftimga tomsa,
yuragimga qarab shoʻngʻirdi bu soʻz
va yodga solardi bola kunlarni,
bola dillarni,
bola tillarni.
Non chaynab yedirgim,
Soʻrgʻichini murabboga botirib bergim,
Jonli qoʻgʻirchoqday koʻtarib erkalagim,
Yigʻlatib, kuldirib, gapirtirib oʻynagim,
Sochlarini turmaklab
tomosha qilgim kelardi bu soʻzni.
Kerakligimni his etardim bu soʻzga men,
Kerakligini his etardim uni oʻzimga.
Shunday boʻlib qolar edi bu soʻz men uchun,
Baʼzida bir erka tantiqlik ila
etagidan tutib onamning
shikoyat qilsamda uning ustidan.
Shunday boʻlib qolar edi bir umr
tanimasa edi bu soʻz tilingni.
Tanimasa edi sening tilingni!
Anglayman,
anglab yurib tan olmaganim
haqiqatni endi teranroq.
Kompyuter ekranida
qora harflar bilan ajratib
koʻrsatilgan soʻzday anglayman.
Uning aldoviga ishonish uchun
men oʻzimni aldadim uzoq!
Vaqt ortga qaytmas!
Sidirib boʻlmas aslo
manglayimdan “opa” soʻzini!
Tashlandiq boʻlishga dosh bermas yurak!
Tashlab ketishidan avvalroq
uni tashlab ketishim kerak!
***
“Bilasanmi nima? — deyman
Lolaga qarab. — Bu yerning ham
afzal tomonlari bor.
Harholda, yemaging, ichmaging, yotogʻing tayin.
Kitob oʻqimakka imkon bor.
Oʻylamakka imkon bor
oʻzing haqingda,
oʻzgalar haqida,
erk haqida…”
“Tashqaridagilarchi?”
“Ular koʻp ishlaydilar.
Sen bilan menda bor shu narsalarga
erishmak uchun
kunduzi ishlay-ishlay,
toshday qotadilar tunda toʻshakda.
Oʻylamakka vaqtlari boʻlmas”.
“Nima deb oʻylaysiz,
hayvonot bogʻining qafaslarida
emishu tabibi tayin hayvonlar
oʻrmonda och-nahor izgʻib-izillab,
tirik qolish uchun kurashib yurguvchi
ozod hayvonlardan koʻra baxtlimi?”
“Bilmayman.
Odamning farqi bor hayvondan.
Yana bu ikki holatda maqsadu mohiyat boshqa.
Hayvonot bogʻining hayvonlari
xizmat qilayotir koʻrsatish uchun odamzodga
oʻz zotining bu dunyoda mavjudligini.
Biz esa qopagʻon it kabi
jamiyatni bizdan asramak uchun
bogʻlab boqilayotirmiz”.
“Lekin biz ham ishlayapmiz”.
“Bajarmayapmiz oʻz ishimizni.
Qoʻriqlaydi qopagʻon it ham.
Demak, u ham ishlar.
Faqat u qilgan ishni bajarishi mumkin
boshqa vositalar-da.
Xohlagan bir kimsa bajarar
bizning ishlarni.
Mehnat oʻldirmaydi odamni,
ogʻir boʻlsa hamki hayotdan,
u gʻussadan ogʻir boʻlmas hech qachon.
Aksincha, otangday boshingni silab,
onangday ovutar.
Mehnat oʻldirmaydi odamni,
oʻldirishi mumkin maqsadsiz mehnat!”
“Deylik, shu yerda ham sizga
muallimlik uchun maosh toʻlashsa
va ruxsat berishsa bolangizni
yoningizga olib yashamak uchun.
Shohona taomlar ila siylashib,
yashasangiz izzat-ikromda,
ozodlikka chiqish uchun shunda ham
voz kecharmidingiz biror nimadan?”
“Umrbod shunday boʻlsami?”
“Umrbod shunday boʻlsa.”
“Voz kecha qolardim hayotdan!
Prometey haqida oʻqigansan-a?
Jigarini choʻqir quzgʻunlar,
qayta oʻsaverar jigar.
Choʻqiyverarlar,
oʻsaveradi u.
Oʻsmasa edi shu jigar, qutular baridan.
Biratoʻla qutulardi.
Shuni istagan boʻlsa kerak Prometey.
Ammo bu istakning eng ichkarisida
bir umid ham boʻlgani aniq.
“Shu gal ham oʻsib chiqsa… ehtimol…” degan.”
“Demak, erk bu — yemak-ichmak emas,
bolangni quchmak ham emas…
Unda shu beton devorlar ichidan chiqqach,
oʻzimizga yana devor izlaymiz nega?
Nega panjara yasatamiz derazalarga,
er yuziga chegaralar quramiz?
Erksizlar topingan,
erklilar toptagan erk oʻzi nima?”
V
***
Tashqarida shamol supurayotir
taqdir boʻlaklarini…
Vaqt tomar chak-chak.
Oʻn yilki boʻysunmay soatga
toʻxtab turgan qaysar vaqt tomar.
Dengiz sipqormakka shay bir tashnaning
Qaqroq lablariga hayotbaxsh tomchi
va yoki… yaradan tomgan qon kabi.
Soat millariga boqaman:
04:00.
Toʻrt soat qoldi, tugaydi bari,
yoki boshlanar…
Shu umidbaxsh tun oqarsa,
hech nimadan voz kechmay turib,
erkka erishishi mumkin edi
Dono ham.
Koʻrgazmaga qoʻyilgan eski buyumday,
sarishtalik ila xushfeʼlligini
atay koʻz-koʻzlovchi Dono.
Uyga vazifani aʼlo bajarib,
koʻpning oldida maqtalmakni xush koʻrguvchi
sinfkom qizday Dono.
Ildizi mustahkam, shoxlari yoʻgʻon
daraxtlarni agʻdargan boʻrondan ham
boshlarini egib jon saqlab qolajak
nozik maysalar kabi Dono.
Komandirlarning ishongani,
mahbuslarning yoqtirmayin,
hurmat qilgani,
Oʻnboshi Dono.
Bahor edi oʻshanda.
Nafis boʻyli makkora bahor.
Qamoqxonaga ham qay bir tirqishdan
suqilib kirgandi uning mast aylar boʻyi.
Masxara qilganday qitiqlar tuygʻuni.
Silab-siypab, nozik bukar edi u
yolgʻizlikka, ayriliqqa, hijronga
dosh bermakka irodani.
U yoqdan bu yoqqa agʻanab chiqdi Dono
tun boʻyi.
Bildirmay ushlab koʻrdi nok kabi osilgan
soʻlgʻin siynalarini.
Soʻng ogʻzini qoʻli bilan berkitib,
gavdasi silkindi koʻrpa tagida.
“Erini sogʻingan, — oʻyladim. —
Xat yozmay qoʻyganmish erkalab.”
Har sahar eng avval uygʻonib,
turgʻizardi hammani.
Turmay yotaverdi oʻsha ertalab.
Yoʻqlamada yoʻq edi Dono.
Uni yoʻqlab kirdi navbatchi yigit.
Ishlashga undadi.
Yosh va kelishgan edi u.
Boʻyi uzun,
elkalari keng,
bilaklari chayir.
Oftobda qoraygan, toblangan, pishgan.
Oʻziga ishongan edi kamiga.
Formada yanayam boʻrtib koʻrinardi
yigitligi.
Dono jilmadi yotgan yeridan.
Qarab yotdi uni ilk bor koʻrayotganday.
Yodlab olingan chuchmal sheʼr emasdi
uning nigohi endi.
Uyga vazifaga
sharillatib javob bergan bolaning
maqtov eshitmaklik ishonchi ila
ustoziga boqqan nigohi ham yoʻq edi
koʻzlarida.
Vujudining tabiiy talabi bor edi.
Alloh yaratgan har tirik vujudning
taom yemak,
uxlamak,
xojatini chiqarmakka oʻxshash
tabiiy talabi.
Bu talab oldida ojizligi bor edi odamning.
Yosh va kelishgan edi nazoratchi yigit.
Yoshlik qildi ayolni tushunmaklikka.
Qatʼiy ishonch bilan buyurdi:
“Turing oʻrningizdan!”
Dono sakrab turdi oʻrnidan.
“Oldimga tushing!”
Dono yaqinlashdi unga va
ilonday chirmashdi oʻnta barmogʻi
yigitning boʻyniga,
vishshilladi zaharli tili:
“Menga qara, sen vahshiy, zolim,
oʻlib qolasanmi shirin soʻz ila
siylasang bir baxtiqaroni!”
Shoshib qoldi yigit.
Siltab olib tashlamoqchi boʻldi
qoʻllarni boʻynidan.
Tiriklayin goʻrga tiqilgan odam
chiqmoqchiday tuproqni tirnab,
qadr soʻrab, eʼtibor soʻrab,
bosh koʻtargan edi Dononing ichida
ayolligi.
Bari yoʻlni tez bosib oʻtib,
qismatning oʻziga atalgan
jabru jafosining barini yutib,
tezroq qutulishni istar edi u
bu sitamlardan.
Hamon baqirishda davom etdi u,
davom etdi yigitga chang solishda:
“Bilib qoʻy, sen kishan taqqaning,
“mahbus” deya tamgʻa bosganing bilan,
xoʻrlaganing,
shaʼnimni toptaganing bilan
ustun boʻlolmaysan Ollodan,
rad eta olmaysan odamligimni!
Ollo emassan sen, bilib qoʻy!
Taqdirimni hal etolmaysan!
Sen tengi bir Odamman men ham!
Rad etolmaysan buni,
rad etolmaysan!”
“Odam boʻlsang, odamday yasha edi,
tort mendan qoʻlingni!”
“Boʻgʻib oʻldiraman hozir seni!
Mayli, otib tashlashsin keyin!”
Oʻgʻirlik ila qamalgandi Dono.
Oʻshanda ham sarishtalik ila xushfeʼllik
libosi ostida
chidab yashab yurgan boʻlsa kerak
uzoq yillar.
Qadimgi Angliya qirolichasi libosiday
hashamdor, noqulay va tor bu libos
qisib tashlagan boʻlsa kerak uning
aʼzoyi badanini,
yuragini.
Bechoravash, qoʻli kalta eriga qarab,
bu libos ichida
shishib keta boshlagan
ichiga alamlar toʻlayotgan Dono.
Va bir kuni yorib yuborib libosin,
isyon koʻtargan boʻlsa kerak hozirgiday
qismat oldidagi ojizlikka qarshi.
Yoʻqsillikka qarshi.
Oʻylagan boʻlsa kerak:
“Yoʻqdir yoʻqotguvchi hech nimam,
Yoʻq narsani qanday yoʻqotmoq mumkin?
Hattoki… men oʻzim yoʻq odam”.
Kitoblar aytarak:
Yoʻqsillar shijoat koʻrsatsa,
qoʻpol va nodon deb qarshi olarlar.
Saxiy boʻlsa, isrofgarga,
muloyim boʻlsa, qoʻrqoqqa chiqararlar uni.
Boy aytganda maqtalgan soʻzlar
bachkana yangraydi yoʻqsil ogʻzidan.
Bir orzu qilishga yetmas jurʼati.
Dono jurʼat topgan boʻlsa kerak orzuga.
Orzusini qutqarmak umidida,
parvarishlash umidida uni avaylab
va tezroq, juda tez yetishish umidida
oson yoʻlga yuzini burar,
yulib uloqtirar koʻksidan qalbni.
Va bir kun bilarki, qalb ila birga
oʻshal orzuni ham qoʻygan yoʻqotib.
Oʻzini ham qoʻygan yoʻqotib.
Yoʻq odamning soyasi qaydan?
Qaydan bu yoʻq gulning xazoni?
Oʻylasa, bor ekan hamma narsasi:
Sevgi qoʻnib turgan bir parcha yeri,
pok vijdoni, qalbda mehri, muhabbati,
bir etak bolasi, mehribon eri,
hech nimaga alishib boʻlmas halovati.
Yoʻgʻi chidam, qanoat ekan.
Chimdim harakat ekan.
Xoʻsh, mening Donodan hech farqim bormi?
Kichikkina bolakay katta hoʻkizning
boʻyniga sirtmoq solib yetaklaganday,
etaklamadimi meni ham koʻnglim?
Yengib qoʻyganiday Dononi nafsi,
koʻnglim meni yengib qoʻymaganmidi?
Oʻgʻirlab qoʻymadimmi men
bolamning toʻkis bolaligini?
“Qoʻlimning qonligi bolam uchun!” deyman.
“Dilimning qonligi bolam uchun!” deyman.
Nega tan olmayman,
tan olishdan qoʻrqaman nega
hammasi boʻynimga sirtmoqday ilingan
koʻnglimning ishi ekanin?
“Nimaga erishding?” deb soʻrasalar,
“Oʻzimga doʻst boʻldim” der Gekaton.
Davom ettirar buni Seneka:
“Oʻzini oʻziga doʻst tutgan odam
doʻst boʻla oladi oʻzgalarga ham”.
Men kim?
Oʻzgalarga doʻst boʻla turib,
oʻziga doʻst boʻla olmagan kimsa!
Men kim?
Gʻanimlarning barini yengib,
engib asir yoki magʻlubga emas,
doʻstga aylantirib barini,
nafsini ham doʻst deb oʻylagan kimsa!
Charchatar har nening muttasilligi.
Hatto baxt ham
toʻydirib yuborar odamni
muttasil boʻlsa.
Ayniqsa, yomon holdan toydirar ekan
uzoq yil muttasil mahbuslik.
Tanaffus berilmas loaqal bir kun.
Haydab sololmaysan qora bugunni,
yorugʻ kelajakdan qarz olib boʻlmas,
faqat suyanish mumkin
oʻtmish tirqishidan tushgan yorugʻga.
Ignaday teshikdan bostirib kirar
tuyaday oʻtmish.
Ignaday teshikdan kirgan suv
gʻarq qilgani kabi daryoga qayiqni,
choʻkib ketish mumkin oʻtmishga indamay.
Oldingga qoʻyilgan yuzta buyumdan
faqat bittasini tanlashni
talab etar bu oʻyin.
Xoʻsh, qay birin tanlayman?
Suyanaman qay yorugʻ xotiraga?
Baxt qushiga aylanib uchgan
olti oylik umrimgami?
Qor odamday bir zum zavq-shavq ulashib,
fasllar almashgach erib,
oqib ketgan oʻsha umrimgami?
Ignaday teshikdan tushgan nur kabi
xotiralarim:
Ona boʻlgan kunim
bolamning otasi gul tutgan lahza…
Goʻdagimning qoʻlchalaridan tutib
yurgʻizganimiz…
Oilaviy oʻtgan oddiy kunlarning
endi oddiy tuyulmayotgan shukuhi…
Zerikarli tuyulgan hayotimning
endi farogʻatli eslanayotgan onlari…
Qamoqxona – mustahkam yoqa.
Bu yoqadan bosh chiqarib ishlagichlar
tortqilab qolsa-da uni har yoqqa,
u yirtilib ketmas.
Tortilgan bosh uzilib ketar.
Yashalmayin oʻtib ketayotgan kunlarning,
sarflanmayin soʻnayotgan ehtirosning,
yangilanmay toʻlayotgan xotiraning,
ishlab turib toʻlmayotgan zahiraning
badalini soʻrab bosh koʻtarmasaydi,
tushunib yetsaydi bularning bari
ayirboshlash yoʻli ekanin
tekkizilgan ziyonni foydaga,
gunohni savobga almashish baxti
ekanin tushunib yetsaydi,
shu umidbaxsh tun oqarsa,
hech nimadan voz kechmay turib,
erkka erishishi mumkin edi
Dono ham.
VI
Tashqarida shamol supurayotir
taqdir boʻlaklarini…
Vaqt tomar chak-chak.
Oʻn yilki boʻysunmay soatga
toʻxtab turgan qaysar vaqt tomar.
Dengiz sipqormakka shay bir tashnaning
qaqroq lablariga hayotbaxsh tomchi
va yoki… yaradan tomgan qon kabi.
Soat millariga boqaman:
05:00
Uch soat qoldi, tugaydi bari,
yoki boshlanar.
Vaqti toʻxtab turgan
bir xotin kuylar
xiyonat qoʻshigʻi – xurrakni.
Hech ne tugamaydi,
boshlanmas hech ne,
osmon oqarsa-da,
avvalgiday davom etar uning hayoti.
Bu shunday xotinki,
qarab turib uni bilganlar,
bu yerni qabr deb oʻylarlar.
Bu shunday qabrki, oʻliklar emas,
hayot shami soʻniklar emas,
iymoni, vijdoni oʻlganlar,
qalbini boy berib boʻlganlar,
gunohlar, aldovlar, fitnalar
koʻmilgan tiriklar qabridir.
Bu shunday xotinki, insonmas,
hayvonmas,
goʻzal, sovuq bashara,
ayyor nigoh,
soxta tabassum chizilgan
parcha jonli goʻsht.
Botinan na meʼyor,
na bir qonunga boʻysunmas jism.
Hirs va nafs bir siqim.
Oʻn toʻrt yoshli oʻz qizin sotgan,
davom etayotgan oʻzin sotishda,
agar yopiq qozon yopigʻlik qolsa,
oʻz nafsini qondirmak uchun
tayyor xotin har qabih ishga.
Savobtalablik qilar u
qancha-qancha ishsiz va pulsiz
yurgan bechoravash qizlarni
“ishli” qilganidan.
Jabrdiyda onalikka daʼvogardir
begona qoʻllarda emas,
oʻzi dunyo yuzin koʻrsatgan
oʻz qizining qoʻllarida yakson boʻlganidan.
Bordir uning bir ertagi:
Qoʻgʻirchoqboz qoʻgʻirchoq yasab,
unga ato etgan ekan jon.
Koʻzin ochib qoʻgʻirchoqbozga
qilich oʻqtalibdi ul hayvon.
Bor yana bir sheʼriy ermagi:
Baʼzan bilakdan zoʻr qalamning kuchi,
tigʻdan oʻtkir qalamning uchi.
Meni qalam bilan boʻgʻizladilar,
qalam bilan qazdilar goʻrim,
tiqdi-ku tuproqqa oʻz qizim.
Va yana bor uning bitta orzusi:
sotqin qizchasidan oʻch olmak!
Adovatdan kuch olmak!
Oʻtning darmoni — suv, derlar,
gʻamning darmoni — sabr.
Muhabbatning darmoni — visol,
adovatning darmoni nadir?
Oʻz qiziga adovatning darmoni nadir?!
Bir kuni dafʼatan, kutilmaganda
dahshatli oʻkirik tutdi olamni.
Koʻrdilar yolgʻon yuzda rost qaygʻu,
ayyor koʻzda – alamli yigʻi.
Emishki, xotinning qizi oʻlibdi!
U kuyiblar ketdi qizidan emas,
Orzusidan ayrilganiga…
Isitgim keladi qahraton qishni,
Qalblarni turtkilab uygʻotgim kelar.
Lek bilaman,
urish befoyda qilichni toshga,
tuzni suvga berkitish – axmoqona ish.
Yana bilamanki,
bilamanki shunday dahshat-la,
nasihat berishga yoʻq haqqim,
men ustoz emasman,
bor-yoʻgʻi, mahbus!
Vaqti toʻxtab turgan
ul xotin kuylar
xiyonat qoʻshigʻi – xurrakni.
Xiyonat?
Umrga xiyonatmi?
Axir bu zindonda oʻtgan yillarim,
oylarim, kunlarim, soniyalarim —
bari-bari xurrak emasmi?
Xiyonat emasmi hammasi?
Xiyonatmasmidi muhabbatim
onalik mehrimga,
xotinlik vazifamga?
Bu nomusfurushning xurragidan ham
bu qadar nafratim nega?
Nega unga qarab tursam,
gʻijirlab ketadi oʻtmas tishlarim?..
[1] A. Oripov satri
Davomi bor